LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

20 Sep 2024

     Bugun Uchquduq tuman hokimi, 1-sektor rahbari U.Yelmuratov, tuman prokurori, 2-sektor rahbari M.Ortiqov, tuman IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari A.Radjapov, tuman DSI boshlig‘i, 4-sektor rahbari A.Usmonov va bir qator mas’ullar tomonidan tuman markazidagi “Uchquduq dehqon - bozori” hududida sanitariya, veterinariya normalariga, shuningdek tegishli standartlarga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi holatlari o‘rganildi.
    O‘rganish davomida bozor hududida amaldagi shaharsozlik normalari, sanitariya qoidalari hamda gigiyenik normativlarni qo‘pol ravishda buzish, fuqarolar xavfsizligini va ob’yektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash talablariga amal qilmasdan savdo qilayotganlar aniqlandi. Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan hududlarini kengaytiri, do‘kon tashqarisida savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ogohlantirildi.
     Bozor hududida mahsulotlarning sifatli saqlanishi va aholiga yetkazib berish borasida yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

19 Sep 2024

       Kuydirgi- o‘ta xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, qishloq xo‘jalik va yovvoyi hayvonlar hamda odamlar kasallanadi. Kasallik shiddatli, o‘tkir, yarim o‘tkir holatlarda namayon bo‘ladi.Kasallik ko‘zgag‘uvchisi- «Bac. Antracis» bo‘lib, spora hosil qiladi, ma’lum sharoitlarda tuprokda ko‘payish xususiyatiga ega bo‘lib yuz yillar moboynida bemolol yashay oladi. Shu davrda virulentligi (tashqi muhitga chidamligi) saqlanadi, o‘sha joylar esa kasallik qo‘zgatuvchi o‘chog‘iga aylanadi.Kasallikning kelib chiqishini oldini olish uchun tavsiya etilgan vaksinani kasallikka moyil hayvonlar uchun yo‘riqnoma asosida qo‘llash bilan amalga oshiriladi.
      Yirik va mayda shoxli hayvonlar va tuya, ot, eshaklar yiliga bir marta kasallikka qarshi emlanadi.Emlash o‘tkazilgandan 14 kundan so‘ng to‘liq kasallikka qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Ko‘rsatilgan muddat ichida kasallikka qarshi emlangan hayvonlarni ixtiyoriy yoki majburiy so‘yish taqiqlanadi.Kasallikka qarshi emlash tadbirlarini samarali va o‘z vaqtida olib borilishi uchun joylardagi MFY va OFYlarda aholi qaramog‘idagi hayvonlarini kasallikka qarshi emlashda veterinariya xodimlariga amaliy yordam berishlarini so‘raymiz.

19 Sep 2024

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Uchquduq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir qator qonun buzilish holatlari aniqlandi.

TANISHI BILAN ISHGA KIRITAMAN DEGAN EDI...

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Uchquduq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda fuqaro A.N.R. aldov yo‘li bilan fuqaro S.I.Aning ishonchiga kirib o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ishga kiritish evaziga 33 000 000 so‘m so‘rab, oldindan 20 000 000 so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

YAROQSIZ MAHSULOT XARIDORGACHA YETIB BORMADI

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Uchquduq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda "Sh.S.K" MCHJning mansabdor shaxslari tomonidan qonunga xilof ravishda o‘ziga tegishli do‘konda qalbaki aksiz markali iste’molga yaroqsiz 16 turdagi jami 485 dona alkagol (aroq) mahsulotlarini sotish uchun saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu alkagol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

 

19 Sep 2024

    Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan Uchquduq tumani o‘zining yer osti boyliklari hamda tabiiy-iqlim sharoiti bilan alohida ajralib turadi. Hududdagi mavjud yer osti boyliklar xorijiy sarmoyadorlarning Uchquduq tumaniga bo‘lgan qiziqishini kundan-kunga oshirmoqda. Bu esa hamkorlikdagi yirik loyihalarni amalga oshirishga zamin hozirlamoqda. Hozirda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan qo‘shma korxonalar soni 5 ta bo‘lsa, kuni-kecha ular soni yana bittaga ko‘paydi.
     “Orascom Investment Holding” (Misr) kompaniyasi bilan “Copper Mining” MCHJ hamkorlikdagi qo‘shma korxonaga asos solindi. Ushbu loyiha doirasida qariyb 20 mln. AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2024-2026 yillarda "Shimoliy Bukantau" maydonida geologiya-qidiruv ishlari olib boriladi. Uchquduq tumanidan 100 km. shimolda joylashgan 1170 km2ni masofani tashkil etadigan "Qaramurun”, "Orazali", "Qarabulaq” va boshqa yaqin uchastkalarda tegishli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
     Kuni-kecha Uchquduq tuman hokimi U.Yelmuratov ushbu qo‘shma korxona faoliyat boshlayotganligini bildiruvchi ramziy lentani kesish marosimida ishtirok etdi. Unda “Qulquduq” ovuli faollari ham qatnashib, mazkur korxonaning aynan “Qulquduq” ovulida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani hudud aholisi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
   -Ushbu loyiha asosida "Qaramurun" va "Orazali" uchastkalarining prognoz resurs ko‘rsatkichlari ya’ni mis - 722 ming tonna, oltin - 7,2 tonna va molibden - 90 ming tonna zaxiralarni tashkil etishi aniqlangan, - dedi “Copper Mining” MCHJ rahbari Ilyos Azamov. - Keyinchalik loyihaning texnik-iqtisodiy asosida aniqlanadigan zaxiralarni o‘zlashtirishga 300 mln. AQSH dollaridan ortiq investisiya mablag‘lari jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Muhimi 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.


UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

18 Sep 2024

Savol: Onamning pensiyasi kam. Staj 42 yil lekin katta stajga qaramasdan eng kichkina oylikdan pensiya tayinlashdi pensiyani qayta ko'rib chiqishning imkoni bormi?

      Javob: Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonun 49-moddasiga muvofiq Pensiyalarni qayta hisoblash:
➖ pensioner pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatuvchi (pensiya tayinlanishigacha bo‘lgan ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi hamda boshqa) qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etgan taqdirda;
➖ nogironlik guruhi o‘zgarganda;
➖ boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oladigan oila a’zolari soni o‘zgarganda;
➖ pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda;
➖ yoshga doir eng kam pensiya miqdori o‘zgarganda;
➖ daromadlar indeksatsiya qilingan taqdirda amalga oshiriladi.

     Bunda pensiya miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) indeksi (inflatsiya) darajasining o‘sish sur’atlari hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga asosan indeksatsiya qilinadi (oshiriladi).

    Shunga ko‘ra, sizdagi holatda yuqoridagi asoslardan biri mavjud  bo‘lsa, pensiyani qayta hisoblash bo‘yicha hududiy pensiya jamg‘armasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Uchquduq tuman adliya bo‘limi

18 Sep 2024


         Savol; Yangi mehnat kodeksiga asosan yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi qanday?

         Javob; O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlariga asosan barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi. Xodimlarga beriladigan asosiy mehnat ta’tilining eng kam davomiyligi 21 kalendar kunidan iboratdir. Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun eng ko‘pi 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
         Ushbu ta’tillarga oid holatlar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining IV bobi, ya’ni 216-235-moddalar bilan tartibga solib qo‘yilgan.
Har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda uning davomiyligi har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tilining to‘liq miqdorini o‘n ikkiga bo‘lish hamda to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
         Yangi mehnat kodeksiga ko‘ra, Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ushbu ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Uchquduq tuman adliya bo‘limi

18 Sep 2024

 

       Maʼlumki, davlatlar milliy statistikasining asosini aholini roʻyxatga olish natijasida olingan maʼlumotlar tashkil etadi.

        Anʼanaviy, keng qamrovli aholini roʻyxatga olish usuli demografik va ijtimoiy koʻrsatkichlar boʻyicha aholining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona va aniq manbasidir.

      Hozirgi kunda, dunyoning rivojlangan davlatlari koʻp yillik tajribalar natijasidan kelib chiqib, roʻyxatga olish ishlari roʻyxatga olish uchun qilingan xarajatlardan koʻra koʻproq foyda keltirishiga qatʼiy ishonch hosil qilgan.

       Bundan tashqari, roʻyxatga olish jamiyat hayotining oʻziga xos ragʻbati boʻlib, umumiy resurslarni oqilona (adolatli) taqsimlash
va foydalanish imkonini beradi.

        Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida roʻyxatga olish natijasida olinadigan barcha maʼlumotlardan faqat statistika maqsadlarida foydalanish va mutlaqo maxfiy saqlanishini taʼminlaydigan statistika toʻgʻrisidagi qonuni mavjud. Ushbu qonun bilan olingan har bir alohida inson toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qandaydir tashkilot yoki jismoniy shaxsga berilishi mumkin emasligi belgilangan.

Barcha davlatlardagi roʻyxatga olish anketalari juda oʻxshashdir. Davlatning ijtimoiy dasturini, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlanganlar, yetimlar, uysizlar, jinoyatchilikni kamaytirish, bandlikni oshirishni qoʻllab-quvvatlash uchun anketaga aholining jismoniy va ijtimoiy salomatligi, mehnat sharoiti, ish joyigacha yetib olish usullari va vaqti toʻgʻrisida savollar qoʻshiladi.

Shu bilan birga har bir davlatda jamiyatning milliy oʻziga xosligi va anʼanalarini hisobga olgan holda aholi bilan ishlash metodlari va roʻyxatga olishga tayyorlanish mexanizmlaridan foydalanadi.

Roʻyxatga olish oʻtkaziladigan barcha joylarda aholi bilan jiddiy ravishda roʻyxatga olishning asosiy maqsadi, ahamiyati va kerakligini koʻrsatish va ishontirishdan iborat boʻlgan koʻp qamrovli ishlar olib borishga toʻgʻri keladi.

Amaliyotda aholini roʻyxatga olishning bir qancha usullari mavjud boʻlib, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Litva, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Chexiya, Estoniya kabi davlatlarda roʻyxatga olishni oʻtkazishning odatdagi usuli qoʻllangan. Avstriya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya hamda Shvetsiyada registr maʼlumotlari asosida roʻyxatga olishni oʻtkazish usuli qoʻllangan.

Belgiya, Ispaniya, Latviya, Lyuksemburg, Sloveniya davlatlarida odatdagi roʻyxatga olish usuli bilan birgalikda registr maʼlumotlari asosida roʻyxatga olishni oʻtkazish usuli qoʻllangan.

     Germaniya va Niderlandiya davlatlarida registr maʼlumotlari asosida roʻyxatga olishni oʻtkazish usuli bilan birga tanlama kuzatish usuli ham qoʻllangan.

      AQSHda uzundan uzoq roʻyxatga olish soʻrovnomasi oʻrnini bosadigan doimiy tanlama kuzatuvlar bilan birgalikda qisqa soʻrovnomali odatdagi roʻyxatga olish oʻtkazilgan.

       Fransiyada esa uzluksiz roʻyxatga olish usulidan foydalanilgan.

        Roʻyxatga olish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qaror rejalashtirishning iloji boricha dastlabki bosqichlarida turli xil muqobillarning xarajatlar, olingan maʼlumotlarning sifati va ularni amalda qoʻllash imkoniyatlarini sinchkovlik bilan sinab koʻrish asosida qabul qilinishi kerak. Hatto anʼanaviy ravishda bitta usul qoʻllanilganda ham, hozirgi aholini roʻyxatga olish va oʻzgaruvchan texnik ehtiyojlar asosida uning nisbiy afzalliklarini muntazam ravishda qayta baholashni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Tanlov erta bosqichda amalga oshirilishi kerak, chunki roʻyxatga olish byudjeti, tashkiliy tuzilma, roʻyxatga olishni targʻibot ishlarini amalga oshirish rejasi, kadrlar tayyorlash dasturi, roʻyxatga olish varaqasi tuzilishi va maʼlum darajada toʻplanishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar aynan tanlangan usulga bogʻliq boʻladi. Maʼlumotlarni toʻplashning bir necha usullaridan foydalangan holda, jamoatchilik tomonidan qoʻllaniladigan usullarni qoʻllab-quvvatlashga ishonch hosil qilish juda muhimdir, chunki jalb qilingan roʻyxatga oluvchilar soni va shunga mos ravishda xarajatlar shunga bogʻliq.

17 Sep 2024

Qonunchiligimizda piyodalarning yo‘lni kesib o‘tishida qanday talablar mavjud?

Qonunchilikka ko‘ra, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda:

- telefondan foydalanish;

- kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qish;

- videomateriallarni tomosha qilish;

- audiomateriallarni eshitish;

- e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish;

- shuningdek, yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tish BHMning uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Piyodalar yo‘lni piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida kesib o‘tishda transportlarning harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashayotgan transportlarning yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, ko‘rinishni cheklovchi to‘xtab turgan transport yoki boshqa biror to‘siq panasidan chiqmasliklari kerak.

Piyodalar to‘xtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan yo‘lni kesib o‘tishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi hududida transport vositalari harakatlanishining maksimal tezligi qancha etib belgilangan?

Qonunchilikka ko‘ra, transport vositalari tezligini:

- aholi punktlarida soatiga 70 kilometrdan;

- maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometrdan;

- turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) soatiga 20 kilometrdan;

- Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Qanday transport vositasini boshqarish taqiqlanadi?

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, haydovchiga tormoz tizimi, rul boshqaruvi ishlamayotgan, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda fara chiroqlari va orqa gabarit fara chiroqlari yonmaydigan, yomg‘ir yoki qor yog‘ayotgan vaqtda oyna tozalagichi ishlamaydigan transport vositasini boshqarish taqiqlanadi.

Moped va skuterni boshqarishga necha yoshdan ruxsat beriladi?

Mopedni boshqarishga 16 yoshdan ruxsat etiladi.

Mopedni boshqarish uchun A toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etiladi.

Mopedda harakatlanayotgan haydovchi va yo‘lovchilar maxsus motoshlem taqishlari shart.

Tovushli ishoralar qanday hollarda qo‘llanilishi mumkin?

Qonunchilikka ko‘ra, tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:

- aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun;

- zarur bo‘lgan hollarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun.

Boshqa hollarda tovushli ishoralardan foydalanish taqiqlanadi.

Shuningdek, tovush signalini sababsiz berish, transportlarga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish, BHMning 1 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Avariya (xavf-xatar) ishorasi qanday hollarda yoqilishi kerak?

Burilishni ko‘rsatuvchi barcha yorug‘lik ishoralarining bir vaqtda miltillashi avariya (xavf-xatar) ishorasi hisoblanadi.

Ushbu ishora quyidagi hollarda yoqilishi kerak:

- yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda;

- to‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtaganda;

- fara chiroqlari yorug‘ligi haydovchining ko‘zini qamashtirganda;

- shatakka olishda (shatakka olingan mexanik transport vositasida);

- «Bolalarni tashish» taniqlik belgilariga ega bo‘lgan transport vositasiga bolalar chiqayotganda va undan tushayotganda.

Transport vositasi xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa hollarda ham haydovchi yo‘l harakati qatnashchilarini ogohlantirish maqsadida avariya ishorasini yoqishi kerak.

16 Sep 2024


       Prezidentning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid  chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-311-son qarori qabul qilindi.
        Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat byudjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
        Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish quyidagilarni nazarda tutadi:
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini tasdiqlash va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etish;
kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish bundan mustasno). Bunda oilaviy shifokor tor soha shifokorlariga yoki shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi;
    birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilotlar va ularga biriktirilgan O‘zbekiston fuqarolari, soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (voyaga yetmaganlar uchun – ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) o‘rtasida bitim tuziladi;
shifokor rasmiylashtirgan elektron resept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 
      Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadigan “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi ishga tushiriladi.
      Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi. Bunda tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi.
  Imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.
  Hujjatga asosan, 2025 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali stasionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari. 
     2027 yil 1 yanvardan boshlab so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy JSHDS yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar, shuningdek voyaga yetmaganlar, o‘quvchilar va talabalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
      Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom va boshqalar.

Uchquduq tuman adliya bo‘limi

16 Sep 2024

   Учқудуқ туманида “Аёллар дафтари”га киритилган хотин-қизлар ва “Ёшлар дафтари”га киритилган ёшларга кўрсатилаётган ёрдамлар ҳақида МАТБУОТ АНЖУМАНИ ўтказилди.  Матубот анжуманида тумандаги ОАВ вакиллари ва журналистлар,  маҳаллаларда фаолият юритаётган хотин-қизлар фаоллари ва ёшлар етакчилари иштирок этди. Учқудуқ туман ҳокими ўринбосари, оила ва хотин-қизлар бўлими бошлиғи Нафиса Нажмиддинова, туман ёшлар ишлари бўлими раҳбари Каморлиддин Бекмуродов ўз маъруза ва амалга оширган ишлари таҳлилини ўқиб эшиттирди. 

   “Аёллар дафтари” –хотин-қизларнинг муаммолари билан манзилли ишлаш ва уларни қўллаб қувватлашнинг самарали механизми масаласида Нафиса Нажмиддинова сўзга чиқди ва қуйидагиларни маълум қилди. 

photo 2024 09 24 18 39 02

    Давлатимиз раҳбарининг хотин-қизлар муаммоларини ҳал этиш, уларни ижтимоий қўллаб-қувватлаш масалаларида белгилаб берилган вазифаларидан келиб чиқиб, “Аёллар дафтари” тизими устувор вазифа сифатида белгилаб олинди.
“Аёллар дафтари”нинг 5-босқичини шакллантиришда Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 31.03.2022 йилдаги “Хотин-қизлар муаммоларини ўрганиш ва ҳал этиш тизимини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги 145-сонли қарори бўйича бевосита масъул бўлган туман ҳокими, сектор раҳбарлари, туман ҳокимининг биринчи ўринбосари бошчилигидаги ишчи гуруҳлар тузилган.
     Учқудуқ туманида 5-босқич “Аёллар дафтари”га 476 нафар хотин-қизлар киритилди.
Жумладан,
101 нафари ижтимоий ҳимояга муҳтож ишсиз;
40 нафари кредит олиш истагини билдирган;
161 нафари боқувчисини йўқотган хотин-қизлар;
100 нафари ижтимоий ёрдамга муҳтож ногиронлиги бўлган аёллар;
72 нафари қарамоғида ногиронлиги бўлган эҳтиёжманд аёллар.

photo 2024 09 24 18 39 01
    Шундан, юқорида кўрсатилган
-101 нафар "Аёллар дафтари"га киритилган "Ижтимоий ҳимояга муҳтож ишсиз хотин-қизлар"нинг 101 нафарининг бандлиги таъминланди ( 45 нафари доимий ишга жойлаштирилди, 56 нафарига субсидия асосида асбоб-ускуналар харид қилиниб, ўзини - ўзи банд қилган шахс сифатида давлат рўйхатидан ўтказилди)

- 40 нафар Тадбиркорлик қилиш истагида бўлган эҳтиёжманд хотин-қизларнинг барчасига имтиёзли кредитлар ажратилди.

- 161 нафар боқувчиси бўлмаган эҳтиёжманд хотин-қизларнинг барчасига 218 млн 960 минг сўмлик бир марталик моддий ёрдам кўрсатилди.

- 100 нафар ижтимоий ёрдамга муҳтож I ва II гуруҳ ногиронлиги бўлган, шунингдек тезкор тиббий муолажага муҳтож эҳтиёжманд хотин-қизларнинг барчасига 136 млн сўмлик бир марталик моддий ёрдам кўрсатилди.

- 2 нафар ижтимоий ёрдамга муҳтож аёлларнинг бир йиллик
5 млн сўмдан жами 10 млн сўм миқдорида ижара компенсация тўлови тўлаб берилди.

-72 нафар қарамоғида ногиронлиги бўлган фарзанди мавжуд эҳтиёжманд хотин-қизларнинг барчасига 97 920 000 сўмлик моддий ёрдам берилди.

     Бундан ташқари 51 нафар хотин-қизларнинг ўзи ва фарзандларини даволаниши учун тиббий ёрдам кўрсатилди.

дори воситаларига эҳтиёжи бор 41 нафар хотин-қизларга жамғарма ҳисобидан жами 38 млн сўм маблағга дори-дармон олиб берилди.

4 нафар “Аёллар дафтари” рўйхатига киритилган хотин-қизларга таҳсил олаётган олий таълим муассасаси контракт пули (14 945 260 сўм) “Аёллар дафтари” рўйхатига киритилган хотин-қизларни қўллаб-қувватлаш жамғармаси маблағлари ҳисобидан тўлаб берилди.

46 нафар хотин-қизларга ҳуқуқий ва 433 нафар хотин-қизларга психологик ёрдам кўрсатилди.
Бугунги кун ҳолатига Учқудуқ тумани бўйича “Аёллар дафтари”да белгиланган режа ва топшириқлар 100%га бажарилганлиги маълум қилинади.

 

     Шундан сўнг ёшлар ишлари бўлими бошлиғи К. Бекмуродов сўзга чиқиб қуйидагиларни таъкидлаб ўтди. Ёшлар дафтарига 148 нафар ёшлар 2024 йилда қабул қилинган. Шундан 129 нафарига турли йўналишларда ёрдам кўрсатилган. Жумладан: 2 нафарига ҳайдовчилик гувоҳномаси ўқув курси тўлови тўлаб берилди, 20 нафарига 147 млн. сўмлик асбоб ускуналар субсидия асосида олиб берилди, 64 нафар ёшга 273,4 млн. сўмлик контракт тўловлари қоплаб берилди, 5 нафар ёшлар замонавий касблар доирасида чет тили ва дастурлаш соҳалари бўйича 6 ой мобайнида ўқув марказларида ўқитилди, 1 нафар ёшга фуқаролик пасспорти олиб берилди, 13 нафар ёш учун 88,5 млн. сўм сафарбарлик чақируви резерви бадали тўлаб берилди. 15 нафар ёшлар ёшлар дафтари орқали бандлиги таъминланди. 9 нафарига бошқа йўналишларда ёрдамлар кўрсатилди. Ёшлар дафтари жамғармасига йил бошидан буён 544,4 млн.сўм миқдорда маблағ шакллантирилган. Шундан 411,1 млн. сўм маблағ ёшлар дафтарига кирилган ёшлар муаммоларини ҳал этиш мақсадида, 50 млн. сўм маблағ Ёшлар куни гало консертини ўтказиш учун, 76.9 млн. сўм маблағ ДХХ раисининг футбол, мини футбол ва аёллар футболи мусобақалари ғолибларини тақдирлаш мақсадида, 6 млн. сўм маблағ Бош прокурорнинг миллий кураш бўйича мусобақалар ғолибларини тақдирлаш мақсадида сарфланди.
     Матбуот анжумани амалга оширилган ишлар юзасидан йиғилганларнинг саволларига жавоб бериш орқали якунланди. 


Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: