Uchquduq respublikaning eng chekka hududi bo‘lsa ham bu yerga har kuni o‘nlab odamlar turli viloyatlardan tashrif buyurishadi. Birovi ish yuzasidan, yana boshqasi shu yerda ishlab yashayotgan yaqinlarini ko‘rish maqsadida. Shu uchun ko‘pincha begonalarning kimligi, nima uchun kelganinga unchalik e’tibor qaratmaymiz.
Toshkent shahrida uchrashib "do‘stlashgan" farg‘onalik Shamshira, qashqadaryolik Usmon va Gʻaybulla (barcha ismlar o‘zgartirildi)lar bu gal Uchquduqqa na mehmonga, na ish axtarib kelishdi. Balki g‘arazli rejalarini amalga oshirish uchun qadam qo‘yishdi. O‘zlari bilan 50 dona gugurt qutiga solingan marixuna giyohvandlik vositasini sotishni ko‘zlab kelgan bu og‘ufurushlarning shum niyati amalga oshmadi.
Uchquduq tumani “Do‘stlik” mahallasi hududidagi “Lochin” sport majmuasi yonida shu kuni amalga oshirilgan tezkor-tadbirda
14 mln so‘m miqdoridagi pullar evaziga 50 dona gugurt qutisiga solingan Navoiy viloyat IIB EKBning xulosasiga ko‘ra ko‘p miqdorni tashkil qiluvchi sof og‘irligi 221,38 grammga teng “marixuana” giyohvandlik vositasi ular tomonidan "Xaridor"ga sotilayotgan paytda huquq tartibod idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Giyohvandlik vositasini olib kelishga boshchilik qilgan Shamshiraga O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 7 (yetti) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sheriklardan biri og‘ufurush Usmonga 8 (sakkiz) yil, Gʻaybullga esa 10 (o‘n) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ming afsuski bu yigit-qizlarning 20-22 yoshlarda. Ular uchun mamlakatimizda o‘qishlari, mehnat qilib ishlashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan edi. Ammo ular o‘zlari uchun shu yo‘lni tanlashdi. Shukrki ularning g‘arazli niyatlari qaysidir uchquduqlik ota-onaning hayotini zaharlashgacha yetib bormadi.
Akmal Qurbonov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi raisi