Mazkur chorani yil boshidan buyon yuk avtomobillari ishtirokida sodir boʻlgan YTHlar oqibatida 108 kishi halok boʻlgani tufayli joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yoʻlning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yoʻllarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yoʻllarida tirbandliklarga va avariyali holatlar sodir boʻlishiga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, 2024 yilning 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq 303 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok boʻlgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Aynan shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillarida yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanganlik (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlashga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga, shuningdek, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.