LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

11 Feb 2023

 

Ўзбекистонда таълим жозибадорлигини кучайтириш бўйича чора-тадбирлар белгилаб олинди. 

2023 йилда Ўзбекистонда ёшларни профессионал таълим муассасаларида касбга ўқитиш кўламини кенгайтириб, таълим жозибадорлигини кучайтириш бўйича чора-тадбирлар амалга оширилади. Бу ҳақда жамоатчилик муҳокамасига қўйилган давлат дастури лойиҳасида белгилаб қўйилган. 

Жумладан, профессионал таълим муассасаларига ўқувчиларни қабул қилиш тизими такомиллаштирилади.  

Бунда: 

- коллеж ва техникумларга ўқувчиларни қабул қилиш бир йилда икки марта ташкил этилади;

- техникумларда мутахассислик йўналишидан келиб чиқиб давлат гранти ажратишни жорий этиш орқали умумий давлат гранти улуши 50 фоизга етказилади;

- хусусий секторнинг кадрларга бўлган эҳтиёжларини аниқлаш тизимли йўлга қўйилади. 

Чора-тадбирлар 2023 йил августгача амалга оширилиши режалаштирилган. Олий таълим, фан ва инновациялар вазирлиги, Иқтисодиёт ва молия вазирлиги, Савдо-саноат палатаси, манфаатдор вазирлик ва идоралар топшириқ ижроси учун масъул этиб белгиланган. 

Давлат дастури таклиф билдириш учун жамоатчилик муҳокамасига қўйилган. Унга ўзгаришлар киритилиши мумкин.

 

10 Feb 2023

                                                                          Reja:

  1. Bobur- dilbar shaxsh.
  2. Asosiy qism:
  3. Bobur ijodida Vatan sog ‘inchi.
  4. “Boburnoma”- tarixiy-memuar
  5. Bobur mashhurlar e’tirofida.
  • Xulosa. Boburni anglash – o‘zlikni anglash.

    …Bobur fe’li-sajiyasiga ko’ra 

Sezarga qaraganda  sevishga arzigulikdir.

 (Eduard Xolden)

                Bobur adabiyotimizning  Navoiydan keying eng buyuk vakilidir.  U 1483-yilning 14-fevralida Farg‘ona viloyatining poytaxti  Andijonda tug‘ildi. Otasi ushbu viloyat hokimi - Umarshayx  Mirzo Temurbekka evara edi. Onasi Qutlug’ Nigorxonimning otasi Toshkent hokimi Yunusxon esa o‘zbeklashgan mo‘g‘ul urug‘idan bo‘lib, o‘n ikki avlod orqali Chizgizxonga tutashgan . Bobur uni “Chingizxonning ikkinchi o‘g ‘li Chig‘atoyxon naslidandur”, deb tanishtiradi. Umarshayx Mirzoning  Zahiriddin Muhammad Bobur, Jahongir Mirzo , Xonzodabegim , Yodgor Sultonbegim , Ruqiya Sultonbegim, Mehrbonubegim, Shahrbonubegim ismli besh qizi bo‘lib , Bobur o‘g‘illarning eng kattasi edi. O‘zidan besh yosh katta Xonzodabegim  bilan bir onadan edilar. Umarshayx Andijonning g‘arbida joylashgan Axsi shahrini poytaxt qilgan edi.

           Otasi vafotidan so‘ng  Andijon taxtiga Bobur o‘tiradi. 12 yoshli Bobur  Shayx  Mazidbek, Boboquli Boboalibek , Qosim  Qavchin kabi beklar yordamida hokimiyatni boshqaradi. U  taxt uchun tinimsiz kurashib 1497-1500-1501-yillarda Samarqandni,  1502-1503-yillarda O‘sh va uning atroflarini egallab oladi, Ahmad Tanbaldan yengiladi. 1503-yilda Bobur Kobul va G‘aznani jangsiz qo‘lga kiritadi.

             Bobur Samarqandda ekanligida Alisher Navoiydan xat oladi. Darhol unga javob yozib , orqasiga she’r ham bitib yuboradi.

             Shayboniyxon siquvi natijasida Bobur Hindiston tomonga chekinib , Hindistonga 1507-yildan boshlab 5 marta yurish qiladi, 1526-yil 12-aprelda Panipant jangida 12 ming kishilik qo‘shini bilan hind sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini yengadi va shu tariqa Shimoliy Hindistonda boburiylar sulolasining hukmronligiga asos soladi . Bu davlat Yevropada “Buyuk mo‘g‘ul imperiyasi” nomini olgan. Bobur Hindistonni egallagach, adolatli qonunlar chiqardi, juz’yani bekor qilgan, o‘lgan erning tirik xotinini murda bilan birga yoqishni ta’qiqlaydi.

           1526-yil 21-dekabrda Bobur dushmanlari tomonidan zaharlangan va tasodif  tufayli omon qolgan. Bobur 1530-yil 26-dekabrda Agrada vafot etadi. U Jamna daryosining chap sohilidagi Nurafshon bog‘ining markaziy qismiga dafn etiladi. 1533-yilda esa xoki uning vasiyatiga muvofiq Kobulga ko‘chirildi.

            Boburiylar sulolasi 1483-1858- yillar mobaynida hukm surgan. Boburning  to‘rtta o‘g‘li, uch qizi bo‘lib shulardan Komron ismli o‘g‘li she’riy devon tuzgan, qizi Gulbadanbegim  “Humoyunnoma” nomli asar yozgan.

              Bobur lirikasida g‘azal va ruboiylar yetakchi mavqe tutadi. Adib ushbu janrlarning ijtimoiy motivlar bilan boyitishga katta hissa qo‘shdi. Garchi Boburning ayrim she’rlarida o‘zni aysh bilan tutishga, farog‘at bilan yashashga da’vat ruhi ustun bo‘lsa-da, amalda bular Boburning orzusi bo‘lib, uning hayoti faqat mashaqqat, qiyinchilik, urush- yurishlarda, tahlika va bezovtaliklar, to‘s-to‘polon bilan o‘tgani ma’lum. Shunga qaramasdan, adib she’riyatida hayotsevarlik, ertangi kunga nisbatan komil ishonch ruhi ustuvorlik qiladi. Shoir birovga tobe va mute bo‘ishni xohlamaydi. Keskin xulosalar chiqarishda ham iymanib o‘tirmaydi.

               Bobur g‘azaliyotida yurt va Vatanga muhabbat , ezgu insoniy fazilatlar tarannumi, oliyjanob  tuyg‘ulari tasviri yetakchilik qiladi.  Murakkab davr voqea-hodisalari batafsil bayonini “Boburnoma”da ko‘rgan bo’lsak , shoh va shoir Boburning ichki kechinmalari , qalb tug‘yonlari va orzu-armonlari uning she‘rlarida ko‘rinadi. Bobur she‘riyatida Vatan tuyg‘usi , Vatan sog‘inchi unga qaytish umidi mavj ura boshladi. Biz buni shoirning quyidagi ruboiysida ko‘rishimiz mumkin:

            Tole yo‘qki jonimg‘a balolig’  bo‘ldi,

            Har ishnikim, ayladim xatolig’  bo‘ldi,

            O‘z  yerni  qo‘yib Hind sori yuzlandim,

            Yorab, netayin, ne yuz qarolig’  bo’ldi.

          “Boburnona” – tarixiy va badiiy asardir. Navoiy uni tarixiy, ilmiy, memuar nasri bilan yangi bosqichga ko‘tardi. “Boburnoma” adabiyotimizning mana shu tajribalarini umumlashtirib, uni jahoniy miqyoslarga olib chiqqan asardir. Muallif asarida voqealar bilangina cheklanmaydi , balki ularning ishtirokchilariga, qahramonlariga keng o‘rin beradi. Natijada biz Bobur zamonida yashagan , tariximiz hamda ma‘naviyatimizda muhim mavqega ega bo‘lgan davlat va madaniyat arboblari bilan tanishamiz . Asarda har bir yil voqealari alohida beriladi. Dastlab o‘sha yilda yuz bergan muhim voqea bayon qilinadi . Masalan, dastlabki  1494-yil voqealarini hikoya qilganda , Bobur, avvalo, o‘zining “Tangri inoyati bilan Farg‘ona viloyatida 12 yoshda podshoh bo‘lgani “haqida xabar beradi va Farg‘ona viloyati bilan tanishtiradi.

            Bobur butun umri jang-u jadallarda kechishiga qaramay , tabiatan nihoyatda ziyrak, sinchkov, g‘oyat fahmli va idrokli , hamma narsaga qiziquvchan bir zot edi. U qayerga bormasin , o‘sha yerning jug‘rofiy o‘rnidan tortib , o‘simlik va hayvonot dunyosigacha qish-u yozining ob-havosidan, elining tili-yu urf-udumigacha hamma -  hammasi bilan qiziqadi va yozib qoldiradi.Bobur nima va kim haqda yozmasin , g‘oyat samimiydir. O‘zining quvonchini ham , g‘amini ham hech kimdan yashirmay ro‘y-rost aytadi. Do’sti haqida ham , dushmani haqida ham ko‘nglidagini so‘zlaydi.

          Bobur O‘ zbekiston mustaqillikka erishganidan  so‘ng   o‘z yurtida haqiqiy qadr-qimmat topdi. Bobur haqida juda mashhur insonlarning fikrlari bor. Shular jumlasidan Pirimqul Qodirov:”Bobur Mirzo so‘z bilan jonli tasvir yaratish mahoratini mukammal egallagan adib edi. Buni o‘zi ham sezardi.Shuning uchun umrining oxirida o‘g‘li Humoyunga “Boburnoma” tugallab taqdim etganida unga bir ruboiy ilova qiladi.

            Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,

           Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum,

           Har kim bu “Vaqoyi” ni o‘qir, bilgaykim,

           Ne ranj-u ne mashaqqat-u ne g‘amlar ko‘rdum.”

          Hasanxo‘ja Nisoriy :”Chig’atoy sultonlarining eng sarasi va zo’r shijoatlisi edi “, - deganda naqadar haq edi.

Mashhur tarixchi Rumer Goden buyuk sarkarda haqida ushbu fikrlarni bayon qilgan : ”Bobur bunyod etgan davlat garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan bo‘lsa-da,u o‘z saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga ko’tarildi. O‘z mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib,uni mohirlik bilan idora qildi. Bu o‘lkani 332 yil davomida mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi”.  Monstyuart  Elfinston: ”Uning uslubi oddiy va mardona, jonli va obrazli. U o‘z zamondoshlarining qiyofalari,urf-odatlari va intilishlarini, qiliqlarini oynadek ravshan tasvirlaydi.Shu jihatdan  bu asar O‘rta Osiyoda yagona,chinakam tarixiy tasvir namunasidir ”, - deb e’tirof etgan.

Bobur-hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko‘p o‘ylaydigan kishi. O‘zi komillik yo‘liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma‘naviy sifatlarga egalik,baland odamgarchilik kutadi.Ammo hayotning o‘yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo‘ljallarga kamdan kam  hollardagina erishiladi. Bobur – so‘zning jilvasini, tovlanish xususiyatlarini nozik his etadigan va ijod jarayonida bundan ustalik bilan foydalana oladigan shoir. Shaxsiyatidagi o‘ktamlik, tafakkur parvozi, ruh erkinlik singari jihatlar uning g‘azaliyotida ham yaqqol bo‘y ko‘rsatib turadi. 

Xulosa qilib aytganda,adolatli shoh va buyuk shoir Bobur o‘zining ma‘lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir hamda ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz ma‘naviy madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Shoir nomini abadiylashtirish maqsadida uning ona shahri Andijonda haykal o‘rnatilgan. Bir qancha maskan va manzillarga Bobur nomi berilgan. Har yili 14-fevral Respublika bo‘ylab Bobur tavallud topgan kun keng miqyosda nishonlanadi. Zero,Boburni anglash – o‘zligimizni anglash.

 

Navoiy viloyat

Uchquduq tuman

20-maktab

11-“D” sinf o‘quvchisi

Mamasoliyeva Sevinch

 

           

                                                                                                                

              

09 Feb 2023

DSC00266

Қайсики мамлакат замонавий технологиялар борасидаги билимларни пухта ўзлаштиришса, ҳар жиҳатдан ривожланади, иқтисоди бақувват бўлади.  Ана  шу мақсадда Шимолий кон бошқармаси тасарруфидаги кадрлар тайёрлаш бўлими ва ўқув-курс комбинати томонидан корхона бўлинмалари ходимларини касбга ўқитиш, қайта тайёрлаш ва малакасини ошириш ишлари амалга ошириб келинмоқда.

Ўқув-курс комбинатида  корхона  эҳтиёжидан келиб чиқиб, 2022 йил давомида жами 2698 нафар ишчи-ходим қайта тайёрлаш, малака ошириш ва аниқ мақсадли курсларда керакли  касб малакаларига эга бўлишди. 27 та  экскаватор машинисти, 194 та оғир юк кўтарувчи карьер автосамосвал ҳайдовчиси,  13 та бурғилаш қурилмаси машинисти,  16 та кран машинисти ва бошқа касблар шулар жумласидан.

DSC00283

Шунингдек, "Навоий КМК" АЖ  ҳамда Навоий шаҳридаги "ИШГА МАРҲАМАТ" мономаркази ўртасида имзоланган ҳамкорлик шартномасига кўра, мономарказ тингловчиларига Шимолий кон бошқармаси бўлинмаларида ишлаб чиқариш таълими ташкил этилмоқда.

Мазкур марказда қисқа муддатли ўқишга жалб қилинган 186 нафар фуқаро махсус сертификатга эга бўлиб, ҳозирда Шимолий кон бошқармаси бўлинмаларида фаолият юритишмоқда.

Лайло КАРИМОВА

09 Feb 2023

photo 2023 01 25 16 12 46

   Бугун Учқудуқдаги кўп  қаватли уйлар, мактаблар деворларини мурал расмлар безаб турибди.  Энди эса Шимолий кон бошқармаси бўлинмаларидаги йўлаклар ва хоналарга ҳам бу санъат асари кўчмоқда. Ҳозиргача Ахборот коммуникацион технологиялар марказида ана шундай “деворий  расмлар” чизилди.

“Бўш деворлар – бу жиноят”, - деган эди машҳур инглиз рассоми Бэнкиси. Албатта бундай расмлар санъат даражасида бўлмасада ишчи-ходимлар учун хушкайфият бағишлайди. Ҳар ким ундан баҳраманд бўла олади.

photo 2023 01 25 16 12 47

- Бу расмлар замонавий тилда  стрит-арт дейилади. Унинг ижодкорлари ҳам машҳур рассомлар эмас балки АКТМ ходимлари бўлишди, -дейди АКТМ раҳбари Жонибек Раҳматов. –Ишчиларимизнинг бир ойлик  бўш вақтлари ана шу оқланган йўлакларда ўтди. Ҳар ким ўз имконияти етадиган даражада қора бўёқда  расмларни бўяди. Бу жамоавий расмлар  биз биргаликда катта куч эканлигимизни ҳар кун эслатиб турибди.

09 Feb 2023

photo 2023 02 08 11 41 07
Халқ тилида “Модел” деб аталувчи “Қурувчилар” кўчаси янгидан ташкил этилган “Ифтихор” маҳалласи ҳудудида. Бу ерда ҳозирда 64 та хонадонда 252 нафар аҳоли истиқомат қилади.
Учқудуқ шаҳри бунёд этилишида қурувчилар учун бошпана сифатида қурилган бу масканни аслида қўрғонча сифатида кўриш мумкин. Бир қаватли пастқамгина уйлар... оддийгина ҳаёт кечираётган одамлар...
Учқудуқ туман ҳокими Соли Хамроевнинг бу галги 2 соатлик “ташрифи” ана шу “Модел”да ўтди.
-Кўпчилик, “Модел”да яшайсизлар-ми”, -дея ғалати савол беришади. Аммо, келишса бу ердаги шароитларни кўриб ҳайрон қолишади. Ҳамма нарсалар худди шаҳарникидан кам эмас, – дейди ҳоким ва масъуллар хонадони эшигини тақиллатган 2-уй, 9-хонадонда яшовчи Дилсўз Ғафурова. Уч нафар фарзанднинг онаси болалари учун шароит бўлгани учун ҳам шу сўзларни билдирди.
Туман ҳокими улар билан бугунги муаммолари билан қизиққанида уйда 3 кундан буён сув қувурлари музлагани сабаб, ичимлик суви йўқлигини айтди. Салбий ҳолатни тезкорлик билан ҳал этиш, хонадонларни ўз вақтида ичимлик суви таъминоти билан таъминлаш мақсадида тегишли масъулларга кўрсатмалар берилиб, вазият назоратга олинди. Ишлаётган гуруҳга яна қўшимча сифатида ишчилар жалб этилиб, муаммо шу куннинг ўзида ҳал этилишига эришилди.
Йўллар яхши уйларга олиб боради, дейишади. Икки уч йил олдинги чанг, лой кўчалар энди асвальтланган. Йўл бўйидаги қурилиш материаллари, бордюрлар яна йўллар чўзилишидан дарак бериб турибди. Машиналар серқатнов бўлмаган йўлларда “Қурувчилар” нинг болалари велопойгалар ўйнаяпти. Бу ҳақда кўча аҳолиси номидан таҳририятга хат йўллаган Умар ака Болтаев ўз миннатдорчилигини изҳор этади.
...Оддийгина ҳаёт аммо қайсидир маънода виқорлардан, манманликлардан меҳрни устун қўяётган, бировни алдамай биров ҳам уларни алдашига ишонмай яшаётган аҳолини назаримда шу ерда топдик.
Бахитжан Утегенов билан туман ҳокимининг суҳбати давомида у оиласи ва ота-онаси билан яшаётган 1 уй 10 - хонадонинг кадастр ҳужжатлари йўқолганлиги сабабли ҳоким қарори чиққан бўлсада ҳали ҳам хусусийлаштирилмагани аниқланди. Туман раҳбари телефон орқали шу соҳа масъулларига ишни тезлаштиришни илтимос қилди.
Шу куни Учқудуққа бир ёш мутахассис шифокор сифатида жўнатилган ва бугун шу халқнинг хизматида бўлган Нурали Жўраевнинг ҳам муаммоси ҳал бўлди. Бир хоналик уйига қўшимча бино сифатида қурилган яна бир хоналик уйи кадастр қилинадиган бўлди. Яқиндагина фарзандлари 3 нафарга етадиган Нурали учун бу энг яхши хушхабар бўлди.
Учқудуқлик Зуҳра ва Хатирчилик Наврўзнинг тақдири. Улар Учқудуқда топишган. Туман ҳокимлиги томонидан бу икки ёшнинг никоҳ тўйлари ўтказиб берилганидан сўнг уларнинг яшаш манзиллари бўлмагани учун ёш келин –куёв “Қурувчилар” кўчасидаги бўш турган уйлардан бирига жойлаштирилди. Яшаш учун бошпана бўлган бир хонали уйда уларнинг ширин қизалоқлари дунёга келди. Аммо оила бошининг муқим жойда ишламай гоҳ арава суриб, гоҳ ғишт қуйиб юриб, пул топиши қишнинг изғиринли палласида панд берди. Бу масала ҳам ҳоким эътиборидан четда қолмади. Наврўз туман ободонлаштириш бошқармасига доимий ишчи сифатида ишга олинадиган бўлди. Оиланинг совуқ кунларда қийналмаслиги учун ҳомийлик асосида озиқ - овқат маҳсулотлари ажратилди.
“Қурувчилар” кўчасида яшовчи Жанар Ахметова ота-онаси вафотидан сўнг ўзи ёлғиз яшайди. Муаммоларни ўрганган ҳоким туфайли у ҳам ўзига мос иш топа олди.
... Бу туман ҳокимининг “Қурувчилар” кўчасида яшовчи аҳоли билан ўтказган икки соатлик мулоқотидан кейинги ечимлар.
Халқ билан ҳамнафаслик, одамлар орасига кириш, аҳоли билан яқиндан мулоқот ўрнатиш бугун ҳар бир раҳбар, ҳар бир мутасадди зиммасидаги энг муҳим, энг долзарб, энг устувор вазифадир. Зотан, ўзини эл-юрт равнақи ва тақдирига дахлдор билган мутасадди учун халқ дарди, ташвиши билан яшашдан ортиқ мезон йўқ.

Райҳон ҚОДИРОВА,

махсус мухбиримиз.

09 Feb 2023

Навоий нафақат шоир, таржимон, тилшунос олим, балки давлат арбоби сифатида ҳам тарихда катта из қолдирган. Ана шунинг учун ҳам унинг кўп рубоийлари, достонлари халқни қай йўсинда бахтли - саодатли қилмоқ мумкин, саволига жавоб тариқасида ёзилгандир.
Навоий ҳаёти ва фаолиятини ўрганиш миқёси ХХ - асрда янада кенгайди 1941 йили қамал қилинган ва бомбалар ёғилиб турган Санк-Петербург шаҳрида шоир ижодига бағишланган анжуманнинг ўтказилиши илм йўлидаги фидойиликнинг ёрқин намунаси бўлган эди. Кейинги ярим аср давомида Навоий асарлари жаҳоннинг турли мамлакатларида қайта-қайта чоп этилди. Жаҳон тинчлик кенгаши 1968 йили Навоий юбилейи муносабати билан йўллаган табригида: "Жаҳон маданиятининг энг яхши дурдоналарига мансуб бўлган Алишер Навоийнинг қудратли ҳаётбахш шеърияти бутун тараққийпарвар инсониятнинг бойлиги бўлиб қолади", дея эътироф этган эди.
Навоий ижоди ўзининг ҳақиқий қадр-қимматини мустақил Ўзбекистонда топди, дея оламиз. 1991 йил - Алишер Навоий йили деб аталган эди. Мамлакатимиз бу улуғ зот номи билан мустақиллик даврига қадам қўйди. Бунда ўзига хос рамзий маъно бор. Зеро, Навоий ўзининг ҳаёти ва фаолиятини юрт мустақиллиги ва тинчлиги, ўзбек тилининг нашъу намоси учун бахшида этган эди.
Бугун Алишер Навоий ҳақли суратда жаҳон маданиятининг мумтоз вакиллари сафидан ўрин олди. Унинг асарлари жаҳондаги юзлаб тилларга таржима қилинди. Дунё аҳли унинг мероси билан қизиқмоқда, асарларида тараннум этилган олижаноб ғоялар ва фалсафий мушоҳадалардан завқ олмоқда. Шоир ҳайкаллари Япониянинг Сока университети ҳовлисида, Москва ва Боку шаҳарларида қад кўтарди.
Буюк шоир ва мутафаккир, атоқли давлат ва жамоат арбоби Алишер Навоий таваллудининг 582 йиллиги муносабати билан Шимолий кон бошқармаси “Шарқий” очиқ усулда қазиб олиш конида ҳам ишчи-ходимлар иштирокида маърифий тадбирлар бўлиб ўтмоқда. Шеърият ва адабиёт кечасида шоир ижодидан намуналар ёд айтилиб, саҳна кўринишлари намойиш этилмоқда.

Нилуфар РЎЗИЕВА,
"Шарқий очиқ усулда қазиб олиш кони
маънавий-маърифий ишлар бўйича инспектори.

09 Feb 2023

IMG 6703
Навоий ижоди шундай уммонки, унда сузган ғаввос истаган дуру хазинасини териб олади. Чунки, ҳазрат Навоий асарларида барча замонларда ҳам бирдек долзарб мавзулар қаламга олинган. Ватанга муҳаббат, меҳнатга садоқат, ахлоқий юксакликка интилиш, гўзаллик ва муҳаббат, меҳр ва мурувват, ижтимоий адолат учун кураш ғоялари билан йўғрилганлигидир.
Шу боис ёш авлодни аждодларимиз меросидан баҳраманд қилиш, уларда миллий фахр ва ғурур ҳиссини шакллантириш муҳим аҳамият касб этади. Ана шу мақсадда туманимиздаги барча мактабгача таълим муассасаларида Алишер Навоий таваллудининг 582 йиллигига бағишлаб адабий-бадиий кечалар, тарбияланувчилар иштирокида эрталиклар бўлиб ўтмоқда.
Шундай тадбирлардан бири 13-сонли ДМТТнинг “Эркатой” мактабга тайёрлов гуруҳи тарбияланувчилари иштирокида “Навоий издошлари” мавзусида ўтказилди. Тадбирда кичкинтойлар ҳазрат Навоий қаламига мансуб ғазал, рубоий ва туюқларидан намуналар айтишди. Ҳаёт йўллари акс этган саҳна кўринишлари болажонлар талқинида маромига етказиб ижро этилди.
Ҳа, Навоий каби буюк аждодларимиз қолдирган бой ва улкан адабий мерос бугунги глобаллашув даврида ҳам инсонларни эзгуликка, аҳиллик ва бирдамликка чорлаб турувчи мақё вазифасини ўтайди.

Дилфуза КУЛДАШЕВА,
13-сонли ДМТТ тарбиячиси.

09 Feb 2023

                           

                                Boburni anglash

   Reja :

  1. “Boburnoma”- Z. M. Bobur ijodining gultoji.
  2. Asarda tabiat tasviri.
  3. Bobur tilga olgan tarixiy shaxslar.
  4. Andijoni qoldi Boburning .

                                         Bobur – dilbar shaxs.   Uyg’onish   davrining    tipik
   hukmdori,   jasur va tadbirkor kishi bo‘lgan. U  san’atni va 
adabiyotni sevar, hayotdan zavqlanishni yaxshi ko‘rardi.

(Javoharlal  Neru)

  1.      M. Bobur - o‘zbek adabiyotining buyuk darg‘alaridan biri sifatida tarix sahifalarida shoh va shoir sifatida  o‘chmas  iz  qoldirdi. U   o‘z  g‘azallari , ruboiy, tuyuqlarida qalb go‘zalligini, odamiylikni madh etadi.  Shoirning “Boburnoma” asarini va g‘azallarini o‘qir ekanman  har bir so‘zida ona Vatan sog‘inchini his etaman. Eng mushkul damlarda she’riyatga oshno bo‘ladi.  Hasratlarini qog‘ozga to‘kadi.  400 dan ortiq g‘azal va ruboiy bitdi.  “Mubayyin” ,  “Harb ishi”,  “Musiqa ilmi”, “Mufassal” hamda “Boburnoma”  kabi asarlarni yozdi.  “Boburnoma” asari  chin ma’noda  Bobur ijodining gultoji, shoh asari desak mubolag‘a  bo‘lmaydi. Asarda  tarixiy davr ,  geografik ma’lumotlar, iqtisodiy masalalar, qishloq xo‘jaligi, matematik hisob-kitoblar, musiqiy yangiliklar, lisoniy xabarlar, etnografik manbalar va xalq og‘zaki ijodiga keng  o‘rin berilgan. Ijodkor qaysi hududni qalamga olmasin o‘sha joyning tabiati, iqlimi so‘zda ifodalab kitobxonni ajib bir tabiat qo‘yniga olib kiradi. Jumladan, Farg‘onaning tasviri shunday boshlanadi:

“Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur. Ma’muraning kanorasida voqe’ bo‘lubtur.  Sharqi Qoshg‘ar , g‘arbi Samarqand, janubi Badaxshonning sarhadi tog‘lar…”

    Yoki Samarqand tasviriga e’tibor qarataylik: “ Qishi mahkam sovuqtur, qori agar Kobul qoricha tushmas. Yozlar yaxshi havosi bor, agarchi Kobulcha yo‘qtur”-deydi. Chindan ham  Samarqand tabiati quruq. Kobulning issiq-garmsel shamoli Boburni charchatgani va Samarqandni,  Andijonni sog‘ingani shundan ham ayon bo‘ladi.

       Bobur asarda  tabiat tasviri bilan birga tarixiy shaxslardan 1600 dan ortig‘ini tilga oladi. So‘z sehrining mo‘jizasini qarangki, har bir insonning tashqi ko‘rinishidan tortib, qiziqishlarigacha ifodalab kitobxonga tanishtiradi.   Jumladan, otasi Umarshayx Mirzoni shunday  tasvirlaydi. “… past bo‘yli, yumaloq soqolli, sarg‘ish yuzli, norg‘ul kishi erdi. To‘nni rosa tor kiyar erdi. Pokiza e’tiqodli kishi erdi.”

         Necha asrlik tariximizdan voqif  etuvchi “Boburnoma” bizning  eng qimmatli boyligimizdir.  Bobur garchand Vatandan yiroqda bo‘lsa-da , o‘z farzandlik burchini  mukammal ado etadi.  Andijonini sog‘ingan yurakning tub-tubidan sizib chiqqan salmoqli satrlar Bobur ruhini ona yurtiga shu buyuk asar orqali olib kelgan bo‘lsa ajab emas. Saltanat, toj-u taxt uni Hindiston va Kobulda kishansiz kishanlagan bo‘lsa ham shoirlik hissi bilan har daqiqa Vatanini yod etib turdi. Ba’zan achchiq xotiralar iztirobga solgan bo‘lsa, ba’zida esa ona diyorda o‘tgan bolaligi Bobur Mirzo qalbiga bir  olam quvonch baxsh etadi.  Shoir X. Davron aytganidek, uning Vatanidan yagona yodgorlik  bu ona tili, ya’ni turkiy til  edi:

                    Samarqanddan Bobur ketarkan,

                    Dilda tuyub hasrat sasini.

                    Olib ketdi ona yurtidan

                    O‘zbek tilim, birgina seni.

     Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Vatan buyuk jasorat sohiblarini aslo unutmaydi.  Bu kun yurtimiz bo‘ylab shoir tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.  Uning aziz siymosi   hamisha yodimizda, yuragimizda. Shohlik va shoirlikni birday ilkida tutgan, buyuk davlat barpo etib, ulkan ma’naviy meros qoldirgan bobomiz biln har qancha faxrlansak arziydi.  Mirzo  Bobur bugun g‘azallari, ruboiylari va “Boburnoma” asari  bilan mangu yashab kelmoqda.  Shoirning adabiy merosini mukammal o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish bizning eng asosiy burchimizdir.

 

Uchquduq tuman 10-maktab
9-“B” sinf o‘quvchisi
Sirojiddinova Mohinur

08 Feb 2023

photo 2023 02 08 09 05 17

Туркиянинг жануби-шарқида содир бўлган ҳалокатли зилзила оқибатида кўплаб одамлар қурбон бўлиб, ўз уйини йўқотган ва яраланган кишилар сони ортиб бормоқда, деб хабар қилмоқда “Дунё”.
Биродар Туркия халқига зилзила оқибатларини бартараф этишда кўмаклашиш мақсадида, кеча, 7 февраль куни Ўзбекистондан иккита самолёт Адана ва Газиантеп шаҳарларига гуманитар ёрдам ҳамда қутқарувчилар гуруҳини олиб борди. Этник ўзбеклар кўп яшайдиган ҳудудда қутқарувчилар ўз ишини бошлаб юборди ва етиб келган гуманитар юк эҳтиёжмандларга етказиб берилмоқда.
Туркиянинг жанубий вилоятларида кўплаб ўзбеклар яшайдиган маҳалла ва қишлоқлар мавжуд. Ҳалокатли зилзила айнан улар истиқомат қиладиган ҳудудларга яқин ерда содир бўлган. 15 мингдан ортиқ ўзбек яшайдиган Ҳатай вилоятидаги Овакент қишлоғи энг кўп жабрланган ҳудудлардан бири. Туркия расмийлари билан эришилган келишувга мувофиқ, Ўзбекистондан борган 100 га яқин қутқарувчилар ҳозирда айнан ушбу ҳудудга йўналтирилди ва қидирув-қутқарув ишларини олиб бормоқда.
Адана шаҳрида жойлашган ўзбеклар уюшмаси раҳбари Усмон Бек Ўзбекистон томонидан кўрсатилган ёрдам учун миннатдорчилик билдириб, қуйидагиларни қайд этди: "Ўзбекистон президенти Шавкат Мирзиёев ва бутун Ўзбекистон халқига катта раҳмат! Қийин кунимизда бизни ёлғиз қўймадилар. Бизга гуманитар ёрдам ва қутқарувчилар гуруҳини жўнатишди. Қутқарувчилар оғир аҳволга тушиб қолган кишиларга яқиндан ёрдам кўрсатмоқда. Гуманитар ёрдам ҳам қисқа фурсатларда ўз эгаларига етказилади".

07 Feb 2023

   “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumiga joriy yilning 6 fevralidan start berildi.
"Ochiq budjet" (openbudget.uz) portali orqali o‘z mahallangizni obod qilish yoki mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflaringizni ilgari suring va ovoz to‘plab g‘olib bo‘ling!
   Hurmatli Uchquduq tumani fuqorolari, Sizni qiynab kelayotgan, yechimi mablag‘ bilan bog‘liq muammolar mavjudmi?
Endi ushbu muommolarni hal etish uchun budjet mablag‘lari Sizning tashabbusingiz asosida yo‘naltiriladi.
Uchquduq tuman hokimligi moliya bo‘limi tomonidan olib borilayotgan “Tashabbusli budjet” jarayonining 1 mavsumiga joriy yilning 6 fevralidan start berildi.
1-bosqich: Portal orqali taklif kiritish muddatlari 6 fevralidan 25 fevralgacha.
2-bosqich: Takliflarni saralash muddatlari 26 fevraldan 17 martgacha.
3-bosqich: Taklifga ovoz berish muddatlari 18 martdan 6 aprelgacha .
  Jarayonda ishtirok etgan holda o‘z taklifingizni bildirishingiz yoki Sizning ehtiyojlaringizni aks ettirgan boshqa takliflarga ovoz berishingiz mumkin.
Onlayn ishtirok etish bevosita Moliya vazirligining “openbudget.uz” Ochiq budjet axborot portali orqali amalga oshiriladi.
Portal orqali Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida Siz ism-sharifingiz, tug‘ilgan yilingiz, yashash hududingiz va shu kabi boshqa ma’lumotlarni kiritishingiz va eng asosiysi o‘zingiz doimiy ishlatadigan telefon raqamingizni ko‘rsatishingiz lozim bo‘ladi.
Siz quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taklifingizni qoldirishingiz mumkin:
-Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash;
-Yoritish tizimini yaxshilash;
-Ichki yo‘llarni ta’mirlash, shag‘allashtirish yoki asfalt yotqizish;
-Ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash, jixozlash yoki moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;
Taklif qoldirish jarayoni juda ham sodda bo‘lib, Siz o‘z shaxsiy kabinetingiz orqali qo‘shish tugmasini bossangiz va ochilgan sahifaga o‘z taklifingiz haqida ma’lumotlarni kiritsangiz bas.
   Shuni alohida ta’kidlash lozimki bildirilgan taklifda yagona ijtimoiy muammo aks ettirilishi hamda taklifning manzili aniq ko‘rsatilishi lozim.
  Taklif qoldirish va ovoz berish yakuniga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar g‘olib deb topiladi hamda taklifni amalga oshirish uchun mablag‘ ajratilishi yuzasidan qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlanadi.
  Tashabbus ko‘rsating va “Tashabbusli byudjet” jarayonida faol ishtirok eting!!!
  Muammolarni hal etish endi o‘z qo‘lingizda.


Uchquduq tuman hokimligi moliya bo‘limi.

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: