Korxona va tashkilotlarda sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlari hamda ijtimoiy kafolatlarni ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega.
Mana to‘rt yildirki, 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni yurtimizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Shuning o‘ziyoq, yurtimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamining nechog‘li kengligidan dalolat beradi.
6-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi “Navoiyuran” DK “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonida faoliyat yuritadi. Bugun uyushma 1300 nafardan ortiq a’zolarni birlashtirgan bo‘lib, soha xodimlarining kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish bilan birga, ularga qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish borasida zarur ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, tizimda faoliyat olib borayotgan 407 nafar ishchi-xodimlar va pensionerlarning salomatligini himoyalash maqsadida “Konchi”, “Metallurg”, “Gornyak” va boshqa sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi. “Sarmish”, “Kelajak”, “Pahlavon”, “Geologlar”, “Bolajon” singari oromgohlarda 112 nafar bola hordiq chiqardi. "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturi asosida ishchi-xodimlar va pensionerlar uchun Buxoro, Samarqand, Toshkent va Shaxrisabzga turistik sayohatlar tashkil etilgan. E’tiborlisi, kasaba uyushma a’zolarining xohish va istaklari inobatga olinib, arizasiga ko‘ra, 120 mln. so‘m miqdorida moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan. O‘tkazilayotgan turli sport tadbirlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotganlar kasaba uyushmasi tomonidan rag‘batlantirilmoqda.
Kuni-kecha nishonlangan O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan korxona xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ko‘p yillik fidokorona mehnati shuningdek, korxonaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgani uchun “Navoiyuran” DK hamda 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining bir guruh xodimlari “Navoiyuran faxriysi” unvoni, “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Ular safida taqdirlanganim kamtarona mehnatlarimning yuqori baholangani, deb bilaman. Bu e’tibor va e’tirof meni yanada g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga, uyushma a’zolarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga undaydi.
Zaynudin ABRUYeV,
6-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi rais o‘rinbosari.