LOTIN-КИРИЛЛ

SUV OLTINDAN QIMMAT undan unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega

    Shoir ta’riflaganidek, Quvaning anoricha keladigan ona sayyorani tomosha qilarkansiz, yer sarhadlariga qon tomirlardek yoyilgan zilol chiziqlar, tomchi-sachratma ko‘kish bo‘yoqlar e’tiboringizni tortadi. Bu zilollar – hayot chiziqlari!. Ilm-fan in’ikosi o‘laroq, mitti globusga joylashgan ulkan yerning, unda yashovchilarning hayot gavhari, tiriklik manbai, Yaratganning bebaho va tengsiz ne’mati suvdir.
Darhaqiqat, suv bor yerda hayot mavjud, borliq jonzotning umri unga bog‘liq. XX asr boshlarida, ayni vaqtda biz istiqomat qilayotgan hududlardan o‘tgan karvon, adashgan yo‘lovchi yoxud cho‘pon-cho‘liqlar bu kengliklarga hayot baxsh etadigan goh-gohida uchraydigan quduqlardan boshqa tiriklik manbaini uchratmagan bo‘lsalar kerak. Sahroda qudratli korxonaning barpo etilishi, to‘g‘rirog‘i ilm minglab chaqirimlar naridagi daryoni cho‘l tomon boshlab keldi. Suv ortidan odamlarni ergashtirdi – moʻjazgina aholiga ega sanoat shahri paydo bo‘ldi. Boshida, oz sonli aholi bilan boshlangan hayot bugungi kunda jo‘shqin va qaynoq turmush tarzini qamrab olgan.
    O‘tgan davr va zamona zayli, o‘sib borayotgan aholi, shiddat-la o‘zgarib borayotgan hayot kechagi kun sharoiti va o‘tmish sanoati bilan yashash va ishlashni allaqachon yoqlamay qo‘ygan, yangi davr yana ilm sohiblari zimmasiga yangi-yangi vazifalar yuklagandi. Bugungi kunda, korxonadagi osmon qadar yuksalgan inshootlar, mahobatli texnikalar, aql bovar qilmas bio-kimyo ham kon boshqarmasining ilmli, vatanparvar va fidoyi mutaxassislari aql-zakovatlari ortidan yangilangan.
3-sonli gidrometallurgiya zavodini kezarkansiz, zavodning poydevoridan shifti qadar ilm ekanidan hayratga tushasiz. Qudratli texnologiyalar jamlangan zavod syexlaridagi jarayonni kuzatib, moʻjiza ichida qolgandek his etasiz o‘zni!
    Yuqorida, konchilik va metallurgiya ilmi mutaxassislarining cho‘l sharoitida zamon va vaqt bellashuviga ilm bilan muntazir turgani to‘g‘risida bejiz keltirmadim. 2000 yillarga kelib hududda oksidlangan ma’danlar zaxirasining yildan-yilga kamayayotgani to‘g‘risidagi xulosa, suyagi Vatan ishqida, xalq rizqi dardida simillaydigan ilm sohiblariga yangi texnologiyani sanoatga joriy etish - sulfidli ma’dandan oltinni ajratib olishdek, mas’uliyatli vazifani yuklagandi. Ushbu murakkab texnologiya talab etadigan vazifani amalga oshirish maqsadida jahonning bir nechta yetakchi kompaniyalarining taklif va tajribalari o‘rganib chiqildi. Sulfidli ma’danlarni biologik oksidlashga asoslangan ekologik toza, energotejamkorligi yuqori, texnologik jarayonlarni boshqarish qulayligi jihatlariga ko‘ra ham sulfidli ma’danlarni biologik oksidlash texnologiyasi tanlab olindi. Natijada, bu jarayon zavodning ishlab chiqarish quvvatini bir necha barobarga oshirish imkonini berdi.
Bir vaqtlar “Cho‘lda suv oltindan qimmat”, deyishardi. Aslida, suv qadri zamon va makon tanlamaydi va ushbu tushuncha Amudan tortilayotgan suvning hisobi o‘lchog‘lik bir paytda, cho‘llanish darajasi kundan-kunga ortayotgan bir davrda, kon boshqarmasi texnolog-mutaxassislarining biooksidlash syexi uchun kerakli suvni cho‘l bag‘ridagi suv konlaridan tortib olish to‘g‘risida maqsadli ish olib borishga undadi. Ilmning samarasi sifatida, 3-sonli gidrometallurgiya zavodi hududida issiqlik,
suv-gaz ta’minoti va oqova suvlari syexining tuzsizlantirish majmuasi ishga tushirildi.
     Tuzsizlantirish majmuasi 3-sonli gidrometallurgiya zavodining BIOX syexiga tuzsizlantirilgan suv yetkazib berish uchun xizmat qiladi. Bu ob’ekt Germaniyaning ilg‘or texnologiyasiga binoan “Yeurowater” kompaniyasi tomonidan 2016 yilda qurib ishga topshirilgan bo‘lib, Beshbuloq nasos stansiyasidan kelib tushadigan texnik suvni maxsus filtrlar va qurilmalar yordamida tuzsizlantirib beradi. Tuzsizlantirish majmuasining loyiha quvvati 800 m3/soat, shundan 600 m3/soat iste’molchiga, qolgan 200 m/soat tuzli konsentrlangan suv esa bug‘lanish kartasiga yuboriladi.
Majmua hajmi V=1200 m3 bo‘lgan tuzsizlantirilgan suv uchun 1 dona rezervuar, sanoat suvini tuzsizlantirish majmuasi va Beshbuloq suvini tuzsizlantirish uchun tozalash inshootlaridan tashkil topgan.
“Eurowater” kompaniyasi tomonidan Tuzsizlantirish majmuasiga bosim filtrlari, teskari osmoslar, yuvish va tozalash qurilmasi CIP, markaziy PLS boshqaruv shkafi o‘rnatilgan. 10 TFB 70 SPS turdagi 10 dona filtrning asosiy vazifasi teskari osmos tizimini Beshbuloq quduqlarining mahalliy nasosi orqali doimiy bosim
bilan beriladigan texnik suvning mexanik aralashmalaridan himoya qilishdir. Oddiy rejimda 10 ta filtr (TF-001 - TF-010) parallel ravishda ishlaydi. Har bir filtrning nominal quvvati 80 m3/soat. Bosim filtrlar ko‘p qatlamli filtrlar sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, asosan Beshbuloq quduqlarining texnik suvidan qattiq moddalar va erigan temirlardan xalos etish uchun qo‘llaniladi.
Beshbuloqdan keladigan texnik suv tarkibidagi tuz miqdori yettita teskari osmos qurilmalari tizimi yordamida kamaytiriladi. Har biri kamida 60 m3/soat suv tozalash xususiyatiga ega bunga qo‘shimcha ravishda
permeat 26 m3/soat oldindan tozalangan suv bilan aralashtiriladi. Shunga muvofiq, jami 600 m3/soat tozalangan suv ishlab chiqariladi va ushbu suvlar hajmi V=1200 m3 bulgan rezervuarga borib tushadi hamda ushbu rezervuardan mahalliy nasos yordamida iste’molchilarni tozalangan suv bilan ta’minlaydi.
      Suv tozalash inshootlari Siemens S7 prosessori bilan jihozlangan bo‘lib, asosiy PLS boshqaruv paneli tomonidan boshqariladi. Boshqaruv panelining vazifasi tuzsizlantirish majmuasidagi barcha texnologiyani avtomatlashtirilgan holda boshqarishdir.
     Yaratgan bashariyatga suvdek bebaho ne’matini yog‘in bulutlarini shamollari orqali haydab, tog‘u bog‘larga yomg‘ir shaklida yog‘dirib, quyosh nurlari bilan qorlarini eritib, insonlar foydalanishi uchun daryoyu ariqlarga suv qilib oqizib qo‘ydiyu keyingi jarayonni insonning aql-zakovatiga havola etdi. Tuzsizlantirish majmuasi ham inson zakovati, ilmi va shijoati ortidan bunyod etilgan bo‘lib, cho‘ldagi hayot davomiyligiga sanoatning sahrodagi g‘alabasiga yana bir misoldir.

Ahad Ortiqov SHKB bosh energetik bo‘limi boshlig‘i,
Nilufar Muydinova SHKB Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari.

O'qilgan: 29 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: