LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

28 May 2024
 

     Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini uch barobarga oshirish vazifasini qo‘ydi. Tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

    Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Brifingda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lgan ushbu tashrifini O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘i sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.

 

– Rossiya prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolag‘asiz, ko‘p qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zbekiston prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar samarali o‘tdi.

Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy oyda O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari ham Rossiya hududlaridagi hamkorlarida tashrif bilan bo‘ldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari samarali o‘tdi. Ayni kunlarda Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etmoqda.

Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.

Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz kooperatsiyani ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi tashkil etilishi haqida e’lon qildi.

Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, uning birinchi majlisi bugun bo‘lib o‘tadi.

Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Madaniyat va san’at, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlar davom ettiriladi. Bugun ushbu ustuvor yo‘nalishlarda bitim va kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Joriy yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari o‘tkaziladi. Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari bo‘lib o‘tadi.

Yetakchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.

Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.

Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.

An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari muzokaralar natijalaridan juda mamnunligini bildirib, rossiyalik hamkasbiga o‘zi bilan O‘zbekistonga Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari, sub’yektlari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.

28 May 2024
 

“Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha brifingda energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish haqida gapirib o‘tdi.

O‘tgan yili Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish boshlangan edi. Bugungi muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

 

Tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Rossiya hukumati O‘zbekistonda 2,4 GW quvvatli yirik atom elektr stansiyasi bilan birga, har birining quvvati 55 MWgacha bo‘lgan 6 ta reaktordan iborat kichik AES ham qurmoqchi ekani xabar qilingandi

28 May 2024
 

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin qo‘shma bayonotni imzoladi. Prezidentlar qarshisida ikki tomonlama hujjatlar almashildi. O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish, N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filiallarini ochish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin muzokaralardan keyin qo‘shma bayonot imzoladi.

Davlat rahbarlari huzurida muhim ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, bular:

 
  • O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
  • O‘zbekiston Respublikasiga metrologiya sohasida texnik ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida ilmiy texnologiyalar sohasida qo‘shma tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida bitim;

  • Baliqchilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  • 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi;
  • 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida 2024–2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari rejasi;

  • O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati o‘rtasida fitosanitariya sohasida raqamli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan karantin va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida “N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida sog‘liqni saqlashni tashkil etish masalalari bo‘yicha; tibbiyot maqsadidagi dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va yuqori texnologik davolash usullarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnomalar;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar;

  • Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish to‘g‘risida bitim;
  • transport mashinasozligi, fuqarolik aviatsiyasi tizimlari sanoatini rivojlantirish, turizm almashinuvini oshirish, Toshkentda gumanitar loyihalarni amalga oshirish, agrologistika markazlari va zamonaviy kimyo quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar. 
28 May 2024
 

Putinning Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha ham kelishib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Toshkentdagi muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va o‘ziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Bu maqsadda bosh vazirlar darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalaniladi, ularning navbatdagi yig‘ilishlari shu yil oxirigacha o‘tkaziladi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zaro savdo aylanmasining barqaror sur’ati mamnuniyat bilan ta’kidlandi. So‘nggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga – yaqin istiqbolda savdo hajmini joriy 10 mlrd dollardan 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi.

Bu vazifani amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, farmatsevtika, sun’iy intellekt va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.

Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.

Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘tgan hafta O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. Bugun davlat rahbarlari raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.

Madaniyat va san’at, fan, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Tomonlar O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlar erishilganini olqishladi.

Uchrashuv chog‘ida delegatsiya a’zolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yo‘l xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdi.

28 May 2024
 

O‘zbekiston va Rossiya 2,4 GW quvvatli yirik atom elektr stansiyasi qurilishi bilan birga, har birining quvvati 55 MWgacha bo‘lgan 6 ta reaktordan iborat kichik AES qurilishi bo‘yicha ham hamkorlik qilishi mumkin.

O‘zbekiston va Rossiya kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishi mumkin. Bu haqda Rossiya hukumatining 22 may kuni qabul qilingan farmoyishida so‘z boradi.

Bugun, 27 may kuni e’lon qilingan hujjatda “Rosatom”ga topshiriq berilgan: korporatsiya O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib borishi, kelishuvga erishilgandan keyin 2018 yil 19 oktyabrdagi AES qurishda hamkorlik qilish to‘g‘risida rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasida imzolangan hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqida protokol imzolashi kerak.

Bayonnoma loyihasida keltirilishicha, tomonlar O‘zbekistonda har biri 1,2 GW quvvatli ikkita energoblokka ega yirik AESni qurish bilan birga, Rossiya loyihasi asosidagi har birining quvvati 55 MWgacha bo‘lgan 6 ta energetika reaktoridan iborat AES qurilishi bo‘yicha hamkorlik qilishi mo‘ljallangan.

“Rosatom” O‘zbekiston bilan kichik AESlar qurilishini muhokama qilayotgani haqida korporatsiya bosh direktori Aleksey Lixachev shu yil fevral oyida ma’lum qilgan edi. “Biz O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Myanma va Janubi-Sharqiy Osiyodagi qator orol davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqdamiz”, degandi u.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta “O‘zatom” agentligi Energetika vazirligi bo‘ysunuvidan chiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilgan edi. Agentlikka korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqi berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ham tashkil etildi.

27 May 2024

        Reproduksiya – yaratish demakdir. Reproduktiv salomatlik - yaratish uchun sog‘lomlikni anglatadi. Reproduktiv vazifa deganda insonni yaratish, ya’ni naslni davom ettirish tushiniladi.
        Reproduktiv salomatlik - bu reproduktiv tizim va uning faoliyatiga bog‘liq barcha masalalar borasida faqat kasallik va kamchiliklar yo‘qligi bo‘libgina qolmay, balki to‘liq jismoniy, aqliy va ijtimoiy muvaffaqiyatlar holatidir. Kishilar o‘zidan nasl qoldirishi mumkin bulgan yosh - reproduktiv yosh deyiladi, ya’ni 15-49 yoshgacha.
Reproduktiv yoshga kirgan shaxslar oila quradi. Oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta’minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak nasllar uchun betakror tarbiya maskanidir. Bizning mustaqil yurtimizda ham oilaga bo‘lgan e’tibor azaliy qadriyatlar, milliy urf-odatlar bilan chambarchas bog‘langan holda ko‘zga tashlanadi. Oila, jamiyat va davlat tushunchalari doimo uyg‘unlikda, mushtarak holda tilga olinadi.
      O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 04.09.2023 yildagi 06/1-154-sonli xati ijrosi yuzasidan hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filiali rahbariyatining tashabbusi bilan 2024 yil 22 may kuni Uchquduq tumanida tibbiyot va jamoat tashkilotlari vakillari, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’sullari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Tadbirni Uchquduq tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Najmiddinova ochib berdi.
      Seminar davomida tumandagi mahalla xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar”, jamoat tashkilotlari vakillari hamda tibbiyot xodimlari o‘rtasida hamkorlikni ta’minlash asosiy maqsad etib belgilandi. Hamkorlikda ishlash prinsiplari, aholini tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom oilani qaror toptirish, erta turmush qo‘rish va yaqin-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, nosog‘lom bolaning tug‘ilishi, er-xotinlarning muammolari, ajralib ketishlar, nasldan naslga o‘tuvchi irsiy kasalliklarning kelib chikishi sabablari, onalar va bolalar o‘limini hamda istalmagan xomiladorlikni oldini olish, sog‘lom oilani shakllantirish masalalarida Ona va bola markazi direktorining Reproduktiv salomatlik va yordamchi reproduktiv texnologiyalar akusher-ginekolog M.Bozorova, tibbiy genetik M.Qosimovalar atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
     Undan tashqari tadbirda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi, hududdagi o‘zgarishlar, yutuq va kamchiliklar tahlil etildi.

27 May 2024
 

Subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslar uchun to‘lanadi.

2024 yil 1 iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan  xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, bundan budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno.

 

Bunda:

  • subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
  • mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;
  • mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
27 May 2024
 

       3-iyun kuni to‘rtta sayyora — Venera, Mars, Yupiter va Merkuriy osmonda bir safga tiziladi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

        To‘rtta sayyora bir-biriga yaqin bo‘lgan “sayyoralar paradi” har 20 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Moskva Planetariysi rasmiysi Lyudmila Koshman bu hodisani kunduzi Yer aholisi kuzata olmasligini aytmoqda.

3-iyun, dushanba kuni to‘rtta sayyora Quyosh yaqinida 20-30 darajali sektorda bo‘ladi...Bu har 20 yilda sodir bo‘ladi, — dedi Koshman.

Shu kuni ertalab barcha yetti sayyora Quyoshning bir tomonida taxminan 90 daraja sektorda quyidagi tartibda joylashadi: Quyosh, Venera, Yupiter, Merkuriy, Uran, keyin Mars, Neptun va Saturn. Mazkur sayyoralardan faqat Saturn qisqa vaqt ichida ko‘rinadi. Uni quyosh chiqishidan oldin kuzatish mumkin.

Qolgan sayyoralar quyoshning yorqin ertalabki nurlarida ‘eriydi’, shuning uchun bu ko‘rinmas sayyoralar paradidir, — deydi olim

An’anaviy sayyoralar paradi 20-30 darajali sektorda to‘rtta emas, balki besh yoki undan ko‘p sayyoralarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun, 3-iyun kungi noyob hodisa sayyoralarning ko‘rinmas “kichik paradi”ga tegishlidir.

27 May 2024

        “NKMK” AJda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor  qaratilib kelinmoqda. Buni korxona bo‘linmalarida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish va bu orqali ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. 
       Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishning 97 foizi quyosh energiyasi ulushiga to‘g‘ri kelishi, yurtimiz tabiatida quyoshli kunlarning ko‘pligi ham quyosh energiyasidan foydalanish katta samara berishi shubhasiz. 
Samarali texnolgiyalar yirik ishlab chiqarish korxonalari qatori, Shimoliy kon boshqarmasida ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, korxona tasarrufidagi bo‘lim va bo‘linmalarda  2024 yilning birinchi choragida quvvati 1600 kVt bo‘lgan  4 ta quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib  ishga tushirildi. Bunday yashil energetikaning sanoatga kirib kelishi natijasida shu yilning o‘zida, 2 mln. 434 ming kVt  elektr energiyasi iqtisod qilinishi kutilmoqda, bu esa 2 mlrd. 534 ming so‘m  so‘m mablag‘ni iqtisod qiladi. Yaqinda 3 - sonli gidrometallurgiya zavodining sorbsiya, regeneratsiya va tayyor mahsulot ishlab chiqarish syexini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi quyosh fotoelektr stansiyasi  ishga tushirildi. Ushbu stansiyada 1818 dona fotoelektrik panellar o‘rnatilgan bo‘lib,  umumiy quvvati soatiga 1000 kVtni tashkil etadi. Ushbu stansiya yiliga  1mln. 300 ming kVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa elektr energiyasi xaridini ahamiyatli darajada kamaytirib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxini tushirish imkonini beradi.
     Ma’lumot uchun  kon boshqarmasining  ishlab chiqarish korxonalarida bugungacha 739 dona quyosh energiyasidan suv isitish tizimlari - quyosh kollektorlari o‘rnatilib, bu  bilan yiliga 35,1 ming kub metr issiq suv tejalishiga erishilmoqda.
Albatta ishlab chiqarish unumdorligi va energiya tejamkorligini maqsad qilgan holda amalga oshirilayotgan bu kabi tejamkor tadbirlar iqtisodiyot rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi shubhasiz. 

Laylo KARIMOVA,  
SHKB matbuot xizmati muxbiri.

27 May 2024
 

Oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’lim ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.

“Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;
  • xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;
  • ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;
  • oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: