Ekologiya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va IIV o‘rtasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi integratsiya qilinadi hamda axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Ekologik huquqbuzarliklarni foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Quyidagilar:
- Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizom”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini vazirliklar o‘rtasida integratsiya qilinishini hamda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishni ta’minlaydi.
Belgilanishicha:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Situatsion markaz” davlat muassasasi tomonidan o‘rnatilgan foto va video qayd etish tizimi dasturiy-texnik vositalari vositasida undirilgan jarimalar to‘liq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
- Tadbirkorlik sub’yektlari hamda aholi tomonidan o‘rnatilgan foto va video qayd etish tizimi dasturiy-texnik vositalari vositasida undirilgan jarimalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining budjetdan tashqari Ekologiya jamg‘armasiga tushirilgandan so‘ng, vazirlik tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaga taqsimlanadi hamda o‘tkazib beriladi;
- davlat xizmatlari orqali ko‘rsatilgan integratsiya xizmatlari uchun undirilgan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdoridagi yig‘imning 20 foizi Davlat xizmatlari agentligi hisobraqamiga, 80 foizi Ekologiya vazirligining budjetdan tashqari Ekologiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Ichki ishlar vazirligi mahallalar va ko‘p qavatli turar joy binolarida o‘rnatilgan kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yadi hamda Ekologiya vazirligining tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlaydi.
Bunda, ushbu kameralar orqali aniqlangan ekologik huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimalar Ekologiya vazirligining budjetdan tashqari Ekologiya jamg‘armasiga tushishi inobatga olinadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish choralarini ko‘radi.