LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

27 May 2024

        Reproduksiya – yaratish demakdir. Reproduktiv salomatlik - yaratish uchun sog‘lomlikni anglatadi. Reproduktiv vazifa deganda insonni yaratish, ya’ni naslni davom ettirish tushiniladi.
        Reproduktiv salomatlik - bu reproduktiv tizim va uning faoliyatiga bog‘liq barcha masalalar borasida faqat kasallik va kamchiliklar yo‘qligi bo‘libgina qolmay, balki to‘liq jismoniy, aqliy va ijtimoiy muvaffaqiyatlar holatidir. Kishilar o‘zidan nasl qoldirishi mumkin bulgan yosh - reproduktiv yosh deyiladi, ya’ni 15-49 yoshgacha.
Reproduktiv yoshga kirgan shaxslar oila quradi. Oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta’minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak nasllar uchun betakror tarbiya maskanidir. Bizning mustaqil yurtimizda ham oilaga bo‘lgan e’tibor azaliy qadriyatlar, milliy urf-odatlar bilan chambarchas bog‘langan holda ko‘zga tashlanadi. Oila, jamiyat va davlat tushunchalari doimo uyg‘unlikda, mushtarak holda tilga olinadi.
      O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 04.09.2023 yildagi 06/1-154-sonli xati ijrosi yuzasidan hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filiali rahbariyatining tashabbusi bilan 2024 yil 22 may kuni Uchquduq tumanida tibbiyot va jamoat tashkilotlari vakillari, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’sullari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Tadbirni Uchquduq tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Najmiddinova ochib berdi.
      Seminar davomida tumandagi mahalla xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar”, jamoat tashkilotlari vakillari hamda tibbiyot xodimlari o‘rtasida hamkorlikni ta’minlash asosiy maqsad etib belgilandi. Hamkorlikda ishlash prinsiplari, aholini tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom oilani qaror toptirish, erta turmush qo‘rish va yaqin-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, nosog‘lom bolaning tug‘ilishi, er-xotinlarning muammolari, ajralib ketishlar, nasldan naslga o‘tuvchi irsiy kasalliklarning kelib chikishi sabablari, onalar va bolalar o‘limini hamda istalmagan xomiladorlikni oldini olish, sog‘lom oilani shakllantirish masalalarida Ona va bola markazi direktorining Reproduktiv salomatlik va yordamchi reproduktiv texnologiyalar akusher-ginekolog M.Bozorova, tibbiy genetik M.Qosimovalar atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
     Undan tashqari tadbirda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi, hududdagi o‘zgarishlar, yutuq va kamchiliklar tahlil etildi.

27 May 2024
 

Subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslar uchun to‘lanadi.

2024 yil 1 iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan  xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, bundan budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno.

 

Bunda:

  • subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
  • mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;
  • mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
27 May 2024
 

       3-iyun kuni to‘rtta sayyora — Venera, Mars, Yupiter va Merkuriy osmonda bir safga tiziladi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

        To‘rtta sayyora bir-biriga yaqin bo‘lgan “sayyoralar paradi” har 20 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Moskva Planetariysi rasmiysi Lyudmila Koshman bu hodisani kunduzi Yer aholisi kuzata olmasligini aytmoqda.

3-iyun, dushanba kuni to‘rtta sayyora Quyosh yaqinida 20-30 darajali sektorda bo‘ladi...Bu har 20 yilda sodir bo‘ladi, — dedi Koshman.

Shu kuni ertalab barcha yetti sayyora Quyoshning bir tomonida taxminan 90 daraja sektorda quyidagi tartibda joylashadi: Quyosh, Venera, Yupiter, Merkuriy, Uran, keyin Mars, Neptun va Saturn. Mazkur sayyoralardan faqat Saturn qisqa vaqt ichida ko‘rinadi. Uni quyosh chiqishidan oldin kuzatish mumkin.

Qolgan sayyoralar quyoshning yorqin ertalabki nurlarida ‘eriydi’, shuning uchun bu ko‘rinmas sayyoralar paradidir, — deydi olim

An’anaviy sayyoralar paradi 20-30 darajali sektorda to‘rtta emas, balki besh yoki undan ko‘p sayyoralarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun, 3-iyun kungi noyob hodisa sayyoralarning ko‘rinmas “kichik paradi”ga tegishlidir.

27 May 2024

        “NKMK” AJda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor  qaratilib kelinmoqda. Buni korxona bo‘linmalarida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish va bu orqali ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. 
       Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishning 97 foizi quyosh energiyasi ulushiga to‘g‘ri kelishi, yurtimiz tabiatida quyoshli kunlarning ko‘pligi ham quyosh energiyasidan foydalanish katta samara berishi shubhasiz. 
Samarali texnolgiyalar yirik ishlab chiqarish korxonalari qatori, Shimoliy kon boshqarmasida ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, korxona tasarrufidagi bo‘lim va bo‘linmalarda  2024 yilning birinchi choragida quvvati 1600 kVt bo‘lgan  4 ta quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib  ishga tushirildi. Bunday yashil energetikaning sanoatga kirib kelishi natijasida shu yilning o‘zida, 2 mln. 434 ming kVt  elektr energiyasi iqtisod qilinishi kutilmoqda, bu esa 2 mlrd. 534 ming so‘m  so‘m mablag‘ni iqtisod qiladi. Yaqinda 3 - sonli gidrometallurgiya zavodining sorbsiya, regeneratsiya va tayyor mahsulot ishlab chiqarish syexini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi quyosh fotoelektr stansiyasi  ishga tushirildi. Ushbu stansiyada 1818 dona fotoelektrik panellar o‘rnatilgan bo‘lib,  umumiy quvvati soatiga 1000 kVtni tashkil etadi. Ushbu stansiya yiliga  1mln. 300 ming kVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa elektr energiyasi xaridini ahamiyatli darajada kamaytirib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxini tushirish imkonini beradi.
     Ma’lumot uchun  kon boshqarmasining  ishlab chiqarish korxonalarida bugungacha 739 dona quyosh energiyasidan suv isitish tizimlari - quyosh kollektorlari o‘rnatilib, bu  bilan yiliga 35,1 ming kub metr issiq suv tejalishiga erishilmoqda.
Albatta ishlab chiqarish unumdorligi va energiya tejamkorligini maqsad qilgan holda amalga oshirilayotgan bu kabi tejamkor tadbirlar iqtisodiyot rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi shubhasiz. 

Laylo KARIMOVA,  
SHKB matbuot xizmati muxbiri.

27 May 2024
 

Oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’lim ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.

“Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga asosan ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;
  • alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi;
  • xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmaydi;
  • ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, shuningdek, oliy ta’limning tegishli bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning ushbu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi;
  • oliy ta’lim muassasalari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1 iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.
27 May 2024

   Savol:  Ta’tillar haqida tushuncha bersangiz ?

 Yoz kelyapti: mehnat ta’tili haqida muhim 9 savolga javob

Yoz yaqin, bolalar maktabdan ta’tilga chiqishi barobarida kattalar ham mehnat ta’tillarini ko‘pincha yozda olishadi.  

  1. Ta’tillarning qanday turlari mavjud?

Ta’tillarning quyidagi turlari mavjud:

– har yilgi asosiy mehnat ta’tili;

– har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili;

– ijtimoiy ta’tillar;

– ish haqi qisman saqlanadigan ta’til;

– ish haqi saqlanmaydigan ta’til.

Ta’tillarda bo‘lgan davrda xodimning ish o‘rni (lavozimi) saqlanib qoladi va bu davrda ish beruvchi xodimni ishdan bo‘shatishi mumkin emas.

  1. Asosiy ta’tilning muddati qancha?

Har yilgi asosiy mehnat ta’tilining eng kami 21 kalendar kun bo‘lishi kerak.

Quyidagilarga har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:

18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — o‘ttiz kalendar kun;

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga — o‘ttiz kalendar kun.

davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun

ayrim pedagoglarga – 56 kalendar kun.

Xodimga bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun qo‘shimcha 2 kalendar kundan ta’til beriladi. Ushbu ta’tilning muddati 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Masalan xodim korxonada 20 yildan beri ishlaydi, unga har 5 yil uchun qo‘shimcha 2 kundan ta’til beriladi va bu 8 kalendar kun bo‘ladi, 25 yil ishlasa ham 8 kalendar kun beriladi, undan oshmaydi.

  1. Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim uchun ta’til qanday hisoblanadi?

Xodim qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilsa, boshqa ishga o‘tkazilsa yoki ishdan chetlashtirilsa va kelgusida avvalgi ishiga tiklansa majburiy progul vaqti yillik asosiy va qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Masalan, xodim 2024 yil yanvarda ishdan noqonuniy bo‘shatilgan bo‘lsa va 2024 yil dekabrda ishga qayta tiklansa, o‘rtadagi qariyb 12 oy muddat uchun xodimga mehnat ta’tili hisoblanadi.

  1. Dastlab ishga kirganda ta’til qancha vaqtdan keyin beriladi?

Birinchi ish yili uchun mehnat ta’tilini xodim 6 oy ishlaganidan keyin olishi mumkin bo‘ladi. Ish beruvchi bilan kelishgan holda 6 oy o‘tgunigacha ham mehnat ta’tili berilishi mumkin.

6 oy o‘tgunigacha xodimning xohishiga ko‘ra quyidagilarga har yilgi mehnat ta’tili majburiy beriladi:

– ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;

– 14 yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga;

– 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;

– rezervga bo‘shatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan sobiq harbiy xizmatchilarga;

– 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;

– I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga;

– ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga;

– jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga.

  1. Ta’til vaqti haqida xodim qancha vaqt oldin xabardor qilinishi kerak?

Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi.

Xodim har yilgi mehnat ta’tili beriladigan vaqt to‘g‘risida ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.

  1. Ta’tilni keyingi yilga ko‘chirish mumkinmi?

Har yilgi mehnat ta’tili har yili ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.

Ishlab chiqarish sabablariga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmaganida, xodimning roziligi bilan ta’tilning 14 kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin.

  1. Ta’til muddatini o‘zgartirish mumkinmi?

Xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega:

vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;

homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda;

har yilgi mehnat ta’tili o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;

davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda;

jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Mehnat ta’tilidan foydalanishga monelik qiluvchi sabablar ta’til boshlangunigacha kelib chiqqan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ta’tildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi.

Bunday sabablar ta’til davrida kelib chiqsa, ta’tilning qolgan kunlari uzaytiriladi yoki ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chiriladi.

Xodim mehnat ta’tilidan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan, yuzaga kelgan sabablar to‘g‘risida ish beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.

  1. Ta’tilni bo‘lib olish tartibi qanday?

Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ta’tilning bir qismi

14 kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.

  1. Ta’tildan chaqirib olish mumkinmi?

Mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki keyingi ish yilida berilishi kerak.

18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uchquduq tuman adliya bo‘limi.

27 May 2024

Naim Amonov 
Shimoliy kon boshqarmasi direktori 

       Shimoliy kon boshqarmasi "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatining yirik bo‘linmalaridan biri bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan qimmatbaho metallar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qilmoqda.
       Qizilqum bag‘ridagi bu korxonaning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan barcha bo‘linmalarida ish bir zum ham to‘xtamaydi. Ishchi- xodimlarning faoliyati belgilangan reja asosida kecha-yu kunduz bir maromda davom etmoqda. Ana shu mehnat tufayli kon boshqarmasi jamoasi kasb bayramini yaxshi natijalar bilan qarshiladi.
Har bir sohada investision loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi hamda ishlab chiqarish ko‘lamining kengayishiga imkon beradi. "Kokpatas va Daugiztau oltin konlarida ma’dan qazib olishning uchinchi navbati" investision loyihasi nafaqat kon boshqarmamiz, balki kombinat rivojiga qaratilgan istiqbolli loyihalardan biridir. Ayni paytda ushbu loyiha asosida 3-sonli gidrometallurgiya zavodida 2 ta yangi tegirmon bloki barpo etilmoqda. Ularning foydalanishga topshirilishi bilan tegirmonlar soni 8 taga yetadi. Zavod quvvatini yanada oshirish, ma’danni qayta ishlash hajmini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
       Eng quvonchlisi, joriy yilda yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini 12 foizga ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda. Yaqin kelajakda flotatsiya, shuningdek, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Loyiha tannarxini arzonlashtirish maqsadida, tegirmon bloklarini barpo etishga mo‘ljallangan aksariyat qurilish materiallari, jihoz va ehtiyot qismlar o‘zimizda mahaliylashtirilib, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Navoiy mashinasozlik zavodi va bizning bo‘linmalarda ishlab chiqarilmoqda.
      Shimoliy kon boshqarmasida joriy yilning to‘rt oylik yakunlari jamoa bor imkoniyatlarini ishga solayotganidan dalolat beryapti. Jumladan, tog‘ jinslarini qazib olish hajmi kon ishlarini rivojlantirish rejasiga nisbatan 108,2 foizga bajarildi va o‘tgan yilning joriy davriga nisbatan 111 foiz o‘sish sur’ati ta’minlandi. Burg‘ilash ishlari rejasi 108, sulfidli ma’dan qazib olish rejasi 118,7, 3-sonli gidrometallurgiya zavodiga sulfidli ma’dan yuklash rejasi 105,3 foizga uddalandi.
Ochiq kon ishlarida iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sayotganligi va rejalar ado etilayotganligi ishchi-xodimlar ish sharoitlarining yaxshilanishiga imkon yaratyapti.
"Sharqiy" va "Daugiztau” konlari dispetcherlik xonalariga zamon talabiga mos ravishda zamonaviy kompyuterlar va interaktiv doskalar o‘rnatildi. "Daugiztau” konida davriy uzluksiz texnologiyasi majmuasi magistral konveyeri 2,2 kilometrga uzaytirildi. Natijada og‘ir yuk tashuvchi avtoag‘dargichlarning dizel yoqilg‘isi, moy mahsulotlari, avtoshina va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklar ortiqcha sarfining oldi olinmoqda. "Adjibuget” konida sanoat maydoni infratuzilmasi, xodimlar uchun dam olish xonalari va 5-sonli AYOQSH ishga tushirildi. Hozirgi kunda "Daugiztau" kar’yerini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Boshqarma konlarini texnik va texnologik qayta jihozlash ishchi loyihasi doirasida kovshining hajmi 7 kubometr bo‘lgan 2 dona zamonaviy "Liyebxerr 9100 rusumli gidravlik ekskavatorlari keltirildi.
     Kon boshqarmasi istiqbolini ko‘zlab, "Sharqiy” ochiq usulda qazib olish koni va Avtomobil transporti boshqarmasida "VSG" kompaniyasi hamkorligida kon ishlarining ish unumdorligini va samaradorligini oshirish bo‘yicha qator yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda "Sharqiy” konida ishchi-xodimlar uchun 250 o‘rinli oshxona foydalanishga topshiriladi "Mag‘ribkon” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida yuk ko‘tarish quvvati 90 tonna bo‘lgan 3 dona va yuk ko‘tarish quvvati 55 tonna bo‘lgan 1 dona avtoag‘dargich keltirilishi ko‘zda tutilgan. Markaziy-moddiy texnika bazasida Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan 100 tonnalik avtomobil tarozilarini o‘rnatish yuzasidan qurilish-montaj ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlarga xolisona baho berib, ishonch bilan aytish mumkinki, bunday bunyodkorliklarga haqiqiy professionallar, o‘z kasbining ustalari, ko‘zlangan maqsadlarga yetishish yo‘lida jipslashgan jamoa va malakali mutaxassislar qodir, albatta!
      Ahil jamoamiz bilan hukumatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qat’iy kirishganmiz. Aytish joizki, kombinatning kelajagi ulug‘vor, istiqbollar uchun poydevori mustahkam. Biz esa har kungi qilayotgan fidoylarcha mehnatimiz bilan nurli istiqbolni tobora yaqinlashtiryapmiz, deyishga to‘la asoslarimiz bor.

27 May 2024

Ayteke biy - 380 yilligiga

 Qozog‘iston xonligi tarixida o‘z faoliyati bilan mamlakatning tarixiy o‘tmishida chuqur iz qoldirgan ko‘plab shaxslar yashab o‘tgan.  Vaqt o‘tishi bilan  xalq hayotida mamlakat  taraqqiyotida ularning o‘rni muhimligi yanada namoyon bo‘lmoqda. Bunday tarixiy shaxslar o‘rtasida Ayteke biy alohida o‘rin tutadi.

BIY ATAMASI...

“Biy” atamasini qozoq tilidan tarjima qilganda: "Xalq tomonidan saylangan sudya" degan ma’noni anglatadi. Mahalliy (ovul), mintaqaviy, qabila va urug‘-aymoqlar o‘zlariga yo‘lboshchi sifatida biy saylaganlar va uning atrofida jipslashib hayot kechirganlar. Barcha masalalarda xoh u maishiy, xoh u huquqiy mavzularda bo‘lsin biy oxirgi so‘zni aytgan so‘nggi qarorni qabul qilgan. Bir so‘z bilan aytganda biy  ham sud, ham tergovchi hisoblangan.

Qozoq xalqining mashhur olim va tadqiqotchisi Shoqan Ualixanov ularning qozoq an’anaviy jamiyatidagi roli va o‘rnini shunday tavsiflagan: "Biy nomini olish uchunxalq oldida bir necha bor o‘z huquqiy bilimlarini va notiqlik qobiliyatini namoyish etish kerak edi". Bundan ko‘rinib turibdiki, biyga nafaqat xalqni boshqarish huquqi berilgan balki  o‘zi ham chuqur diniy va dunyoviy bilimlarga ega  ajoyib notiqlik  san’ati gapga chechanlik qobiliyatiga ega bo‘lish talablari ham qo‘yilgan.

BO‘LISH YOKI BO‘LMASLIK?

Sibirdan Qaratau va Sirdaryo vodiysining janubiy qirg‘oqlarigacha ko‘chmanchilar tomonidan katta maydonni egallagan qozoq ovullari asosan mol chorvachiligi bilan shug‘ullanishgan. Lekin  yaxshi  tayyorgarlik ko‘rgan va qurollangan Jungar (mongollar) qo‘shinlarining to‘satdan hujumlari qozoq xonligi uchun haqiqiy xavf solardi.  "Bo‘lish yoki bo‘lmaslik", degan savol hayot yoki o‘lim masalasiga aylangandi. Bu davr Qozog‘iston tarixiga "Aqtaban shubrinda" nomi bilan kirdi. Aynan o‘sha og‘ir davrda qozoq jamiyati har qachongidan ham obro‘li va taniqli arboblar va tashkilotchilarga muhtoj edi.

Qozoq xalqi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ular urug‘larga bo‘linib, tarqoq yashashgan. Asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan tarqoq xalqqa hujum uyushtirish, mol-mulkini kuch bilan tortib olish qiyinchilik tug‘dirmagan. Shu sabab ular bir bayroq ostida birlashishni yillar davomida orzu qilishgan. Xalq bo‘lib shakllanib, bir bayroq ostida birlashgan vaqtdan buyon mamlakatda «Uch juz»lik birligini saqlashga intilish kuchli bo‘lgan.

UCH JUZ HAQIDA

O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun «Uch juz» haqida ma’lumot berib o‘tsam! Qozoq xalqi shajarasi  «ulug‘ juz», «orta juz» va «kichkina juz»ga bo‘linadi. Har bir urug‘ ana shu uchala juzdan tarqalgan bo‘lib, tug‘ilgan farzand tili chiqishi bilanoq, avvalo qaysi «juz» va qaysi «urug‘»dan ekanligi ya’ni ota-bobolarining shajarasi o‘rgatiladi.

1663-1759 yillarda umr kechirgan Tole biy «ulug‘ juz», 1667-1764 yillarda yashagan Qazbek biy «orta juz», 1644-1700 yillarda yashagan Ayteke biy «kichkina juz»  bosh biyi bo‘lib saylangan.

Bugungi kunga qadar qozoq xalqining uchta buyuk o‘g‘li, uchta ulug‘vor donishmandi - Tole biy, Qazbek biy va Ayteke biy qozoq xalqi uchun milliy birlik va birdamlikning abadiy ramziga aylangan, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xalq g‘ami, millat tashvishini yelkasiga ortmoqlagan  mamlakatni adolat va diyonat  bilan boshqargan biylarning ehtirosli nutqlari xalq tomonidan muqaddas kitoblardagi  muqaddas so‘zlar kabi  qabul qilingan. Ular faoliyatining millat tarixidagi ahamiyatini  bundan ortiqcha baholab bo‘lmaydi, albatta!.

AYTEKE BIYNING SHAJARASI

Ayteke biy 1644 yilda hozirgi O‘zbekiston hududidagi Nurota tog‘ining Buxoro yerigacha cho‘zilgan Qizbibi tog‘ining etagida tug‘ilgan. Kelib chiqishi «kichkina juz» Alim qabilasining Tortqara urug‘idan. Amir Temurning bosh maslahatchisi Oraz Hojining beshinchi avlodi hisoblanadi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Oraz Hoji O‘rta Osiyodagi ulkan davlat asoschisi  Samarqand shahrini poytaxtga aylantirgan buyuk Temurning eng yaqin maslahatchilaridan biri edi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekdan keyin Samarqandning taniqli hukmdori hisoblangan Yalangto‘sh bahodir Ayteke biyning bobosi bo‘lgan.

UNING YOSHLIGI

Besh yoshidan boshlab ovul mullaridan o‘qish va yozishni o‘rgangan. Katta bobosi Aqsha xonning tarbiyasida bo‘lib, qondoshlar qo‘ni-qo‘shni xalqlar, elchilar  bilan o‘zaro munosabatlarni shakllantirish ilmini o‘zlashtirgan. Shundan so‘ng askarlik ko‘nikmalarini o‘rganish va oshirish maqsadida bobosi Yalangto‘sh bahodir tarbiyasiga olinadi.

Shu yillari Samarqanddagi «Sherdor», «Tilla –qori» madrasalari olimlaridan dars oladi.O‘qishni mashhur Ulug‘bek madrasasida davom ettirib,  arab, fors va turk tillarini o‘rganadi. Madrasadagi o‘qishini tugatgandan so‘ng,  ona yurtiga qaytib otasi bilan xalqni boshqarishda ishtirok eta boshlaydi.

BIYLIKKA KELISHI

Ayteke biy 21 yoshida Buxoro va Samarqand atrofida yashagan qozoqlar, o‘zbeklar va qoraqalpoqlarning bosh «sudya»si bo‘lgan. Xorijdan kelgan elchilarning qabullarida ishtirok etgan. Aytish joizki, avval o‘tgan qozoq biylari va xalq donoligi xazinalarini, mashhur ajdodlarning ilmu an’analari bilan birlashtirilgan notiqlik san’atini o‘zlashtirganligi Ayteke  Baybek o‘g‘liga mashhurlik olib keladi. 25 yoshida biy sifatida taniladi. Uning aytayotgan so‘zlari fikrlarining keskinligi  o‘tkir qilichga qiyoslanadi.30 yoshida kichik juz bosh biyi etib saylandi.

Tauke xon 1680  yilda taxtga o‘tirganda Ayteke biy xonning bosh maslahatchisi bo‘lgan edi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, onasi Qirgulsulu Tauke xonning qizi bo‘lgan deyishadi.  Xon saroyida  20 yilga yaqin vaqt davomida bir bayroq ostida birlashish, uchta juzning o‘zaro kelishmovchiliklari tufayli yuzaga keladigan turli nizolar, xalq hayotiga oid  o‘tkir masalalarni hal etishda, qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirishda so‘nggi  so‘z ko‘pincha  Ayteke biyga tegishli bo‘lgan.

YeTTI NIZOM  QABUL QILINGAN

Tole biy,  Qazbek biy, Aytike biy mamlakatni idora qilishga bag‘ishlangan «Yetti Nizom»ni yozishga va uni butun xonlik bo‘ylab tarqatishga qaror qilishadi. Turkiston yaqinidagi umumxalq qurultoyida qabul qilingan va xalqning irodasini o‘zida aks ettirgan ushbu yirik Nizom  qozoq jamiyatida milliy birlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagani bilan ham ahamiyatlidir.

Ayteke biy tomonidan  «Yetti Nizom»  hujjatlar to‘plamiga taklif etilgan qonunlardan biri «adolatli jazo» ya’ni o‘lim hukmi «sotib olish» tamoyiliga almashtiriladi. Bunda  vafot etgan kishiga «Suyak quni», agar u iste’dodli biror bir san’at yoki hunarning egasi bo‘lgan bo‘lsa «Oner quni» singari uch bosqichli to‘lov miqdorini amalga oshirish «Yetti Nizom» bilan belgilab qo‘yilgan.

UNING HAYOTI XALQQA TEGISHLI

Qozoq xalqida: «Kichkina juzni qo‘liga qilich berib, yovga qo‘y» qabilida naql aytiladi. Ayteke biy ham bobosi Yalangto‘sh bahodirdan o‘rgangan askarlik ko‘nikmalarini Tauke xon bayrog‘i ostida namoyish qilgan botirlardan. Xonning maslahatchisi va yaqin yordamchisi sifatida Sayramga hujumni qaytarishda ishtirok etadi. Ruslar bilan munosabatlarda muayyan muvozanatni o‘rnatishga ko‘maklashgan. Qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz xalqlarining Jungar (mongollar) bosqinchiligiga qarshi harakatlarda birlashishga yordam bergan edi.

E’tiroflisi, Tole biy,  Qazbek biy, Aytike biy  haqiqat va adolat yo‘lida o‘z xalqiga halol xizmat qilishni o‘zlarining muhim vazifasi deb bilgan. Birga achchiq mag‘lubiyat alamini, g‘alabalar quvonchini baham ko‘rishgan.

Bobomiz Ayteke biyning: «Xalq ko‘z yoshlari quyoshda qurib ketmaydi», «Mening hayotim xalqqa tegishli, men esa faqat o‘limimga egaman», «Biy butun qozoq xalqining hayoti va taqdiriga ta’sir qiladigan oqilona qarorlar qabul qilish uchun yuqori ahloqiy darajada bo‘lishi kerak» - degan so‘zlari afsonaga aylangan uchta buyuk biy hayoti mazmunini o‘zida  aks ettirgan, deyish mumkin.

MANGU QO‘NIM TOPGAN MAKON

1699 yilda yilda bobosi  Seytqul  avliyo dafn etilgan  Nurotaga ziyoratga kelgan Ayteke biy oradan bir o‘tib 1700 yilda vafot etadi. Shu orada qozoq xalqiga qalmoq bosqinchilarining hujumi bois, biy otani Turkistonga olib borish va u yerda dafn etish imkoniyati bo‘lmaydi. Bu sovuq xabardan ilojsiz qolgan xalq Ayteke biyni Seytqul bobosining oyoq tomoniga dafn qilishgan.

Ayteke biy vafotidan so‘ng, Nurota tog‘i atrofida yashovchi ko‘pchilik ovullar aholisi Sirdaryo qirg‘og‘iga ko‘chib o‘tishadi. Hozirda Ayteke biyning oltinchi yettinchi avlodlari Qozog‘iston Respublikasining Qizilorda, Turkiston  viloyatlarida, ba’zilari esa  O‘zbekiston Respublikasining Navoiy, Buxoro Samarqand viloyatlari hamda Nurota tumanida yashaydilar.

PAYGʻAMBARNING QADAMI TEKKAN  JOY   

Mashhur tarixchi Muhammad Nar Shaxidin tomonidan 943 yilda yozilgan "Buxoro tarixi" asariga ko‘ra, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Nurotada bo‘lganligi qayd etiladi. Shuning o‘ziyoq, Nurota muqaddas zamin ekanligidan dalolat berib turibdi. Qolaversa, bu tuproqda buyuk bobomiz Ayteke biy – Seytqul avliyoning  dafn etilgani barchamiz uchun bu maskan qadrini yanada oshiradi.

2008 yilda  madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari Ravshanbek Mansurov har ikkala mamlakat O‘zbekiston va Qozog‘iston  rahbarlariga murojaat qilib,  Ayteke biy – Seytqul avliyo maqbarasini qurishga ruxsat oladi. 27 avgust kunida  maqbara qurilishi uchun birinchi qoziq qoqildi, shu tariqa nyecha asrlardan beri xalqning orzusi bo‘lgan maqbara qurish masalasi ijobiy yechimini topdi.  Qurilish 9 oy davom etdi. Majmuaning maydoni 6 gektar bo‘lib, uning hududida masjid, mehmonxona va bog‘ mavjud.

XULOSA O‘RNIDA

Shu o‘rinda maqolani tugatishim ham mumkin edi. Lekin men ham  bobom Ayteke biyning avlodidan «kichkina juz»ning  «yetti urug‘i» uning ichida «nog‘ayli teleu» urug‘idan ekanligimdan faxrlanganimni yozmasam bo‘lmas.

Darhaqiat, Ayteke biy bobomiz butun umri davomida turkiy xalqlar birligini  orzu qilgan va shu yo‘lda kurashgan. Bugun uning orzusi amalga oshdi. Hozirda tili, dini, tarixi tutash, madaniyati mushtarak bir daryodan suv ichgan O‘zbekiston va Qozog‘iston - ikki qardosh xalqning birligi va do‘stligining ramzi hisoblanadi.

Rayhon QODIROVA,

«Uchquduq» gazetasi muxbiri.

 

27 May 2024

    2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.

     “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.

      Aholining yagona elektron reyestri:

  • O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi;
  • tegishli davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda ushbu reyestrdan foydalaniladi;
  • Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladi.
27 May 2024

    Abituriyentlar 5 iyundan 25 iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

 

    “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilansin. Bunda:

ia) abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;

b) davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. 
  • Bunda, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
  • o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi;
  • ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi;

v) 2025-2026 o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;

g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: