LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

02 Aug 2024

 

  Kombinat taraqqiyotida temir yo‘l transporti muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda bu soha ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va zamonaviy tarmoqqa aylandi.

Bugungi kunda kombinat tasarrufida aynan shu sohaga ixtisoslashgan  1 ta boshqarma va  3 ta temir yo‘l syexi mavjud bo‘lib, 450 km uzunlikdagi temir yo‘l, 56 dona teplovoz, 878 dona yuk tashish va 17 dona yo‘lovchi tashish vagonlari orqali xizmat ko‘rsatmoqda. Yangi temir yo‘llar barpo etilishi, transport parki yangilanishi hisobiga soha quvvati borgan sari kengayib borayapti.

Shimoliy kon boshqarmasi temir yo‘l syexi ana shunday ilg‘or bo‘linmalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda po‘lat izlar orqali “Sharqiy” va “Daugiztau ” konlaridan qazib olingan ma’danlarni 3-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib berilmoqda. Hozirgi vaqtda syex balansida bo‘lgan 110,68 km  uzunlikdagi temir yo‘l, 12 dona teplovoz, 312 dona dumpkar va boshqa turdagi yuk vagonlari orqali shu yilning o‘tgan yarim yilligida 4,8 mln tonnadan ziyod ma’dan tashilib, reja 106,1 foizga uddalandi.

- Kombinat rahbariyatining sohaga bo‘lgan e’tibori tufayli transport parkimiz yangilanmoqda. Yaqinda syeximizga texnik qayta jihozlash loyihasi doirasida 30 dona yangi dumpkar vagoni sotib olindi. Buning natijasida  yuk tashish ko‘lami yanada kengaytirilib, rejani ortig‘i bilan bajarishga erishilmoqda, - deydi syex boshlig‘i Nazir Mirzaqobilov. – Xalqimizda: “Izlagan imkon topar”, degan naql bor. Biz, bu naqlga amal qilib, o‘zimiz uchun yangi imkoniyatlar izlab topish yo‘lida harakat qilayapmiz. Lokomotiv depoda teplovozlarga texnik xizmat ko‘rsatish, joriy ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilgani ana shunday sa’y-harakatlar natijasidir. Bu, sezilarli miqdorda mablag‘larni iqtisod qilish imkonini yaratdi. Chunki, yaqin vaqtlarga qadar bu ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Tinchlik va Buxoro lokomotiv depolarida shartnoma asosida amalga oshirib kelinayotgan edi.

Laylo KARIMOVA, jurnalist.

 

02 Aug 2024

 

     Mubolag‘asiz, maydalash sexini 3-sonli gidrometallurgiya zavodining yuragi”, deb atash mumkin. Bu yerda har biri kichik uyning o‘lchamiga teng bo‘lgan o‘n ikkita ulkan baraban tegirmoni yordamida yirik ma’danlar maydalanib, mayda qumga aylantiriladi.

      Aynan shu sexda ma’danlarni qayta ishlash orqali davlat rejasiga poydevor qo‘yiladi. Shuning uchun ham maydalash sexi zavodning asosiy binosi deyiladi-da. Bunday mas’uliyatli nom nafaqat texnologik uskunalar va ishlab chiqarish hajmining ko‘pligi, balki keyingi jarayonlar uchun ish ritmining o‘rnatilganligi bilan bog‘liq. Flotatsiya va biologik oksidlanishning hajmi va sifati shuningdek, sorbsiyalash jarayonlari maydalangan ma’danning miqdori va sifatiga bog‘liqdir.

       1995 yilda zavod foydalanishga topshirilganda, maydalash sexi 3 ta tegirmon bloklaridan iborat edi. 2004-2005 yillarda to‘rtinchi tegirmon blokining tegirmonlari o‘rnatilib, foydalanishga berildi. Bu esa unumdorlikni 2003 yildagiga nisbatan 38,2 foizga oshirish imkonini berdi. 2008-2009 yillarda 5 va 6-tegirmon bloklari ishga tushirilishi natijasida unumdorlik 28 foizga ortdi.

        2008 yilning ikkinchi yarmidan 2009 yil boshiga qadar zavod texnologiyasini sulfidli ma’danlarni qayta ishlashga o‘tkazish bo‘yicha faol ishlar olib borildi. Maydalash ikkinchi bosqichida “2KSP-24M” tasniflagichlari “CONTICLASS SYSTEM” kompaniyasining va Navoiy mashinasozlik zavodining avtomatlashtirilgan gidrosiklonlariga almashtirildi. Ikkinchi bosqichda “8Gr-8T” nasoslari WARMAN, “10Gr-8L” rusumli samaraliroq nasoslar qo‘yildi.

      Maydalash sexi jamoasi yangi usul va texnologiyalarni joriy etish orqali dastgohning mahsuldorligini oshirish ustida doimiy ishlamoqda. Bular qatoriga “Kokpatas” liniyasi bo‘ylab maydalashning  birinchi bosqichi tegirmonida kattalashtirilgan bo‘shliqli panjara o‘rnatilishi, ma’danni qayta ishlash hajmini oshirish, sikllararo flotatsiya uchun gidrosiklonlar sxemasini joriy etishdir. Bu kabi amalga oshirilgan ishlar ma’danni maydalash sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashga imkon berdi.

       Har yili zavod ishonchli ravishda oldinga qadam tashlab, tog‘ massasini qayta ishlash hajmini oshirmoqda.

        Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2024 yilga mo‘ljallangan Investisiya dasturi doirasida «Kokpatas va Daugiztau oltin konlarida ma’dan qazib olish uchinchi  navbati” Investision loyihasi umumiy qiymati 281 million AQSH dollari miqdoridagi  loyiha amalga oshirilmoqda.

      Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodiga yiliga  bir million tonna oltin tarkibli ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tegirmon bloki shulardan biridir. 7-sonli tegirmon blokining ishga tushirilishi, zavodda sutkasiga 3000 tonna qo‘shimcha ma’danlarini qayta ishlashga imkon beradi. Buning natijasida dastlabki ma’danlarni qayta ishlash qo‘shimcha yillik xajmi oshishi  va bu o‘z navbatida tayyor mahsulotni ishlab chiqarish hajmini 12 % ortishini ta’minlaydi.

       Yaqinda yangi tegirmon bloki ishga tushirilib, zavoddagi tegirmon bloklari soni 7 taga yetkazildi. Kelajakda flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Bu kabi amaliy sa’y-harakatlar ishlab chiqarish sur’atini oshirishga xizmat qiladi, albatta. 

        E’tiborlisi, yil yakuniga qadar sakkizinchi “MSHS” sharli tegirmon o‘rnatilishi evaziga yillik ma’danni qayta ishlash hajmi 10 million tonnaga  yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning hisobiga qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

        Ta’kidlash joizki, mazkur tegirmon bloklari uchun zarur asbob-uskuna va ehtiyot qismlar mahalliylashtirilib, kombinatning Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Shimoliy kon boshqarmasi bo‘linmalarida tayyorlandi. Qurilish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi.

02 Aug 2024

     Siz nima, deysiz?!

       Assalomu alaykum, hurmatli o‘qirmanlar. Mana shu o‘g‘lim qo‘lida ushlab turgan matoh Yaponchada "Suito" deyiladi.  Bizni qishloqda "Termos" deyilar edi. Tushunganingizdek issiqni issiq, sovuqni sovuq ushlab turadigan matoh. Keling, bugun mana shu maqola tugaguncha shu matohni- "Issiq-sovuq" deb atab turaylik

     Xullas , ana shu "Issiq-sovuq" Yaponiyadagi bolalarga bog‘chadaligadayoq majburiy qilib qo‘yiladi. Har bitta bolada shu matoh bo‘lishi shart. Oddiy ko‘chaga o‘ynagani chiqsa ham hamma yapon bolasini qo‘lida bor.

     Ertalab uydan chiqayotganda to‘ldirib berib yuborasiz, tugab qolsa, bog‘cha opalari qaytadan to‘ldirib qo‘yishadi. Natijada, bola kun bo‘yi juda ko‘p suv ichadi. Bu matohni ko‘tarib yurish odati, yaponlarda bog‘cha, maktab, universitet hattoki ishlaydigan kap-katta odamlarda ham shakllangan.

     Bog‘chadan, maktabdan o‘rganib katta bo‘lgan yapon ishxonasida ham o‘sha matohni ko‘tarib yuradigan, ko‘p-ko‘p suv ichadigan bo‘ladi. Xullas, oddiy suv ichish odati Yaponiyaning har bitta burchagida sezilib turadi. Xohlagan yemakxonaga kirmang, birinchi bo‘lib muz solingan suv olib keladi. Dasturxon tuzatishda ham kola, fanta, soklar emas, suvga urg‘u beriladi.

Bu odatni bizda ham shakllantirish kerakmi deymanda. Bizda oddiy suv ichish uncha yaxshi shakllanmagan. Xohlagan birorta bolachaga nima olib beray desangiz, "Kola , "Sok", "Kompot" deydi. Yaponni bolasi "Suv" deydi.

    Ba’zida chanqab ketib, nimadir olay desam, o‘g‘lim: "Suv oling" deydi. "Sen Yaponiyada tug‘ilgandirsan, men O‘zbekistonda tug‘ilganman" degim keladi. Pul sarflagandan keyin, qandaydir suv olgim kelmaydi, borku. Albatta, nimadir zararli ichimlik olishim shart. Siz ham oshxonaga kirganizda, nima ichimlik buyurtma qilishingizni bir eslab ko‘ringda.

    Xulosai kalom, suv ichish kerakligini men aytmasam ham, hamma biladi. Ammo, madaniyat sifatida shakllanishi uchun bolalikdan, bog‘chalarimizdan boshlash keragov. Balkim, shunda yaponlardek uzoqroq yashab, qand kasalligi, semizlik, yurak kasalliklari kabi ko‘p kasalliklar kamayarmidi...

Maqolani o‘qishingiz bilanoq, bolangizni sumkasiga "Issiq-sovuq" idishidan solib qo‘ying.

Bahodir ISKANDAROV

02 Aug 2024

    Shimoliy kon boshqarmasi 1-sonli avtokorxona yoshlarining bilim salohiyati va darajasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida“Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.  

700 ga yaqin xodim faoliyat olib borayotgan korxonada 30 iyul -“Xalqlar do‘stligi” kuni munosabati bilan o‘tkazilgan  “Zakovat” intellektual o‘yinida 10 ga yaqin millat vakillaridan tarkib topgan 5 ta jamoa ishtirok etdi. Bilimdonlar asosan qiziqarli va mantiqiy savollarga javob berishdi.

O‘yin qoidalariga ko‘ra, birinchi turda barcha jamoalar ishtirok etdi. Jamoalar ballari to‘g‘ri berilgan javoblarga ko‘ra hisoblab chiqildi. Intellektual o‘yinni ochiq va shaffof o‘tkazish, jamoalarni kuzatib turish maqsadida, betaraf nazoratchilar tanlab olindi.

Murosasiz kechgan final bahsida zukko va bilimdon jamoalar orasidan  “Muhandis texnik” jamoasi o‘z donoligi va topqirligi bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa “Zulfiyaxonim izdoshlari” va “Ta’mirlash ustaxonasi” jamoalari keyingi o‘rinlarni band etdi.

Gʻolib jamoalarga 1-sonli kasaba uyushma qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Husniddin BO‘RIYeV,

SHKB 1-sonli avtokorxona yoshlar yetakchisi.

 

01 Aug 2024
 

     Shu yil 1 avgust kunidan boshlab ota-onalar my.maktab.uz platformasi orqali mikrohududdan tashqari hududda joylashgan maktablarga 1-sinfga qabul uchun boʻsh oʻrinlar boʻyicha ariza topshirishlari mumkin.

Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.

      Arizalar yuborilgan vaqt ketma-ketligida qabul qilinadi. Belgilangan kvotaga mos ravishda arizalar qabul qilingandan soʻng, qabul jarayonlari avtomatik tarzda toʻxtatiladi.

Bola mikrohududdan tashqari maktabga qabul qilinganidan soʻng, mikrohudud boʻyicha avval yuborilgan arizasi asosiy maktabga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.

01 Aug 2024

 

 «Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi? Bu to‘lov evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart? Agar bajarmasa, nima bo‘ladi?

«Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi?

«Kvartplata» (ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish, uni ta’mirlash hamda obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlar) uy-joy mulkdorlari (ya’ni kvartira egalari) hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Bunda to‘lov miqdori ko‘rsatiladigan xizmatlardan kelib chiqib, o‘rnatiladi. Ammo shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, uning miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan minimal miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas. Ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori har ikki yilda bir marta belgilanadi.

Bunda kvartira egalari uy qavati soni, kommunikatsiya tarmog‘i va liftning mavjudligiga qarab, 1 kv metr uchun 701 so‘mdan 1830 so‘mgacha «kvartplata» to‘laydi.

 «Kvartplata» evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart?

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish 16 turdagi ish va xizmatlarni belgilangan davriylikda bajarishi shart. Xususan, quyidagilar:


 

Xizmatlar va ishlar
 

Davriyligi
 

Umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash

1.
 

Ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalanishdagi ob’yektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash

doimiy

2.
 

Lift uskunalarini texnik monitoring qilish (ixtisoslashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan hollarda)

doimiy

3.
 

Ko‘p kvartirali uylarning fasad va kirish yo‘laklarini talab darajasida saqlash va ta’mirlash (uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash)

zaruratga ko‘ra

4.
 

Yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suvi nasoslarini texnik soz holda bo‘lishini ta’minlash (qurilishda suv nasoslarini o‘rnatish loyihalashtirilmagan ko‘p kvartirali uylar bundan mustasno)

doimiy

5.
 

Ko‘p kvartirali uylarning tom qismi gidroizolyasiya qatlamini tiklash va yamash, yerto‘ladagi kommunikatsiya tarmoqlari, shaxtalardagi kommunikatsiya tarmoqlari, elektr energiyasi tarmoqlarini soz holda saqlash va joriy ta’mirlash (bo‘yash, oqlash, yamash, umumiy foydalanishdagi elektr kabellarini almashtirish, tik va yotiq quvurlarni, ichimlik suvi quvurlarini ta’mirlash va boshqalar)

doimiy

6. 

Novlarni soz holatda saqlash va ularni doimiy tozalash

doimiy

7.
 

Isitishning uy ichidagi tizimini gidravlik presslash va uni tarmoqdagi suv bilan to‘ldirgan holda yuvish (lokal va markaziy isitish tizimida isitiladigan uylar uchun), shuningdek, uy ichidagi issiqlik tizimlarini zarur tarzda saqlash va xizmat ko‘rsatish

bir yilda bir marta

8.
 

Ko‘p kvartirali uylarning issiqlik izolyasiyasini ta’minlash, shu jumladan germetizatsiya hamda kirish yo‘laklarining deraza va eshik yoriqlarini (shu jumladan shaxtalar va tuynuklarni) oyna bilan berkitish ishlarini bajarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish

kuz-qish mavsumida

9.
 

Ko‘p kvartirali uylarni deratizatsiyalash va dezinseksiyalash, uyga tutash hududdagi mahalliy tozalash inshootlari (septiklar) va tashqi hojatxonalarni dezinfeksiyalash

zaruratga ko‘ra

10.
 

Oqova xandaqlarini (o‘ralarini) bo‘shatish (oqova tarmog‘iga ulanmagan uylar uchun)

uch oyda bir marta

11.
 

Ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va lift xonalarini tozalash

haftada bir marta

12 

Yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish

doimiy

Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish

13.
 

Boshqaruv organlari boshqaruvidagi ko‘p kvartirali uylarga tegishli bo‘lgan bolalar va sport maydonchalarining texnik holatini saqlash, tozaligini ta’minlash hamda ularni ta’mirlash

doimiy

14 

Hududni obodonlashtirish, o‘t o‘rish, daraxtlarni butalash

doimiy

15.
 

Noqulay ob-havo sharoitida kirish yo‘laklarini qordan tozalash va muzlarni tushirish

zaruratga ko‘ra

16.
 

Tutash hududlarni tozalash (supurish)

uch kunda bir marta

Ta’kidlash lozimki, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar kvartira egalari bilan tuzilgan shartnomaga asosan yuqorida ko‘rsatilgandan tashqari boshqa ish, xizmatlarni ham bajarishi mumkin.

Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, qanday murojaat qilish kerak?

Agarda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, unga bevosita borgan holda yoki onlayn ravishda murojaat qilish mumkin.

Kun davomida aksariyat ish va o‘qish bilan band bo‘lganligi sababli bevosita kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga borish noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot (nomi, manzili, aloqa raqamlari va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Mening uyim» portali (https://my.kommunal.uz) orqali aniqlash va unga murojaat qoldirish mumkin.

Ushbu portaldan foydalanish uchun JSHSHIR kifoya qiladi.

Portalda 18 ta toifadagi holat bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qoldirish, shuningdek, qo‘shnilar tomonidan kiritilgan murojaatlarni ko‘rish va arizalar holatini kuzatish imkoniyati mavjud.

Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, nima bo‘ladi?

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomadagi majburiyatlar bajarmasa, kvartira egalari u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish masalasini o‘zaro ko‘rib chiqishi mumkin.

Xususan, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunga asosan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomani bajarmasa, kvartira egalari umumiy yig‘ilish qaroriga asosan shartnomani bekor qilish va boshqa tashkilotni tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi

Yuqorida aytilgandek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma umumiy yig‘ilishi qarori bilan bekor qilinishi mumkin.

Umumiy yig‘ilish yiliga kamida bir marta chaqiriladi. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish kvartira egalarining kamida 10 foizining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.

Shuningdek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qonunchilikni buzgan hollarda Uy-joy fondi inspeksiyasining mansabdor shaxsi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishni chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.

Umumiy yig‘ilishni o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish tegishli e’lonni uylarning har bir kirish yo‘lagiga osib qo‘yish yoki e’lonni mulkdorlarga imzo qo‘ydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.

Umumiy yig‘ilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining 50 foizidan ko‘prog‘i hozir bo‘lishi kerak. Umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.

Umumiy yig‘ilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma joylarning mulkdorlari orasidan saylanadigan yig‘ilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga yig‘ilishda ishtirok etgan shaxslarning ro‘yxati har bir muhokama etilayotgan masala bo‘yicha ularning xohish-irodasi aks ettirilgan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan holda ilova qilinadi.

Uchquduq tuman adliya bo‘limi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

01 Aug 2024

    O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga asosan Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning umumiy mol-mulkiga er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.

Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilsa, bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganligini anglatadi.

Er (xotin) o‘zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko‘chmas mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab 1 yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli.

 

Uchquduq tuman Adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuriskonsulti:     Shodiyeva Nafisa Minboy qizi

31 Jul 2024

​​​​​​Kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq. Shu sabab poytaxt do‘konlarida sotilayotgan bu tovarlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan. Hozirda Raqobat qo‘mitasi sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan choralar ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

Toshkent shahridagi shoxobchalarda sotilayotgan 8 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti sifatsiz ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mita O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda nazorat xaridiga oid yangi loyihani boshlagan. Shuning doirasida poytaxt do‘konlarida sotilayotgan 9 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti xarid qilinib, laboratoriyalarda tekshirilgan.

 

Ta’kidlanishicha, ularning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MChJ huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari xulosalarini bergan. Unga ko‘ra, 9 tadan 8 ta mahsulot amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan.

Ya’ni texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Qo‘mitaga ko‘ra, bu mahsulotlar quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli:

1. “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MChJ;

2. “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol go‘shti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MChJ;

3. “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MChJ;

4. “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MChJ;

5. “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik - ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Producs” MChJ QK;

6. “Urussa” kungaboqar yog‘i - ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;

7. “Kunjutnoye maslo” yog‘ mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;

8. “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti – ishlab chiqarvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.

Hozirda Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

31 Jul 2024


         Uchquduq tuman hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi 89-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tuman kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, majlis kun tartibida muhokama qilingan masalalarga aloqador tashkilot, korxona va muassasalar mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Sessiya ishini xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashi kotibiyat mudiri Shuhrat Sattorov boshqarib bordi.
Kun tartibidagi muhim masala tuman saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ro‘yxatini xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga  qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi N.Najmiddinova o‘qib eshittirdi.
Deputatlar kun tartibida Uchquduq tumanining ma’muriy-hududiy birliklar chegarasini belgilash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” dan amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37 – sonli Farmoni ijrosi, tumanda yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning hal etilishiga ko‘maklashish, yosh avlodning iste’dodi va qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida muhim masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, tumanda huquqbuzarlik oldini olish va ularning profilaktikasi holati, jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan 2024 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, tumanda jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash va tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiyasi tarkibini tasdiqlash, tuman mahalliy byudjetining 2024 yil 6 oylik ijrosini to‘g‘risida, tuman adliya bo‘limi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar bo‘limi tomonidan 2024 yilning o‘tgan davrida olib borilgan ishlar xususida mutasaddilarning axboroti tinglandi.
Konstitutsiya va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, 26 iyuldan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi.
        Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq Qonunchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi – 27 sanasida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Uchquduq tumanida davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov o‘tkazuvchi tuman komissiyasi ro‘yxati deputatlar muhokamasiga havola etildi. 13 nafardan iborat tuman saylov komissiyasi raisi, komissiya raisining o‘rinbosari, komissiya kotibi hamda komissiya a’zolari tasdiqlandi.
Tuman mahalliy byudjetining tasdiqlangan parametrlariga muvofiq 2024-yil uchun daromadlar 57 612,2 mln.so‘m hamda xarajatlar 132 923,4 mln.so‘mni tashkil etadi.
Joriy yil 6 oylik davrda mahalliy byudjetning daromadlar rejasi 24 735,5 mln.so‘m belgilangan bo‘lib, shundan daromadlar tushumi ijrosi 25 606,870 mln.so‘m (103.5%) ga bajarilishi ta’minlandi.
        Shundan,
-Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 10396,595 mln.so‘m (99%);
-Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan qat’iy belgilangan daromad solig‘i 6978,0 mln.so‘m;
-Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan solig‘i 4705.727 mln.so‘m (104%);
-Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan solig‘i 1379,844 mln.so‘m(128%)
-Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i 920,842 mln.so‘m (125,5%);
-Yer qa’ridan foydalanganlik uchun solig‘i (noruda materiallari) 664,601(107,2%);
-Suv resurslaridan foydalanganlik uchun solig‘i 7183,644 mln.so‘m (98,8%)’
-Boshqa tushumlar 348,639 mln.so‘m.
       Tuman mahalliy byudjetining xarajatlari bo‘yicha 2024-yil 6 oylikda aniqlangan reja 77 271,479 mln.so‘m tashkil etib, aniqlangan rejaga nisbatan 73 231,730 mln.so‘m (95%) lik xarajatlar amalga oshirildi.
Jumladan, -ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga jami 45 216,887 mln.so‘m;
-Kommunal xizmatlariga jami 4 949,205 mln.so‘m;
-Dori-damon vositalariga jami 399,305 mln.so‘m;
-Yoqilg‘i-moylash xarajatlariga jami 245,323 mln.so‘m;
-Oziq-ovqat xarajatlariga 2 288,040 mln.so‘m;
-Boshqa xarajatlariga 20 132,970 mln.so‘m.
        2024-yil 6 oylikda yil boshiga tuman mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘lari 1702,356 mln.so‘m tashkil etib,
Shundan, xalq deputatlari tuman Kengashi qarorlari asosida “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga 510,707 mln.so‘m, “Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish” jamg‘armasiga 5,0 mln.so‘m, “Ayollar daftari” jamg‘armasiga 50,0 mln.so‘m, “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 50,0 mln.so‘m va boshqa maqsadlarga 1086,0 mln.so‘m jami 1701,711 mln.so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
      2024-yil birinchi chorak daromadlari rejasidan oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari 567,734 mln.so‘mni tashkil etib,
O‘tgan davr mobaynida xalq deputatlari tuman Kengashi qarorlariga muvofiq “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga 170,32 mln.so‘m, “Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish” jamg‘armasiga 5,0 mln.so‘m, “Ayollar daftari” jamg‘armasiga 85,155 mln.so‘m, “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 85,155 mln.so‘m, “Oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish” jamg‘armasiga 5,0 mln.so‘m va boshqa maqsadlarga 21,43 mln.so‘m jami 372,060 mln.so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
Shuningdek, tashabbusli byudjet jarayonining 2024-yil 1-mavsumida “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga jami 12 345,0 mln.so‘m mablag‘ shakllantirildi.
Jumladan, - byudjet parametrida umumiy xarajatlarning 5 % miqdorida 5 760,3 mln.so‘m;
-mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 681,02 mln.so‘m;
-mening yo‘lim uchun ajratilgan mablag‘ hisobidan 4 000,0 mln.so‘m;
-jamg‘arma hisobidagi qoldiq mablag‘lar 1818,58 mln.so‘m;
-respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar 85,0 mln.so‘m.
        Ushbu mablag‘lar uchun fuqarolar tomonidan 145 ta turli xil mazmundagi takliflar kelib tushdi.Ovoz berish jarayonlariga 100 ta takliflar o‘tqazilib ushbu takliflarga 6 ming 31 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etib, natijada 12 345,0 mln.so‘mlik 16 ta loyihalar g‘olib deb topildi.
Jumladan; - 4 ta loyiha 2 860,0 mln. so‘m ta’lim muassasalarini ta’mirlash va jihozlashga;
- 6 ta loyiha 5 160,0 mln. so‘m ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘laklar barpo etishga;
- 1 ta loyiha 170,0 mln. so‘m boshqa ta’lim muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlariga;
- 1 ta loyiha 1 360,0 mln. so‘m Maktabgacha ta’lim muassasalariga;
- 2 ta loyiha 1 745,0 mln. so‘m Sog‘liqni saqlash muassasalariga;
- 1 ta loyiha 900,0 mln. so‘m Mahalla guzari (mahallada umumfoydalanishda bo‘lgan boshqa ob’yektlar) ni ta’mirlash-tiklash bilan bog‘liq xarajatlariga;
- 1 ta loyiha 150,0 mln. so‘m Musiqa va maktabdan tashqari tashkilotlarni ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari uchun yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, Xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashidagi deputatlik o‘rinlari sonini belgilash haqidagi masala ham muhokama qilindi. O‘zbekistoon Respublikasi Saylov kodeksining 88-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman kengashining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi N.Najmiddinovaning xalq deputatlari Uchquduq tumani kengashida deputatlik o‘rinlari sonini belgilashning yangi mexanizmlari haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.
      Uchquduq tumani kengashida deputatlik o‘rinlari soni tuman aholisi sonidan kelib chiqqan holda navbatdagi chaqiriqdan boshlab – 20 ta etib belgilandi.
Xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashining navbatdagi 89-sessiyasi kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va ijroga qaratildi.


UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI.

31 Jul 2024
 

31-iyul soat 23:50 dan 5-avgust soat 22:00 gacha elektr energiyasi uchun onlayn toʻlovlar qabul qilinmaydi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi ishga tushirilmoqda. Shu munosabat bilan qariyb toʻliq besh kun davomida Maʼlumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib boriladi.

Mazkur vaqt oraligʻida elektr energiyasi uchun onlayn tо‘lovlarni amalga oshirib boʻlmaydi.

Shuningdek, shaxsiy hisob raqamdagi mavjud maʼlumotlarni olishda texnik uzilishlar ham boʻlishi mumkin.

Biroq oy oxirida hisobi tugaydigan isteʼmolchilar ayni muddatda qarzdorlikka chiqsa ham avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmaydi.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: