LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

01 Jun 2024

     Uchquduq tuman hokimi Xamroyev Soli Farmonovichning 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

   Qadrli farzandlarim, aziz o‘g‘il-qizlarim!

   Bolalik inson umrining go‘zal va beg‘ubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri. Shuni chuqur his etgan holda Siz, navnihol farzandlarimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Shu fursatda foydalanib, Sizlar hayotimiz mazmuni, ertangi kundan umidimiz va orzularimiz ro‘yobi ekanligingizni ta’kidlab, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni chin qalbimdan tabriklayman! 

        Taraqqiyparvar davlatlar hayotidan mustahkam o‘rin egallagan bu bayram davlatimiz, xalqimiz o‘z farzandlarining baxti va kamoli uchun hech narsani ayamasligini, mamlakatimiz yoshlari ham Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni o‘z hayotining mazmuni deb bilishini yaqqol ifoda etmoqda.

Haqiqatan ham, bu dunyonining barcha quvonchi bir bola ko‘zida xalqalangan bir tomchi yosh, barcha qayg‘usi bir go‘dak labidagi nim tabassumga arzimaydi. Shu sababdan ham statistik ma’lumotlarning aksariyati bolalarga nisbatan olinib, “jumladan falon foyizi bolalar” iborasiga tez-tez duch kelamiz. Boshqacharoq ifodalasak bugun dunyoda 1 milliardga yaqin odam och-nahor kun kechirayotgan bo‘lsa shuning 25 foyizini bolalar tashkil etadi. Yoki odam savdosidek jirkanch illatdan har yili o‘n millionga yaqin bola jabr ko‘rmoqda. Bunday raqamlarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin.Xulosa shuki bola Yer yuzida aholining himoyaga muhtoj qatlami. Ayni chog‘da u hayot abadiyligining tantanasi. Unga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va rag‘bat ertangi kun, o‘z kelajagimizga bo‘lgan e’tibor demakdir.

   Aziz bolajonlar!

        Sizlarni yana bir bor Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan qutlab, mustahkam sog‘liq tilayman! Yozgi ta’tillaringiz maroqli va yorqin xotiralarga boy o‘tsin!

   E’tiboringiz uchun raxmat!

31 May 2024

Талабгорлардан аризалар 30 майдан 8 июнга қадар xotin-qizlar.uz платформаси орқали электрон шаклда қабул қилинади.

Эҳтиёжманд оилалардаги хотин-қизларга ОТМларга киришга тавсиянома олиш учун аризалар қабули бошланди. Бу ҳақда Тошкент шаҳар Оила ва хотин-қизлар бошқармаси хабар берди.

Талабгорлардан аризалар 30 майдан 8 июнга қадар xotin-qizlar.uz платформаси орқали электрон шаклда қабул қилинади.

Республика олий таълим муассасаларига қўшимча давлат гранти асосидаги қабул кўрсаткичлари доирасида олий маълумот олиш истагида бўлган эҳтиёжманд оилалардаги хотин-қизларнинг танловда иштирок этиши учун тавсиянома қуйидаги мезонлар асосида берилади:

  • кам таъминланган оилалардаги хотин-қизлар. Бунда кам таъминланган оила деганда, оиланинг ҳар бир аъзосига жами даромад аниқланадиган даврда белгиланган меҳнатга ҳақ тўлаш энг кам миқдорининг 0,5 бараваридан кўп бўлмаган миқдорда тўғри келадиган бир ойлик ўртача жами даромадга эга бўлган оила тушунилади;
  • тўлиқсиз оилада тарбияланаётган, яъни отаси ёки онаси ёхуд уларнинг иккаласи ҳам вафот этган ижтимоий ҳимояга муҳтож қизлар;
  • турмуш ўртоғи вафот этган, вояга етмаган фарзандини ёлғиз тарбиялаётган ижтимоий ҳимояга муҳтож аёллар;
  • ногиронлиги бўлган фарзанди бор эҳтиёжманд оилалардаги хотин-қизлар;
  • икки ва ундан ортиқ фарзандларини тарбиялаётган, бошқа қариндошларидан алоҳида (ижарада) яшаётган ижтимоий ҳимояга муҳтож ёлғиз аёлларнинг қиз фарзандлари;
  • ота-оналаридан бири ёки ҳар иккиси ҳам биринчи ёки иккинчи гуруҳ ногирони бўлган эҳтиёжманд оилалардаги хотин-қизлар.

Тавсиянома юқоридаги мезонларга мос келган, шунингдек, умумий ўрта таълим (11-синф негизида) ёки ўрта махсус, касб-ҳунар таълими муассасасини тугатгани ҳақидаги ҳужжатга эга бўлган эҳтиёжманд оилалардаги барча талабгор хотин-қизларга берилади.

31 May 2024

IIV, FVV, SSV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta’minot” AJning shoshilinch xizmatlari 112 qisqa raqamiga ulanib, yagona tizimga birlashtiriladi.

 

«112 yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, hodisa va favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun 112 qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi. 

112 yagona dispetcherlik xizmati Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatining shoshilinch xizmatlarini ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirgan holda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi. 

Qarorga ko‘ra, quyidagilar 112 yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

- fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan yordamni tashkil etish va ko‘rsatish;

- shoshilinch yordam ko‘rsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;

- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;

- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari o‘rtasida yaqindan axborot almashinuvi bo‘yicha tezkor o‘zaro hamkorlikni ta’minlash. 

112 yagona dispetcherlik xizmati quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi:

- 2024 yil 1 iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida;

- 2024 yil birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida;

- 2024 yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qolgan viloyatlarda. 

31 May 2024

     May oyi uchun tariflar oshirilganidan so‘ng O‘zbekistonda 2023 yilning shu davriga nisbatan elektr energiyasi iste’moli 324 million kVt/soatga, gaz iste’moli 125 million kub metrga kamaydi, dedi energetika vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, abonentlar va korxonalar soni ko‘payishi sharoitida iste’molning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi.

   Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 30 may kuni prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida 1 maydan tariflar oshirilganidan keyin O‘zbekistonda elektr va gaz iste’moli qanday o‘zgargani haqida gapirib berdi.

   Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-29 may kunlari elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan, ya’ni «shunday miqdor tejalgan».

   «Aytish joizki, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aholi o‘rtasida abonentlar soni 160 ming nafarga, yuridik shaxslar, ya’ni ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida ham abonentlar soni ortgan. Demak, abonentlar, iqtisodiyot va sanoatning o‘sishi bilan umumiy iste’mol kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi», — dedi vazir.

   Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga ko‘pdir.

   «Shu bilan birga, biz elektr energiyasi importi hajmini kamaytirib, aholini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlagan holda eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xuddi shu tendensiyani gaz bo‘yicha ham ko‘rish mumkin. Umumiy abonentlar sonining o‘sishi bilan bir qatorda may oyi 29 kunida iste’mol 125 million kub metrga kamaydi. Kundalik iste’molga e’tibor qaratilsa, issiqlik elektr stansiyalari rejadagidan 5-6 million kub metr gaz, shuningdek, ko‘mirni 2 barobar kam yoqmoqda», — dedi u.

31 May 2024

    “O‘zgidromet” O‘zbekistonda bu yilning iyun oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.
Bu yil yoz iliq ob-havo bilan boshlanadi. Harorat kunduz kunlari +28...+33 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +35...+38 darajagacha bo‘ladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqindir.

     Iyun oyining birinchi besh kunligida O‘zbekiston bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda 4-5 iyun kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari +14...+19 daraja, kunduz kunlari +28...+33 daraja, ba’zi joylarda +35 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +37 darajagacha bo‘ladi.

   6-10 iyunda ayrim kunlarda (1-2 kun) ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari +14...+19 daraja, kunduz kunlari +28...+33 daraja, shimolda va cho‘l hududlarda +35...+37 darajagacha bo‘ladi.

     Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat asosan kechalari +15...+20 daraja, kunduz kunlari +33...+38 daraja, janubda va cho‘l hududlarda +40 darajagacha bo‘ladi. Oyning ikkinchi o‘n kunligida qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi ehtimoli ko‘p.

31 May 2024

      Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyati yangi tartibda tashkil etiladi.
“Davlat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishiga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

      Vazirlar Mahkamasi va Sport vazirligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun har haftaning payshanba kunini to‘liq jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash;
Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyatini yangi tartibda tashkil etish.

      Belgilanishicha:
a) tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritish, ommaviy va professional sportni rivojlantirish sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, sport maktabi 2 ta bo‘lgan tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritadigan sport maktabi Sport vazirligi tomonidan belgilanadi;
b) sport maktablari faoliyati bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishga yo‘naltiriladi hamda ular professional sportchilar zaxirasini yaratish borasida seleksiya markazi hisoblanadi;
v) sport maktablarida quyidagi sport turlari bo‘yicha o‘quv guruhlari tashkil etilishi mumkin:
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari;
milliy va belbog‘li kurash hamda hukumat alohida qarorlari bilan belgilangan sport turlari;
g) 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ustamalar sport maktabi tomonidan tuman va shaharlarda yoshlarning sportga jalb qilingan bolalar, o‘smirlar va yoshlar ulushi hamda nufuzli xalqaro va respublika sport musobaqalarida erishilgan natijalar uchun belgilanadi;
d) sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yil davomida amalga oshiriladi.

       Quyidagilar sport maktablarining qo‘shimcha vazifalari etib belgilanadi:
mamlakatda bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish;
bolalar, o‘smirlar va yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga va har tomonlama jismoniy kamol topishiga yo‘naltirilgan sport-sog‘lomlashtirish va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
bolalar, o‘smirlar va yoshlarda sport bilan shug‘ullanish qobiliyatlarini aniqlash va ularni sportning alohida turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport mashg‘ulotlariga jalb qilish;
sport bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun malakali trenerlar tarkibini shakllantirish, sport zaxirasi va sport turlari bo‘yicha professional sportchilar zaxirasini yaratish;
sport maktablari o‘quvchi-sportchilari uchun sportning alohida turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot jarayonini tashkil etish, shuningdek ularni o‘qitish usullari va shakllarining uzviyligini ta’minlash;
hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

      Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda o‘z hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiradigan vazifalari va erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlarini belgilashni nazarda tutuvchi yillik jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi.

     Hududlarda yosh istiqbolli sportchilarni saralash, tanlab olish va tayyorlash, shuningdek hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hududiy terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil qilish maqsadida, Sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.

31 May 2024

 2024 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar

Qurilishda yangi talab – zilzilaga qarshi choralar

 Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. 

 

Mazkur qaror bilan 2024 yil 1 iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etilmoqda.

Bunda, seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III—IV toifa bo‘lgan obektlarning loyiha-smeta hujjatlari ularda kuchli zilzila sodir bo‘lganda gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash tizimi mavjud bo‘lgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilyapti.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

Bunda seysmoprognostik monitoring amalga oshirilishini tashkil etish, bo‘lib o‘tgan zilzilalarning raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash markaz tomonidan, zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon bo‘lishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash esa Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Kuchli zilzila xavfi bor hududlar aniqlanganda, bu haqidagi ma’lumotlar zudlik bilan respublika kengashiga kiritib boriladi. 

Chiqindidan qarzi borlarga “svet” yo‘q

Davlat rahbarining 2024 yil 4 yanvarda qabul qilingan “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan chiqindidan qarzi borlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish bosqichma-bosqich cheklanadi.  

Ya’ni qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etiladi. Ushbu amaliyot birinchi bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024 yil 1 iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun yo‘lga qo‘yiladi.  

Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Bundan tadbirkorlik sub’yektlarining aholi tomonidan mustaqil saralangan chiqindilarni sotib olish hollari mustasno.

Qarorda 2024 yil 1 iyundan boshlab belgilangan tartibda maxsus texnikaga ega bo‘lgan sanitar tozalash korxonalari tomonidan sanoat, suyuq maishiy, yirik hajmli maishiy, qurilish, tibbiyot hamda zaharli-kimyoviy chiqindilarni olib chiqib ketish kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi ham belgilab qo‘yilgan. 

Tazyiqqa uchraganlar himoyaga olinadi

2024 yil 10 may kuni prezidentning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hujjatda 2024 yil 1 iyundan boshlab respublikada qator tartiblar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, 2024 yil 1 iyundan boshlab:

a) «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;

b) xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining «102» telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi;

v) tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

— xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;

— profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;

— tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;

— rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar «Inson» markazlariga real vaqt rejimida «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali yuboriladi.

Shuningdek, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2024 yil 1 iyundan boshlab Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.

Mingrantlar uchun imkoniyatlar yaratiladi

Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda qator imkoniyatlar yaratilmoqda.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

a) «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

— xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;

— xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;

— yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi;

v) sug‘urta tashkilotlariga — «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta ellik ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi;

g) xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

 Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bunda subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda uch va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.

Hujjatda 2024 yil 1 iyundan boshlab mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. 

Bog‘cha tarbiyachilarining maoshi oshadi

Davlat rahbarining 2023 yil may oyida imzolagan qaroriga asosan 2024 yil 1 iyundan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlarinikiga tenglashtirilishi lozim.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat bog‘chalarining oliy ma’lumotli tarbiyachi-metodist, tarbiyachilari 1 mln 203 ming 660 so‘m olishi belgilangan. Maktablarning oliy ma’lumotli boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari esa 2 mln 90 ming 399 so‘m oladi. Shundan kelib chiqilsa, bakalavr diplomiga ega bog‘cha tarbiyachilarining maoshi 2 mln so‘mdan oshirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2024 yil 1 iyundan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari oshirilmoqda. 

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 iyundan boshlab:

  • davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtiriladi;
  • tajriba-sinov tariqasida «issiqxona gazlari savdosi» milliy tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda 2025 yil 1 yanvardan energetika va sanoat tarmoqlarida to‘liq joriy qilinadi;
  • Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida eksperiment tariqasida 5 yilgacha bo‘lgan muddatga xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llanadigan maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi;
  • foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot «bazaviy me’yor» va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuborilishi ta’minlanadi
  • MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
  • «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi;
  • «Yosh tadbirkor» tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘qituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalari pedagoglariga tenglashtirish hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi.
31 May 2024

    Ehtiyojmand xotin-qizlardan OTMda o‘qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

Talabgorlardan arizalar 30 maydan 8 iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga OTMlarga kirishga tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi xabar berdi.

   Talabgorlardan arizalar 30 maydan 8 iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

    Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

30 May 2024

     Dunyoda bolalik quvonchi, bolalik zavqidan o‘tadigan tuyg‘u yo‘q. Bu tuyg‘u olamni xursandchilikka, shodlikka burkaydi. Ana shunday vaqtda hayot yanayam go‘zal va nurafshondek ko‘rinadi ko‘zimizga.
      1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab tuman hokimligi, “Uchquduq – Al qasr” MCHJ hamda homiy tadbirkorlar hamkorligida tashkil etilgan bayram tadbiri ko‘ngillarni ana shunday yoqimli tuyg‘ularga oshno etdi.
“Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari!” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbir muhtasham “Al qasr” kafesida bo‘lib o‘tdi. Unda 50 nafardan ortiq tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning bolalari ishtirok etdi.
      Tadbirda tuman hokimi S.F.Xamroyev, “Qizilqum” jome’-masjidi imom-xatibi A.Turdiyevlar so‘zga chiqib, bolajonlarni 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami bilan samimiy qutlab, istiqbol egalariga baxt-tole va iqbol tiladilar.
Tuman hokimligi va homiylarning sovg‘alari bolajonlarni xushnud etdi.

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

30 May 2024

         1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Uchquduq tumani markazida davlat xususiy - sherikchilik asosida “Porloq yulduzchalar” maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 180 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasada bugungi kunda 3 ta guruhda 90 nafar kichkintoy qabul qilingan bo‘lsa, yana 3 ta guruhga bolajonlarni qabul qilish ishlari davom ettirilmoqda.
        “Uchquduq – Al qasr” MCHJ rahbari Nurali Safarov tomonidan asos solingan ushbu maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim rus tilida olib boriladi. Bundan tashqari, ingliz tili, raqs, mental arifmetika singari to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, muassasa tashqari hovlisida har bir guruh bolajonlari uchun o‘yin maydonchalarining tashkil etilgani bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar ota-onalarini behad quvontirdi.
       -Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bilan hamkorlikda 10 nafar xotin-qizlar bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzilgan holda “Yosh bolalar uchun enaga tarbiyachi yordamchisi” yo‘nalishida kasbga o‘qitildi. Bugun ushbu opa-singillarimiz “Porloq yulduzchalar” maktabgacha ta’lim tashkilotida doimiy ishga qabul qilingan. Hozirda 15 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, yana 10 ta yangi o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz, - deydi “Uchquduq – Al qasr” MCHJ rahbari Nurali Safarov.

 

Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati 

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: