“Bu ayolga qaysi chiroyli so‘z yarasharkin? Qay ta’rifim uning fidokorligini, jonkuyarligiyu oddiyligini to‘liqligicha ifodalay olishga qodir? Qanday go‘zal so‘z bilan uning qalbida shu kunga qadar hech kim ilg‘amagan javohirotlarining yorqin rangini chizsam ekan?”
“Daugiztau” konidan qaytyapmanu tafakkurimni cho‘lg‘ab olgan savollarga javob izlayman. Men bugun xazina topdim! Qo‘limda hech qanday geolog yoki marksheyderlik uskunalarisiz bepoyon cho‘llar bag‘ridan ma’dan topib oldim. Bir ma’danki, kashf etilmagan...
Mamlakat Ro‘ziyeva 1971 yilda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Respublikada taniqli agronomlardan bo‘lgan Nazokat ayaning qat’iyatli tarbiyasi asosida katta bo‘lgan qahramonimiz bolaligini xotirlarkan, akasi yo opasining yohud o‘zining quyosh qizdirganda uyqudan uyg‘onganini yoki mehnatdan bo‘yin tovlaganini hech eslay olmaydi. “Saharda baraka bo‘ladi”, derdi otasi. Ruzi boboning og‘ir-bosiqlik va mulohazakorlik bilan aytgan shu ikki jumlasi oiladagi tartib-qoidaning chizig‘i bosilmasligiga kifoya edi, shu bois bolalik uyidagi barcha yumushlar quyoshni kutmasdan boshlanardi. Bu – Mamlakat opaning ota-onasi tomonidan belgilangan, farzandlarining mehnatga sadoqatli bo‘lishini ko‘zlab ko‘rsatilgan oydin yo‘lning boshlanishi edi. Opaning yoshi yarim asrdan oshdiki ana shu qoidani buzmay yashamoqda, bu oltin qoida hayotining quyoshi chiqmay qolgan kunlarida ham, oftob hali boshini ko‘tarmay, uni mardlarcha mehnatga yeng shimarishga undadi.
Mamlakat opaning qirqqa yetay deganda qanoti qirqildi – avtohalokat sabab suyangan tog‘i, turmush o‘rtog‘i O‘ktam aka vafot etdi. Uch bolasiga ota mehridek qaynoq, tog‘dek qudratli suyanch juda-juda kerak paytda, dilbandlarining o‘qishga, uy-joyga zarurati o‘ta muhim davrda ro‘zg‘or zahmati yelkasiga tushdi. Yo‘rgakdan yuqqan mehnatsevarligi bois, tuproq tilini biladigan, biroq, qo‘lida oliy ma’lumotli agronomlik diplomi yo‘q fermer opaning musibat sabab taqdir yo‘llari Kombinatga tutashdi.
2010 yil 9-noyabrda uning Mehnat daftarchasiga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Shimoliy kon boshqarmasi “Daugiztau” ochiq usulda qazib olish koniga ishlab chiqarish xonalari farroshi etib tayinlangani to‘g‘risidagi qisqa izoh va buyruq raqami yozib qo‘yildi. Mana shu yozuvlar uni va farzandlarini kutayotgan oydin kelajak kafolati ekani Yaratgangagina ayon edi xolos...
Dunyo onalarining orzusi nima? Millati yo irqidan qat’iy nazar, barcha onalar uchun mushtarak orzu bor, bu – jigarbandlarining tinchlik va farovonlik qurshovida unib-o‘sishi. Menimcha, opani cho‘llarga yetaklagan kuch ham uning ona ekani, g‘amxo‘r va suyansang tog‘ bo‘luvchi Kombinat qanoti ostida ro‘zg‘or tebratish, bolalarining hayotida farovonlik bunyod qilish! Og‘riqlarini ichiga yashirib, armonlarini g‘ult-g‘ult yutib yashagan yolg‘iz Onaning mardu maydonligi ham aslida shu bo‘lsa kerak! Opa kam bo‘lmabdi. Farzandlari oilali, baxtdan, o‘zlaridan tinishibdi, bir etak nevarasi bag‘rida, ona uchun bundan ortiq baxt bormi? Uning mana shu baxti bag‘rima’dan tuproqlarni qamrab olgan Kombinat negizida shakllandi. O‘g‘illari shu konda, biri burg‘ulash uskunasi mashinisti, biri mashinist yordamchisi. Qizi ham tog‘-kon sohasi bo‘yicha oliygohda tahsil olmoqda, shu bilan birga, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi.
Ish faoliyatim davomida tushunganim, Kombinat tizimidagi bo‘linmalarda mehnat qilish juda ko‘pchilikning orzusi. Buning sabablari barchaga kundek ravshan: mehnat muhofazasi, barqaror ish haqi, qulay ish jadvali va sharoitlari, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, madaniy hordiq, umuman olganda, insonning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlovchi savobli sabablar ushbu gigant korxonaga har bir odamni ohanrabodek tortadi. “Daugiztau” koni Ma’muriy-xo‘jalik qismi zimmasidagi mas’uliyat zalvori kondagi texnologik jarayonlar kabi g‘oyat ahamiyatli. Bugun, birgina Mamlakat opaning kunlik ish faoliyati negizida kon hududida mehnat qilayotgan xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanisharkanman, yaydoq va toshloq bo‘lgan bu yerlarda qulochini yozayotgan turli navdagi daraxtlarni, yashillikni, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, qariyb 1400 nafar ishchi-xodimni vaxta asosida kutib-kuzatish jarayonidagi mehnatning zalvorini chamalab hayratlanaman. Bu, ortida katta mashaqqat va mas’uliyatlari uyum-uyum bo‘lgan, biroq, yozish-aytishga oson so‘zlar xolos! Yotoqxona fayzli, ozoda, har bir xonada kondisioner, televizor mavjud, ovqatlanish xonalari mikroto‘lqinli pechlar, muzlatgichlar, elektr gaz plitasi bilan ta’minlangan. Xonalar, yotoq-krovatlariga to‘shalgan choyshablar toza, yuvinish xonalari chinnidek. Har biri bir tonnadan suv saqlaydigan ikki dona suv sig‘imi o‘rnatilgan hammom kunduzgi va tungi smenalarda ishlovchilar uchun xizmatga shay holatda. Bu yerdagi tartib va ozodalikni saqlash og‘izdagi oshmas, turlicha hayot tarzida yashagan xodimlar orasida mehnatning qadrini tushunadigan olijanoblar ham, yohud birovning mehnatini toptaydiganlar ham topiladi. Koinotni kashf etishga qudrati yetgan, sahrolarni dengizlarga ulayotgan odamzot, ba’zan, kichik ko‘ringan, biroq o‘ta og‘riqli bo‘lgan bu kabi kabi masalalar oldida, tarbiya asnosida orttirilgan bo‘shliqlar sabab hamon ojiz qolmoqda. Ana shunday vaziyatlarda ham o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan, qalbida shukri uyg‘oq tozalik posbonlari, xususan, Bayan Namuratova, Perdegul Kuldiyeva, Nazifa Nuraliyeva, Sohiba Asaboyeva, ishchi Xusanjon Xamroyev kabi halol, mehnatsevar, shijoatli xodimlarning borligi Mamlakat opaga qanot bag‘ishlaydi.
Opaning moʻjaz xonasi. To‘rda qo‘li gul Sohibaning yasagan gullari xuddi tirikdek yashnab turibdi. Oldida kattagina kompyuter. Avvallari, u bino bilan bunisi orasida bo‘zchining mokisidek qatnagan opaga endi, zamona zayli bilan texnik qulayliklar ortib, kuzatuv dasturi o‘rnatilgan kompyuter berishgan. Kompyuterini bir ko‘zdan kechirib olgan Mamlakat opa shkafda taxlog‘liq turgan bir nechta jurnallarini olib, varaqlab nimalarnidir yozadi. Hisob-kitobga no‘noqligim uchunmi u yozayotgan raqamlarga qarab ko‘zim charchaydi. Charchog‘imni sezgan opa stoli ustida bankaga damlangan qizil choyi (karkade)dan uzatadi: “Saxar bo‘lib qolganimni bilmabmanam, shu choy yaxshiykan”, deydi yozuvlaridan ko‘z uzmay xotirjamgina. Mehnat jarayoniga shu qadar singib ketganidan, qizil choyiga ko‘zi tushgandagina kasali esiga keladi. “Shukur, shu yerlarga rizqimizni sochib qo‘ygan ekan, terib yuribmiz-da, yomonlik ko‘rmadik, kamlik ko‘rmadik, kam bo‘lmadik”, deydi baxtiyorlik bilan. Yuziga ajindan rasm solgan og‘riqlar ham, portlolmay ichda qolgan po‘rtanalar ham, o‘rtoq bo‘lib qolgan dardi ham uning shukurli qalbiga zarracha soya solmagan.
Yo‘lim oxirladi. Avtobus ohista to‘xtadi. Yo‘l bo‘yi xayolimni band etgan maqolam qahramoniga ta’rifni Xalq shoirining tafakkurimda tinmay aylangan she’ri o‘yimga keltirib qo‘ydi: ba’zilar tirnoqlar bezagi uchun sarflaydigan vaqtni opa mehnatga, farzandlariga baxshida etgan, zeb va oroni yurakka yo‘naltirilgan!
Nilufar Muydinova
Shimoliy kon boshqarmasi mutaxassisi