Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazilishi 2025 yilda 11 milliard kubometrga chiqishi rejalashtirilmoqda, dedi Vladimir Putin.
Rossiya qo‘shni Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirishga tayyor. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27 may, dushanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida aytib o‘tdi.
«Hozirda «Markaziy Osiyo – Markaz» quvurlari tizimining o‘tkazish qobiliyatini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, bu kelgusi yilda O‘zbekistonga chiqariladigan gaz hajmini 11 milliard kubometrgacha oshirish imkonini beradi», — deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Rossiya axborot agentliklari.
O‘zbekistonda AES qurilishi
Muzokaralar yakunida Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev kelishuvlar paketini, jumladan, O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini loyihalash va qurish bo‘yicha shartnomani imzoladilar.
Hujjatga ko‘ra, 2018 yilgi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartirishlar kiritiladi. Avvalroq mamlakatlar umumiy quvvati 2,4 GVt bo‘lgan ikki blokdan iborat AES qurish masalasini muhokama qilgan edi. Hozir har biri 55 MVt quvvatga ega oltitagacha energoblokdan iborat kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish haqida gap ketmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonda, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida birorta ham atom elektr stansiyasi mavjud emas.