Hokimiyat matbuot xizmati
Т/Р | Ҳудудлар номи | Тушган маблағ | Жами кўрсатилган ёрдамлар миқдори (млн.сўм) |
Шундан | |||||||
Эҳтиёжманд оилалар | Темир дафтари | Аёллар дафтари | Ёшлар дафтари | ||||||||
оила сони | ажратилган маблағ (млн.сўм) | оила сони | ажратилган маблағ (млн.сўм) | аёл сони | ажратилган маблағ (млн.сўм) | ёшлар сони | ажратилган маблағ (млн.сўм) | ||||
Жами: | 156,0 | 36,7 | 28 | 36,7 | 0 | 0,0 | 0 | 0,0 | 0 | 0,0 | |
1 | Учқудуқ тумани | 156,0 | 36,7 | 28 | 36,7 | 0 | 0 | 0 | 0 | 0 | 0 |
Sotuvchi do‘konga kirgan xaridorlarga sermulozamat bo‘lsada, o‘rtadagi oynavand peshtaxta ichida turgan qimmatbaho qo‘l telefonni yarim soatdan buyon tomosha qilayotgan qizchadan ko‘zini uzmasdi. U goh burnini peshtaxta oynasiga tirab xo‘rsinsa, goh nimalarnidir pichirlar, gohida jilmayib, chappak chalib qo‘yardi.
“Birorta mijozning qizi bo‘lsa kerak” xayolidan o‘tdi uning. Ammo bu taxmini noto‘g‘ri ekan. Xaridorlarning hammasi do‘konni tark etganida ham, qizcha joyida turardi. Demak shunchaki daydib kirgan..
Bu yoshdagi bolalar ko‘chaga yolg‘iz chiqishmaydi. Ishqilib adashib qolmaganmikin? Balki uydan qochgandir.
Sotuvchi peshtaxtalarni aylanib o‘tishga erinib, uni oldiga chaqirdi.
- Qani, bu yoqqa kelchi.
Iymanibgina yaqinlashgan qizchaning ko‘zi hamon o‘sha telefonda edi.
-Yoshing nechchida?
- Oltida.
- Bir o‘zing nima qilib yuribsan?
Uning munchoq ko‘zlari javdiradi. Ammo darxol o‘zini qo‘lga olib dadil javob qaytardi.
- Men...Menga sovg‘a kerak. Shu telefonni sotib olmoqchiman.
Sotuvchi kulib yubordi. Qizcha tushmagur telefonning narxini ko‘rmagan shekilli.
- O‘x-xo‘! Buni qancha turishini bilasanmi?
Sotuvchi eng so‘nggi rusumdagi o‘sha telefonni peshtaxtadan olib, obdon maqtar ekan, qizchaning sabri chidamadi.
- Iltimos, shuni menga soting... Sota qoling iltimos! Yetmaganini keyin olib kelib beraman. Ishoning, aldab ketmayman.
Qizcha terlab ketgan kaftini ochdi. Unda bir nechta g‘ijimlangan ming so‘mlik va maydaroq pullar bor edi.
Sotuvchi xoxolab kuldi.
-Bu pulingga o‘yinchoq telefon ham bermaydiku!
Qizchaning mijjasida yosh qalqidi. Xafa bo‘lib, endi eshik tomon yo‘nalgan ham edi, xafsalasini pir qilgan sotuvchi amakining ovozi uni to‘xtatdi.
- Shoshma! Telefonni nima qilasan? A, tushundim! Senga yoqib qolgan. Yoki bugun kimningdir tavallud ayyomi, topdimmi?
-Yo‘q!-dedi qizcha, boshini ekkancha xo‘rsinib.
- Unda kimga sovg‘a qilmoqchisan?
-Akamga. Akam-chi, oyimga yordam berish uchun o‘qishdan keyin ishlaydi. Bu yil institutga kirdi. Shuning uchun sovg‘aga pul to‘plagandim. Hayitga berilgan pullarni ozginasigagina muzqaymoq olganman, yana qurut, pista... Qolgani shu. Sizga bitta gapni aytaymi?
-Ayt!
- Akamchi mening tug‘ilgan kunimga eng chiroyli qo‘g‘irchoqlarni olib beradi. Yana tort ham olib keladi. Hechkimga, hech qachon xafa qildirib qo‘ymagan. Oyligidanchi, chiroyli kiyimlar ham olib beradi. U, dunyodagi eng yaxshi aka!
Sotuvchi bidirlab turgan qizchani to‘xtatgisi kelmasdi, shunday bo‘lsada bo‘g‘zida turgan savol qanday chiqib ketganini bilmay qoldi:
-Dadang qayerda bolam? Dadang bormi?
Kulib turgan qizchaning kayfiyati buzildi. Yonog‘iga tushgan bir tomchi yoshni titroq kafti bilan sidirar ekan, yig‘lamsirab javob qaytardi:
-Dadam o‘lib qolganlar. Chaqaloqligimda....
-O‘lib qolganlar? Kechirasan qizim! Demak, akang senga ota mehrini ham berar ekanda.
- Ha. Bilasizmi, oyim ko‘p kasal bo‘ladilar. Hamma dorilarini ham akam olib beradi.
Sotuvchining ko‘zlariga yosh to‘ldi. Qizchaning qo‘lidagi pulini olib sanab olgach, boshini silab jilmaydi. So‘ng o‘sha qimmatbaho telefonni chiroyli yelim xaltaga solib qizchaga uzatdi.
-Mana qizim, sovg‘ani ol. Akangni mening nomimdan ham tabriklab qo‘y! Yaxshi o‘qisin xo‘pmi?
Qizcha bir sotuvchining kaftidagi g‘ijimlangan pullar, bir xozirgina o‘ziga tutqazilgan telefonga qarab olgach sekin pichirladi:
- Uni qimmat dedingizku!
-Adashdim. Shu pullaring yetar ekan.
-Rostdanmi?!
Jajji xaridor sakrab yubordi. U quloqlariga ham, ko‘zlariga ham ishonmasdi. Bir muddatdan so‘ng qayta - qayta rahmat aytgach, do‘kondan chopib chiqib ketdi.
Jilmaygancha kuzatib qolgan sotuvchining esa ko‘z o‘ngida o‘z bolaligi namoyon bo‘ldi. Ota-onasi bir kunda avtohalokat qurboni bo‘lishganida u shu qizchaning yoshida edi. Ikki singlisi, o‘zi va o‘n besh yoshdagi opasi izzillab qolishgani yodida. O‘shanda qarindosh-urug‘ bolalarni mehribonlik uyiga topshirishmoqchi bo‘lishgandi. Ammo opasi shu maqsadda uylariga kirib kelgan oqibatsiz qarindoshlarni ko‘chaga haydab soldi. Ukalariga o‘zi bosh-qosh bo‘lishini aytib, mushtdek boshi bilan ularni oq yuvib, oq tarab katta qildi. Afsus, umri qisqa ekan o‘ttizga kirmay buyrak xastaligi tufayli vafot etdi. Agar hayot bo‘lganidami...
Bir soatdan so‘ng peshtaxta yonida yana o‘sha qizcha turardi. Faqat yonida boyagi chiroyli yelim xaltani ushlagan ozg‘ingina, rangpar yigit ham bor edi. "Dunyodagi eng zo‘r aka shu ekanda!" Xayolidan o‘tdi uning.
U sovg‘ani sotuvchiga uzatdi.
-Kechirasiz, mana buni qaytarib oling va singlimni kechiring. U o‘g‘irlik qilmasdi.
Sotuvchi yigitchaga razm soldi. Yoshiga nisbatan ulg‘ayib qolgan akaning nigohida, ota mehri bilan birga , uning ma’suliyati ham jo bo‘lgandi.
- Singling o‘g‘ri emas!
Yigitcha javdirab turgan singlisiga qarab qo‘ygach, sotuvchiga yuzlandi:
- Telefonni sotib oldim deyapti, ammo uning narxini yaxshi bilaman. Iltimos, uni ayblamang. Bir gap bo‘lsa onam ko‘tara olmaydi.
Sotuvchi uni gapirtirgani qo‘ymay, o‘ziga uzatilgan qimmatbaho sovg‘ani egasiga qaytardi.
-Nimaga unday qilyapsiz? Pulini to‘lay olmaymanku!
Sotuvchi uning yelkasiga qoqib, kulimsiradi:
- Telefonni pulini o‘zing allaqachon to‘lab qo‘yibsanku bolam. Singling yetmaganini qo‘shdi xolos.
- Tushunmadim?!
- Sen berayotgan mehr bu arzimas matohdan ancha qimmat turadi. Muborak bo‘lsin! Mazza qilib ishlat!
Sotuvchi jovdirab turgan yigitchani o‘qishga kirgani munosabati bilan tabriklar, do‘konga kirib kelgan xaridorlarga esa e’tibor ham bermasdi. Shu lahzalarda ko‘z o‘ngida yana bolaligi namoyon bo‘ldi. Jamalak sochlariga piliklari yarashgan o‘n besh yoshli mushtipari unga jilmayib turardi...
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlar ham mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lib, ushbu saylovlar xalqimizning o‘z xohish irodasini ifodalash imkonini beradigan, ularning fuqaro sifatidagi burchlarini qay darajada anglab yetishlarini, o‘z mamlakatlari hayotiga nechog‘li daxldor ekanliklarini belgilaydigan, o‘z konstitusion huquqlaridan qanday foydalanishlarini ko‘rsatib beradigan siyosiy tadbir sifatida alohida ahamiyatga ega.
Bu yilgi saylov o‘zida amaldagi mojaritar va proporsional saylov tizimlarining eng ilg‘or tamoyillarini mujassam etgan holda bir-birini to‘ldiradi. Endilikda saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikkita byulleten orqali ovoz beradi. Bunda fuqaro birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, ikkinchisida o‘zi ishongan partiyani belgilashi zarur bo‘ladi. Shuningdek, ilgari deputatlikka nomzodlar orasida ayollar kamida 30 foiz bo‘lishi kerak degan gender kvotasi, endilikda 40 foizgacha ko‘tarilganligi, siyosiy partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda esa kamida beshta nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozimligi kabi talablar yangi saylov tizimidagi o‘zgarishlarda o‘z aksini topgan.
Har bir fuqaroning saylovlarga kelib o‘z tanlovini amalga oshirishi ularning davlat va jamiyat rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun berilgan eng yaxshi imkoniyatdir. Shu munosabat bilan Uchquduq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 1 ta okrug saylov komissiyasi tomonidan 26 ta saylov uchastkasi tuzilib, uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangan. Saylov uchastkalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi, ovoz berishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ovoz berish kabinalari, stasionar va ko‘chma saylov qutilari, deputatlikka nomzodlarning targ‘ibot plakatlari va boshqa vositalar har bir saylov uchaskasiga yetkazib berilgan.
Uchquduqliklarning 24895 nafari saylov jarayonlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 204 nafarini ilk bor saylov jarayonida ishtirok etadigan yoshlarni tashkil etmoqda.
27 oktyabrda «Mening tanlovim – obod Vatanim» shiori ostida o‘tkazilidan saylovlarda faol ishtirok etishga chaqiraman!.
Bekzod QODIROV,
Uchquduq tuman saylov komissiyasi raisi.
Salomatlik — boylikning boshi. Shuning uchun ham mamlakatimizda xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaralmoqda.
Jumladan, Uchquduq tumanida ham tibbiyot tizimini rivojlantirishga oid amaliy ishlar odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 7 ta – oilaviy shifokorlik punkti va 1 ta oilaviy poliklinika tomonidan 37 495 nafar aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. «Tashabbusli byudjet» loyihasining joriy yil birinchi mavsumi g‘oliblari safida bo‘lgan loyihalaridan biri, Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi moddiy texnik ba’zasini yaxshilash taklifi edi. Taklif uchquduqliklar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanib, loyiha doirasida ajratilgan 745 mln. so‘m mablag‘ hisobidan bipolyar uchlik va pinsetli elektrokoagulyator to‘plami, katta jarrohlik to‘plami, jarrohlik stoli, amaliyotxona yoritgich reflektorlari, kardiomonitorlar hamda respublikamiz shifoxonalarida sanoqli hisoblangan laparoskop apparati xarid qilindi. Qulquduq va Mingbuloq ovul shifokorlik punktlariga quyosh panellari o‘rnatildi.
Ushbu tibbiy jihozlarning yo‘qligi bois har yili 150-200 nafarga yaqin bemor shifo istab viloyat respublika markazlariga borishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda viloyatning olis hududi bo‘lmish Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasida ham yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotini amalga oshirish imkoni yaratildi.
Hozirda viloyatda malaka oshirib qaytgan jarrohlar tibbiyot xodimlari mazkur yo‘nalishdagi jarrohlik amaliyotini mustaqil ravishda o‘tkazmoqdalar. Ya’ni, bemorlarda o‘t qopi va tuxumdon kistasini olish, appendisit, jigar, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlari, ixtiyoriy jarrohlik kontrasepsiya amaliyotlarini kosmetik jihatdan tanada iz qoldirmasdan ortiqcha qon yo‘qotishlarni oldini olgan holda o‘tkazish mumkin. E’tiborlisi, operatsiyadan bir kun o‘tib bemorda sog‘lom harakatlanish ko‘nikmasi ham shakllanadi.
“Tashabbusli byudjet” ning ikkinchi mavsumida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika qaydxonasini kengaytirish ko‘zda tutilgan loyiha eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Endilikda 500 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, amalga oshiriladigan ushbu loyiha uchquduqliklar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz!
Yana bir muhim jihat, muassasada dori-darmonlar bilan ta’minlanganlik darajasi yildan-yilga ortib borayotgani bo‘lib, joriy yil 9 oyi davomida 120 turdagi dori-darmon, stomatologik ashyolar va tibbiy vositalar 703 618 000 so‘mnga xarid qilingan. Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati moddiy - texnik bazasini takomillashtirishga qaratilgan izchil ishlar davom ettirib, ovullardagi 7 ta oilaviy shifokorlik punktiga 7 ta monablok berilgan. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi kompyuterlar jamlamasi bilan ta’minlangan.
Darvoqe, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir, bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan inson uning sog‘lig‘i va turmush darajasiga berilayotgan e’tibor va shu yo‘ldagi sa’y-harakatlarni barchamiz ko‘rib-bilib, o‘z hayotimizda his qilib turibmiz. Zero, xalq salomatligi, onalar va bolalar sog‘ligini mustahkamligi davlatimizning katta boyligi sanaladi.
Rayhon QODIROVA, maxsus muxbirimiz.
Qaynona kim, u qanday bo‘lishi kerak?! U oliy, o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotlarga ajratiladimi keling azizlar bugun shular haqida hayotiy voqealar misolida o‘rtoqlashamiz.
Qaynona farzandlar uchun munis va moʻtabar, mehribon, shirinso‘z, qalbi daryo, cheksiz muhabbat sohibi bo‘lgan onajonimizdir. Farzandlarimizni jufti haloli bo‘lgan kelinlar va kuyovlarimiz uchun esa sevimli oyijonlarmiz.
Qaynona - farzandlarini baxtli hayot qurishlari va ularni chiroyli yashashlari uchun o‘qituvchi sanaladi. Qaynona ona sifatida kelinini yangi ro‘zg‘orga o‘rganib, shu xonadonga moslashishiga ko‘maklashishi kerak. Uyida onasidan o‘rganganlari ayrim qaynonalarni qoniqtirmasa darrov janjal ko‘tarish kerak emas, kelin ham birovning ko‘zini oqu-qorasi. Qaynonajonlar kelinni qizingizday qabul qiling, shunda o‘g‘lingiz bilan baxtli hayot kechiradi. Agar biz qaynonalar kelinni har tomonlama qiyin vaziyatga qo‘ysak o‘g‘llarimizni qiynab qo‘yamiz. Keliningiz ishlasa oylik ish haqini so‘ramang. Kelinni oylik ish haqini na qaynona na qayinota so‘rashga haqqi yo‘q. Agar kelin oylik ish haqini o‘zi beminnat olib kelib bersa boshqa gap. Tarbiyali kelinlar buni bilishadi.
Aziz onajonlar kelin olgach o‘zingizdan qattiqqo‘l, badjahl qaynona yasab olmang. Qaynonalar uchun maxsus diplom yoki sertifikat berilmagan. Shunday qaynona bo‘lingki kelinlar va quda - andalar siz haqingizda faqat va faqat eng yaxshi maqtovlarni aytib yursin. Mol-mulk, kiyim kechaklar, deb bir - biringizni dilingizni og‘ritmang. Ularni hammasi o‘tkinchi buyum. Undan ko‘ra insonga beriladigan bir martalik umrdan oqilana foydalanib, farzandlar, nabiralar qurshovida mazza qilib yashashga nima yetsin.
Aziz onajonlar o‘g‘lingiz yoki qizingiz turmush qurishda birortasini yoqtirib qolgan bo‘lsa ularni yaxshilab eshitib, ko‘ngliga quloq solib ko‘ring. Yoqtirganini boy yoki kambag‘al, chiroyli yoki xunuk, deb toifalarga ajratmang. Agar shunday qilsangiz farzandingizni dilini, qalbini o‘z qo‘lingiz bilan sindirib qo‘ygan bo‘lasiz. O‘g‘lingizni kelindan hech qachon qizg‘anmang, agar o‘g‘lingiz tarbiyali bo‘lsa xotinini ham onasini ham hafa qilmaydi. "O‘g‘il tug‘sang uylanguncha o‘g‘il, qiz tug‘sang o‘lganingdan keyin ham qiz" degan hikmatli maqolni unutmaylik.
Aziz qaynona va qaynotalar kelin sizga yoqishi shart emas, avvalo o‘g‘lingizga yoqish kerak. Agar siz o‘g‘ingizni majburlab yoqtirmaganiga uylantirsangiz albatta muammo kelib chiqishi mumkin. Olgan kelin oilaga ko‘nikishi mumkin, lekin kuyov bo‘lmish o‘g‘lingizga qiyin.
Kelinjonlar sizlarga aytadiganlarimiz har kuni ertaroq turing. Yosh bolangiz bo‘lsa asosiy ishlarni kechki payt yoki bolangiz uxlaganda qiling. Xona va hovlini ayniqsa oshxona hojatxonani toza tuting. Oila a’zolaringizni shirin taomlar bilan siylang. Hech qachon isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymang. Telefonda kamroq gaplashing begonalarga turmush o‘rtog‘ingiz va oila a’zolaringiz haqida oila sirlarini aytmang. Labbay, hozir, kechirasiz kabi so‘zlarni yodingizdan chiqarmang. Turmush o‘rtog‘ingizni hech qachon opa-singillaridan qizg‘anmang, chunki ular aka-ukalari uchun jannat eshiklarini ochuvchilardir.
Agar yozganlarimga amal qilinsa qaynona va kelin munosabatlari, oilaviy janjallar ajrimlar soni kamayarmidi.
Ozoda ERGASHOVA,
"Uchquduq" HB oila va xotin-qizlarni qo‘llab - quvvatlash kengashi raisi, Xalq deputatlari tuman kengashi deputati, “Oqila ayollar” harakati faoli.
Ҳар бир корхонада ишлаб чиқарилаётган маҳсулот ёки кўрсатилаётган хизматнинг сифати замонавий талабларга жавоб бериши ва умуман иқтисодий самарадорликнинг ортиб бориши - шу корхонада фаолият юритаётган маълум турдаги маҳсулот чиқараётган ёки хизмат кўрсатаётган мутахассиснинг билими ва малакасига ўз соҳасини қай даражада яхши билишига тўғридан-тўғри боғлиқ.
НКМК АЖ Шимолий кон бошқармасида кадрлар тайёрлаш бўлими ва ўқув-курс комбинатида мутахассислар малакасини ошириш ва қайта тайёрлашга алоҳида эътибор берилмоқда. Корхонада 250 хил турдаги касблар ва 90 га яқин мақсадли йўналтирилган курслар фаолияти йўлга қўйилган. Йил бошидан 1993 нафар ходим мақсадли йўналтирилган курсларда қайта тайёрлашдан ўтган ва малака оширган. Имтиҳондан муваффақиятли ўтган мутахассисларга эса тегишли ҳужжатлар тақдим қилинган.
Штат бирлигидаги ва штатдан ташқари 220 дан ортиқ ходим назарий таълим ўқитувчиси сифатида аттестациядан ўтган бўлиб, бўлинмалар ишлаб чиқариш эҳтиёжига кўра, билим ва кўникмаларини ёшларга ўргатиб келмоқда. Аслида кадрлар тайёрлаш бўлимининг асосий мақсад ва вазифалари ходимларга янги касбий билим, кўникма ва малакаларни ўзлаштиришга кўмаклашиш шунингдек, илғор техника ва технологияга оид янгиликларни ўргатиш орқали уларнинг техник-иқтисодий билимларини такомиллаштиришдан иборат.
Жорий йил режасига кўра, касблар бўйича 2400 нафар ишчи-мутахассис ўқитилиши керак бўлса бугунги кунда 1626 нафар ходим қайта тайёрлаш, малака ошириш ва мақсадли йўналтирилган курсларда таълим олган. Имтиҳондан муваффақиятли ўтиб, зарурий малакага эга бўлган.
Нозик жуссадаги улкан қатъият
Шулардан бири Автомобил транспорт бошқармаси бош механик хизмати кран машинисти Маҳлиё Атаниязова. 2020 йилда Учқудуқ кончилик касб-хунар коллежини битириб, Шимолий кон бошқармасида иш бошлаган Маҳлиё ўзи меҳнат қилаётган корхонада юзлаб аёллар мураккаб ишларни эркаклар билан тенгма-тенг бажараётгани унинг орзуларига қанот берди. Эълонлар тахтасида касблар ҳақидаги маълумотлар билан танишиб, бир қарорга келди: “Кран машинистлиги касбига ўқийман!”. Ёшлигиданоқ, қишлоқ техникалари ичидаги энг ҳайбатлиси бобосининг комбайн машинасини ҳайдашга бир неча бор урингани лекин ҳар сафар онасининг қаршилигига учраганини яхши эслайди.
Келинлик уйида эса унинг бу танловига қаршилик бўлмади. Автомобил транспорт бошқармасида меҳнат қиладиган турмуш ўртоғи Оғабек аёлини қўлласа қўлладики, бирор норозилик билдирмади. Ўзи бош бўлиб моҳир кран машинистлари билан учраштирди. Ана шундай ишонч Маҳлиёдаги қарорни мустаҳкамлади, ҳужжатларини қайта тайёрлаш курсига топширди.
Назарий ва амалий билимлар 25 метр баландликда туриб 50 тоннагача юк кўтарадиган кран машинасини ҳеч бир қийинчиликсиз завқ билан бошқариш кўникмасини ўргатди.
Маҳлиё бошқараётган чорпояли кран эни 32 метр бўлиб, иккита томондан бир рельсли темир йўл изларида 100 метр масофага ҳаракатланади. У кўтараётган юклар ҳам анча-мунча юк эмас вазни 6 тоннадан 32 тоннагача. Эр йигитлар билак кучи етмаган тоғ техникалари қисмларини у нозик бармоқларининг буйруғи билан “занжирбанд”лаб, айтилган жойга “кўтариб” келади.
Ҳа, Маҳлиё Атаниёзова Автомобил транспорт бошқармаси бош механик хизмати бўлимида муҳим ишчи ҳисобланади. Ҳар куни ишга келибоқ, 45 та зина оралаб ҳаммадан юқорига кўтарилади. Ва ишининг муҳим жиҳати: хотиржамлик билан эҳтиёткорликни йўқотмасдан постида ҳушёр туриб рациясига келаётган буйруқларни бажаради.
Ахир ундан 25 метр пастликда одамлар меҳнат қилаётганлиги боис яна ҳам эътиборли. У аёл у она бўлгани учун ҳам ҳамкасблари ҳаёти учун жавобгарлик ҳисси кучли, уларнинг хавфсизлиги барчасидан муҳим!
Лайло КАРИМОВА,
ШКБ ахборот хизмати раҳбари.
Sil kasalligi yoki tuberkulyoz — bakterial etiologiyali yuqumli kasallik. Kasallik nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy jihatli hisoblanadi: sil qo’zg’atuvchisiga eng ta’sirchanlar immuniteti pasayganlar, yetarli ovqatlanmaydiganlar, gigiena standartlariga rioya qilmaydiganlar va kambag’al ijtimoiy sharoitlarda yashayotgan odamlardir. Kasallikning rivojlanishiga inson hayotining sifati ta’sir qiladi. Biroq, sil xavfi ostida yoshi va jinsidan qat’iy nazar butun aholi qatlami turadi.
O’lim holatlarining yuqoriligi (yiliga 3 million kishi) va kasallikning keng tarqalganligiga nafaqat ijtimoiy omillar, balki sil kasalligining hech qanday alomatlarsiz (yashirin) davri uzoq davom etishi ham ta’sir ko’rsatadi. Bu davr sil kasalligini davolash uchun eng qulay vaqt hisoblanadi va infektsiya mavjudligini aniqlash uchun organizm Mantu sinov reaktsiyasiga baholanadi.
Sil kasalligi rivojlanishi ehtimoli ikki holatda bo’lishi mumkin:
1. Agar immunitet tizimi sustlashgan bo’lsa, antitanalar ishlab chiqarilishi buzilsa, immunitet tanqisligi holati mavjud bo’lsa, tananing mudofaa qobiliyati boshqa kasalliklar bilan zaiflashgan bo’lsa yoki boshqa ijtimoiy yoki yosh faktori tufayli yetarli darajada shakllanmagan bo’lsa;
2. Kasallik qo’zg’atuvchisi bilan aloqa uzoq, uzluksiz bo’lsa, batsilla tashuvchida kasallik ochiq shakli jarayoni kechayotgan bo’lsa va tegishli davolash choralari qo’llanmasa.
Kasallikning o’tkir davrida sil kasalligi belgilari:
• Balg’am ajralishi bilan uzoq (uch haftadan ko’p) davom etadigan nam yo’tal;
• Balg’amda qon mavjudligi;
• Subfebril oralig’ida isitma (37-38 °C);
• Tana vaznining pasayishi;
• Charchoqning kuchayishi, o’zini yomon his qilish, zaiflik, bezovtalanish, ishtahani pasayishi, mehnat qobiliyatining yomonlashishi va tana intoksikatsiyaning boshqa belgilari.
Profilaktik choralar
Kasallikning rivojlanishi immunitet darajasiga bog’liq, shuning uchun asosiy profilaktika sog’lom turmush tarzini saqlash hisoblanadi.
Bolalarni emlash, kasallikning dastlabki bosqichlarida kasallikni aniqlash uchun muntazam sinovlar va testlarni o’tkazish ham muhim rol o’ynaydi.