Hokimiyat matbuot xizmati
Ёз…Жазирама иссиқ…. Айнан шундай об-ҳаво шароитида юртимизда қадоқланган ичимлик сувига бўлган талаб кескин ошиши кузатилади. Кўпчилик бундай идишдаги ичимлик сувларини нафақат кўчада иссиқ об-ҳаво шароитида, балки уй шароитида кундалик эҳтиёж учун ҳам ишлатади.
Ичимлик суви бутун дунё стандартлари бўйича озиқ-овқат маҳсулоти сифатида таснифланади ва у бизнинг уйимизга киришдан олдин, инсон саломатлиги учун хафсизликка риоя қилиш учун сув таъминоти манбасидан лаборатория синовларига қадар мураккаб йўлни босиб ўтади.
Ичимлик суви таъминоти манбасини танлашда, биринчи навбатда, табиий сувнинг кимёвий ва микробиологик таркиби санитария-гигиена талабларига мувофиқ фойдаланишга топширилгунига қадар икки йил давомида мавсумлар бўйича ўтказилган лаборатория таҳлили асосида баҳоланади. Сувнинг сифати кўрсаткичлари давлат стандарти талабларига жавоб бериш шарт. Танлаган манбалардаги сувнинг сифати Ўзбекистон Республикаси давлат стандартининг рухсат этилган максимал концентрацияга тўғри келадиган бўлиши керак.
Ушбу тадқиқотлар ҳар куни аҳоли саломатлиги учун сувнинг хавсизлигини тасдиқлаш ва турли юқумли касалликларнинг мавжуд эмаслигини кафолатлаш учун лабораторияларда ўтказилади. Шу билан бирга, лабораторияларда сув таркибини ўлчашнинг стандарт усуллари ва ушбу соҳадаги санитария қоидаларига амал қилинади. Ичимлик суви гигиеник талаблар ва сифатини назорат килиш стандартига киритилган кўрсаткичлар бўйича сувда: микробларнинг умумий сони, Escherichia coli гуруҳидаги бактериялар сони, таъм, ҳид, ранг, лойқалиги, кальций, магний, азот бирикмаларининг асосий тузлари, сувни зарарсизлантиришдан кейин қолдиқ хлор аниқланади.
Шу билан бирга, лабораторияларда ҳар ой сув манбалари ва сув тармоқларига юбориладиган ичимлик сувининг кимёвий таркибини оғир металлар, фторидлар, хлоридлар, сульфатлар ва органик бирикмаларнинг тузлари учун таҳлил қилинади ва йилига камида 1–2 марта радиологик кўрсаткичлар бўйича тадқиқотлар ўтказилади.
Кимёвий муҳандислар, бактериологлар, лаборатория ёрдамчилари ва намуна олувчиларнинг саъй-ҳаракатлари билан сув манбалари ва сув тармоқларига юбориладиган ичимлик сувининг сифатини текширганда 45га яқин кўрсаткичларни сув таъминоти корхоналарининг марказий ва ичимлик сувини тайёрлаш иншоотидаги объект лабораториялари асосида назорат қилинади. Хлорлаш станциядаги оператор томонидан сув таъминоти тизимига киришдан олдин қолдиқ хлори таркиби ҳар соатда кузатиб борилади.
Ҳа, сув таъминоти тармоқлари орқали истемолчиларга юборилаётган ичимлик суви органолептик жиҳатдан ҳуш таъм, кимёвий таркиби бўйича зарарсиз, эпидемиологик, паразитологик ва радиацион таркиби бўйича ҳафсиз бўлиши зарур. Аммо ҳозирги кунда табиий заҳираларни тежаш, саломатлигимизга дахлдор бўлган табиат неъматларини кўз қорачиғидек асраш, хусусан, истеъмол учун етказиб берилаётган ичимлик сувининг бизга етиб келгунига қадар минглаб инсонларнинг машаққатли меҳнати ётганлигини унутмаслигимиз даркор.
Азизлар, тежамкорлик бош шиоримизга айлансин!
Надя Канатбаева
Учқудуқ туман СЭО ва ЖСБ
санитария врач ёрдамчиси.
Oʻzbekistonda 2023-yilning 1-iyul holatiga koʻra, doimiy yashovchi aholi soni 36 million 372,3 ming kishini tashkil etdi.
Statistika agentligining xabar berishicha, ushbu koʻrsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga koʻpaygan.
Shundan:
Ayollar soni – 18 million 66 ming kishi;
Erkaklar soni – 18 million 306,3 ming kishini tashkil qiladi.
Shahar joylarda yashovchi aholi soni 18 million 557,5 ming kishini tashkil etgan boʻlsa,
qishloq joylarda 17 million 815,8 ming kishi istiqomat qiladi.
Oʻzbekiston boʻyicha 24-28-iyul kunlariga ob-havo prognozi eʼlon qilindi.
Boshlangan haftaning katta qismida Oʻzbekiston hududi boʻyicha issiq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.
Kunduz kunlari harorat 39-42 darajaga, janubda va choʻl hududlarda, shuningdek 24-25-iyul kunlari respublika shimolida baʼzi joylarda 43-44 darajaga yetadi.
27-iyulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatiga, 28-iyulda respublikaning barcha hududlariga Qozogʻiston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat 35-38 darajagacha, janubda 40-42 darajagacha biroz pasayadi.
Bunday harorat hafta oxirida ham saqlanib turadi.
Shimolda, janubda va choʻl hududlarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim joylarda 20-22 m/m gacha kuchayishi, chang-toʻzon kuzatilishi mumkin.
Togʻli hududlarda 24-iyulda kunning ikkinchi yarmida va hafta oxirida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Poytaxtimizda: 24-27-iyul kunlari havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan oʻrtacha tezlikgacha esadi. Harorat 24-27-iyulda 39-42 daraja, 28-iyulda 38-40 daraja boʻladi.
Eslatilishicha, ushbu haftada kunlar issiq boʻlishiga qaramay, havo harorati oʻtgan yillarda oʻrnatilgan rekord koʻrsatkichlarga yetib bormaydi. Shunday qilib, respublika hududining katta qismida eng issiq iyul oylarida maksimal havo harorati 43-46 darajani, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 47-49 darajani tashkil etgan.
“Temir daftar”dagilar qanday imtiyozlardan foydalanadi? Quyidagi ushbu masalaga oid savollarga javob berib oʻtiladi.
1. “Temir daftar”ga kiritilgan oila aʼzolari ishga joylashtiriladi
“Temir daftar”dagi oilalarning ishsiz aʼzolari bandligini taʼminlash quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
- yangi ish oʻrinlariga ishga joylashtirish;
- mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish oʻrinlariga ishga joylashtirish hamda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
- qishloq xoʻjaligi boʻlimlari bilan birgalikda kooperativlarga jalb etish, gʻalladan boʻshagan yerlarda takroriy ekin ekish va oborotdan chiqib ketgan yerlarni oʻzlashtirish hisobiga bandlikni taʼminlash;
- kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitishni tashkil etish, tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish, oʻzini oʻzi mustaqil ravishda band qilishni rivojlantirishga doir faoliyatni tashkil etish orqali bandlikka koʻmaklashish;
- qurilish obyektlariga ishga joylashtirish.
2. Tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun koʻmaklashiladi
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarda quyidagi yoʻnalishlarda koʻmaklashiladi:
- yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish;
- parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yoʻlga qoʻyish;
- “Tomorqa xizmati” tashkilotlari va “Dala doʻkonlari”ni tashkil etish.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun yangi oʻzlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 0,1 gektardan 1 gektargacha yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berish, ajratilgan yer maydonlarini sugʻorish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sugʻorish tizimi va boshqalar) va elektr energiyasi bilan taʼminlash, berilgan yerlarni oʻzlashtirish uchun (yer haydash, urugʻ, koʻchat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratish ishlari amalga oshiriladi.
3. Tadbirkorlikka jalb qilinadi
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari orqali quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
- biznes loyihalarni hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tuzishni oʻrgatish;
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit olishga koʻmaklashish;
- kredit ajratilgandan soʻng kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar tadbirkorligini rivojlantirishni doimiy qoʻllab-quvvatlash.
Kreditlar “Temir daftar”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
4. Moddiy yordam koʻrsatiladi
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatlar asosida bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.
Bir martalik moddiy yordamni toʻlash uchun oilalarning ehtiyojmandlik darajasidan kelib chiqib (har bir fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport seriyasi va raqami koʻrsatilgan holda) bir martalik moddiy yordam berish miqdorlari koʻrsatilgan roʻyxat tuman (shahar) hokimligiga taqdim etiladi.
Tasdiqlangan bir martalik moddiy yordam toʻlovlari har oyning 5 — 27-kunlarida amalga oshiriladi.
Bir martalik moddiy yordam ajratish kalendar yil davomida bir marta amalga oshiriladi.
5. Tibbiy xizmat koʻrsatiladi
Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tibbiy xizmat koʻrsatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- tibbiy yordamga muhtoj oilalar boshqaruv ofisi tomonidan tegishli tibbiyot xodimini jalb qilingan holda oʻrganiladi;
- oʻrganish natijasi boʻyicha kasalligi aniqlangan va tibbiy yordamga muhtoj oila aʼzolari tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga yuboriladi;
- tibbiy koʻrik natijasi yuzasidan koʻrsatma boʻyicha oila aʼzolari tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida statsionar yoki ambulatoriya sharoitda davolanadi;
- nogironlik belgilari aniq namoyon boʻlgan bemorlar belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.
“Temir daftar” qanday shakllantiriladi?
“Temir daftar”ga quyidagi toifadagi oilalar kiritiladi:
- kam taʼminlangan oila, deb eʼtirof etilgan oilalar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan aʼzolari mavjud oilalar;
- kam taʼminlangan yakka-yolgʻizlar va keksalar;
- boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand oilalar;
- koʻp (4 va undan ortiq) farzandli moddiy koʻmakka muhtoj oilalar;
- mehnatga layoqatli ishsiz aʼzolari mavjud ehtiyojmand oilalar;
- tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar (surunkali yoki ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan va nogironlik guruhi belgilanmagan aʼzolari mavjud yetarli daromad manbaiga ega boʻlmagan oilalar);
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzi yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy boʻlmagan ehtiyojmand oilalar.
Ayni vaqtga qadar oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun 882 913 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar Qashqadaryo viloyatidan (103 ming 972 nafar). Keyingi o‘rinlardan Samarqand (99 210 nafar), Farg‘ona (83 409 nafar), Toshkent (76 884 nafar) va Surxondaryo (72 883 nafar) viloyatlari joy olgan.
Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan OTMlar ro’yxatida esa O‘zbekiston milliy universiteti (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan) peshqadamlik qilmoqda:
O‘zbekiston milliy universiteti — 32 630 nafar;
Farg‘ona davlat universiteti — 26 250 nafar;
Toshkent davlat transport universiteti — 26 136 nafar;
Toshkent davlat pedagogika universiteti — 25 473 nafar;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 24 936 nafar.
Ma’lumot uchun, bugun abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlanadi.
Ватанга муҳаббат, юртга садоқатни сақлаган инсон борки юрти учун нимадир қилишга ҳаракат қилади. Бугун биз таърифини келтириб ўтмоқчи бўлганимиз Шимолий кон бошқармасига қарашли “Шарқий” конида меҳнат қилиб келаётган экскаваторчи Мамарахимов Жамолитдин Махмирзаевич бўлади.
Навоийнинг сўлим гўшаси, Оллоҳнинг назари тушган юрт Нуротада туғилиб ўсган Жамолитдин ака армия хизматини Украинада ўтаб, ўз меҳнат фаолиятини Шимолий кон бошқармаси “Шарқий” конида бошлаган. Синовли йилларда меҳнатда тобланган, тажриба тўплаган қаҳрамонимиз аввалига оддий ишчи, экскаватор ёрдамчиси бўлиб узоқ йиллар самарали фаолият юритган. Ҳозирда тажрибали экскаватор машинисти сифатида ўнлаб ёшларга устозлик қилиб келмоқда. Ҳамкасбларига ёшларга меҳнат ортидан топилган эҳтиром баҳосиз эканлигини таъкидлашдан чарчамайди.
Бир ҳовучда 12-20 тонна рудани узиб оладиган бу қудратли техникани бошқариш Жамолитдин Махмирзаевичга ҳеч бир қийинчилик туғдирмайди. Боиси, корхонадаги соғлом муҳит, жамоанинг аҳиллиги қолаверса оиласининг тинчлигиҳам бир корхонада 30 йил меҳнат қилишга замин яратди имкон берди, десак хато қилмаган бўламиз.
Юртимизда ҳалол меҳнат қилган ўз касбининг чинаккам фидоийси бўлган инсонлар доимо эътиборда. Мақоламиз қаҳрамони ЖамолитдинМамарахимов ҳам II ваIII даражали “Кончилик шуҳрати” кўкрак нишони билан тақдирланган, бир неча маротаба фахрий ёрлиқ ва ташаккурномаларга сазовор бўлган.
-Жонажон корхонам – менинг кичик Ватаним! Ватаним фаровонлиги йўлида чарчоқ нима билмайман, - дейди биз билан суҳбатда Жамолитдин Мамарахимов.
Оила инсон бахт-саодатини таъминловчи қўрғондир. Жамолитдин ака ва Элмира опанинг бахт қўрғонида Улуғбек, Нилуфар, Юлдуз исмли фарзандлар камолга етди. Ўғли Улуғбек ҳарбий, қизи Нилуфар 3-гидрометаллургия заводида лаборант бўлиб ишлайди. Оиланинг кенжаси Юлдуз олий ўқув юртида ўқиш ниятида имтиҳонларга тайёргарлик кўрмоқда.
“Данагидан мағзи ширин” дейишганидек, шириндан-шакар неваранинг бобо-бувиси бўлган бу оилада саодат, бахт, меҳр-муҳаббат доимий меҳмон!
Нилуфар РУЗИЕВА,
ШКБ Ахборот ва маънавият-маърифат гуруҳи инспектори.
Навоий кон-металлургия комбинати АЖ - 65 ёшда!
Бугунги ўзгарувчан шароитда иқтисодиётимизнинг барқарор ўсишини таъминлашда ички имкониятларни ишга солиш, яъни тайёр импорт маҳсулотларни ўзимизда ишлаб чиқариш ва маҳаллий саноатни янада ривожлантириш асосий ўрин тутади.
Аслида тайёр маҳсулот ишлаб чиқаришда маҳаллийлаштириш даражасини ошириш иқтисодиётни янада барқарор ва изчил ривожланишида, унинг ташқи омилларга тобелигини пасайтиришда, ишлаб чиқариш жараёнларига янги самарали технологияларнинг татбиқ этилишини жадаллаштириш муҳим аҳамият касб этади. “НКМК” АЖ қарашли Шимолий кон бошқармасида бу жараёнлар ишлаб чиқаришнинг таркибий қисмига айланган ҳолда маҳаллийлаштириш дастури асосида ўзлаштирилаётган маҳсулотлар импорт ўрнини қопламоқда.
Корхонанинг кон жиҳозларини таъмирлаш цехи 60 йилдан ортиқроқ вақт мобайнида фаолият кўрсатиб келади. Таъбир жоиз бўлса мазкур цехни “ШКБ шифокори”га менгзаш мумкин. Ишлаб чиқариш узлуксизлигини таъминлаш, механизмларнинг бир маромда ишлаши учун эҳтиёт қисмларни тайёрлаш ва таъмирлаш сингари муҳим вазифаларни бажариб келмоқда. Цехда ишлаб чиқариш қувватларидан тўлиқ ва самарали фойдаланиш орқали бутловчи буюмлар, эҳтиёт қисмлар, материалларни ишлаб чиқаришни ўзлаштириш ҳамда импорт ҳажмини пасайтириш бўйича изчил чора-тадбирлар амалга оширилмоқда.
-Мамлакатимиз раҳбарининг 2022 йил 24 январдаги “Республикада ишлаб чиқаришни ривожлантириш ва саноат кооперациясини кенгайтиришнинг самарали тизимини яратиш чора-тадбирлари тўғрисида”ги қарорига асосан, 2022 йилда ШКБ ишлаб чиқариш бўлинмалари учун кон жиҳозларини таъмирлаш цехи томонидан жами 65 млрд. 461 млн. сўмлик 115 229 дона маҳсулотлар таъмирлаб берилган эди. Шунингдек, ўтган йил давомида импорт ўрнини босувчи ва маҳаллийлаштириш дастуридан 1 млрд.610 млн сўм миқдорида маҳсулот тайёрланди, –дейди цех бошлиғи Шерали Рўзибоев. - 2023 йил учун белгиланган вазифалар хусусида тўхталиб ўтадиган бўлсам, жорий йилда ҳам цех томонидан 3 млрд. 561 млн сўмлик лойиҳа дастури ишлаб чиқилди.
Ишлаб чиқаришнинг маҳаллийлаштирилган маҳсулотлар ҳажмини йилдан-йилга ортиб бориши юқорида таъкидланган ишлар белгилаб олинган истиқболли мақсадларнинг ҳосиласидир. Шу ўринда Шимолий кон бошқармасида маҳаллийлаштириш дастурининг бош ижрочиси сифатида кон жиҳозларини таъмирлаш цехи меҳнат жамоаси ва уларнинг ташаббусларини алоҳида таъкидлаш ўринли бўлади.
Цех томонидан январь-май ойларида ялпи маҳсулотнинг ишлаб чиқариш режаси 23 млрд. 333 млн. 320 минг сўмни ташкил этган бўлса, ишлаб чиқарилган ялпи маҳсулот ҳажми режага нисбатан 110,1фоиз яъни 25 млрд. 695 млн. 453 минг сўмга бажарилди. Ушбу ишлаб чиқарилган ялпи маҳсулотнинг 63,8 фоизи ёки 16 млрд. 405 млн. 744 минг сўм ишлаб чиқарилган тайёр маҳсулот улушини, 36,1 фоизи ёки 9 млрд. 289 млн. 709 минг сўми эса ШКБ бўлинмалари томондан буюртма ва талабномаларга асосан кўрсатилган хизматлар улушига тўғри келади. Цех ишчи-ходимлари томонидан шу йилнинг олти ойи давомида импорт ўрнини босувчи 725,7 млн. сўм миқдорида 248 дона маҳсулот ишлаб чиқарилди.
Мухтасар айтганда, кон жиҳозларини таъмирлаш цехи аҳил жамоаси олдида залворли режалар турибди. Бу муҳим вазифаларни уддалашга бўлган интилиш Шимолий кон бошқармасида ишлаб чиқариш қувватларини янада оширишга бу орқали мамлакат ижтимоий-иқтисодий барқарорлигини мустаҳкамлашга салмоқли улуш қўшишининг гаровидир.
Лайло КАРИМОВА
Ҳозирги замонда тараққиётга эришиш учун рақамли билимлар ҳамда замонавий ахборот технологияларини эгаллашимиз зарур ва шартлиги бу эса юксалишнинг энг қисқа йўлидан бориш имкониятини тақдим этмоқда. Зеро, жаҳон тажрибаси миллий иқтисодиётнинг рақобатбардошлиги ахборот-коммуникация технологияларининг ривожланиши билан боғлиқ эканлигини кўрсатаяпти.
Бу борада мамлакатимизда “Рақамли Ўзбекистон-2030” стратегияси қабул қилинган бўлиб ана шу дастур доирасида Шимолий кон бошқармаси ахборот коммуникацион технологиялар маркази мутахассислари томонидан кўплаб янгиликлар ишлаб чиқаришга жорий этилмоқда. Биргина, ўтган 2022 йилда 15 дан ортиқ дастурий таъминотлар яратилиб, ишлаб чиқаришга муваффақиятли жорий этилди. Ана шундай янгиликлардан бири “Тиббий кўрик” ахборот тизими бўлиб, бу нафақат тизим учун балки ишчи-ходимлар учун ҳам қатор енгилликлар бермоқда.
Маълумки корхонада ишлаб чиқариш жараёни бир неча сменаларда ташкил этилган бўлиб, ҳар бир смена бошланиши ва тугашида ишчи ходимлар тиббий кўрикдан ўтказилади. Бу жараёнда ишчи ходимлар ва уларнинг тиббий кўрик хулосалари тўғрисидаги маълумотларни расмийлаштириш кўп вақт ва қўл меҳнатини талаб этарди. Ҳозирда ушбу жарёнларни тўлиқ автоматлаштириш орқали қўл меҳнати бартараф этилиб, тиббий кўрик учун сарфланадиган вақт салмоқли даражада қисқартирилишига эришилди.
ШКБ АХБОРОТ ХИЗМАТИ.
Автотранспортни белгиланган тартиб-қоидаларга ва йўл ҳаракати қоидаларига амал қилмасдан бошқариш қуйидагича жарима солишга сабаб бўлади:
- “Тонировка”ли автотранспортдан фойдаланиш (тегишли рухсатнома олмасдан) – БҲМнинг 25 баравари (8 млн 250 минг сўм) миқдорида;
- Товуш сигналини сабабсиз бериш – БҲМнинг 1 баравари (330 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспортни пиёдалар йўлкаларидан юргизиш – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Йўл белгилари ёки йўлнинг қатнов қисмидаги чизиқлар билан белгилаб қўйилган талабларга риоя этмаслик – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспортларни қувиб ўтиш – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Бекатлардан юриш – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Йўловчиларга лойқа сачратганлик – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспортни бошқариш вақтида телефондан фойдаланиш – БҲМнинг 3 баравари (990 минг сўм) миқдорида;
- Телефондан қулоқчинлар орқали ва қўлларни ишлатмасдан туриб сўзлашувлар олиб бориш имкониятини берадиган бошқа ускуналар орқали фойдаланиш мумкин.
- Белгиланган ҳаракат тезлигини соатига 20 километрдан кўп бўлмаган катталикда ошириш – БҲМнинг 1 баравари (330 минг сўм) миқдорида;
- Белгиланган ҳаракат тезлигини соатига 20 километрдан ортиқ, лекин 40 километрдан кўп бўлмаган катталикда ошириш – БҲМнинг 5 баравари (1 млн 650 минг сўм) миқдорида;
- Белгиланган ҳаракат тезлигини соатига – 40 километрдан ортиқ катталикда ошириш БҲМнинг 9 баравари (2 млн 970 минг сўм) миқдорида;
- Светофорнинг тақиқловчи сигналида тўхташ чизиғини босиб кириш – БҲМнинг иккидан бир қисми (165 минг сўм) миқдорида;
- Светофорнинг тақиқловчи сигналига ёки йўл ҳаракатини тартибга солувчининг тақиқловчи ишорасига бўйсунмасдан ўтиши – БҲМнинг 2 баравари (660 минг сўм) миқдорида;
- Тўхташ ёки тўхтаб туриш қоидаларини бузиш – БҲМнинг 2 баравари (660 минг сўм) миқдорида;
- Йўлларда гуруҳ бўлиб ҳаракат қилишда қатнашиш – БҲМнинг 3 баравари (990 минг сўм) миқдорида;
- Темир йўлнинг ўтиш жойларидан ўтиш қоидаларини бузиш – БҲМнинг 3 баравари (990 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспортни маст ҳолда бошқариш – БҲМнинг 25 баравари (8 млн 250 минг) миқдорида;
- Бунда ҳайдовчи транспортни бошқариш ҳуқуқидан 1 йилу 6 ойдан 3 йилгача маҳрум қилинади.
- Йўл ҳаракати қоидаларида назарда тутилган ҳужжатлари бўлмаган шахсларнинг автотранспортни бошқариши – БҲМнинг 1 баравари (330 минг сўм) миқдорида;
- Ишончномаларни, автотранспортни бошқа шахсга ўтказиш ва ижарага бериш шартномаларини рўйхатдан ўтказмасдан (ҳисобга қўймасдан) бошқариш – БҲМнинг 1 баравари (330 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспортни бошқариш ҳуқуқи бўлмаган шахсларнинг шу воситаларни бошқариши – БҲМнинг 5 баравари (1 млн 650 минг сўм) миқдорида;
- Автотранспорт эгаларининг фуқаролик жавобгарлигини мажбурий суғурта қилиш бўйича суғурта полисларисиз бошқариш – БҲМнинг 2 баравари (660 минг сўм) миқдорида;
- Йўл-транспорт ҳодисаси юз берган жойдан кетиб қолиш – БҲМнинг 15 баравари (4 млн 950 минг сўм) миқдорида.