Adliya organlari haqidagi yangi farmon fuqarolarga nima beradi?
Har qanday davlatda adliya organlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ichida muhim o‘ringa ega. Shu jihatdan mazkur tuzilma faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borish mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kuni kecha qabul qilingan adliya organlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan Prezident Farmoni nafaqat ushbu tizimga, balki oddiy insonlar hayotiga ham jiddiy (ijobiy) ta’sir o‘tkazishga qaratilgan tarixiy hujjat deyish mumkin.
Farmonda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ayrim normalarga to‘xtalib o‘tamiz.
Bepul huquqiy yordam – hammaga, hamma uchun!
Farmon bilan aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish tizimi takomillashtirilmoqda. Bu hususida bir qator vazifalar belgilangan.
Xususan, barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqichtashkil qilinadi.
Huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek, aholiga nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan prosessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.
Albatta, bu juda katta yangilik, qolaversa aholiga yengillikdir. Chunki bilamiz, yuridik xizmatlar hech qayerda arzon emas, barchaning bunga qurbi yetmaydi. Hujjatlarning to‘g‘ri taqdim etilmasligi, to‘liq emasligi sudlarni ham,aholini ham ovora qiladi, davlat xarajatlarini ko‘paytiradi.
O‘ylaymanki, Farmon bilan, ushbu muammoning juda samarali mexanizmi belgilanayapti.
Bu O‘zbekistonning BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomalari doirasida o‘z majburiyatlarini bajarib, bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yaratish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ishlarni tizimli ravishda davom ettirayotganini ko‘rsatadi. Bu albatta, mamlakat nufuziga juda ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Sud ekspertizasida xususiy sektorning roli oshadi
Hujjatda belgilangan vazifalar eng avvalo adliya tizimini yanada professional xizmatgaaylantirayotgani bilan diqqatga sazovordir.
Farmonda sud-ekspertiza sohasi bo‘yicha ham ko‘plab yangiliklar mavjud.
Xususan, sud ekspertiza sohasida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va faoliyatning ilmiy asoslarini yanada takomillashtirish, sohada sog‘lom raqobatni qaror toptirish hamda xususiy sektor rolini oshirish, shuningdek, hududlarda o‘tkaziladigan ekspertiza turlarini ko‘paytirish kabi masalalar nazarda tutilgan. Bu o‘z navbatida sud-huquq idorlari bilan bir qatorda aholiga ham sud-ekspertiza sohasida sifatli xizmatlar ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Sud ekspertizasi aniq va to‘g‘ri talqin qilingan dalillar orqali adolatni qaror toptirishga xizmat qiluvchi muhim sohadir. Birgina kichkina dalil ham inson taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan sud jarayonlarida ushbu sohadagi ijobiy o‘zgarishlar va takomillashuvlarning natijasi ayniqsa yaqqol seziladi.
Sudma-sud sarson bo‘lishning oldi olinadi
Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyasiya kengashlari tashkil qilinmoqda.
Mazkur apellyasiya kengashlari ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.
Apellyasiya kengashlarining qarorlari hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan elektron tizimida e’lon qilib boriladi, shuningdek, ma’muriy shikoyat bo‘yicha ma’muriy ish yurituvi ishtirokchilariga belgilangan tartibda ma’lum qilinadi va ma’muriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Mazkur tartibning joriy etilishi birinchi galda aholining manfaatlariga xizmat qilib, ularning sudma-sud ortiqcha ovora bo‘lib yurishining oldini oladi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan xatolarni sudgacha bo‘lgan tartibda tuzatish imkonini beradi.
Hozircha bu tartib, eksperiment shaklida joriy etilmoqda. Eksperiment 2026 yil 1 iyulga qadar o‘tkazilib, ijobiy natija bergan taqdirda, ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Yagona baza – davlat xizmatlarini olishda katta qulaylik
Farmonga ko‘ra Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan Aholining yagona reyestri shakllantirilishi va yuritilishi belgilandi. Bu nima degani?
Ushbu Reyestr O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarining yagona elektron bazasi hisoblanadi.
Endilikda, Reyestr davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda shaxsga taalluqli ma’lumotlar ushbu reyestrdan olinadi. Bu fuqarolarning ortiqcha ma’lumotnoma yig‘ishi, idorama-idora sarson bo‘lishiga barham beradi.
Uchquduq tuman adliya bo‘limi