LOTIN-КИРИЛЛ

SIZDAN BOSHLANADI ASLI TAFAKKUR

   Assalomu alaykum aziz ustozlar!

   Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

   Avvalo siz azizlarni sizlarning timsolingizda uchquduqlik barcha o‘qituvchi va murabbiylarni o‘zining ilmu salohiyati, kuch-g‘ayratini, kerak bo‘lsa butun umrini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng sharafli chin ma’noda mashaqqatli ishga bag‘ishlab kelayotgan muhtaram ustozlarni umumxalq bayrami – “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

   Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar esa hayotimiz yo‘lchi yulduzidir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik,  barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan.

Xalqimizda: "Ustoz, otangdek ulug‘", degan hikmatli so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.

Shuning uchun ham sizlardan ta’lim va tarbiya olgan, o‘zini sizning oldingizda umrbod qarzdor deb biladigan barcha insonlar nomidan sizlarga har qancha minnatdorlik bildirsak shuncha oz. Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.

Aziz ustozlar! 

Biz, ota-onalar o‘zimizning eng katta boyligimizni – aziz farzandlarimiz kelajagini siz, muhtaram ustozlar qo‘liga ishonib topshirganmiz. Ha, xalqimizda “Maktab taqdiri – millat taqdiri” degan purma’no gap bor. Shu nuqtai nazardan hurmatli Prezidentimiz va hukumatimiz rahbariyati xalq ta’limini rivojlantirishga katta e’tibor berayotganligini nafaqat soha xodimlari, balki ko‘p ming sonli o‘quvchilarimiz va ularning ota-onalarini ham behad quvontirmoqda.

Barchamiz o‘z faoliyatimizda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Maktab masalasi – bu kelajak masalasi, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasi” degan iboralarining ma’nosini chuqur anglab, ishimizni shu asosda tashkil etsak, men o‘ylaymanki, ta’lim sohasida ko‘zlangan maqsadga, albatta, erishamiz.

Aziz tumandoshlar!

Bugungi kunda Uchquduq tumanida 19 ta umumta’lim maktabi, 15 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 17 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, Barkamol avlod bolalar maktabi, Bolalar musiqa va san’at maktabi, tuman sport maktabi, “Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, Uchquduq sanoat texnikumi hamda Uchquduq kasb-hunar maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur ta’lim dargohlari va sport majmualarida ta’lim – tarbiya topayotgan iste’dodli yoshlar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda albatta, ilm dargohlarida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning, sport seksiyalar murabbiylarining mehnati beqiyos, albatta!.

Bugun o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar sha’niga eng yaxshi so‘zlarni aytib, ularga ezgu niyatlarimizni bildirar ekanmiz, turli bellashuvlar va sport musoqabalarida Uchquduq sha’nini himoya qilayotgan bilimli va iste’dodli bolalarni kamolga yetkazayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Aytish joiz bo‘lsa, bugun “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi!”, degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Buni birgina, Uchquduq tumani misolida aytadigan bo‘lsak, joriy yilda 3 va 9 – sonli maktablari 14 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanib, kapital ta’mirdan chiqarilmoqda. Mazkur bilim dargohlarida ertamiz egalarining barkamol, komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Shuningdek, 20 - maktabda quvvatiga nisbatan o‘quvchilar sonining ortishi munosabati bilan 210 o‘rinli qo‘shimcha bino kapital ta’mirdan chiqarilmoqda. Qariyb, 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga barpo etilayotgan ushbu o‘quv binosi 7 ta yangi zamonaviy sinf-xonalar yaqin kunlarda o‘quvchi-yoshlarni o‘z bag‘riga oladi.  

Bugungi kunda 7,18 – sonli maktablarda sun’iy qoplamali sport maydonining qurilish ishlari ham jadallik bilan olib borilayotganligi-ni ta’kidlash o‘rinli, albatta!.

Aziz pedagoglar! Yutimizda o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish hamda ularning malakasiga yarasha toifa  berish orqali o‘zaro sog‘lom raqobat muhiti yaratilgan.Tumanimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan tarbiyachi va pedagoglarning 35 foizi oliy, birinchi va ikkinchi toifaga ega bo‘ldi. 80 nafar chet tili o‘qituvchilarining 78 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritiib, bu ko‘rsatkich 98 foizga yetkazildi.

2023-2024 o‘quv yilida o‘rta maktabni 392 nafar yigit-qizlarimiz bitirib, mustaqil hayotga yo‘l oldi. Namunali xulq-atvorga ega hamda jamoat ishlarida faol bitiruvchilarning 22 nafariga oltin va kumush medallar tantanali topshirildi. 

Bitiruvchilarning 80 foizi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, 122 nafari mamlakatimizdagi va chet eldagi oliy ta’lim dargohlariga muddatidan oldin talaba bo‘lishgan.

Ta’lim sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, maktablar milliy reytingida Uchquduq tumani respublikada kuchli o‘ntalikdan munosib o‘rin egallagani barcha uchquduqlik o‘qituvchilarning mehnatiga berilgan baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi. 

Shuningdek, joriy yilda 20 - maktab ikkinchi darajali “Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘ldi, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha  eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichida 20-maktab jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 200 mln. so‘m pul bilan mukofotlandi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari! 

Joriy yilning 27 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan, Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, sohada islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘quv jarayoniga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovasion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasidagi munosib hissasi, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bir guruh ustoz-murabbiylar taqdirlandi.

Shuni mamkuniyat bilan ta’kidlash o‘rinliki, ular orasida Uchquduq tumanidagi 20 - maktabining fizika fani o‘qituvchisi Yuldashev Jamshid Abdimalikovichning ham borligi barchani birdek quvontirdi. U “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Jamshid Abdimalikovich! Yosh avlodni komil insonlar qilib voyaga yetkazish, farzandlarimizni Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyatingiz uchun Uchquduq tumani faollari va keng jamoatchiligi nomidan chuqur minnatdorchiligimni bildiraman! 

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

Mehridaryo muallimlar!

Bu bayram, avvalo Sizning bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingiz va qalb qo‘ringiz, butun borlig‘ingizni ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qilayotganingiz uchun xalqimizning hurmat va ehtiromi namunasidir.

Ulug‘ xalqimiz ustozlarni e’zozlab: “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, deyishadi. Darhaqiqat, muallim – ustoz shunday ulug‘ zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir!

Sizlarni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat salomatlik, baxt va omad xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman! 

Yuzingizdan, qalbingizdan doimo mehr nuri yog‘ilaversin, sharafli kasbingiz ortidan hamisha shogirdlar va el-yurt ardog‘ida bo‘ling, aziz ustozlar!

E’tiboringiz uchun raxmat!

O'qilgan: 112 bora

Leave a comment

Make sure you enter all the required information, indicated by an asterisk (*). HTML code is not allowed.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: