1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Uchquduq tumani markazida davlat xususiy - sherikchilik asosida “Porloq yulduzchalar” maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 180 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasada bugungi kunda 3 ta guruhda 90 nafar kichkintoy qabul qilingan bo‘lsa, yana 3 ta guruhga bolajonlarni qabul qilish ishlari davom ettirilmoqda.
“Uchquduq – Al qasr” MCHJ rahbari Nurali Safarov tomonidan asos solingan ushbu maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim rus tilida olib boriladi. Bundan tashqari, ingliz tili, raqs, mental arifmetika singari to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, muassasa tashqari hovlisida har bir guruh bolajonlari uchun o‘yin maydonchalarining tashkil etilgani bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar ota-onalarini behad quvontirdi.
-Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bilan hamkorlikda 10 nafar xotin-qizlar bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzilgan holda “Yosh bolalar uchun enaga tarbiyachi yordamchisi” yo‘nalishida kasbga o‘qitildi. Bugun ushbu opa-singillarimiz “Porloq yulduzchalar” maktabgacha ta’lim tashkilotida doimiy ishga qabul qilingan. Hozirda 15 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, yana 10 ta yangi o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz, - deydi “Uchquduq – Al qasr” MCHJ rahbari Nurali Safarov.
Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati