LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

27 Jul 2023

Keyingi oylarda mamlakatimizda boʻlib oʻtgan ulkan siyosiy voqealar – Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining umumxalq referendumi orqali qabul qilingani va navbatdan tashqari Prezident saylovining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani koʻpmillatli, mard va olijanob xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida naqadar yakdil, birdam va hamjihat ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Birlashgan xalq, birlashgan jamiyat oʻzining xohish-irodasi, bunyodkorlik salohiyati bilan qanday buyuk ishlarga qodir ekanini qadimiy va boy tariximiz davomida koʻp bor koʻrganmiz. “Elning kuchi – birlikda, elning baxti – tinchlikda”, deydi donishmand xalqimiz.

Darhaqiqat, birlashgan el oldida togʻlar ham bosh egadi. Birlashgan yurtning tinch, erkin va mustaqil hayoti hech qachon buzilmaydi. Birlashgan jamiyat har qanday toʻsiq va gʻovlardan, sinov va mashaqqatlardan yorugʻ yuz bilan oʻtadi, oʻz oldiga qoʻygan buyuk maqsadlarga albatta yetadi.

Yaratganga behisob shukurlar boʻlsinki, bugun bizning xalqimiz ham oʻz kuch va imkoniyatlariga ishonib, kelajakka dadil qarab, ulkan birlik va hamjihatlik ruhi bilan yashamoqda.

Bugungi kunda qanday notinch, murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. Hayotning oʻzi ilgari tariximizda, taraqqiyot yoʻlimizda uchramagan muammo va vazifalarni oldimizga keskin qilib qoʻymoqda.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, umumiy va mushtarak maqsadlar yoʻlida milliy jipslik, har bir ishni ilm, aql va maʼrifat bilan, xalq bilan kengashgan holda amalga oshirish, faqat va faqat oldinga qarab borish bugungi hayotimiz va faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylanishi lozim.

Ayniqsa, yosh avlodimizni eng ilgʻor ilm va kasb-hunarlar bilan qurollantirib, zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, uni turli yot va begona taʼsirlardan asrash birinchi galdagi vazifamizga aylanmoqda.

Global miqyosda inson qalbi va ongi uchun kurash tobora kuchayib, universal vositalar, ijtimoiy tarmoqlar, erkinlik niqobidagi axloqsizlikni targʻib etadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yerga uradigan gʻoyaviy tahdidlar va axborot xurujlari kundan-kunga ortib borayotgan hozirgi vaqtda bu vazifalarni amalga oshirish naqadar qiyin ekani ham barchamizga ayon, deb oʻylaymiz. Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yoʻlini aniq belgilab olmagan, zararli taʼsirlarga beriluvchan, maʼnaviy-mafkuraviy immuniteti boʻsh yoshlarimizni toʻgʻri yoʻldan chalgʻitishga urinmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini taʼminlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obroʻsizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini notoʻgʻri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoq osti qilgan holda, jaholat, maʼnaviy tubanlik, yovuzlik, johillik koʻrinishlarini keng targʻib etib, moʻmay daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yoʻq emas. Bu esa xalqimizni tashvishlantirib, uning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Ana shunday holatlarning tahlili va ularni bartaraf etish boʻyicha oldimizda turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, biz – Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faollari va bir guruh targʻibotchilar mamlakatimizdagi barcha ota-onalar, ziyolilar, mahalla, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, muhtaram nuroniylarimizga, butun xalqimizga murojaat etishga qaror qildik.

Muhtaram ota-onalar!

Oila – jamiyatning eng asosiy va tayanch boʻgʻini. Aynan muqaddas oila qoʻrgʻoni bizga eng ulugʻ orzu-niyatlarimizni amalga oshirish imkonini beradi. Chinakam insoniy tuygʻu va fazilatlar, avvalo, oila bagʻrida kamol topadi. Shu bois, oila institutini asrash va mustahkamlash barchamizning buyuk insoniy burchimizdir.

Bugungi kunda hayotimizda sodir boʻlayotgan baʼzi salbiy va nomaʼqul holatlarning asl ildizi qayerda? Avvalo, oiladagi tarbiyada xatoga yoʻl qoʻyilgani, azaliy qadriyatlarimiz taʼsiri susaygani natijasi emasmi bu?

Zero, mamlakatimizning ertangi taqdiri va kelajagi uchun masʼul boʻladigan jondan aziz oʻgʻil-qizlarimizning tarbiyasi uchun barchamiz javobgarmiz. Chunki millat bolalarining begonasi boʻlmaydi. Tarbiya masalasida beparvo boʻlib, bir chekkada qoʻl qovushtirib turish, bu – Vatanga, kelajakka xiyonatdir.

Shu maʼnoda, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “Har bir millatning saodati va izzati albatta shu xalqning maʼnaviy-ruhiy qudrati, ichki intizomi, totuvligiga bogʻliq. Qayerda oila munosbati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam boʻladi” degan soʻzlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat dolzarb ahamiyatga egadir.

Hech qachon unutmaylik, farzandlarimizning ertaga kim boʻlib yetishi bugun ularga oilada qanday tarbiya berayotganimiz, ularning qalbini, ongini nima bilan toʻldirayotganimizga bogʻliq. Agar oʻgʻil-qizlarimizni hozirdan boshlab ilmga, hunarga, mehnatga, odob va madaniyatga oʻrgatsak, ularning koʻngliga ona yurtga muhabbat va sadoqat hissini, yuksak insoniy tuygʻularni singdirsak, avlodlar kelajagi baxtli boʻlishiga mustahkam poydevor qurgan boʻlamiz. Mabodo beparvolik bilan ularning tarbiyasini oʻz holiga tashlab qoʻysak, qalbini, ongini mobil aloqa va Internet vositalaridagi turli zararli va boʻlmagʻur “virus”larga yem qilib bersak, kelajagimizni, farzandlarimiz hayotini oʻz qoʻlimiz bilan barbod qilgan boʻlamiz.

Farzandlarimiz nimalar bilan shugʻullanayotganiga, kimlar bilan doʻst boʻlib, muloqot qilayotganiga hech qachon befarq qaramaylik. Qanchalik qiyin boʻlsa ham, ularning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan shugʻullanayotganini kuzatib boraylik, ushbu makon ular uchun halokat emas, saodat manbai boʻlib xizmat qilishi uchun zarur choralarni izlab topaylik. Inson oʻz bolasining baxti, kelajagi uchun nimalar qilmaydi? Lekin faqat taqiqlash, jazolash bilan emas, taʼsirchan tarbiya usullari, aql va bilim bilan, bogʻcha, maktab, oliygoh, mahalla jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari, diniy ulamolar bilan birgalikda ish olib borsak, albatta ijobiy natija boʻladi.

Farzandlarimizni mehnatga, ilmga, hunarga oʻrgatish, ularni oʻzaro yordam, hashar, saxovat va muruvvat kabi qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatni sevish va asrash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish ota-ona sifatida barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”. Yuksak maʼnaviy kamolotga uzluksiz taʼlim va tarbiya uygʻunligi orqali erishiladi. Oiladagi tarbiya, jamiyatdagi yurish-turish, muomala madaniyati, salomlashish va kiyinish odobi, insoniy fazilatlarni namoyon etishda farzandlarimizga avvalo, oʻzimiz oʻrnak boʻlaylik.

Farzandlarimizda, ayniqsa, bolaligidan boshlab kitobga mehr uygʻotish oʻta muhimdir. Buning uchun xonadonlarimizda moʻjaz kutubxonalar tashkil etib, ular bilan birga kino va teatrlarga, muzeylarga, qadimiy shaharlarimiz boʻylab sayohatlarga borib farzandlarimiz qalbiga ezgu hislarni singdiraylik. Oʻgʻil-qizlar bilan samimiy, doʻstona suhbatlashib, qiziqish va intilishlarini rivojlantirishga, maʼnaviy va ruhiy olamini shakllantirishga eʼtibor beraylik. Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va eʼtiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan insoniy resurs va kapital boʻlib qaytadi.

Qadrli ziyolilar, hurmatli ustozlar!

Sizlar – jamiyatning eng ilgʻor, bilimli va maʼrifatli qatlamini tashkil etasiz.

Sizlar Vatan va xalq oldidagi fuqarolik burchingiz va vazifangizni boshqalardan koʻra chuqurroq anglab, oʻz ilm va tafakkuringiz, madaniyatingiz, maʼnaviy-ruhiy saviyangiz bilan millionlab yurtdoshlarimizga oʻrnak boʻlasiz.

Shu bois, sizlarning soʻzingiz odamlar qalbiga tezroq yetib boradi, ibratli ishlaringiz el-yurt oʻrtasida namuna boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda yangi madaniy va maʼnaviy makon yaratish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz ongini, dunyoqarashini islohotlarimiz jarayonida ilgari surilayotgan zamonaviy gʻoyalar asosida shakllantirishda sizlarning oʻrningiz va taʼsiringiz beqiyosdir.

El-yurtimiz sizlardan bugungi davrning butun qarama-qarshilik va ziddiyatlari, ularni hal etish yoʻllari haqqoniy ochib berilgan, zamondoshlarimizning maʼnaviy-ruhiy qiyofasi taʼsirchan aks ettirilgan ilmiy va badiiy asarlar, musiqiy, tasviriy polotnolar, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, pedagogik texnologiyalarni hayotga joriy etish boʻyicha amaliy-metodik ishlanmalar yaratishingizni kutmoqda.

Hozirgi vaqtda mediamakonda madaniyatsizlik, axloqsizlik koʻrinishlari bilib-bilmay targʻib etilayotgan bir paytda ularga qarshi barchamiz birlashaylik, xalqimizga bunday maʼnaviy tahdidlar ortida qanday gʻarazli maqsadlar yashiringani, ular qanday ogʻir va achchiq oqibatlarga olib kelishini tushuntiraylik.

“Demokratiya”, “fikr erkinligi”, “ochiqlik” tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida koʻz qorachigʻidek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qoʻporishga aslo yoʻl qoʻymaylik.

Ziyolilar davlat va xalq oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda oʻziga xos koʻprikdir. Olib borayotgan targʻibot ishlarimiz yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik, milliy birlik, gʻurur va iftixor tuygʻularini uygʻotishga yanada samarali xizmat qilsin.

Bu borada eskirgan, zerikarli va samarasiz usullardan voz kechib, har bir uchrashuv va muloqotni taʼsirchan, noanʼanaviy va aniq natijaga xizmat qiladigan yangicha usullar asosida oʻtkazishga harakat qilaylik!

Xalqaro Internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalargʻarazli axborotlar, hayotimiz ziynati boʻlgan odob-axloqimiz, maʼnaviyatimizga salbiy taʼsir koʻrsatadigan buzgʻunchi aksiyalar, yoshlarni zalolatga boshlaydigan jirkanch tasvir va media mahsulotlar mohiyatini keskin fosh etib, oqni – oq, qorani – qora, deb, asl haqiqatning kuchini el-yurtimizga biz koʻrsatmasak, oʻzingiz ayting, kim koʻrsatadi?!

Biz shu yoʻlda barchangizni yanada faol boʻlishga chaqiramiz. Hech qachon unutmaylik, maʼnaviy kurashlar sohasida ham faqat va faqat buyuk azmu shijoat bilan dadil harakat qilgan, oldinga qarab borgan jamiyatgina maqsadiga yetadi.

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar!

Tadbirkorlar hamisha, hamma zamonlarda bunyodkor, yaratuvchi, saxovatpesha kuch boʻlish bilan birga, maʼnaviyat, madaniyat maydoni pahlavonlari sifatida ham faoliyat koʻrsatganlar. Arzimagan, oʻtkinchi, shaxsiy foydasinigina koʻzlab, millatining maʼnaviy ildizlariga bolta uradigan maxsulotlarni hech qachon yurtimizga keltirmaganlar. Tijorat bobida harom-xarish yoʻllardan yurmaganlar, oʻzgalarning haqiga aslo xiyonat qilmaganlar. Har bir ishni insof, diyonat, halollik, rozi-rizolik asosida olib borganlar. Bugun biz sizning timsolingizda ana shunday vijdoni pok, Vataniga, xalqiga sodiq Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

Xalqimiz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan jonkuyar tadbirkorlarni oʻz ishiga fidoyi va vatanparvar insonlar deb biladi va qadrlaydi.

Bugungi kunda hayotimizda “tadbirkor maʼnaviyati” degan tushuncha paydo boʻlmoqda. Aynan maʼnaviyat mezonlariga amal qilgan tadbirkorlarimiz el-yurtimizning ezgu duolariga sazovor boʻlmoqda.

Ishonchimiz komil, sizlar xalqimizning ana shunday yuksak bahosiga doimo munosib boʻlib, jamiyatimiz hayotiga yangi maʼnaviy nafas olib kirasiz, azaldan poklik, insof va diyonat tamoyillariga asoslangan oʻzbek savdogarlari, tijorat ahli anʼanalarini munosib davom ettirib, yanada yuksak bosqichga koʻtarasiz.

Muhtaram mahalla faollari!

Mahalla qadim-qadimdan tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya maskani boʻlib kelgan. U biz uchun Vatan ichra kichik Vatandir!

Bugungi kunda mahalla odamlar oʻrtasida mehr-oqibat bardavomligini taʼminlaydigan, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlaydigan noyob tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib borayotgani albatta barchamizni quvontiradi.

Ayni paytda bugungi shiddatli zamon mahalla tizimi oldiga ham dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda ezgu qadriyatlarimiz asosida yanada birlashib, mahallalarimizni turli illatlar, maʼnaviy tahdidlardan xoli ulugʻ fazilatlar makoniga aylantiraylik.

Bugun har bir mahallada maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarga masʼul shaxslar belgilangan. Bu borada kamarbasta boʻlayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ularning hayotiy bilim va tajribasi, oltinga teng oʻgitlari, yuksak ijtimoiy nufuzidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda keng foydalanaylik.

Xalqimiz donishmandligining yuksak namunasi boʻlgan “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” degan naqlga tayangan holda, mahalladagi har bir bolaning tarbiyasi uchun oʻzimizni masʼul deb bilaylik!

Aziz yoshlarimiz!

El-yurtimiz yangi Oʻzbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda butun xalqimiz qatori sizlarga tayanadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalaning.

Mamlakatimiz kelajagi sizlarning qoʻlingizda. Yangi Oʻzbekistonni kelgusida aynan sizlar dunyoga tanitasiz. Bunga doimo munosib boʻling!

Yoshlikka xos qatʼiyat, gʻayrat va shijoat, joʻshqinlik va mardlikni, hushyorlik va tadbirkorlik, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun oʻz oldingizga aniq maqsadlar qoʻyib yashashdan aslo charchamang.

Vatanni sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, maʼrifatparvar jadid bobolarimizning shonli anʼanalarini ardoqlab, ularni munosib davom ettiring.

Taʼlim-tarbiya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni oʻrganishda, zamonaviy kasb-hunarlarraqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini puxta egallashda, jahon maydonidagi raqobatda xorijdagi tengdoshlaringizdan aslo kam emasligingizni amalda isbotlang. Siz bunga har tomonlama qodirsiz.

Buzgʻunchi gʻoyalar, vayronkor mafkuralar tuzogʻidan doimo ogoh boʻling!

Hech qachon unutmang, Siz – xalqimiz umid va ishonch bilan koʻz tikkan kelajak bunyodkorlarisiz.

Aziz vatandoshlar! Bugungi kunda xalqimizni buyuk maqsadlar sari dadil boshlab borayotgan azmu shijoatli Prezidentimiz atrofida, muqaddas Vatanimiz bayrogʻi ostida qudratli xalq boʻlib yanada jipslashaylik. Birgalikda ulkan marralarni zabt etaylik. Maʼrifatli va farovon jamiyat qurishdek ulugʻ maqsad yoʻlida aslo charchamaylik. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish har birimizning muqaddas maqsadimizga aylansin!

27 Jul 2023

    Ҳуқуқингизни биласизми

     Штат қисқариши натижасида ходимлар ишдан бўшатилганда малакаси ва меҳнат унумдорлиги юқорироқ ходимлар ишда қолдирилади.
Малакаси ва меҳнат унумдорлиги бир хил бўлганда қуйидагиларга афзаллик берилади: 
қарамоғида 2 ёки ундан кўп киши бўлган ходимларга;
оиласида мустақил иш ҳақи олувчи бошқа ходим мавжуд бўлмаганларга;
шу иш берувчида узоқ муддат иш стажига эга бўлганларга;
малакасини ошираётган ходимларга ҳамда ўқишни тамомлаган шахсларга;
ушбу ташкилотда меҳнатда майиб бўлган ёки касб касаллигига учраган шахсларга;
ногиронлиги бўлган шахсларга;
        1941 – 1945 йиллардаги уруш қатнашчиларига ва имтиёзлар бўйича уларга тенглаштирилган шахсларга;
меҳнатдаги ютуқлари учун рағбатлантиришларга эга ва интизомий жазоларга эга бўлмаган ходимларга;
атом объектларидаги авариялар оқибатида зарар кўрган шахсларга.

Феруза УМУРОВА,
туман адлия бўлими юридик хизмат кўрсатиш маркази бош юрисконсулти.

27 Jul 2023

   Ўшанда қиш эди. Декабрнинг бир сиқим куни тутқич бермай,  ўтиб кетадиган кунлар. Бўзрайган булутлар, изғирин, совуқ шамол кайфиятни эзади....

  Ишхонадан чиққанимда шомдан ўтган, атроф ғира-шира қоронғиликка чўмган эди. Изғирин одамнинг юз-кўзига  совуқ шамолини пуркайди.  Қоронғиликданми, ҳорғинликданми жуда дилгир эдим. Бир мен эмас бутун шаҳар одамларини шундай кайфият қамраб олгандек назаримда. Устига-устак ўзим каби асабий, ўзим каби ҳорғин одамлар қатори бекатда бир қанча вақт қолиб кетдим. Юрагим сиқилгандан сиқила бошлади.

Ниҳоят автобусим келди. Шошиб чиқарканман бир аёлнинг қувончдан порлаб турган  нигоҳига кўзим тушди. Юзидаги табассуми атрофга гўё офтобдек нур сочарди. Унинг рўпарасидаги ўриндиқда ўтирган йигит мени кўриши билан шошиб ўрнидан турди. Чарчаб турганим учунми, кўнглим кўтарилди. Йигитни дуо қилиб ўриндиққа жойлашарканман,  унинг нигоҳларида ҳам ўзгача бир бахтиёрлик чақнаб турганини илғадим. Димоғимга атиргулнинг нафис ифори урилди. Шундагина  рўпарамдаги аёл бир даста қип-қизил Голландия атиргулини кўтариб олганини кўрдим.  Декабрнинг мана шу изиллаган изғирин кунида қип-қизил атиргуллар кўзимга ўтдек кўринди.

Гулдастанинг арзон эмаслиги атрофдагиларнинг эътиборини тортган, бошқа йўловчилар ҳам мен каби гул кўтарган аёлни синчиклаб кузатишаётган эди. Охори тўкилган, урфдан қолган пальтоси, ювилаверганидан туклари тўкилиб кетган жун рўмоли, оёғидаги ранги униққан  этиги аёлнинг ўзига тўқ хонадонинг эрка бекаси эмаслигини “сотиб қўяётган”, қимматбаҳо атиргул эса унинг қўлига тасодифан тушиб қолгандек таассурот уйғотарди. Аёл эса бебаҳо бир неъматга эга бўлгандек,  дағаллашган, тарам-тарам ажин босган қўллари билан атиргулни авайлабгина ушлашга уринарди.

  Чиптачининг жарангдор товуши ҳаёлимни бўлди.

– Уч кишига, – деди менга жой берган йигитча унга пул узатаркан гул кўтарган аёлга ва унинг ёнида қунишибган турган 15 ёшлардаги қизга ишора қилиб.

Аёл йигитчага меҳр ва виқор билан қараб қўяркан, юз-кўзида ғурурланиш  ифодаси балқиди. Табассуми жуда чиройли экан. Қовоқлари остининг бироз кўкариб, керкиб турганидан  ичида бир дарди борлигини ҳам билиш қийин эмас. Одатда оғир меҳнат қиладиган,  кўп йиғлайдиган ва буйрагини шамоллатиб олган аёлларда шундай белгилар бўлади. Бироқ аёл ўтган кунларининг қийинчиликларини ўйламаётганди. Шундай қаҳратонда бир даста атиргулга эгалик қувончи  унинг барча заҳматларини хотирасидан сидириб юборгандек эди шу тобда. Қувончдан порлаб турган кўзлари шодликларини ҳаммага баралла айтгиси келаётганини ошкор этарди. Уни саволга тутгим, гапиртиргим келди:

– Гулингиз жуда чиройли экан.

У ёнимиздаги йигитчага ишора қилиб, ўзгача ғурур билан:

– Ўғлим қўярда-қўймай олиб берди-да, – деди.

– Туғилган кунингизми?

– Йўқ, болам биринчи маошини олган кун!

Аёл бу гапни шу қадар ғурур, шу қадар шукроналик билан айтдики,  мен ва атрофда яна уч-тўрт киши  йигитчага меҳр билан кўз ташладик.  18-19 ёшлар атрофида, озғингина бўлса-да, чайир кўринади. Эгнида анчайин эски куртка, совуқ бўлишига қарамай оёғига оқ иплари қорайиб, устки чокларининг у ер бу ери сўтилиб кетган крассовка кийиб олибди. Беихтёр қўлларига назар ташладим,  териси дағаллашиб, тарам-тарам бўлиб турибди. “Ҳа, осон эмас шекилли унинг иши ҳам”, деган ўй ўтди ҳаёлимдан.

– Устага шогирд тушди, қурилишда ишлашади, – деди аёл фикримни уққандек. –  Устаси илгариям беш-олти юз минг сўм бериб турарди, ўтган ойдан яхши маош тайинлади.

– Баракасини берсин. Онасини суюнтирай дебдида, а?

– Нимасини айтасиз, шулар учун яшаб юрибманда, бўлмаса бу дунёнинг дардлари ўмганингизни эзиб ташлаши ҳеч гапмас. Бир ўзимнинг топганим еб-ичишдан ортмасди. Бу ёқда газ, ток дегандек... Яхшиям болаларим қиммат кийим-кечак, телефон-пелефон деб хархаша қиладиганлардан эмас. Дуч келган ишни қилдим. Идиш-товоқ ҳам ювдим, бозорда кўкат-қатиқ ҳам сотдим, бировларнинг ота-онасига тувак ҳам тутдим...

Ҳалидан бери жимгина кетаётган қиз онасини секин туртиб қўйди. Унинг нигоҳларида: “Дуч келган одамга дардингизни дастурхон қилаверасизми”, деган иддао бор эди. Аёл хижолатли жилмайди.

– Тирикчиликнинг айби йўқ, энг муҳими болаларга ҳалол едириб-ичирганингиз кўриниб турибди, иккаласи ҳам бир-биридан ақлли бўлиб ўсишибди, барака топишсин,  – дедим.

– Ҳа, сабрнинг таги роҳат деганлари рост экан, мана яхши кунларгаям етдик, – аёл аввал қўлидаги гулларга, кейин ўғлига меҳр билан қараб қўйди. – Болам, “биринчи маошимни олсам сизни бир айлантираман, деган ниятим бор эди”, деб қўярда қўймай кўчага олиб чиқди. Шаҳар айландик, синглисига куртка олиб берди.  Яхши кафега олиб кирди...

Ҳалидан бери эътибор қилмаган эканман,  янги курткаси бироз униққан шими ва этигига унчалик мос тушмаган бўлса-да, қизга ярашиб турарди. Шу пайт унинг телефони жиринглаб қолди.

– Алло дада, ассолому алайкум, – деди ва онасига қараб афтини буриштириб, пичирлади: – яна ичволибдилар.

Йигитча синглисидан телефонни олди-да,

– Дада, кўчадамиз, боряпмиз, – деди қатъиятли овозда. 

Аёлнинг юзига бир муддат мунг чўкди. Ажинлари чуқурлашиб кетди.

– Яхши кунимиз ҳам расво бўлди, – деди қиз норози оҳангда.

– Унақа демагин болам, дадангниям ичи тўла дард. Иш топомаётганидан сиқилиб қоляпти... Мана кўрасан, аканг дадангга суянчиқ бўп турса ҳали ҳаммаси яхши бўлади, – деди аёл.

Бу гапни эшитиб қиз акасига меҳр билан қараб қўйди. Мен эса бекатимга яқинлашаётган эдим. Йиллар давомида “биринчи маошимдан онамни бир суюнтираман”, деган ниятни кўнглига тугиб улғайган,  ўзи йиртиқ крассовкада  юрган бўлса-да, онасига бир даста атиргул, синглисига  янги куртка олиб берган,  ширин таомлар билан сийлаб уларга энг бахтиёр кунни ҳадя қилган йигитнинг елкасига қоқиб қўйгим, ҳамма йигитлар сенга ўхшасин болам, дегим келди. Бироқ айтолмадим. Нега дейсизми, одатда  ўз уйининг устунига айланганида йигитлар қатъийлашади, салобатли бўлиб қолишади.  Ҳали суяги қотмай туриб онаси ва синглисининг суянчиғига айланган бу йигитда ҳам ана шу салобатни кўрдим.

Гул кўтарган аёлга нисбатан кўнглимда бир эҳтиром уйғонди. Турмушнинг барча қийинчиликларига сабр қила-қила бу аёл  ўғлининг назарида дунёдаги энг қаҳрамон онага айланган ва ўғлини ҳам синглисининг қаҳрамонига  айлантира олган эди. Унинг қувончи тафти қалбимга кўчдими, автобусдан тушганимда декабрнинг изғирини ҳам, атрофни қоплаган зим-зиё тун ҳам кўзимга  чиройли кўрина бошлаганди.

Ҳамрохон Мусулмонова

 

27 Jul 2023

   Ҳар яхшининг бир аммоси, ҳар ёмоннинг бир лекини бўлганидек, Учқудуқ тумани марказидаги ички йўлларида  ҳам муаммолар етарлича эди.  “Ифтихор” маҳалласи янгидан ташкил этилганлиги боис, бу ерда  яшовчи аҳоли туман марказига бориш учун анчайин ноқулайликларга дуч келишаётганди. Яъни марказий иссиқлик тизими трассаси маҳалла билан шаҳарни қоқ иккига бўлиб қўйганди. Бу ердан қатновчи пиёдалар ана шу марказий иссиқлик тизими трассаси  ё устидан ё остидан ўтишар, автомобиллар эса шаҳарни айланиб ўтиб уйларига етиб олишарди. Бу эса  қатор йиллар аҳолининг ҳақли эътирозларига сабаб бўлаётганди. “Иссиқлик манбаи” ДУК Учқудуқ туман бўлими томонидан марказий иссиқлик тизими трассаси  ернинг тагидан ўтказилиб,  муаммога барҳам берилди.

   Туман буджетининг орттирилиб бажарилган қисми маблағлари ҳисобидан 160 млн. сўм маблағ эвазига 71 метр автойўл, 71 метр пиёдалар йўлакчаси қурилиб, фойдаланишга берилди.  Пиёдалар учун махсус  йўлак  пандус, қуёш панелли электр ёритгичлар ўрнатилган. 

   Йўлни фойдаланишга топширишга бағишланган маросимда маҳалла аҳли, нуроний оқсоқоллар ва ёшлар  иштирок этди.   Эндиликда, туман марказига  йўл олаётган “Ифтихор” маҳалласи фуқаролари  кечаси ҳам ёруғ бўлган  равон йўлдан юриб ўтишади.

УЧҚУДУҚ ТУМАН ҲОКИМЛИГИ АХБОРОТ ХИЗМАТИ.

27 Jul 2023

   Яқинда Музаммил исмли 9-10 ёшлардаги афғон болакайнинг Республикамиз тўғрисидаги мулоҳазаси хорижлик блогер томонидан ижтимоий тармоқлардан бирида ёритилди. Туркияда яшаётган ва у ердаги зилзила сабаб вақтинча Тошкентга кўчган Музаммил шу оз  муддатлик истиқоматида Ўзбекистонни яхши кўриб қолган. Ватанимиздаги тинчлик, ободликка хавас қилиб, имконият берилса бир умр Ўзбекистонда яшаб қолажагини билдирган.

   Музаммилнинг самимий сўзларидан илҳомландим, қувондим, ҳам ўкиндим. Қувончимнинг сабаби, она сайёрамизнинг бир бўлагида кичиккина жуссасида улкан қалбли инсон ўсаётгани, ўкинчимнинг боиси, баъзи катта ёшдаги юртдошларимизда шу 9-10 ёшли болажондаги шукрона ва тафаккурнинг йўқлиги...

   Музаммил Ўзбекистон болаларининг бахтига самимий ҳавас-ла қараб қолди.  

   Бугуннинг боласидаги бахтга, имкониятга ўзим ҳам ҳавас қиламан. Ҳали мактабга бормай туриб чемпионликка эришган болалар, 4-синф ўқувчисининг ментал арифметика бўйича ғолиблиги, мактабни битирмасдан талаба бўлган ўқувчилар, кунда-кунора тилларни билиш даражаси бўйича сертификатни қўлга киритаётган ўғил-қизлар...

   Етти ёким саккиз ёшда эдик. Ўртоқларимиз билан иккита гугурт қутисига (ўша пайтлар тикувчилар бозордан алоҳида эътибор билан танлаб оладиган!) нозик ип боғлаб:  “Телефон-телефон” ўйнаганмиз. Орамиздаги 5-6 метрлик масофадан ип орқали товушимиз бир-биримизга берилаётгани ҳайратлантирганида бугунги - имконияти чегара билмас смартфонлар тушимизга ҳам кирмаган, гугурт қути “телефонларимиз” гўдак кўнглимизда ихтиро яратишга бўлган ғояларнинг митти учқуни эди.

   У учқунларни давр шамоллари ўчириб қўйди. Ҳа, давр ҳар бир инсон тақдирига даҳлдорлик  қиларкан.  Истеъдодларнинг истиқболи  ижтимоий-сиёсий жараёнга бевосита боғлиқ экан.

    “Навоий кон-металлургия комбинати” акциядорлик жамияти ходими сифатида ушбу йирик компанияда фаолият юритиш ҳар биримизга бахт ва келажакка ишонч хиссини беради!
Комбинат спорт, санъат, маданият, илм-фан, техника ютуқларига эришган ва шу йўлда изланаётган ходимларини доимо қўллаб-қувватлайди. Шу боис, ихтиро ва расионализаторлик таклифлари мавжуд ёшлар ҳамда, мутахассисларни рағбатлантириш мақсадида, “Энг яхши ихтирочи”, “Энг яхши ёш расионализатор”, “Энг яхши инновасион ғоя ва расионализаторлик таклифи” кўрик-танловлари, шунингдек, бўлинмаларда ёш расионализаторлар клублари ташкил этилган. Шимолий кон бошқармасининг ёшлари ишлаб чиқариш техника ва иновасиялар бўлими ташкил этган ана шундай клубларда ўзаро фикр алмашадилар, ғояларининг аҳамиятини муҳокама қиладилар, турли танловларда расионализаторлик таклифлари билан иштирок этадилар.

  Кончилик, олтин ажратиб олиш технологияси, механика, энергетика, ишлаб чиқаришни автоматлаштириш ҳамда, информасион-коммуникасион технологиялар йўналишлари бўйича ташкил этиб келинаётган танловларга иштирок этиш истагини билдирган қобилиятли ёшларимиз сони борган сари ортиб бормоқда. Комбинат ёшларига ихтирочилик ва расионализаторлик таклифлари учун 2022 йил 4 мартда тасдиқланган буйруқ ва танлов Низомига асосан, муаллифларга тўланадиган  қийматнинг ўртача  4 маротабага оширилгани уларга рағбат ва қанот бўлди. 

Ҳамкасбларимиз томонидан 2018 йилда 9 та, 2019 йилда 11 та, 2020 йилда 41 та, 2021 йилда 37 та, 2022 йилда 38 та расионализаторлик таклифлари ишлаб чиқилиб, улар тўлиқ равишда саноатга жорий этилди. Мақоламиз ҳам айнан шу мавзуда: меҳнацевар, масъулиятли, янги ғоялар  билан яшовчи, уйғоққалб  ҳамкасбларимиз ҳақида.  

НАФОСАТ СОҲИБАСИНИНГ ТЕХНИК ҒАЛАБАСИ

 

У ҳақида соатлаб гапириш, бет-бет мақола ёзиш мумкин. Унинг инсонийлиги таърифи ўзи бир дунё! Ҳаёти, фаолияти бир китоб! Ҳали мактаб ёшига етмаган митти қизалоқ катта-катта хоналарни юваётган меҳрибони ёнида ҳар доимо ҳозир, ёрдамчи эди, гоҳ чангларни артар, гоҳ бўйидан узун швабрани қўлига оларди. Онасининг меҳнатини, сабрини кўриб катта бўлди. Яратган юқтирган истеъдод олови ҳам бор эдики, бошқа тенгдошларига ўхшамасди: тўқиш, тикиш, дзюдо, сузиш, рассомчилик каби тўгаракларга қатнаркан, бир куни гўёки катталардек ташвишли оҳангда онасига шундай деди: “Онажон, ҳаётимиз жуда қисқа, мен кўп ишлар қилиб улгуришим керак!”  Ўшанда у 10 ёшда эди...

Митти қизалоқ ҳаётнинг қисқалигини англагани сари кўпроқ чизгиси келар,
Мусиқа ва санъат мактабидаги устози эса уни янада руҳлантириб, Республикада ягона бўлган Нурота туманидагиТасвирий ва амалий санъат лисей-интернатида ўқишини, фақат ўша маскандагина унинг рассомлик қобилияти юксалиши мумкинлигини тинмай таъкидларди.
Онаси ҳарқанча қаршилик кўрсатмасин, у орзуси томон катта қадам ташлаганди, яъни,
Нуротага – лисейга кетишга қарор қилганди.

Оиладаги камхаржлик қалбидаги меҳнацеварлик оловини янада гуриллатди: бировда мойбўёқ бор, менда йўқ, деб ўтирмади, расм чизиб, зардўзи кашталар тикиб  қоғозу  бўёқлар сотиб олди. Тўмариснинг бор жасоратию нафосатини ифодалаган сурати билан “Зулфия” мукофотига номзодлар қаторида иштирок этдию қўлларини ҳавога силкиди. Кўрик танловлардаги адолацизликларга жавобан қўли боғлиқ қиз суратини чизди, бироқ у бу сурати билан мағлуб эмас, аксинча, ғолиб бўлганини ва нафосат инган қалби нақадар қудратли эканини исботлаганди.

Унга қийинчиликлар куч берди. Ошхонада сотиладиган ширин коржларга тамшаниб қараб қўяр, бола кўнгли учун дунёдаги энг ширин коржлар фақат шу ерда пишириларди! Қорни тўйиб овқатланмаган кунлари суратлар оламига ғарқ бўлиб кетди ва машаққатлар ортидан беқиёс гўзалликлар ярата олди. 5 - синфда Нуротага ўқиш, изланиш, юксалиш учун келган митти татар қизи лисейни битирганида Рамиля исмли ўзбек қизга айланганди. Ундаги маданият, гўзал ахлоқ, самимийлик олти йил давомида бирга ўқиган синфдошларининг Рамиляга айроча меҳр қўйишларига сабабчи бўлган. 

Рангова Рамиля Рифкатовна Марказий физика-кимёвий лабораторияси кимёгар-муҳандиси. 1987 йилда Учқудуқ туманида туғилган. 1998-2005 йиллардаНурота туманидагиТасвирий ва амалий санъат лисей-интернатида ўқиган. Навоий кончилик коллежининг “Кончилик иши” йўналишини тамомлаган.  Ҳозирда Навоий давлат кончилик университети ИИИ - босқич талабаси.

2005 йилдан ҳозирги кунга қадар Шимолий кон бошқармасида меҳнат қилмоқда. Айни вақтда Марказий физика-кимёвий лабораториясида кимёгар-муҳандис сифатида фаолият юритаётган Рамиля Рифкатовна жамоада ўзининг муносиб ўрнига эга. Самимийлиги,  меҳнацеварлиги ва касбига садоқат билан хизмат қилишдек олижаноб фазилатлари ила ҳамкасбларига ўрнак. Шу билан бирга у яратувчанликка ошно мутахассис. Ана шу характери лабораториядаги таҳлил идишларининг сифати, яроқлилиги, келтирилиши билан боғлиқ муаммоларга ечим топишга, идишни маҳаллийлаштириш йўлларини ўйлашга ундар, расм солган нафис бармоқларини эндиликда техник ғалаба учун ҳам ишлата олиши мумкинлигига ишонарди, чунки бугун у орзу қилган давр бошланганди.

Бундан йигирма йиллар аввал қўллари боғлиқ, умидлари кесилган қизнинг суратини чизган пайтидек  ҳозир унинг қўллари боғланмаган, таълим, илм-фан, техника, спорт каби соҳаларда изланаётганлар учун рағбат даври келди!

 Бу рағбат бошқалар қатори Рамиля Ранговага ҳам қанот берди: тигел (идиш)ларнинг таркибини ўрганди. Ва ниҳоят,  тигелларни лабораториянинг ўзида пухта ва исиққа ўта бардошли этиб ясашга киришди. Ҳозирда ушбу ғоясининг амалдаги исботи корхонага фойда келтириш арафасида. Ҳатто комбинат бўлинмалари орасидан бентанит ва кварс аралашмасидан ясалган ушбу тигелларни сотиб олишни режалаштирган харидор-бўлинма ҳам топилди!

Рамилянинг тигеллари уста-кулоллар ясаган нафис буюмларни эслатади. Бу бежиз эмас, албатта, нафосат соҳибасининг техник ғалабаси энди бошланди! Балки бугун мен оққа кўчираётганлат унинг яна янги яратувчанлик ғоялари  тафаккурининг оромини бузиб, уйғоқ қалбига чўғ солгандир...

ТЕМИР ЖИҲОЗЛАР ТИЛИНИНГ ТАРЖИМОНИ

Унинг болалиги сўлим-сокин Навбаҳорда ўтди. У кўпинча бобосининг темир-тақалар сақланадиган устахонасидан чиқмай, велосипед, арава ғилдираклари, болт-гайкалар, қўйинг-чи, “ўзаги” темирдан бўлган барча жиҳозлар билан ўртоқлашиб, устахонада куймаланарди.  Бола тафаккурига юксакликдан бўй кўрсатиб, митти  қалбига ҳали маъноси номаълум бўлган ихтиро сўзи уни мана шу темирлардан нималардир ясашга ёки тузуккина велосипедларнинг занжиру ғилдиракларини ечиб-бузишга ва яна тузашга буйруқ берарди.

Унинг бугунги тақдир ёзиқларидаги ёлқинлар, механика илмининг илдизлари бобосининг пўримликдан узоқ бўлган мана шу оддийгина  устахонасида шаклланган бўлса ажаб эмас! 

1992 йилда Навбаҳорга ўзи билан баҳор бошлаб келган чақалоққа маърифатли  ота-онаси “Шоҳнома”дан яхши ниятлар ила Суҳроб деб исм беришди. Балки бу тақдир тасодифидир, кун келиб Суҳробжоннинг меҳнат фаолияти исми маъносига уйқаш кон-металлургия корхонаси билан боғланди (“Суҳроб” – “лаъл”, “ёқут” маъносини беради ва ушбу маъданлар ҳам олтин каби қимматбаҳо ҳисобланади!).

2008-2011 йилларда Навоий кончилик коллежида “Қўлда электр пайвандчиси”, “Газ пайвандчиси”,  2012-2016 Навоий Давлат кончилик  ва технологиялар университетида “Машинасозлик технологияси, машинасозлик ишлаб чиқаришни жиҳозлаш ва автоматлаштириш” ихтисосликлари бўйича таълим олди.

Талабаликни ортда қолдириб, Учқудуққа – Шимолий кон бошқармасига берилган йўлланма асосида бошқарма бош механик бўлимига муҳандис-конструктор сифатида ишга қабул қилинди. Ўзининг таъкидлашича, бош механик бўлимида ўтган икки йиллик фаолиятида у энг яхши устоз-мутахассислардан сабоқ олишга муваффақ бўлди. Жаҳонгир Хайитов, Собиржон Иззатиллоев, Отабек Дониев, Хикмат Раҳматов, Нурали Дўстов, Элёр Хушназаров, Александр Косенко каби устозлар Суҳробжон Набиев учун ихтисосликнинг янги истиқболини очиб бердилар.

2017 йил 27 ёшли йигитни катта ишонч билан Шимолий кон бошқармасининг асосий бўлинмаларидан бири, ишлаб чиқаришнинг масъулиятли тармоғи бўлмиш Таъмирлаш-механика цехи  технологи лавозимига ўтказилди. Сэх унинг учун ҳам касбий, ҳам ҳаётий жиҳатдан катта тажриба майдони бўлди. Суҳробжоннинг тилидан тушмайдиган аҳиллик, бирдамлик, бир-бирини қўллаб-қувватлашдек олижаноб фазилатлар шаклланган сэх атмосфераси ёш мутахассиснинг улкан саноат корхонасида ўзининг муносиб ўрнини топишига кўмакчи бўлган.  

 Суҳробжон Набиев меҳнат қилаётган Таъмирлаш-механика цехи  корхонанинг невропотологи, жарроҳи десам муболаға бўлмайди. Кон майдонларида хизмат кўрсатаётган техникаларнинг дардини аниқлаш ва даво муолажаларини қўллаш  ушбу сэх ходимлари қўлида! Сўзимни инкор этмасингиздан аввал бир далил келтирай.

Суҳроб Набиевнинг меҳнат фаолияти билан танишиш учун сэхнинг таъмирлов майдони ҳудудида борарканман, “БелАЗ” русумли оғир юк автомобилининг металл рамаси (темир “қовурғалари”) эътиборимни тортади.  Худди инсон органларини ушлаб турган устухонлар каби кўринишга эга салобатли техника, рамасидаги носозликлар сабаб, бирам ҳайбатини йўқотган, механиклар шифосига муҳтожлиги сезилиб турарди. Айнан сэх мутахассислари ва ходимлари  автонинг каръер майдонларида яна алп қоматини кўз-кўз қилиб маъдан ташишида, ўзидек улкан нархларда сотиб олинган техниканинг умрини узайтириши устида бош қотирадилар, тер тўкадилар. 

Юқорида санаб ўтилган жиҳозлар ортида миллиард-миллиард маблағлар сарф-харажати бор гап. Саноат учун сув ва ҳаводек зарур ёқилғи-мой маҳсулотлари, техник-технологик жиҳозларнинг барчаси давлатларни боғловчи тинчлик, дўстлик ришталари орқали хориждан мамлакатимизга кириб келади.

Кўриниб турибдики, кўпминг кишилик жамоанинг насибаси тинчликнинг бардавомлигига нақадар боғлиқ! Республикамизда миллий иқтисодиёт барқарорлигини таъминлаш ва маҳаллийлаштириш дастури бўйича, ҳамда инновасион ғоялар юзасидан кенг қамровли ишлар олиб бориш нақадар зарур!

Суҳробжон Набиев шуни англагани ҳолда, Навоий машинасозлик заводидан
672 018,00 сўмдан сотиб олинувчи лопастларни сэхнинг ўзида ясашга эришди.
3-сонли Гидрометаллургия заводининг лопастларга бўлган эҳтиёжини бир йилда 550 дона деб ҳисобласак, ҳар бир лопастдан 101 791, 65 сўм иқтисод қилинади. Бу рақамларни 550 донага кўпайтирилса, 55 985 407,50 сўм миқдордаги пул маблағини тежашга эришилади. Навоий машинасозлик заводида ишлаб чиқарилаётган лопастларни Таъмирлаш-механика цехи  шароитида ишлаб чиқариш орқали маҳсулот таннархи камайиши билан бирга, ишлаб чиқариш ассортименти ортади.

Тил ижтимоий ҳодиса, деймиз. Тил фақат инсонларда бўлади, деймиз. Балки тўғридир, бироқ, гуллару дарахтлар билан суҳбатлашаётган боғбон, мўйқаламни ўзига бўйсундирган мусаввир, самога нозик арқон тортиб одимлаётган дорбозлар касбининг моҳири бўлиш учун қайси тилда сўзлашаркин?  Суҳроб Набиев-чи?  Менимча,  тушундингиз муштарий.

Хулоса.

Суҳроб Набиевнинг фахр билан: “Жаҳонгир Ҳазратиллоевичдек касбига, одамийлигига садоқатли инсонга шогирд тушганим бу - ҳозирги муваффақиятларимга калит бўлди”, деган сўзларидан бир ҳикмат ясадим: Яхши ота-онадан  бешта ёким олтита яхши фарзанд қолар, бироқ, яхши устоздан  ўнлаб, юзлаб яхши шогирдлар  қолади.

Нилуфар Муйдинова,

ШКБ Ахборот ва маънавият-маърифат гуруҳи мутахассиси.

 

27 Jul 2023

     Август ойининг биринчи якшанбаси "Темир йўл транспорти ходимлари куни"

     Бугунги кунда юрт равнақи ва фаровонлигига ҳисса қўшишдек эзгу мақсад билан яшаётган инсонларнинг шарафли меҳнати ва улар меҳнат қилаётган корхона фаолиятини очиб бериш ҳам ўзига хос эътибор аслида.

      Айни кунларда касб байрамини нишонлаш арафасида бўлган  Шимолий кон бошқармаси темир йўл цехи  жамоаси ҳам ўтган даврлар давомида шарафли йўлни босиб ўтди. Учқудуқда темир йўл цехи нинг тарихи 1959 йилда илк ётқизилган бор-йўғи 27 километр темир йўл излари ва 1 та ТЕМ-1 русумли тепловоз билан бошланган. 1995 йилдан бошлаб эса,  цехда катта ўзгаришлар рўй беришни бошлади. Ўша пайтлар цехда 4 та тепловоз, 150 нафар ишчи-ходим фаолият олиб борган бўлса, кейинчалик темир йўл цехига маъданлар ва кислота ташиш учун янги вагонлар ва тепловозлар сотиб олинди. Вагонлар ва тепловозларга ўз вақтида техник хизмат кўрсатиш ва уларни таъмирлаш учун зарур бўлган эҳтиёт қисмлар таъминоти анча яхшиланди. Корхона эҳтиёжи ва ишлаб чиқариш кўламининг кенгайиб бориши, темир йўл сэхининг ҳам ўз ўрнини мустаҳкамлаб ривожланиб боришига замин яратди.

     Бугунги кунга келиб, темир йўл цехи  кенг ва техник жиҳатдан барча қулайликларга эга бўлган базада жойлашган бўлиб, вагонлар ва тепловозларга техник хизмат кўрсатиш ва таъмирлаш учун анчагина яхши шароитга эга. Юк кўтариш мосламалари (кранлар) ва тепловозларни ҳаракат қисмларига хизмат кўрсатиш учун зарур бўлган кузатув ямаси доимий ишлаб турибди. Шу билан бирга уларга хизмат кўрсатувчи техник ишчи-ходимларнинг иш шароити ҳам юқори даражада.

     Темир йўл цехи да хизмат қилаётган ёш ишчи-ходимларнинг асосий қисми олий маълумотли мутахассислар бўлиб, улар ўз малакасини ошириб бориши билан бирга ёш, янги келган ишчиларга ҳам касб сирларини ўргатиб келмоқдалар. Аҳил жамоада касб сирларини мукаммал ўрганган устозлар назоратида амалга ошириладиган ҳар бир амалиёт, бугун иш унумдорлигида ўзининг натижасини кўрсатмоқда.

      Бугунги кунда 418 нафар ишчи-хизматчилар қарийб 110,7 км темир йўл, 124 та темир йўл стрелкалари, 21 та темир йўл кесишмаси, 318 дона ҳар хил турдаги юк вагонлари, 14 та тепловоз ва бошқа йўл қурилиш механизмларига хизмат кўрсатади.

     Темир йўл транспорти Шимолий кон бошқармаси ишлаб чиқариш фаолияти учун зарур бўлган хомашё ва тайёр маҳсулотларни ташиб берувчи асосий транспорт бўлинмаси ҳисобланади. 3-сонли гидрометаллургия заводи учун асосий хомашё бўлган руда Учқудуқдан 150 км узоқликда жойлашган “Даугизтау” конидан, 95 км узоқликдаги “Аджибугут” конидан  ва 30 км узоқликда жойлашган “Кокпатас” конларидан вагонларда ташиб келтирилади. Бунинг учун “Учқудуқ” саноат майдонида 7 та ва “Даугизтау” майдонида 2 та, “Аджибугут” саноат майдонида 2  тепловоз узлуксиз ишлаб турибди.

     Албатта юқорида таъкидланган тизимли ишларни олиб борилишида Шимолий кон бошқармаси темир йўл цехи  бошлиғи Назиржон Мирзақобилов раҳбарлигидаги аҳил жамоанинг ҳиссаси беқиёс. Улар орасида Қувондиқ Дониёров, Олтин Шарипов, Фазлиддин Сойибназаров, Равшан Мирзақобилов, Лазиз Абдиев, Шокир Қўчқоров, Ислом Аслонов, Ширинбой Рахимов, Завқиддин Шарипов, Озод Жумаев, Улуғбек Хўжаев, Бекзод Арзиев, Шокир Буронов, Собир Қодиров, Маърифат Джалилова, Аби Алимбаев, Аббос Эшмуродов, Жонузоқ Пўлатов, Ҳасан Ҳайдаров, Маъруфжон Расулов, Тўлқин Гоппорот, Анвар Тилавов, Анвар Эшқувватов, Шерзод Бекназаровларни борлигини алоҳида эътироф этиш ўринли.

     Шуни алоҳида таъкидлаш лозимки, сэх аҳил жамоси ўзларига юклатилган вазифаларга сидқидилдан ёндошиб, юкларни манзилларига беталофат етказишда режа-топшириқларни ойма-ой ошириб бажаришмоқда. Бу ютуқлар замирида эса мамлакатимизда амалга оширилаётган “Инсон қадри учун”  тамойили асосида ишчи-ходимларга яратилган муносиб меҳнат шароитлари турганлиги шубҳасиз! 

     Бугун темирйўл цехи  ходимларининг мақсади битта “Юртимизнинг буюк келажаги, халқимизнинг бахту-саодати, соҳанинг бундан-да юксак тараққиёти йўлида олиб борилаётган кенг қамровли бунёдкорлик ишларига беминнат ҳисса қўшиш”.

    Касб байрамингиз муборак бўлсин азиз Темир йўл транспорти ходимлари!

 

Райҳон ҚОДИРОВА, махсус мухбиримиз.

26 Jul 2023

    Учқудуқ туман ҳокимлиги катта мажлислар залида Халқ депутатлари туман кенгашининг навбатдаги етмиш биринчи сессияси бўлиб ўтди. Унда депутатлар, туман ҳокими ўринбосарлари, бўлим бошлиқлари, ҳуқуқ-тартибот идоралари мутасаддилари ҳамда кун тартибида муҳокама қилинган масалаларга алоқадор бўлган корхона ва ташкилотлар раҳбарлари, шунингдек ОАВ вакиллари иштирок этди.

    Сессия ишини туман ҳокими Халқ депутатлари туман кенгаши раиси С.Хамроев бошқариб борди.

   Депутатлар кун тартибида Учқудуқ туман жиноят, фуқаролик ва иқтисодий судлари томонидан 2023 йилнинг 6 ойи давомида амалга оширган ишлари юзасидан ҳисоботи эшитилди. Учқудуқ туман прокурорининг қонун устуворлигини таъминлаш, ҳуқуқ тарғиботини мустаҳкамлаш ва фуқароларнинг ижтимоий-иқтисодий, сиёсий, шахсий ҳуқуқ ва эркинликларини муҳофаза қилиш ҳамда жиноятчиликка қарши кураш борасидаги фаолияти тўғрисиги ахбороти, Мажбурий ижро бюроси Учқудуқ туман бўлимининг 2023 йилнинг олти ойи давомида суд ҳужжатлари ва бошқа органлар ҳужжатлари ижросини таъминлаш фаолияти ҳақидаги ахбороти тингланди.

    Шунингдек, депутатлар мажлис кун тартибида Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2021 йил 9 августдаги “Бола ҳуқуқларининг кафолатларини таъминлаш тизиини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги Фармони, “Саховат ва кўмак” жамғармаси маблағлари ҳисобидан ижтимоий ҳимояга муҳтож оилаларга бир марталик моддий ёрдам кўрсатиш тўғрисидаги масалалар ҳам кўриб чиқилди.

Туманда жиноятчиликни барвақт олдини олиш ва қонунбузарликка қарши курашиш юзасидан 2023 йил 6 ойи давомида олиб борилган ишлар, ту мандаги мавжуд ички автомобил йўлларига сунъий ёстиқ тўсиқларини ўрнатиш ҳақида ва бошқа муҳим масалалар муҳокамалар майдонида бўлди.

Мамлакатимизда фуқароларнинг хавфсизлигини таъминлаш, уларнинг конституциявий ҳуқуқ ва эркинликларини ҳимоя қилиш, қонунийлик ва ҳуқуқ-тартиботни мустаҳкамлаш борасида аниқ мақсадга йўналтирилган тизимли чора-тадбирлар амалга оширилмоқда. Туман ИИБ ходимлари томонидан жиноятчиликка қарши кураш, содир этилган жиноятларни ўз вақтида фош этиш, қидирувда бўлган жиноятчиларни ушлаш ва бедарак йўқолган шахсларни аниқлаш, фуқаролар ва йўл ҳаракати хавфсизлигини таъминлаш ҳамда жамоат тартибини сақлаш борасида бир қатор профилактик чора-тадбирларни амалга оширилди.

2023 йил 6 ойи давомида Учқудуқ туманида қайд 

этилган жами жиноятлар ўтган йилнинг шу даврига нисбатан

14,3 фоизга яъни (28/32), шундан жиноят қидирув йўналишидаги жиноятлар яъни 33,3 фоизга (18/24) ошган.

Жиноят турларидан: 

– ўғирлик 100 фоизга(4/8);

– фирибгарлик 100 фоизга(0/5);

– безорилик 100 фоизга(0/2) ошган.

– ўлим билан боғлиқ йўл транспорт ҳодисаси (1/1)  камаймаган.

– босқинчилик 100 фоизга(1/0;)

– қотиллик 100 фоизга(1/0) камайган.

Қайд этилган жиноятларнинг ҳар иккинчиси (32 тадан 13 та) ўғрилик ва фирибгарлик жиноятларини ташкил этган. 

Жиноят содир этган шахслар:

– ишсизлар 100 фоизга (0/5) ошган.

– илгари судланганлар 50 фоизга (6/3);

– аёллар 66,6 фоизга (3/1) камайган.

Энг кўп жиноят содир этган шахслар кесими:

– ёшлар томонидан - “Мустақиллик” (2 та) маҳаллалари ҳиссасига тўғри келган.

– аёллар томонидан - “Абай” (1 та) маҳаллалари ҳиссасига тўғри келган.

Ҳар 100 минг аҳоли сонига жами жиноятлар Учқудуқ туманида ўртача 81,8 тадан тўғри келиб, бу борада салбий натижа қайд этган. 

Шунингдек, содир этилган жиноятлардан:

– 1-секторда фирибгарлик (0/1), безорилик (0/1) ошган.

– 2-секторда ўғирлик (0/2) ошган.

– 3-секторда ўғирлик (1/4), фирибгарлик (0/3), безорилик (0/1) ошган.

– 4-секторда фирибгарлик (0/1) ошган.

Содир этилган жиноятлар 14 та маҳалларнинг 4 тасида (28,6 %) содир этилган бўлиб, 3 таси (21.4 %) ҚИЗИЛ (жиноят ошган) маҳалла тоифасига кирган.

Тумандаги 14 та маҳаллалардан 3 таси “қизил”, 1 таси “сариқ” ва 

10 таси “яшил” тоифага киритилган.

 “Қизил” тоифага: “Алтинтау” ОФЙ, “Боздун” ОФЙ, “Мустақиллик” МФЙ киритилган.

Энг кўп жиноят “Алтинтау” ОФЙда (1 та безорилик), “Боздун” ОФЙда (1 та ўғирлик), “Мустақиллик” МФЙда (3 та ўғрилик) содир этилган.

Маҳалла ҳудудида содир этилган 8 та жиноятнинг 62,5 фоизи (5 та) айнан “қизил” тоифадаги 3 та маҳалла ҳиссасига тўғри келмоқда.

Учқудуқ туман прокуратураси томонидан туманда қонун устуворлигини таъминлаш, фуқароларнинг ҳуқуқ ва эркинликларини, жамият ва давлатнинг қонун билан қўриқланадиган манфаатларини ҳимояқилиш, жиноятчилик ҳамда ҳуқуқбузарликларнинг олдини олиш ва профилактика қилиш борасида 2023 йил 6 ой давомида муайян ишлар амалга оширилган.

Учқудуқ туман прокуратураси томонидан туманда қонун устуворлигини таъминлашда, асосий эътибор, оналик ва болаликни муҳофаза қилиш, соғлиқни сақлаш, аҳолини ижтимоий ҳимоя қилиш, инвестицияларни жалб қилган ҳолда тадбиркорликни жадал ривожлантириш орқали ишсизликка барҳам бериш, тадбиркорлар фаолиятига ноқонуний аралашув ҳолатларига чек қўйиш, ҳуқуқбузарлик ва жиноятларни барвақт олдини олишга қаратилган.

Хусусан, қонунийликни мустаҳкамлаш, фуқароларнинг ҳуқуқ ҳамда эркинликларини, жамият ва давлатнинг қонун билан қўриқланадиган манфаатларини ҳимоя қилиш борасида ўтказилган 73 та текширишлар натижасида 222 та прокурор назорат ҳужжатлари қўлланилган. 74 нафар фуқароларнинг бузилган ҳуқуқлари тикланган, 11 та ҳуқуқий ҳужжатлар бекор қилинган ва 47 таси қонунга мувофиқлаштирилган, қонунбузилиш сабабларини бартараф этиш юзасидан 47 та тақдимномалар юборилган, судларга 5 та аризалар киритилган, 5 нафар шахслар огоҳлантирилган, 72 нафари интизомий ва маъмурий жавобгарликка тортилган.

Соҳалар кесимида, туман прокуратураси томонидан 2023 йилнинг 6 ойи давомида вояга етмаганлар ҳақидаги қонунчилик ижроси юзасидан туман мутасадди идораларида жами 7 та текширишлар ўтказилиб, текширишлар давомида аниқланган камчиликлар бўйича қонун бузилиши, унинг келиб чиқиш сабаблари ва унга имконият яратиб бераётган шарт-шароитларни бартараф этиш юзасидан 6 та тақдимнома ва ноқонуний ҳужжатларга нисбатан 34 та протест киритилган, 2 та шахсларнинг интизомий жавобгарлик масаласи ҳал қилинган, 12 нафар шахсга нисбатан маъмурий иш қўзатилган ҳамда 35 нафар шахсларнинг ҳуқуқлари тикланиши таъминланган.

Ижтимоий соҳада қонунчилик ижроси устидан прокурор назорати фаолияти бўйича 2023 йилнинг 6 ойи давомида туман прокуратураси томонидан 15 та текширишлар ўтказилиши натижасида жами 25 та таъсир чоралари қўлланилган бўлиб, шундан 3 та қонунга зид бўлган ҳужжатларни қонунга мувофиқлаштириш ёки бекор қилиш бўйича протест, қонун бузилиши, унинг келиб чиқиш сабаблари ва бунга имконият яратиб бераётган шарт-шароитларни бартараф этиш тўғрисида 14 та тақдимнома киритилиб, мазкур камчиликларга йўл қўйган 24 нафар мансабдор шахсларга нисбатан интизомий ва маъмурий жавобгарлик тўғрисида иш қўзғатилиши таъминланган. 

Содир этилган жиноятлар маҳалла ва овуллар кесимида таҳлил қилинганда, “Дўстлик” МФЙда 3 тага, “Йўлчилар” МФЙда 3 тага, “Шалхар” ОФЙда 2 тага, “Мингбулоқ” ОФЙда 1 тага, “Навоий” МФЙда 1 тага камайган бир вақтда, “Мустақиллик” МФЙда 7 тага, “Алтинтау” ОФЙда 3 тага, “Айтим” МФЙда 2 тага, “Абай” МФЙда 1 тага, “Боздун” ОФЙда 1 тага ошган.

Ўзбекистон Республикасининг “Йўл ҳаракати хавфсизлиги тўғрисида”ги Қонуни, Вазирлар Маҳкамасининг 2022 йил 12 апрелдаги 172-сон қарори билан тасдиқланган “Йўл ҳаракати қоидалари” ижросини таъминлаш мақсадида, Халқ депутатлари туман Кенгашининг Ўзбекистон ХДП депутатлик гуруҳи ва Ўзбекистон “Адолат” СДП депутатлик гуруҳи таклифини инобатга олган ҳолда, мавжуд ички автомобил йўлларига сунъий ётиқ тўсиқларни ўрнатиш тўғрисидаги таклифи маъқулланди.

Сессия кун тартибида муҳокама қилинган масалалар юзасидан тегишли қарорлар қабул қилинди ва ижрога қаратилди.

УЧҚУДУҚ ТУМАН ҲОКИМЛИГИ АХБОРОТ ХИЗМАТИ

 

26 Jul 2023

     Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mintaqalarida havo harorati yuqori darajada isimoqda. Iqlimshunoslar iyul oyining dastlabki kunlaridan Tinch okeanida suv haroratining isib ketishi bilan bog‘liq “El-Ninyo” hodisasini bunga asosiy sabab sifatida keltirmoqda.

    “El-Ninyo” haqida qisqacha

     “El-Ninyo”—Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanib, o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi. U odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Iyul oyi boshida BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta “El-Ninyo” sharoiti yuzaga kelganini eʼlon qildi. Bu hodisa global haroratning keskin oshishi va haddan tashqari issiq ob-havo ehtimolini oshiradi.

    Iqlimshunoslar tahliliga ko‘ra, hozirda mazkur hodisa dunyo iqlimiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda. Tinch okeani markaziy va sharqiy mintaqalarida suv haroratining meʼyordan uch darajagacha ko‘tarilib ketishi dunyoda kunlik harorat rekordlari yangilanishiga olib kelgan.

     Maʼlumotlarga qaraganda, o‘tmishda “El-Ninyo” hodisalari butun dunyo qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotiga muammo tug‘dirgan. Shuning uchun ekspertlar barcha mamlakatlar uning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun choralar ishlab chiqishi zarurligini takrorlamoqda.

Oxirgi marta 2016-yilda kuzatilgan “El-Ninyo” O‘zbekistonga ham sezilarli taʼsir ko‘rsatgan. O‘sha davrda qish iliq, bahor issiq va jazirama yoz ketidan kuzning oktabri sovuq, noyabrda esa qor yog‘ib yuborgan.

“Agar 2016-anolog yilga ishonilsa, kelayotgan qishimiz ham iliq bo‘lishi mumkin. Albatta, bu uzoq muddatli prognozlar. Uning o‘zini oqlash darajasi juda past. Lekin yo‘qdan ko‘ra bor maqoliga amal qilinsa, kelgusi qadamlar shu asnoda tashlansa, yomon bo‘lmaydi”, — deydi iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

Prognozlarga ko‘ra, 2024-yil dunyoda oxirgi 8-9 yillik va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin.

Havo qachon salqinlashadi?

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 27–29-iyul kunlari O‘zbekistonda havo harorati biroz pasayishi kutilmoqda. Xususan, 27-iyulda Qoraqalpog‘iston va Xorazmga, 28-iyul kuni O‘zbekistonning boshqa hududlariga Qozog‘istondan nisbatan salqin havo kirib keladi. Mamlakatda harorat 35-38 darajagacha, janubda 40-42 darajagacha pasayadi. Bunday harorat joriy hafta oxirida ham saqlanib turadi.

“Chilla tobora yo‘qolib bormoqda”

Gidrometerolog Erkin Abdulahatovning “Daryo” muxbiri bilan suhbatda avvallari yozda chilla paytidagi anomal issiq yaxshiroq bo‘lganini aytgan.

“Chunki yozda havo quruqroq bo‘lardi. Hozir tunda harorat pasayish o‘rniga, ko‘tarilib ketmoqda. Oldinlari harorat kechasi 20 darajagacha pasayib, etni junjitadigan havo bo‘lgan. Hozir esa unday emas. Chunki havodagi namlik yuqori. Issiqlar o‘zining vaqtida – chillada bo‘lmayapti. Ilgari yozda namgarchilik 20-30 foizga ortgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 50 foizgacha ko‘tarildi. Buning oqibatida insonlar organizmi qiynalyapti. Chilla degan narsa tobora yo‘q bo‘lib ketmoqda. Masalan, shu yilning aprel oyida Xorazmda +42 daraja issiq harorat kuzatildi. Bu zararli, albatta. Aprel – uyg‘onish davri. Havo issiq bo‘lgani hisobiga Xorazm hozir suv tanqisligini boshdan kechiryapti”, — dedi mutaxassis.

Avvalroq O‘zbekistonda eng issiq havo harorati kuzatilgan yillar haqida maʼlumot berilgandi.

Maʼlumotlarga ko‘ra,

  • 1983-yilda Buxoro viloyatida respublika tarixidagi rekord harorat +49,9 darajali issiq kuzatilgan.
  • 1914-yilda Surxondaryo viloyati Termiz sharida +49,6 daraja issiq bo‘lgan.
  • Toshkent shahrida esa 1997-yil 18-iyulda termometr ustunchasi +44,6 daraja issiqni qayd etgan. Bu o‘sha davr uchun so‘nggi 160-yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori, rekord darajadagi issiq haroratdir.
  • Nukusdagi eng yuqori havo harorati 2002-yil avgust oyida kuzatilgan bo‘lib, issiqlik +46,8 darajagacha ko‘tarilgan.
25 Jul 2023

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida ijtimoiy videoroliklar tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlovga 30 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlarning jamiyatda oilaviy zo‘ravonliklarni oldini olish, bunday salbiy holatlardan aziyat chekayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan videoroliklari qabul qilinadi.

Tanlovga taqdim etilayotgan videorolik 3 daqiqadan oshmasligi, HD 1920x1080 formatda bo‘lishi lozim. Materiallar 2023-yilning 30-sentabriga qadar marifattanlov_bot telegram manzili orqali qabul qilinadi.

G‘oliblar “25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” arafasida tantanali taqdirlanadi.

Tanlov yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlarni www.marifatziyo.uz veb-sayti yoki 71 207-57-00, 99 586-96-94 telefon raqamlari orqali olish mumkin.

25 Jul 2023

    Trixofitiya — yuqumli zamburug‘ kasalligi bo‘lib, uni Trichophyton turkumiga mansub zamburug‘lar qo‘zg‘atadi. Trixofitiya asosan teri va teri ortiqlarini (tirnoq va  sochlarni)  zararlaydi. Mahalliy tilda bu kasallik “ temiratki ” ham deyiladi. Barcha zamburug‘         kasalliklari singari  bu kasallik ham mavsumiylikka xos.

   Zamburug‘larning nam, yog‘ingarchilik oylarda ko‘payishi va o‘sishi uchun  qulay       sharoit bo‘lganligi uchun  yilning namgarchilik oylarida kasallikning ko‘payishi kuzatiladiKasallik manbai bemor yoki kasallangan uy hayvonlari (mol, qo‘y, it,mushuk va           boshqalar hisoblanadi. Shuning uchun ham chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilarda          kuzatiladi.

   Trixofitiya kasalligining quyidagi turlari farqlanadi:

 yuza  trixofitiya

surunkali trixofitiya

  • yiringli-infiltrativ trixofitiya

 Yuza trixofitiya

Yuza trixofitiya — aksariyat hollarda 5-12 yoshli bolalarda uchraydi. Asosan surunkali    trixofitiya bilan og‘rigan katta yoshli bemorlardan yuqadi. Zamburug‘ bosh sochlariga       tushgach  2-3 hafta yashirin davridan keyin tangacha kattaligidagi oqimtir, yumaloq yoki  ovalsimon ko‘rinishdagi dog‘lar paydo bo‘ladi. Dog‘larning yuzasi kepaksimon                 po‘stloqlar bilan qoplanib, shu sohadagi sochlar 2-3 mm yuqoridan sinadi.

Yuza trixofitiyada zamburug‘lar zararlangan soch ichida joylashadi. Yuza trixofitiyada      soch bilan birga terining o‘zi ham shikastlanadi, bunda terida  avvaliga pushti-qizil            yumaloq yoki oval shakldagi kepaklanuvchi dog‘lar paydo bo‘ladi. Chegarasi aniq             bo‘lib,chekkalari biroz ko‘tarilib turadigan to‘g‘nog‘ich boshidek keladigan tuguncha       va pufakchalar paydo bo‘ladi. Ular birikib har xil shakllarni hosil qiladi. Bu kasallikda       tirnoqlar ham zararlanib, xira tortib mo‘rtlashib, notekis va g‘adir-budur bo‘lib qoladi.

Surunkali trixofitiya

Surunkali trixofitiya — asosan kattalarda uchrab, klinik ko‘rinishi batamom o‘zgacha        tus oladi. Boshda chegarasi noaniq kepaksimon po‘st tashlab turuvchi oqimtir dog‘lar        hamda singan sochlarning o‘rni qora dog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Ular davolanmasa kasallik       manbai bo‘lib yuraveradi.

Yoshi kattalarda markaziy nerv sistemasi  va ichki sekresiya bezlari faoliyatining               o‘zgarishi zamburug‘larga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli kattalarda bu kasallik          o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi ham mumkin. Lekin ichki sekresiya bezlari faoliyatida,           xususan tuxumdonlarda biror illati bo‘lgan ayollarda bu kasallik surunkali tus olib,             yillar davomida bezovta qiladi.

Kasallik ayollarda ko‘proq uchrab, boshning sochli qismi, silliq teri va tirnoqlarning birga zararlanishi bilan kechadi. Boldir, tizza, tirsak, dumba sohalarida bir-biriga qo‘shilishga  moyil bo‘lgan, po‘st tashlab turadigan, binafsha rangli dog‘lar paydo bo‘ladi.

Oyoq-qo‘l kaftlarining terisida yallig‘lanish belgilarisiz, po‘st tashlab turadigan kasallik    o‘choqlari vujudga keladi. Boshning chakka va ensa sohalarida sochlar tagidan sinib, qora nuqtalar hosil qiladi. Shu sohalarda po‘st tashlagan zararlanish o‘choqlari, sochsiz             atrofiyaga uchragan joylar ham kuzatiladi.Kasallik uzoq kechadi, bu paytda bemorlar        yosh bolalar uchun kasallik manbai bo‘lib qolishlari mumkin.

Yiringli-infiltrativ trixofitiyalar

Yiringli-infiltrativ trixofitiya- bularni zoonoz  Trichophytonlar (hayvon zamburug‘lari)     qo‘zg‘atadi. Kasallik buzoq, sigir, ot, qo‘y va itlardan yuqadi. Hayvonlarda kasallik ancha yengil o‘tadi, lekin odamlarda og‘ir kechadi. Kasallik yuqqanidan keyin 2-3 hafta o‘tib     bemorning bosh terisida yiringli tugunchalar paydo bo‘ladi, ular bosib ko‘rilsa yiring        chiqadi.

Yiringlagan sohadan “ari uyasi” ni eslatuvchi yiringli ajralma ajraladi. Bemorlar boshidan mog‘or hidi kelib turadi. Yiringli sohadan sochlar osongina to‘kilib ketadi. Bemorlar         sog‘aygandan keyin o‘sha sohalarda soch siyrak, kam chiqib, joyi bilinib turadi.                 Zamburug‘lar terini ham shikastlab, bunda terida dumaloq halqlar hosil bo‘ladi.                Zararlanish ochiq joylarda, asosan bo‘yin, bilak va yuzda uchraydi.

Yuqorida keltirilgan holatlar kuzatilsa darhol teri-tanosil shifokoriga                                   (dermatovenerologga) murojaat qilish lozim. Trixofitiyaning yuqorida keltirilgan barcha    shakllari  teri-tanosil kasalliklar dispanserida statsionar sharoitda davolanishga muhtoj      hisoblanadi.

Afsuski, aksariyat bemorlar uylarida o‘zboshimchalik bilan turli davo-muolajalar               o‘tkazishi oqibatida kasallikning yiringli-infiltrativ shaklida, ya’ni mutaxassis shifokorga  kasallikni o‘tkazib yuborgandan keyin murojaat qilish hollari hanuzgacha uchrab turibdi.

O‘tkazib yuborilgan vaqt esa, albatta o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Shunday ekan,  teri      sohasida o‘zgarishlar kuzatilganda fursatni qo‘ldan boy bermay shifokorga murojaat         qilish lozimligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz

        Teri kasalliklari - odam va hayvonlar organizmidagi shilliq qavatlar, teri hamda uning hosilalari (soch, tirnoq) patologik oʻzgarishi bilan ifodalanadigan kasalliklar guruhi. Odam uchraydigan Teri kasalliklari toshma toshishi, dogʻ, pufakcha, tuguncha, qipiqlanish, yaralanish, terining shilinishi, yorilishi va boshqa tarzida namoyon boʻladi. Tashqi muhitdagi har bir fizik va kimyoviy omillar terida turli yalligʻlanishlar (dermatitlar) paydo boʻlishiga olib keladi; bulardan qavarish, bichilish, sovqotish, kuyish birmuncha koʻproq uchraydi. Terining talaygina kasalliklariga biologik omillar, mikroskopik zamburugʻlar (qarang Terining zamburugʻli kasalliklari), bakteriyalar, hayvon parazitlari (qarang Qoʻtir) va viruslar (qarang SoʻgalUchuq) sabab boʻladi.

Ichki omillar: mahalliy, infeksiya oʻchogʻi boʻlishi (mas., murtak bezlari, qovuqda), ichki aʼzolar (meʼda, buyrak, jigar) kasalliklari ekzema, eshakem kabi allergik tavsifdagi (qarang Lglergiya) Teri kasalliklariga olib kelishi mumkin. Organizmda oqsil, uglevod va yogʻ almashinuvining buzilishi, shuningdek, vitaminlar yetishmasligi, nerv (mas., neyrodermit) va endokrin sistema faoliyatining buzilishi (mas., seboreya, husnbuzar), tomirlar, qrn yaratish aʼzolari va boshqalarning zararlanishi natijasida ham Teri kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. Bularning hammasi terida yalligʻlanish, qon quyilishi, pigmentatsiya va muguzlanishning buzilishi, teridagi ayrim tuzilmalar (biriktiruvchi toʻqima tolalari, yog va ter bezlari, soch piyozchasi va boshqalar)ning nobud boʻlishi, qon aylanishi hamda teri oziklanishining izdan chiqishi kabi patologik oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Bunda teriga har xil kattalikda toshmalar toshishi (dermatozlar), tugunchalar paydo boʻlishi, baʼzan bu tugunchalar ichida qon yoki yiring tuplanishi mumkin. Toshmalar qichishishi, achishishi, baʼzilari bemorni mutlaqo           bezovta qilmasligi mumkin. Infeksion (qarang Ich terlamaQaytalama terlamaSkarlatinaChechak va b.), shuningdek, venerik kasalliklarda ham teriga toshmalar toshishi kuzatiladi. Toshmalar tabiatini faqat mutaxassis vrach toʻgʻri aniklab, diagnoz qoʻyishi va davo tayinlashi mumkin. Oʻz bilgicha davo qilish turli koʻngilsizliklarga olib keladi. Shuning uchun Teri kasalliklariga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlganda, albatta, vrachga murojaat etish va uning maslahatlariga bekamu kust amal qilish lozim.

                                                            Uchquduq tuman Sanitariya-epidemiologik

osoyishtalik va jamoat salomatligi

bo’limi xodimi

S.M.Hamroqulova

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: