Bugun tumanimizda yozning chillasi bo‘lishiga qaramasdan yashillik va ko‘kalamzorlikka har qadamda ko‘zingiz tushadi. Erta tongda ishga otlanarkanman uyimiz qarshisida turli rangda jilvalanayotgan gullarga qarab bir quvonsam, ishxonam oldidagi moʻjaz emas kattagina gullar bog‘idan ikki chandon quvonchga to‘laman. Inson ayniqsa, ayol kishi uchun bir dasta gul bo‘lsa kifoya lekin men bir dasta emas bir olam gullar qurshovida ishlayman.
Tuman hokimligi binosiga kirarkanman yo‘l bo‘yidagi rayhon yalpiz ifori dimog‘imni qitiqlaydi, yurgan sari rango-rang ochilgan gullar tafakkurimni sehrlaydi. Har tong kirish eshigi qarshisida beixtiyor ko‘nglimga iliqlik yuguradi. Bu go‘zallikni yaratayotgan oqko‘ngil opalarga mehrim ortadi. Ha, ular ikki kishi erta tongdan gullar orasida ko‘rib qolamanda ishdan ketar chog‘imda ham ular bilan gullar qurshovida xayrlashaman. Bu go‘zallik bu moʻjiza. Bir vaqtlar tuman markazidagi “Anush” kafesidagi yashillikni ko‘rib havas qilgan tumandoshlarimiz bugun bu yashillikni istalgan yerda uchratyapti, chunki inson qo‘li “gul”ligi ortidan tumanda har qadam go‘zallikka yuz tutib bormoqda.
Bugun shu go‘zallik yaratuvchilari Nargiza Egamberdiyeva va Zilola Mavlonovalar haqida hikoya qilishni lozim, deb bildim.
Gullar orasidan begona o‘tlarni yulib, suhbat jarayonida ham qo‘li ishdan bo‘shamagan bu oqko‘ngil ayollar bilan suhbatim ham go‘zal bo‘ldi. Zilola opa 3 yil Nargiza opa 2 yil oldin bu ishni boshlagan bo‘lsalar-da, bu sohada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgandek tasavvur uyg‘otdi menda. Qisqa vaqt ichida o‘sib gullaydigan bog‘larimiz oqko‘ngil insonlar mehri ortidan unib o‘smoqda.
Zilola opa Xatirchi farzandi. Turmush o‘rtog‘i bilan bir sohada ishlaydi oila tebratib ro‘zg‘or qiladi. Samimiy kamtar bo‘lgan Zilola opaga e’tibor bersangiz tilida shukronalik tushmaydi.
-Hokimiyat xodimlari boshqacha juda kamtar va mehribon ekan. Katta-kichik hamma ishga kelayotib, biz bilan salom-alikni kanda qilishmaydi. Ertalabki kayfiyat kuningizni belgilaydi, deganlari rost! Ishimizni qadrlaydigan kishilar bilan ertalabki muloqotdan kun-uzog‘i ishda unum baraka bo‘ladi, - deydi Zilola opa Mavlonova.
Avvaliga nogiron o‘g‘lini davolatish maqsadida Uchquduqqa kelgan bu oila shu yerni makon etishdi, uchquduqlik bo‘lib qolib ketishdi. Mahallada jamoatchilik asosida ishlab, keyinchalik sektor rahbarlari ko‘magida Obodonlashtirish boshqarmasiga ishga qabul qilingan.
Suhbatimizga Nargiza opa ham qo‘shiladi. U ham Xatirchi farzandi. 4 nafar qizi 1 nafar nevarasi bor. Turmush o‘rtog‘i ichki ishlar xodimi bo‘lganligi bois Uchquduqqa kelgan qahramonimiz yaxshilarning yaxshiligi ortidan shu yerdaman, deydi.
-20 turga yaqin gullar urug‘ini to‘plab keyingi yil uchun olib qo‘yamiz. Gullarga ham mehr parvarish kerak. Ko‘pchilik ko‘chada o‘sgan gullarga suv bersang bo‘ldi o‘saveradi, deb o‘ylaydi. Lekin unday emas, gullar bilan gaplashaman dardlashaman, ularga mehrimni izhor qilaman. Buning o‘ziga xos gashti ham bor bilsangiz, - deydi biz bilan suhbatda Nargiza opa gullarini parvarishlab.
Ularning har ikkalasi ham bolalik orzularidan farqli sohada ishlayotgan bo‘lsa-da, so‘zlarida zarracha pushaymonlik afsus yo‘q. Asl baxt ham shunda bo‘lsa kerak. Zilola opa 6 farzand ichidan albatta o‘qiyman, deb maqsad qilgan bo‘lsa, Nargiza opa zo‘r shifokor bo‘laman, deb orzu qilardi. Lekin ba’zi orzular doim ham kurtak ochavermaydi. Muhimi berilgan ne’matlarga shukr qilib yashash, boriga qanoat qilish nazarimda.
Bugun bu oqko‘ngil ayollar bilan suhbatlashib shu narsaga yana bir bor amin bo‘ldim. Ham savob ham go‘zallik yaratish ishtiyoqida faoliyat olib borayotgan bu ikki qahramonimiz timsolida barcha tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga mehrim tushdi. Ularga o‘z tashakkurimni bildiraman. Zero, tuman obodligi va go‘zalligini mahkam ushlab turgan Farhod aka Xasanov boshchiligidagi jamoaga yozning qaynoq taftidan gullarni himoyalab, mehr berib kelayotganiga raxmatlar aytamiz.
Insonlarga quvonch ulashib o‘sgan har bir gul misoli insonlar qalbida ham yaxshiliklar kurtak ochaversin! Chunki obod ko‘chalarda go‘zal gullarga boqib yorishgan ko‘ngillardan yomonlik chiqmaydi.
Bir quchoq gul bilan xonaga qaytarkanman go‘zallik yaratish zavqi ko‘zlarida porlab turgan mehnatkash va kamsuqum opalarga qarata umringiz yo‘llari gullarga poyondoz bo‘lsin, boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman, qadrli sariq nimchali – “tozalik farishta”lari deyman!
Feruza YANDASHOVA, maxsus muxbirimiz.