LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

06 Mar 2024

     Uchquduq tuman hokimi Soli Xamroyev bugungi ish kunini “Shalxar” ovulidan boshladi. Bu yerda Aqilbek Keubasov va Sandug‘ash Qalabayeva xonadonida bo‘lib, muammolarini joyida tingladi.
       3 nafar farzand tarbiyalayotgan oila ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Aqilbek Keubasovning akasi Qasimbek Keubasovning yangi tug‘ilgan chaqalog‘i shu uyda parvarishlanmoqda. Asosiy masala onasi vafot etgan bolani parvarishlayotgan Sandug‘ash Qalabayevaga uning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi hamda bolalar nafaqasini tayyorlash tartibi aytilib, tegishli mutasaddilarga yaqindan ko‘maklashish vazifasi topshirildi.
        Bundan tashqari, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 2 500 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i yangi tug‘ilgan chaqaloqning ehtiyojlari uchun Qasimbek Keubasovga berildi.
        Tuman hokimi rahbarligida erta tongda qo‘l urilgan ish xayrli yakunlanishiga ishongan Sandug‘ash Qalabayeva barchaga minnatdorchilik bildirdi. Biz ham oila qarshisida turgan masalalarning ijobiy yechim topishida nazoratni davom ettiramiz va mavzuga yana qaytamiz.

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

06 Mar 2024

 
       Ayolning qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi.
Risolat Egamova ham ana shunday qo‘li gul hunarli ayollardan. U Shimoliy kon boshqarmasi markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasida ikki kun ishlab, ikki kun dam oladi. Ishdan bo‘sh vaqtida ana shu ikki kunda 1 ta sumka to‘qib, 350 400 ming so‘m daromad topadi. Avval boshida tanish-bilishlarga, qarindosh-yaqinlarga buyurtma asosida paypoq, shapka, qo‘lpoq, sharf kabi oddiy narsalarni to‘qib berardi.
      Bugun Risolat faoliyatini kengaytirib, ayollar uchun foydali bo‘lgan buyumlar, zamonaviy dizaynga ega bo‘lgan bejirim sumkalar tayyorlamoqda. Hunarmandchilik mahsulotlarini qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga buyurtma asosida yetkazib bermoqda.
Kuni-kecha viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev, tuman hokimi Soli Xamroyevlar hunarmand xonadonida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
-Quvonarlisi, nafaqat qo‘shni respublikalar hatto Amerikada yashovchi tanishlardan ham buyurtma qabul qildim, - deydi xursandchiligini yashirolmay Risolat Egamova. – Qo‘l mehnatim sotib oluvchilarga manzur bo‘layotgani yana izlanishga yana yangilik yaratishga undaydi.
        U asosan tanish-bilishlardan hamkasblardan qo‘shni-qo‘shnilardan hamda internet orqali buyurtmachilardan buyurtmalar qabul qiladi va tayyorlab beradi.
Bugun o‘z brendiga ega bo‘lgan Risolatning oldiga qo‘ygan maqsadlari ko‘p. U chog‘roqqina binoda o‘nlab shogirdlari bilan buyurtmalar qabul qilib, mahsulotning tayyorlanish jarayonlarini buyurtmachilarga kuzatish imkonini yaratishni orzulaydi. Yana ham ota ham ona bo‘lib o‘stirgan ko‘zining oqu-qorasi ikki o‘g‘lining baxtu kamolini ko‘zlaydi.
Risolat Egamovaning faoliyati yosh qizlarimizga kelinlarimizga ibrat bo‘lsin, degan maqsadda ushbu maqolani tayyorladik. Hunar, hunardan unar, deydi dono xalqimiz! Istagimiz Risolatga o‘xshagan qo‘li gul hunarli opa-singillarimiz safi ortaversin!

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

05 Mar 2024

 

     “Дўстлик” маҳалласида яшовчи  Анвар Қурбонов гулларнинг энг ноёб турлари – “Алёндра”, “Хитой атиргули”, “Ҳиндистон пиёзи, “Узумгул”, “Қора шаҳзода” каби 500 туп гулни Учқудуқ иқлимига мослаштириб тувакларда парваришламоқда.

     Гуллар инсон кайфиятини кўтаради, эзгу ва гўзал ҳис-туйғуларга ошно этади. Айниқса, хона гуллари хонадон кўрки бўлиш билан бирга саломатлик учун ҳам кони фойда.

    Асли касби чилангар бўлган Анвар Қурбонов Шимолий кон бошқармаси “Шарқий” конида, турмуш ўртоғи Нигора Юнусова 7-мактабда ўқитувчи бўлиб ишлайди.  Хонадон томорқасининг 0,3 сотих майдонида ташкил этган иссиқхонада 100 дан ортиқ турдаги гул парваришланади.

    Вилоят ҳокими ўринбосари Саъдулла Мирзаев, туман ҳокими Соли Хамроев бу хонадонда бўлиб, улар фаолияти билан яқиндан танишди. Учқудуқ шароитида гул парваришлаб, кўпайтириб, ўстириб яна даромад олаётган оила аъзолари билан суҳбатлашди. Маҳалла ҳоким ёрдамчисига гулчиликка қизиққан маҳалла аҳолиси айниқса ёшларни “Устоз-шогирд” йўналишида ўқитишни ташкил этиш бўйича топшириқ берилди. 

   -Гулчиликка қизиқишим ёшлигимдан баланд, - дейди Анвар Қурбонов. – Бу меҳнат қалбни ёшартиради, кишига ҳузур беради. Гуллар яхшигина даромад манбаи ҳамдир. Ким-ки, Учқудуқ шароитида экин экиб кўкартириб бўлмайди деган фикрда бўлса, уйимга келсин, мўъжаз ҳовлида нималар қилиш мумкинлигини кўрсин.

УЧҚУДУҚ ТУМАН ҲОКИМЛИГИ АХБОРОТ ХИЗМАТИ

05 Mar 2024

 

 

“Farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati, “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish va kafolatli saqlash mexanizmlarini joriy qilish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

2024 yil 1 iyulgacha farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati va elektron platforma to‘laqonli yo‘lga qo‘yiladi.

Kadastr agentligi tuman (shahar) hokimliklari bilan har yili 1 noyabrga qadar hududlarda “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bog‘lari” barpo qilish mumkin bo‘lgan tuman (shahar) hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan yerlar ro‘yxati, maydoni va manzili haqida ma’lumotlarni to‘playdi.

Har yili 1 dekabrga qadar har bir tuman (shahar)larda “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalari doirasida aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun hamda bola tug‘ilganida guvohnoma olishda uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekish orqali “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilishga yer maydonlari ajratiladi.

Farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekib “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish maqsadida tug‘ilgan bolaning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil to‘lov” elektron platformasi orqali yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali to‘lovni amalga oshirgan holda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali buyurtma beriladi.

05 Mar 2024

      Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni “2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat ana shunday noyob fazilatlari bilan bugun ham ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida qabul qilingan.

Qarorga koʻra, 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi. 2024 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminladi.

Joylarda Navroʻz umumxalq bayramining barcha tadbirlarini milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda zamonaviy tajribalar asosida yuqori saviyada, ommaviy sayillar shaklida tashkil etish, ularda xalqimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

bayram tadbirlarini bahor ayyomida borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni aks ettiradigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan maʼno-mazmun bilan taʼsirchan usullarda oʻtkazish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini namoyon etish;

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;

  • bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
  • “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navroʻz bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish;
  • jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyiha va aksiyalar uyushtirish, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navroʻz bayramining ruhi va falsafasiga uygʻun boʻlgan urf-odat, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
  • bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda ularning koʻrgazma-savdolari va tanlovlarini uyushtirish;
  • barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududdagi uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqadi, mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda, yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻradi.

05 Mar 2024

    Saxiy bo‘linmaga yo‘l olarkanman, cho‘l  bag‘riga elanayotgan qor, betutqin shamol qora-qura tepaliklardan supurayotgan kumush zarrinlar ko‘z oldimda hayrat suratini chizadi, qishki sahro peyjazi tetapoya ijodkorning xayolini olislarga uchiradi, tashrifim mazmuniga uyqash bo‘lgan bolalik xotiralarim uyg‘onib ketadi. Kichikligimizda har bir hovlida oilaning xazina uyi bo‘lgan. Eskilar qazna, g‘azna deb ham atashgan. Mehmon kelsa ana shu xazina uyimizning eshigi ochilib, sarxil bir nimalar tashish uchun oyog‘imni qo‘limga olib chopardim. Shu uyga kirsam, xuddi “Ming bir kecha” ertaklaridagi maxfiy xazinaga kirib qolgandek ko‘zlarim ola-kula bo‘lib sandiqlarga, yangi-yangi ko‘rpachalarga, atlasu baxmal matolarga va yana mehmon uchun asralgan chinniy buyumlarga bir-bir qarab chiqardim. Hatto ifori ham boshqacha edi u uyning! Bugun yo‘l olganim – Markaziy moddiy texnika bazasi ham nomidan ayonki, korxonaning xazinasi. Bazadagi ta’minlash omborlari kon boshqarmasi uchun zaruriy tovar-moddiy boyliklari va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini qabul qiladi, saqlaydi va belgilangan tartibda tarqatadi. Buning uchun bo‘linma ikkita tuzilma: material texnik baza va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida ish olib boradi.

     Markaziy moddiy texnika bazasi cho‘l bag‘rida joylashgan bo‘lishiga qaramay, soyasi qalin sadalar tegrasida, jaziramada yashirinsangiz salobatining ulug‘vorligidan boshingizga tangadek oftob tushmaydi. Ostonadan boshlangan manzarali landshaft, qish bo‘lishiga qaramay yashillik e’tiboringizni tortadi. Bo‘linmada 2023 yilda boshlangan bunyodkorlik ya’ni ta’mirlash ishlari hozir ham davom etmoqda. Avvallari, omborxona sifatidagina qaralgan va u qadar e’tibor markazida bo‘lmagan baza bugun tajribali, bunyodkorlik ruhi bilan yashovchi mutaxassis rahbarlar sabab yangilanmoqda. Muhandis-texnik xodimlar hamda, ishchilar uchun ovqatlanish, yuvinish xonalarining ta’mirlangani va o‘rnatilgan tartib har qanday xodim ruhiyatida shukrona uyg‘otishi tabiiy. Ayniqsa, hisobchi qizlarimizning xonalaridagi shinamlikdan ko‘zingiz quvnaydi!

     Markaziy moddiy texnika bazasi ulkan hududda joylashgan. Shu kunga qadar faoliyati yoritilmagan bo‘linmamiz men uchun ham anchayin ma’lum bo‘lmagan mavzu. Shu bois, bazaga bo‘lgan “sayohatimga” tajribali mutaxassis Karim aka Jumanov  hamroxlik qildilar. Hududda borarkanmiz, Karim aka omborxonalar to‘g‘risida tushuntirish beradi: Lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar, shaxsiy himoya vositalari, energetika hamda NO‘AvaML ehtiyot qismlari, favqulodda vaziyatlar uchun zaxira mahsulotlar, metall xomashyolari mahsulotlari va kauchik mahsulotlari, kabel mahsulotlari, kapital qurilish bo‘limi mahsulotlari,  kapital qurilish bo‘limi materiallari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, kon-texnikalari uchun ehtiyot qismlar, NMZ ishlab chiqarish birlashmasi mahsulotlari,  ishlatib bo‘lingan (qop, rezina-texnik buyumlar, qog‘oz, shisha) mahsulotlari, bojxona ombori, kimyoviy moddalar ombori...

        Beixtiyor, Famonbuvining: “Boqivoy, bu oila ro‘zg‘ori uchun qilinadigan xarajatlar oldida Qorunning xazinasi nima bo‘pti?”, qabilidagi hikmatomuz so‘zi yodimga tushadiyu omborxonalarning sonini emas, bu hududda bir kecha-kunduzda amalga oshiriladigan yuklash-tashish, saqlash-tarqatish kabi masalalar ko‘lamini chamalayman. Haqiqatan ham goh saxovatini ko‘rsatib, goho yombilarini yashirib olgan tuproq bilan tillashib, undan misqollab yig‘ilgan ma’dan tog‘-tog‘ bo‘lsa ham garchi oltin xirmonidan keladigan daromad katta-katta raqamlarda aks etsa-da, xirmon uyulishi uchun sarflangan xarj va zahmatni ham yoddan chiqarmaslik zarur! Kombinat – ulkan oila, katta  ro‘zg‘or! Va ana shu ro‘zg‘or  uchun ishlatiladigan ashyolar xazina tashkilotning ishtirokisiz, hisob-kitobisiz amalga oshmaydi.  

         Hamroxim Gulshan opa Qo‘chqorova lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar omborxonasiga mas’ul. Uning mas’uliyati ham anchayin – qurilish uchun taxtalar,  izol,  falga-izol, olovga chidamli g‘ishtlar, bitumlar va uskunayu jihozlar uchun zarur bo‘lgan, mayda-chuyda, ammo katta ahamiyatga ega bolt-gaykalar, tegirmon uchun temir sharlar ham shunda. Gulshan opa Qo‘chqorova ana shularning kundalik sanog‘i, hisob-kitobi va sifatining hujjatlarga muvofiqligi uchun javobgar. Omborxona hududida borarkanmiz, opaning o‘ttiz yildan beri mehnat qilayotgan xodim sifatida, kecha va bugunning islohotlari o‘rtasidagi farqlar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdim. Oldinlari, yuk ko‘tarib-tashish quvvatiga ega texnikalar bo‘lmagani, to‘rt oyoqli aravalarga yuklash ishlarida jismoniy kuch talab etilgani, bugungi kunda esa texnika rivoji sabab qator qulayliklar ortgani to‘g‘risida gapirdilar. Ayniqsa, 2023 yilda 18x50 o‘lchamdagi 2 ta, 12x50 o‘lchamdagi 2 ta ayvonlar qurilgani, havo harorati keskin yuqori yoki past yohud yog‘ingarchilik vaqtlarida bu ayvonlar ayni muddao bo‘lishligini  aytib o‘tdi.

       Oltinlar o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Bu ma’danning yer ostida shakllanishi ulkan silsiladir, aniqlash, olish, ajratish ilm va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Oltin tuproq bag‘rida bo‘ladimi yo ishlab chiqarish pallasidami, tillo holiga kelishi uchun moʻjiza, ya’ni, kimyo zarur! Yuqorida ta’kidlaganimdek, kon-metallurgiyaning barcha jabhasi uchun kerakli ashyolar, jumladan kimyoviy reagentlar ham Markaziy moddiy texnika bazasida saqlanadi. Kimyoviy moddalar omboriga mas’ul Feruza Abduraxmonova bilan suhbatlasharkanman, kasbiga taalluqli masalayu savollarda zukko va shijoatli ekani seziladi. Qattiq jismlar o‘rab olgan ma’danning xaloskorlari va bakteriyalarning tirikchiligi ham mana shu yerda! Qolaversa, zavodning boshqa syex va laboratoriyalaridagi jarayon uchun muhim bo‘lgan kimyoviy moddalar ham Feruzaning nazoratida, reagentlarning tarkibi, qay sharoitda ishlatilishi, qay tarzda saqlanishi, qancha miqdorda,  qaysi viloyat yo qay xorijiy davlatdan keltirilishigacha ma’lumotlari yetarli.  Shu o‘rinda, dunyo xalqlari o‘rtasidagi tinchlikning ahamiyati nechog‘lik dolzarb ekanini eslatib o‘tsam. Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilayotgan ashyo va jihozlar, uskuna hamda, yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ayrimlari xorijiy davlatlar bilan kelishuvlar, diplomatik munosabatlar orqali Respublikamizga kirib keladi. Bu kelishuv-shartnomalar ortida necha-necha kecha-kunduzlar, yo‘l ovoragarchiliklari va ulkan xarajatlar mavjudligini anglamaslik mumkin emas. Sanoatga tadbiq etilayotgan yangi, zamonaviy, ta’bi nozik texnikalar uchun sof, toza yoqilg‘i mahsulotlari va sifatli jihoz-uskunalar zarur. Tinchlikdek ulug‘vor ne’mat bor ekan, davlatlararo

iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy aloqalar mustahkamlana-veradi, biroq, mahalliylashtirish haqida ham unutmaslik kerak! Zero, o‘zimizda, Vatanning ertasi uchun yuragi yonib turadigan, g‘oyalari yuksak mutaxassislar tomonidan milliy mahsulotlarimiz ishlab chiqilsinki, olislar yaqin bo‘lsin, xorijliklar kelishuv-shartnomalarini ko‘tarib bizning  yurtga kelsin!

Korxona xuddi oiladek – tashkilot ta’minotchining idroki, odil hisobi hamda, saxovati zamirida yangilanadi va shakllanadi. Shimoliy kon boshqarmasida ta’minot masalalari bilan Moddiy-texnik ta’minot bo‘limi shug‘ullanadi. Bo‘lim tovar-moddiy boyliklarining Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilishigacha bo‘lgan diplomatik, iqtisodiy-tijoriy  jarayonlarida ishtirok etadi. Shunga ko‘ra, ta’minot xizmati korxonaning samarali faoliyatini belgilovchi, aniq detall va raqamlar bilan ishlovchi muhim bo‘g‘inidir.  Ma’danni qazib olish va qayta ishlash juda murakkab, ilmiy jarayon bo‘lib, bu o‘z vaqtida va doimiy ravishda ishlab chiqarish uskunalari, tovarlar va  materiallarning yetkazib berilishini talab etadi. Bo‘limning eng muhim maqsadi ham, barcha sifat standartlariga javob beradigan materiallar, butlov ehtiyot qismlari va moddiy resurslarni har tomonlama o‘z vaqtida, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan miqdorda yetkazib berishdir. Bundan tashqari, ta’minotchilar bo‘linmalarga, rejaga muvofiq tarzda qishki-yozgi kondisionerlar, muzlatgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, televizorlar, suv kullerlari kabi idora jihozlari va maishiy texnikalar keltiradilar. Bundan ikki yilcha avval xonamizdagi stullardan birining “yoshi” haqida hamkasbimning: “Bu stul mendan yoshi katta!”,  degan hazilomuz so‘zidan erinmay, stulning tavallud sanasini aniqlab ko‘rsam, uning aytganicha bor ekan. Ana shu “oqsoqol”  jihozlarimizni pensiyaga kuzatdik. Xonalarimiz ko‘rkamlashib, kitoblar, hujjatlar va kiyimlarni saqlash uchun yangi, zamonaviy jihozlarga ega bo‘ldik. Yangilanish jarayoni  butun Boshqarma bo‘ylab, shu bilan birga, bo‘linmalararo amalga oshirildi, bundan xuddi yangi uyga ko‘chib kirgan kishidek qalbga ajib xursandchilik indi. Ta’minotchilar to‘g‘risidagi minnatdorona o‘ylarimni tinim bilmay borib-kelayotgan avtoyukko‘targich e’tiborimni tortadi. Pildirab, chaqqongina harakat qilib paddondagi og‘ir yukni “qo‘llari” bilan ko‘taradi-da, bo‘linmalardan kelgan  buyurtma-hujjatga muvofiq yuk avtosiga joylaydi yoki bazaga keltirilgan yukni omborxonalarga tarqatadi, juda zaruriy va dastyor yordamchi! Bundan tashqari, omborxonadagi og‘ir va o‘ta og‘ir yuklar uchun Markaziy moddiy texnika bazasida ko‘prikli va chorpoyali kranlar mavjud. Bazaga kirmasingizdanoq, salobat bilan bo‘yini ko‘rsatib turuvchi ushbu kranlarning ham vazifalari aniq! Kon yuk avtomolining ulkan haybatli “qovurg‘asi”, qariyb bir tonna keladigan shinalar  mana shu kranlar yordamida tushiriladi va  yuklanadi.

Bazadagi omborxonalar bilan tanishib va ulardagi ashyolarni hayrat bilan tomosha qilarkanman, hamda, bu bo‘linmada ishlayotgan xotin-qizlarning raqamlar bilan ishlashdagi tafakkur zahmatlarini chamalarkanman, “Kombinatning ayollari har jihatdan qo‘rqmas va uddaburon!”, deya ko‘nglimdan o‘tkazdim. Chaman Murodova, Zuhra Po‘latova ana shunday ayollardan. Zilola Norqulova bo‘lsa  Avtomobil transporti boshqarmasi, 1-sonli Avtokorxona va “Sharqiy”, hamda, “Dovgiztov” konlari uchun zarur bo‘lgan shinalar, ekskovatorlar uchun tishlar, moy va havo filtrlari, akkumlyator kabi jihozlarning kelish-ketishi, soni  va saqlanishi uchun mas’uldir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining asosiy boyligi bu insondir. Bo‘linmalarda mehnat qilayotgan minglab xodimlarni kutayotgan oilasi bag‘riga sog‘-omon yetkazish, ular uchun  ish joylarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash eng asosiy vazifadir. Shu ma’noda, mehnat muxofazasi va texnika xavfsizligi yuzasidan kon boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun ajratiladigan shaxsiy himoya vositalari ham baza hududidagi omborxonada saqlanadi. Kon boshqarmasidagi ulkan jarayonni mustahkam zanjirning halqalariga qiyos etgulik – qurilish, mehnat muxofazasi, energetika, favqulodda vaziyatlar, transport va temir yo‘llari kabi qator sohalarning ishlab chiqarishdagi uzviyligini bir maromda ushlab turishda Markaziy moddiy-texnika  bazasining saxovatli qo‘llari bor!

Men, maqolamning boshida sanoat korxonasidagi ish unumi, baraka va sifatni bejizga, Markaziy moddiy-texnika bazasi faoliyatiga bog‘lamadim. Ishlab chiqarishni inson organizmiga qiyoslasak, tanamizdagi irmoq-tomirlarga hayot vazifasini berish Ilohiy qoidaga muvofiq qondek moʻjiza ne’mat (agar qonning tarkibini tahlil qilib ko‘rsak uning chindan ham moʻjiza ekanini tushunamiz!) zimmasiga yuklatilgan. Tomirlarimizda oqayotgan qon hayot ekanimizga dalildir. Yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ham xuddi inson organizmidagi qon ne’mati kabi korxonadagi jarayonlarda xizmati beqiyos.

  Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ombori tuman hududida, “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlari maydonida, hamda “Adjibugut” kar’yerida joylashgan. Garchi, masofalar bir-biridan olis bo‘lsa-da, Vatan sanoatining rivoji yo‘lidagi g‘oyalar, reja va o‘ylar yagona! Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi barcha avtolarga tuzlimadagi ishchi-xodimlar xizmat ko‘rsatadi.  Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida yengil va quyuq neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda, tarqatish uchun katta-katta sig‘imlar mavjud. Haybati odamni hayiqtiradigan bu sig‘imlarga keltiriladigan yoqilg‘i-moy mahsulotlarining, avvalo, sifati laborant xodimlar tomonidan tekshiriladi. Qariyb  9 metr balandlikka ega sig‘imlar ustida qo‘rqmay harakatlanish, sig‘im ichidagi yoqilg‘i-moy mahsulotining tahlilini yuritish uchun Anastasiya Yakovleva, Marina Jukovadek xodimlardan g‘ayrat va  mehnatsevarlikni o‘rganish mumkin! Tahlil har ikki soatda olib borilishini inobatga oladigan bo‘lsak, laborant xodimlarimiz bu haybatli idishlar ustiga kun davomida bir necha marotaba chiqib-tushishlarini tasavvur qilavering! Meni biroz qo‘rquv  bosganini  payqagan kimyoviy tahlil laboranti Munisa opa Ahmedova hazil aralash: “Nilufar, men har safar bu katta idishlarning ustida yurganimda xuddi ertakdagi Zumraddek uyimni bir ko‘rib olaman. Hecham qo‘rqmayman, yengillik, qushdek yengillikni xis etaman!”, deb qoldilar. Darhaqiqat, men Markaziy moddiy texnika bazasining ikkala tuzilmasida ham bo‘lib, xotin-qizlarimizning shijoatlilari, polvonlari shu bo‘linmada mehnat qilishlariga amin bo‘ldim, demak, To‘marislar hali barhayot!

Tinar opa Junisova “Ishning barakasi erta tongda!”, deya shahar uyquda payti 2-sonli AYOQSHda gavjum ish soatini boshlaydi. Avtobuslar, yengil markablar va og‘ir yuk ulovlariga bo‘linmalardagi vazifalarini bajarishlari uchun rejaga muvofiq

yoqilg‘i-moy mahsulotlarini tarqatadi. Qariyb o‘ttiz yildan beri Shimoliy kon boshqarmasida mehnat qilayotgan Tinar Junisova har jihatdan hamkasblariga o‘rnak. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida mehnat qilayotgan yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalari operatorlari, yoqilg‘i moylash materiallari ombori ustalari, quyuvchi-to‘kuvchilar, yukchilar, elektr gaz payvandchilar, chilangar-santexniklar, barchalari ulkan korxonaning eng ahamiyatli nuqtasida iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun mehnatga shay holda! Nazarimda, vertikal va gorizontal po‘lat rezervuarlar, temir yo‘l sisternalari ham ishchilar  shijoatiga  uyqash holda,  sanoatga  “Labbay!”,  deb qad kerib turgandek!

Bugun, qachonlardir, uzoqdan ko‘rganim – haybatli kumushrang sig‘imlarning yonginasidan (haybatli tepaliklarni zabt etish orzusida!) o‘tarkanman, o‘sha hayratlarimning javobini topgandek bo‘ldim. Maqolada, tafakkurimizning qudrati yetgancha, yillar davomida e’tirof etilmagan, biroq dunyoga kelayotgan oltinimiz  zamirida munosib o‘rni bo‘lgan bo‘linma faoliyatiga biroz to‘xtaldik xolos. Markaziy moddiy texnika bazasi boshlig‘i Ulug‘bek Raxmanovga qanot bo‘lib Karim Jumanov, Ruslan Dayanov, Kamol Salimov, Javlonbek Aslanov, Dilshod Yuldashev, Tohir Rayimov kabi mutaxassislarning, shuningdek, tovarshunos, ekspeditor, yuk ortuvchi haydovchisi, chilangar, elektromontyor, kran mashinistidek turli kasb egalarining, hamda, baza yashilligiga mehnatlari singgan Safar aka Mahmudov, Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida beta’ma mehnati sabab “Benzokolonka malikasi”, deya e’tirof etiluvchi Anastasiya Yakovlevalarning ibratli faoliyatlari to‘g‘risida qog‘oz qoralashni dilga tugib qaytdik. Anglaganimiz – xazinabonlarning bir kecha-kunduzda ulkan raqamlar bilan til topisha bilganlari, ishonch hosil qilganimiz – ishchi-xodimlar zimmasidagi mas’uliyat xissi bu hududga keltiriladigan og‘ir yuklardan ham og‘irroqligi! 

Muydinova Nilufar

SHKB Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi mutaxassisi

05 Mar 2024

Avezov 8-uy yerto'lasidagi ichimlik suv quvuridagi nosozlikni bartaraf etish maqsadida, bugun soat 10:00 dan M.Avezov ko'chasi 8,13,14,16- uylar vaqtincha tarmoqdan uziladi.

"Issiqlik manbai" DUK axborot xizmati.

05 Mar 2024

       Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

      Mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan qizlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

  1. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, san’at, madaniyat, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.
  2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tantanalarida sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
  5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.Mirzayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2024-yil 4-martdagi PQ–111-son qaroriga ilova

 

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar

R O‘ Y X A T I

Xudaybergenova Gulshinar Jangabayevna - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik sinfi o‘qituvchisi

Kokanova Nursuliu Jenisbay qizi - Qoraqalpoq davlat universitetining chet tillari fakulteti filologiya yo‘nalishi 4-bosqich talabasi

Suleymanova O‘g‘ilxon Abdurazok qizi - O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Andijon viloyati bo‘limi artist-maqomchisi

Jonibekova Xusniyobonu Ergashvoy qizi - Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani «Gara guri» mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi

Pulatova Mohichexra Temirovna - Buxoro davlat universitetining qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti

To‘xtamishova Gulnora Mels qizi - Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 2-kasb-hunar maktabining informatika fani o‘qituvchisi

Chilmurzayeva Maftuna Abdumannon qizi - O‘zbekiston Milliy universitetining qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha mustaqil tadqiqotchisi (Jizzax viloyati)

Xojiboqiyeva Niginaxon O‘tkir qizi - O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali psixologiya fakulteti iqtisodiyot yo‘nalishi  3-bosqich talabasi

Hakimova Shahzoda Bahriddin qizi - Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakulteti 1-bosqich talabasi (Qashqadaryo viloyati)

Mirzayorova Sevara Ubaydullayevna - Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining sanoat issiqlik energetikasi ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti

Eshpo‘latova Mohira O‘tkirjon qizi -Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi (Navoiy viloyati)

Omonboyeva Meruyert Erkin qizi - Navoiy viloyati Nurota tumanidagi «Qosimqaji-Meruyert» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori

Xakimova Dilshoda Oybek qizi - O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Ahmadjonova Muhayyojon Akramjon qizi - Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakulteti 6-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Savadyan Vilana Arsenovna - Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi

Yunusova Nargiza Tuychimurod qizi - Samarqand viloyati Tayloq tumani «Qo‘shchinor» gazetasi muxbiri

Akramova Sarvinoz Abduvohid qizi - Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Irisqulova Kamola Normat qizi - Toshkent davlat transport universitetining avtomobil yo‘llarini loyihalash va qurish mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti (Sirdaryo viloyati)

Ergashova Sadoqat Eshmamat qizi - Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti (Surxondaryo viloyati)

Suyunova Shamsiqamar Iskandarovna - Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo viloyati ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi

Tursunboyeva Fotima Botir qizi - Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri opera ijrochisi (Toshkent viloyati)

Xaqnazarova Umida Ural qizi - Toshkent davlat agrar universitetining ipakchilik mutaxassisligi bo‘yicha 2-bosqich magistranti

Abdusattorova Ziyodaxon Dilshodjon qizi - Farg‘ona viloyati yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining kamondan otish bo‘yicha sportchisi

Yo‘ldasheva Muxayyoxon Alisher qizi - Farg‘ona politexnika institutining qurilish fakulteti 4-bosqich talabasi

Shomurotova Zulfiya Akmaljon qizi - Xorazm viloyati Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi

Sapayeva Risolat Rustam qizi - O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali xoreografiya fakulteti 2-bosqich talabasi

Tosheva Marjana Rustam qizi - Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining vokal va cholg‘u ijrochiligi pedagoglarini tayyorlash kafedrasi o‘qituvchisi

Trashkova Yelizaveta Dmitriyevna  - O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining xoreografiya san’ati fakulteti 1-bosqich talabasi

04 Mar 2024

Учқудуқ туман ҳокимлиги хизмат машинасини таъмирлаш учун танлов эълон қилинади 

танлов учун белгиланган нарх 2 057 000 сўм 

04 Mar 2024

     Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Hokimlik qilish xola-xola o‘ynash, degani emas” sarlavhali material joylashtirildi. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarini lavozimga tayinlash yoki vazifasida ozod etish tuman hokimining vakolatiga kirmaydi.
     Mazkur lavozimda ishlashni xohlovchi nomzodlar ARGOS tizimi orqali test sinovlaridan o‘tkaziladi. Tanlov ikki bosqichda amalga oshiriladi, birinchi bosqichda — talabgorning xalq ta’limi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni bilish darajasi, IQ, EQ, menejerlik ko‘nikmalarini baholovchi test sinovi o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda — talabgorning nazariy va amaliy bilimlarini aniqlash maqsadida suhbat o‘tkaziladi.
     Xalq ta’limi bo‘limi mudiri lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan talabgor bilan o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi bilan mehnat shartnomasi tuzilib, lavozimga tayinlanadi.

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI MATBUOT XIZMATI.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: