Dunyoda bolalik quvonchi, bolalik zavqidan o‘tadigan tuyg‘u yo‘q. Bu tuyg‘u olamni xursandchilikka, shodlikka burkaydi. Ana shunday vaqtda hayot yanayam go‘zal va nurafshondek ko‘rinadi ko‘zimizga.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab tuman hokimligi, “Uchquduq – Al qasr” MCHJ hamda homiy tadbirkorlar hamkorligida tashkil etilgan bayram tadbiri ko‘ngillarni ana shunday yoqimli tuyg‘ularga oshno etdi.
“Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari!” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbir muhtasham “Al qasr” kafesida bo‘lib o‘tdi. Unda 50 nafardan ortiq tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning bolalari ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimi S.F.Xamroyev, “Qizilqum” jome’-masjidi imom-xatibi A.Turdiyevlar so‘zga chiqib, bolajonlarni 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami bilan samimiy qutlab, istiqbol egalariga baxt-tole va iqbol tiladilar.
Tuman hokimligi va homiylarning sovg‘alari bolajonlarni xushnud etdi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI