Hokimiyat matbuot xizmati
Yangi yil sovg‘alari koronavirus infeksiyasi tashuvchisi bo‘lishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti”ga rossiyalik shifokor-epidemiolog Olga Nenastina ma’lum qildi.
Uning aytishicha, virus pul hamda karton yuzalarida 24 soatgacha, plastik va metall buyumlarda esa uch kungacha yashashi mumkin. Koronavirus qattiq sirtlarda, shu jumladan, plastik va zanglamaydigan po‘latda uzoqroq yashashini ta’kidladi. “Shuning uchun savdo markazlarida sovg‘alar tanlashda, albatta, niqob va bir martalik qo‘lqopda bo‘lish kerak”, — deb maslahat bergan shifokor.
Tibbiyot fanlari doktori, immunolog Vladislav Jemchugov sovg‘alarni xarid qilgandan so‘ng ularni dezinfeksiyalashni maslahat berdi. Agar bu mevalar yoki sabzavotlar bo‘lsa, unda ularni oqar suv bilan yaxshilab chayish kifoya, deb tushuntirgan Jemchugov.
Xabarda aytilishicha, kuni kecha Moskva Sog‘liqni saqlash boshqarmasining bosh infeksionisti Svetlana Smetanina COVID-19 tarqalishi sababli animatorlarni Yangi yilni nishonlashga taklif qilmaslikni tavsiya qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bayramga koronavirusga antitanaga ega qorbobo kelishi haqida ko‘plab xabarlar paydo bo‘ldi. Smetanina animator bir kunda ko‘plab xonadonlarda bo‘lishi va virus uning kiyimida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. “Shunday qilib, u sizga va sizning qarindoshlaringizga virusli infeksiyani olib kelish ehtimoli bor”, — deb tushuntirgan bosh infeksionist.
Avvalroq JSST koronavirus infeksiyasi pandemiyasi munosabati bilan Yevropa aholisiga Rojdestvo va Yangi yilni ko‘chada nishonlashni tavsiya qilgani haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi turi haqida ma’lumot berdi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva koronavirusning yangi shtammi haqida ma’lumot berib, bu haqdagi savollarga javob berdi:
“Biz shuni unutmasligimiz kerakki, har qanday virus atrof-muhitga moslashish davrida mutatsiyaga uchraydi. Mutatsiyaning qanchalik keng ko‘lamda bo‘lishi virusning tarqaluvchanligi bilan bog‘liq, ya’ni kasallikni yuqtirgan har uchinchi, to‘rtinchi odamda bu virus mutatsiyasi kuzatiladi. Koronavirusning keng tarqalayotgan mutatsion shtammi sentabr oyida birinchi bor Buyuk Britaniyada aniqlangan, bugungi kunda 60 nafardan ortiq provinsiyada bu shtamm kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud”.
Shuningdek, u COVID-19’ning mazkur shtammi asosan kimlarda aniqlanayotganini ham ma’lum qilgan.
“Olimlarning kuzatishi bo‘yicha COVID-19’ning mazkur shtammi ko‘proq bolalar va yoshlarda aniqlanmoqda hamda kasallik belgilarida deyarli o‘zgarish yo‘q. Lekin bu shtamm aniqlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagani bois kasallikning og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechuvi haqida ma’lumotlar yetarli emas. Bu esa bizni yanada hushyor bo‘lishga chorlaydi”, — deydi u.
Sevara Ubaydullayeva koronavirusga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinalar kasallikning yangi shtammiga ham ta’sir qilishini ta’kidlagan:
“Yangi shtamm tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqsilli qobig‘iga ta’sir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham, vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda.
Vaksina immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun tayyorlaydi, bu esa tojning muayyan qismi mutatsiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi. Dunyo olimlari virus vaksinaga qarshi tura oladigan mutantlarni keltirib chiqarsa, koronavirusga qarshi vaksinalarni kasallikka moslashtirib borish mumkinligi haqida aytishmoqda”.
Uning ta’kidlashicha, kasallikdan himoyalanish uchun doimiy ravishda karantin va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Jumladan:
- niqoblarni to‘g‘ri taqish va o‘z vaqtida almashtirish;
- uydan tashqariga chiqqanda o‘zaro masofani saqlash;
- qo‘llarni doim sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish;
- uyga qaytganda, oila a’zolari bilan ko‘rishishdan oldin kiyimlarni almashtirish, qo‘llarni sovunlab 20 soniyadan ko‘p yuvish, tomoq va burunni 3 martadan ortiq issiqroq suvda chayish, yuzlarni yuvish;
- sog‘lom va ratsional ovqatlanish, meva sabzavotlarga boy ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish (ovqat to‘liq termik ta’sirdan o‘tgan bo‘lishi kerak);
- yengil jismoniy harakatlar bilan doimiy shug‘ullanish, nafas mashqlarini bajarish va asta-sekin jismoniy faollikni ko‘paytirib borish lozim.
Koronavirusning yangi shtammi
Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.
Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da ham o‘xshash mutatsiyadagi virus topilgani haqida xabar berilgan edi. Virusning yangi varianti hozirgi vaksinalar hosil qiladigan immunitetdan kuchliroq bo‘lishi mumkin, degan taxminlar uchun hozircha biror-bir asos yo‘q. Buyuk Britaniya 8-dekabr kuni G‘arb mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan dori vositasi bilan ommaviy vaksinatsiya qilishni boshlagan edi.
Yevropaning bir qator mamlakatlari — Niderlandiya, Belgiya, Avstriya va Italiya kabilar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishini e’lon qilib ulgurdi. Irlandiya, Fransiya va Germaniya, shuningdek, Isroil ham shunday qaror qabul qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bild nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan Buyuk Britaniyadan Yevroittifoqqa parvozlarni 20-dekabr oqshomidan to 2021-yil 6-yanvarigacha muvofiqlashtirilgan holda taqiqlash bo‘yicha kelishishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va JAR o‘rtasidagi aviaqatnovlar cheklanishi, Buyuk Britaniya bilan temiryo‘l va parom aloqasi ham to‘xtatilishi mumkin.
Yangi shtamm Daniya va Braziliyada ham aniqlandi.
Shuningdek, yangi shtamm sabab Saudiya Arabistoni, Rossiya va 20 dan ortiq mamlakat aviaqatnovlarni chekladi. Shu jumladan, O‘zbekiston ham yetti davlat bilan aviareyslarni to‘xtatdi.
Twitter ma’muriyati Amerika prezidenti rasmiy akkaunti @POTUS va Oq uy rasmiy akkaunti @WhiteHouse’ning mavjud obunachilarini AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenga o‘tkazmaydi. Bu haqda Baydenning raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha vakili Rob Flaerti ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Baydenning jamoasi Business Insider nashriga aniqlik kiritishicha, Baydenga birinchi xonimning @FLOTUS va Oq uy matbuot kotibining @PressSec rasmiy Twitter-sahifalarining mavjud obunachilari ham berilmaydi.
Twitter Bayden hamda uning ma’muriyatida vitse-prezidentga aylanadigan Kamala Xarrisning shaxsiy sahifalari obunachilariga bildirishnoma yuborib, Baydenning o‘tish davri jamoasi rasmiy sahifasi @transition46’ga obuna bo‘lish imkoniyati haqida ma’lum qiladi. Keyinchalik bu akkaunt Oq uyning rasmiy sahifasi sifatida @WhiteHouse deb o‘zgartiriladi.
Twitter rasmiy vakili Nik Pachilio The Wall Street Journal’ga ma’lum qilishicha, Bayden AQSh prezidenti bilan bog‘langan jami 12 ta rasmiy akkauntni qo‘lga kiritadi. Pachilioning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoq Baydenning jamoasi bilan akkauntlarga aloqador “bir qator jihatlar bo‘yicha” muzokaralarni davom ettirmoqda.
Rasmiy Twitter sahifalarining joriy obunachilari nima sababdan Baydenga berilmasligi noma’lum. Flaerti ta’kidlashicha, 2016-yilda amaldagi prezident Donald Trampga @POTUS va @WhiteHouse akkauntlarining obunachilari undan avvalgi prezident Barak Obamaning iltimosi bilan berilgan edi. The Washington Post jurnalisti Xyugo Louell o‘z Twitter’ida Baydenning jamoasiga tayanib yozishicha, obunachilarning yangi AQSh prezidentiga berilishidan Tramp akkauntlarining administratori bosh tortgan.
Barak Obama rasmiy kommunikatsiyalar uchun Twitter’dan foydalanishni boshlagan birinchi amaldagi AQSh prezidentiga aylangan. U foydalangan @POTUS sahifasi u lavozimdan ketganidan keyin @POTUS44’ga o‘zgartirilgan va muzlatilgan. O‘sha vaqtda uning 13,7 million obunachisi bo‘lgan.
Donald Tramp uchun yangi @POTUS akkaunti tuzilgan. Uning vakolatlari tugashi bilan sahifa @POTUS45 deb qayta nomlanadi va muzlatiladi.
Ayni paytda @POTUS akkauntiga 33,2 million kishi obuna bo‘lgan. @WhiteHouse sahifasida 26 million, @FLOTUS’da 16,4 million, @PressSec’da esa 6,3 million obunachi bor.
Donald Tramp Twitter’dan faol ravishda foydalanadi, biroq o‘z bayonotlarini rasmiy sahifada emas, o‘zining shaxsiy akkauntida e’lon qilib boradi. Trampning @realDonaldTrump shaxsiy sahifasiga 88,5 million kishi obuna bo‘lgan. Jo Baydenda esa 21,6 million obunachi bor.
2021-yil 20-yanvar kuni saylangan davlat rahbari demokrat Jo Bayden o‘z lavozimiga kirishishi kerak. Dekabr o‘rtalarida saylovchilar hay’ati Trampning saylovdagi bosh raqibini Amerikaning 46-prezidenti deb e’lon qildi. Baydenning inauguratsiyasi an’anaga ko‘ra Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.
Amaldagi Amerika yetakchisi o‘z raqibining g‘alabasini tan olishdan bosh tortib, hamon saylov natijalari yuzasidan sudlarda da’volashishga urinmoqda. CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Tramp “chuqur e’tiroz” lahzalarida jazavaga tushib, Baydenning inauguratsiyasi kuni Oq uyni tark etmasligini aytmoqda.
Bayden esa o‘z raqibini ba’zi shtatlardagi saylov yakunlarini sud orqali bekor qilishga urinib, bu bilan xalq xohishiga hurmatsizlik ko‘rsatayotganlikda aybladi.
Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi 18 va 23 yoshli ikki yigit 2020-yilning 20-dekabr kuni 16 yoshli qizni olib qochgan, qiz esa ulardan qutulish uchun o‘zini mashinadan tashlagan va halok bo‘lgan. Bu haqda Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” axborot dasturi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Norin tumanida yashovchi ikki yigit 20-dekabr kuni soat 23:30 da spirtli ichimlikdan mast holda tumanning “Changitma” mahallasidagi xonadonlardan birida ijarada yashab kelayotgan, asli Uchqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgan 16 yoshli qizning oldiga borgan. Yigitlar qizga uning dugonasi bilan bog‘liq muhabbat mojarosida gaplashib olmoqchi ekanligi va bu masalada uning yordami kerakligini aytgan. Shundan so‘ng yigitlar qizni Damas mashinasi o‘tkazib, uni o‘g‘irlab ketgan.
Qiz esa yigitlardan qutulish maqsadida yurib ketayotgan mashinaning eshigini ochib, o‘zini yerga tashlagan.
Qizni o‘g‘irlagan yigitlardan birining so‘zlariga ko‘ra, qiz o‘zini mashinadan tashlagach, u mashinadan tushib, qizga yordam berish uchun oldiga borgan. Ikkinchi yigit esa qo‘rqqanidan voqea joyidan qochib ketgan.
Damas haydovchisi voqea joyidan qochib ketgach, yo‘ldan o‘tib ketayotgan Lacetti haydovchisi to‘xtab, jon talvasasida yotgan qizni shifoxonaga olib borgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, qiz o‘ta o‘g‘ir tan jarohati bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Aniqlanishicha, qiz o‘g‘irlab ketilgan xonadonda Uchqo‘rg‘on tumanidan ikki nafar, Norin tumanidan bir nafar qiz o‘qishga kirish uchun tayyorlov kurslarida o‘qish maqsadida bir yarim oydan buyon yashab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Norin tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) hamda 137-moddasi 3-qismi “b” bandi (og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikki yigitga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ўзбекистонда 2020 йилги «Президент арчаси» тадбирлари COVID-2019 вируси билан боғлиқ вазиятни инобатга олган ҳолда болалар соғлиғини асраш мақсадида карантин талабларига қатъий риоя этган ҳолда ташкил этилади. Бу ҳақда ХТВ матбуот хизмати хабар берди.
Қайд этилишича, «Томоша» болалар театр-студияси томонидан тайёрланган «Президент арчаси» байрам дастури томошабинларсиз Ўзбекистон миллий телерадиокомпанияси томонидан тасвирга олинади ҳамда «Болажон», «Ёшлар» телеканаллари томонидан ташкил этиладиган Янги йил телемарафони доирасида намойиш этилади.
Бугунги кунда Меҳрибонлик уйлари тарбияланувчилари, ота-она қаровисиз қолган болалар, ота-оналари ватан сарҳадларини ҳимоя қилиш йўлида қурбон бўлган болалар ҳамда ижтимоий ҳимояга муҳтож оилаларнинг 3-15 ёшдаги фарзандлари учун 11 000 дона «Президент совғаси» ҳозирланмоқда. Совғалар 28—30 декабрь кунлари барча ҳудудларга етказиб берилади.
Эслатиб ўтамиз, Ўзбекистонга коронавируснинг кириб келиши ва тарқалишининг олдини олиш юзасидан чора-тадбирлар дастурини тайёрлаш бўйича Республика махсус комиссиясининг 13 декабрдаги қарори билан вазирлик, идоралар, давлат улуши бўлган корхоналар ва бошқа хўжалик ташкилотларига турли хил корпоратив ва кўнгилочар байрам тадбирлари ташкил этиш тақиқланди. Шунингдек, ўқувчи ва талабалар иштирокида Янги йилга бағишланган байрам тадбирларини ўтказишга ҳам рухсат берилмайди. Мактабларда байрам тадбирларини ўтказиш мақсадида ота-оналардан турли хил ноқонуний пул йиғимларини йиғиш ва мактаб фоеси ва синф хоналарини сунъий арча ва электр чироқлар билан безатиш ҳам қатъий тақиқланган.
Махсус комиссия фуқароларга янги 2021 йил байрами тадбирларини оила даврасида ўтказишни тавсия этган. Ҳудудий ваколатли органларга эса вилоятлар, туманлар марказлари ва шаҳарларда очиқ осмон остида арчалар ўрнатиш тавсия этилган.
Telegram мессенжери Android ва iOS платформаларидаги иловасининг янги – 7.3 талқинини тақдим этди.
Овозли чат
Янги версиядаги энг асосий янгилик – исталган гуруҳда овозли чат ташкил этиш имкони туғилган. Яъни гуруҳларда мессенжер фойдаланувчилари аудиоконференцалоқа шаклида реал вақт режимида суҳбатлашишлари мумкин.
Ҳайратланарлиси, ҳар бир овозли чатда бир неча минг иштирокчи қатнаша олади. Аудиоконференцияда неча киши бир вақтнинг ўзида гапира олишини белгилаб қўйиш имконияти бор.
Жўнатилган хабарларни таҳрирлаш қулайлашди
Telegram'да юборилган суратни кўриш режимида қаламча тугмаси пайдо бўлди. Уни босган ҳолда, жўнатилган расмга қайта ишлов бериб (қаламда чизиш, ранг эффектини қўшиш, стикер ёпиштириш), расмни таҳрирлаш мумкин.
Хабарни таҳрирлаш вақтида яна нечта белгидан кейин лимит тўлишини кўрсатувчи индикатор қўшилди.
Овозли смайллар
Анимацияли эмодзиларнинг айримлари энди нафақат «қимирлайди», балки эмодзига мос товуш ҳам чиқаради.
«Қимирлайдиган» смайллар сони ҳам ошган.
Янги версияда шунингдек интерфейс билан боғлиқ бошқа кичик ўзгаришлар ҳам ўрин олган.
Иловани Google Play ва App Store'дан юклаб олиш мумкин.
Эслатиб ўтамиз, 2020 йилнинг август ойида Telegram видеоқўнғироқлар хизматини ишга туширган эди.
Германияда чоп этиладиган «Berliner Telegraph» журналининг декабр ойидаги сонида Ўзбекистоннинг замонавий тараққиётига бағишланган таҳлилий мақола эълон қилинди. Мақолада Ўзбекистон Евроосиёнинг маркази ва Марказий Осиёдаги энг кўп аҳоли яшайдиган давлат сифатида минтақавий ҳамкорликда етакчи мавқега эга экани таъкидланган.
«Марказий Осиёдаги энг кўп аҳоли истиқомат қиладиган давлат раҳбари минтақавий ҳамкорликда етакчи ролини ўз зиммасига олиш кераклигини англади. Қўшни Қирғизистон ва Тожикистон билан минтақавий дарёларнинг қуйи қисмида жойлашган мамлакатлар, жумладан Ўзбекистонга сув етказиб бериш масаласидаги зиддиятлар ҳал қилинди. Икки томонлама чегарадан ўтиш пунктлари очилиб, қуруқлик ва ҳаво орқали транспорт алоқалари тикланди. Ўзбекистон минтақада умумий иқтисодий ривожланиш, хавфсизлик ва барқарорликка интилмоқда», дейилади хусусан мақолада.
Муаллиф Ўзбекистоннинг Афғонистонда тинчлик ўрнатиш, қўшни мамлакатни иқтисодий қайта тиклаш борасидаги саъй-ҳаракатларига ҳам эътибор қаратган.
«2016 йилги Президент сайловидан сўнг Ўзбекистоннинг Афғонистонга нисбатан сиёсати янгича кўриниш олди. У яхлит ёндашувга асослангани билан аҳамиятли. Президент Шавкат Мирзиёев Афғонистон хавфсизлиги Ўзбекистон учун ҳам хавфсизлик масаласи экани, Афғонистондаги тинчлик жараёни минтақавий ва глобал кун тартибида янада муҳим аҳамият касб этишини англади», дейилади мақолада бу хусусда.
Мақолада Ўзбекистон Афғонистонга иқтисодий кўмак кўрсатаётгани ҳам таъкидланган. Жумладан, мамлакат қўшни давлатни электр энергияси билан таъминламоқда, Термиз ва Афғонистон шимолидаги Мозори Шариф ўртасидаги темир йўл алоқасини кенгайтиришда иштирок этиб, янги темир йўл тармоқлари қурилишини тўла қўллаб-қувватлаяпти.
Нашр Ўзбекистон раҳбарининг ташаббуслари Германиянинг Европа Иттифоқи Кенгашига раислиги даврида қабул қилинган ЕИ Марказий Осиё стратегиясининг мақсад ва вазифаларига мос келишини қайд этган. Шавкат Мирзиёевнинг иқтисодий ислоҳотлари бошлангандан буён Европа Иттифоқига аъзо давлатлар, шу жумладан Германия Ўзбекистоннинг муҳим шериклари экани таъкидланган.
Шу нуқтайи назардан, 2019 йил январ ойида Ўзбекистон раҳбарининг ГФРга муваффақиятли ташрифи, шунингдек, Германия президенти Франк-Вальтер Штайнмайернинг ўша йил май ойида Ўзбекистонга жавоб ташрифи самарали бўлгани эсланади.
«Президент ва ҳукуматнинг ўзбек жамияти манфаатлари йўлидаги истиқболли ислоҳотлари Германия тузилмалари томонидан қатъий қўллаб-қувватланмоқда», дейилади бу ҳақда.
Мақолада Президент Шавкат Мирзиёев томонидан БМТ Бош ассамблеясининг 75-сессиясида илгари сурилган янги халқаро ташаббусларнинг мазмун-моҳияти ва аҳамияти очиб берилган. Шунингдек, республиканинг БМТ Инсон ҳуқуқлари бўйича кенгашига сайлангани алоҳида қайд этилган.
«Шавкат Мирзиёев тўрт йил аввал президент этиб сайланганидан буён Ўзбекистоннинг ташқи ва минтақавий сиёсати сезиларли даражада ўзгарди. Муҳим ислоҳотлар бошланди, мамлакат очилди ва халқаро ташкилотлар доирасида мунтазам равишда муҳим ташаббуслар ва сиёсий таклифларни илгари сурмоқда», деб хулоса қилади Маттиас Дорнфельд.
Муаллиф Ғарбда президент Шавкат Мирзиёев МДҲ маконидаги қатъий ислоҳотчи сифатида қабул қилинади ва айниқса иқтисодий алоқаларни кенгайтириш ҳақида гап кетганда, кутилган меҳмон сифатида эътироф этилади, деб таъкидлаган.
Маълумот учун, «Berliner Telegraph» («Берлин телеграфи») журнали 2014 йилдан буён немис ва рус тилларида чоп этилади. 30 минг тиражда тарқатилади.
Antarktidadagi Chili tadqiqotlar bazasida 36 kishi koronavirusga chalindi. Meduza’ning yozishicha, bu haqda chililik harbiylariga tayanib, Emol nashri xabar berdi.
Antarktida koronavirus aniqlangan so‘nggi qit’a bo‘ldi. Qolgan barcha qit’alarda fevral oxirlariga borib virus aniqlangan.
Antarktidada muqim yashaydiganlar yo‘q, lekin bir nafardan 5 nafargacha kishi har yili turli stansiyalarda ish olib boradi. Bu yerda turli mamlakatlarga tegishli 90 ga yaqin har xil stansiya bor.
Jons Hopkins universiteti tomonidan keltirilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 77,5 milliondan oshdi, shularning 43,7 mingdan ziyodi sog‘aygan, 1,7 milliondan ortiq kishi vafot etgan.
Dunyoda koronavirus infeksiyasiga chalinish bo‘yicha qariyb 78 millionta holat qayd etildi, deb yozadi Meduza Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib.
Kasallanganlar soni bo‘yicha barcha dunyo mamlakatlari ichida AQSh yetakchilik qilmoqda (18,2 million kishi). Birinchi uchlikka Hindiston (10 million) va Braziliya (7,3 million) ham kiradi. Ulardan keyingi o‘rinda Rossiya (2,9 million) bormoqda.
Infeksiya oqibatida butun dunyoda 1,7 million kishi vafot etdi. Qariyb 44 million kishi sog‘aydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir hafta ichida koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha yangi rekord qayd etilgan: COVID-19 4,6 milliondan ortiq odamda aniqlangan, bu o‘tgan bir haftalik ko‘rsatkichdan 6 foizga ko‘p demakdir. O‘limlar soni esa 4 foizga oshgan.
So‘nggi yetti kun ichida eng ko‘p kasallanish holatlari AQShda (1,6 million, +14%), Braziliyada (326 ming, +8%), Turkiyada (194 ming, +11%) va Rossiyada (194 ming, +18%) qayd etilgan. Kasallikni yuqtirish holatlarining eng katta qismi Amerika mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi, Yevropa esa bir hafta ichidagi o‘lim holatlari soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
JSST hisob-kitoblari bo‘yicha jami 75 million kishi koronavirusga chalingan, 1,6 million kishi vafot etgan.
Шимолий кон бошқармасига қарашли Алоҳида ҳарбийлаштирилган кон қутқарув пунктида ёшлар етакчиси ташаббуси билан билимдон ёшлар ўртасида “Заковат” ўйинлари бўлиб ўтди. Унда саволларга китоб ўқиб, ўз билимини оширган ёшлар пешқадам бўлишди.
- Ёшлар онгида она ватанга бўлган меҳрни уйғотишда она алласи билан бирга китобнинг ҳам ўрни катта. Китоб билан дўст бўлган инсоннинг маънавий онги дунё қараши фикрлаш қобилияти ва билим юксалиб бораверади. –дейди ёшла етакчиси Темур Саралтаев
Бундай заковат уйинлари ёшларнинг сиёсий ва хуқуқий билимларини янада оширишда, китоб билан ошно бўлишга, маънавий онгининг янада мустаҳкамланишида муҳим аҳамият касб этади.