Xazonrezgi qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga uglerod, azot, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bu esa nafaqat ekologiya, balki insonlar salomatligi uchun ham jiddiy xavf tugʻdiradi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi dala va aholi punktlarida angʻiz, xazon va shox-shabbalar yoki oʻsimliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yubormaslik toʻgʻrisida ogohlantiradi.
Qayd etilishicha, bu kabi huquqbuzarliklar “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 4, 24-moddalari buzilishiga olib keladi.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 20 ming soʻmdan, 1 mln 700 ming soʻmgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 700 ming soʻmdan, 3 million 400 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.