Aholi murojaatlarini qabul qilish va ular bilan tizimli ravishda ishlash, xalq bilan yaqindan muloqot qilishda sayyor qabullar muhim ahamiyatga ega.
Bugun Uchquduq tuman hokimi U.F.Yelmuratov, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi, respublika ishchi guruhi a’zosi N.Asqarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Uchquduq tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri B.Axmedov hamda tumandagi muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Altintau” OFY Qulquduq ovulida xalq bilan bevosita muloqot qilish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Aytish joizki, aholi muammolari bilan ishlashda murojaatlarni qabul qilish tizimining samaradorligi va shaffofligi joylarda murojaatlarning o‘z vaqtida ijobiy hal etilishi muhimdir. Ovul ahli kundalik maishiy muammolar, ishsizlik va yashash xonadoni bilan bog‘liq bir qator masalalarda tuman hokimiga murojaat qildilar.
Jumladan, ovul oqsoqollari Q.Seytnazarov va J.Abdiramanovlar: “Yerler ata” ziyoratgohidan ovulga 5 km masofada ichimlik suvi tortilganligi hozirda ushbu tarmoqda nosozlik tufayli suv ovulgacha yetib kelmayotganligi haqida gapirib, Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan suv quvurlariga xizmat qiladigan mas’ul xodim tayinlash taklifini bildirdilar. A.Davletov: Yaqinda tuman rahbarlari bilan misrlik investorlar ovulga tashrif buyurib, hududda sanoatni rivojlantirish loyihasini amalga oshiishga qaratilgan 20 mln. AQSH dollari hisobidan investisiya kiritishini aytishganda xursand bo‘ldik. Bu degani ovul yoshlari uchun ish o‘rni degani. Faqat, tuman rahbariyatidan iltimosim ushbu loyiha doirasida amalga oshiriladigan malaka talab qilinmaydigan ish o‘rinlariga ovul aholisi yoshlari va xotin-qizlaridan ishga olinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ovulning yana bir fuqarosi M.Davletov: 13 yildan beri tuman hokimligi balansida bo‘lgan uy-joyda yashayotganligi imkoni bo‘lsa xususiylashtirish masalasida ko‘mak ko‘rsatishlarini so‘rab murojaat qildi.
Sayyor qabulda aholining boshqa masalalar bo‘yicha ham murojaatlari tinglandi. Qabulda ishtirok etayotgan tegishli mas’ullarga murojaatlarni o‘z vaqtida, imkon qadar ijobiy hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI