
Hokimiyat matbuot xizmati
Millatning jon tomiri, sen Vatanga timsolsan.
Yurtning o‘chmas chirog‘i, Momo havo ayolsan.
Shoir haq. Xotin-qizlarimiz kelajagimiz yaratuvchilari. U muqaddas zot. U ona! Ha, dunyo yaralibdiki, hanuzgacha biror zot ayolga, onaga to‘liq ta’rif berolmagan. Biz bu zotni quyoshga oyga mengzaymiz. Lekin ming afsuski, shunday gulgun zamonda ona degan go‘zal nomga, e’zozga nomunosib xotin-qizlar ham oramizda borligi achinarlidir.
Bugun sudning qora kursisida o‘tirgan inson ham ayol zotidandir. Nigina asli nurotalik bo‘lgan bu ayol ayni vaqtda 50 yoshda. Qaytanga hammaga aql beradigan yoshda sudning qora kursisida boshini egib o‘tirgan bo‘lsaya?!
Tag‘in boz ustiga oliy ma’lumotli ham yana nufuzli tashkilotlarning birida rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Ikki nafar farzandning onasi bo‘lgan Niginaxon Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida istiqomat qiladi.
Nigina oson yo‘llar bilan umumiy manfaatdor bo‘lish maqsadida faol harakat qilib, o‘zini Nurota tumanida joylashgan Navoiy kon metallurgiya kombinati AJ ga qarashli gidrometallurgiya zavodi mansabdor shaxslari bilan tanishligi, ular bilan munosabatlari yaxshi ekanligi pora tariqasida pul bermasa ishga joylashish imkoni yo‘qligiga S.Axmedovni ishontirgan. Mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida uni aldab, 33 mln. so‘m pul so‘raydi.
-Agarda sen ana shu mablag‘ni keltirib bersang shu zavodga haydovchi bo‘lib ishga kirasan – deydi Niginaxon. Lekin “Ko‘za kunda emas – kunida sinadi”, deganlariday uning bu firibiga tegishli tashkilot mas’ullari chek qo‘ydi.
“Kelishilgan” poraning 20 mln. so‘mini sanab olayotgan Nigina qo‘qqisdan chiqib kelgan notanish kishilardan cho‘chib ketdi. U shu onda ayollik sha’niga dog‘ tushirganini anglagan bo‘lsa ajab emas.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi “Abay” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor ochiq sud majlisida sudlanuvchi Niginaning yuqoridagi jinoiy ishini ko‘rib chiqdi va unga nisbatan tegishli jazo tayinladi.
Maqola avvalida aytganimizdek, ayol ta’rifi yo‘q hilqat, lekin Niginaga o‘xshagan ayollarga qanday ta’rif berish mumkin?! U o‘z qilmishi bilan nafratga loyiqdir, deya olamiz xolos.
Sh.N.Barnoxo‘jayev,
Uchquduq tuman prokuraturasi tergovchisi.
Hayotda har kim o‘z mehnati, intilishi va salohiyati bilan kelajakni yaratadi. "Harakatda barakat", degan hikmatning ma’nosi ham shunda! Faqat ana shu harakatgina ezgulik, qonuniylik va xayrli maqsadni o‘zida mujassam etmog‘i darkor. Taassufki, ayrimlar farovonlikni, to‘kin hayotni halol mehnat va harakatdan izlamas ekan. Qing‘ir yo‘llarga qadam tashlab, maqsadiga qonunga xilof ravishda bo‘lsa-da, yetmoqqa uringanlar pushaymonlikdan o‘zga narsaga erishmaydi.
Ha, hech banda “nafs”, degan baloning nag‘masiga uchmasin ekan. Bir bor uning so‘ziga kirdimi nag‘masiga o‘ynamay iloji yo‘q. Nafsi izmidan borgan ya’ni uch farzandning onasi aytish joiz bo‘lsa egnidagi oq xalatga dog‘ tushirgan Manzura Halimova (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) ning bugun yuzi shuvut. Sudning “qora kursisi”da o‘tirar ekan: “Nega ham shu ishni qildim?”, deya nadomat chekayotgan bo‘lsa ajab emas?!. Afsuski, bundan hech bir naf yo‘q. Sababi, u jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Jinoyatga esa albatta jazo muqarrar.
Joriy yilning 10 iyulida jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudining sayyor sud majlisi Uchquduq tuman “Yo‘lchilar” MFY binosida bo‘lib, tegishli mas’ullar ishtirokida sudlanuvchi Manzura Halimovaning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. U Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mast xolatda bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti (hushyorxona) da katta hamshira lavozimida ishlagan. U o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qiladi.
G.To‘xtayevaning turmush o‘rtog‘i ya’ni Manzura Halimovaning hamkasbi Jalil Saidov va Uchquduq tuman “Qo‘riqlash” bo‘limi nazoratchisi Mansur Majitovlarga nisbatan Uchquduq tuman IIB tergov guruhi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv materialini tuman IIB tergovchilari orqali ijobiy hal qilib berishi mumkinligiga G.To‘xtayevani ishontiradi.
“Mo‘may daromad”ni firibgarlik yo‘li bilan 200 AQSH dollari va 6 mln. so‘mni qurtday sanab olayotganda “oq xalat sohibasi”ni tegishli tashkilot xodimlari jinoyat ustida ushladi.
Darvoqe ota-bobolarimiz: “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir!” yoki “Mening nafsim balodur, yonar o‘tga soladur”, deb bejizga aytishmaganda. Sudlanuvchi M.Halimova sodir etgan jinoyatiga yarasha qonun asosida jazoga tortildi.
Ha, “oq xalat” sohibi bo‘lish naqadar baxt!. Chunki, bu soha vakillari egnidagi oq xalatdan oqlik olib bemorlarga ulashadi. Ularning qalbi ham, qilayotgan har bir ishi ham oqlikdan iborat bo‘lishi kerak.
Kombinat taraqqiyotida temir yo‘l transporti muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda bu soha ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va zamonaviy tarmoqqa aylandi.
Bugungi kunda kombinat tasarrufida aynan shu sohaga ixtisoslashgan 1 ta boshqarma va 3 ta temir yo‘l syexi mavjud bo‘lib, 450 km uzunlikdagi temir yo‘l, 56 dona teplovoz, 878 dona yuk tashish va 17 dona yo‘lovchi tashish vagonlari orqali xizmat ko‘rsatmoqda. Yangi temir yo‘llar barpo etilishi, transport parki yangilanishi hisobiga soha quvvati borgan sari kengayib borayapti.
Shimoliy kon boshqarmasi temir yo‘l syexi ana shunday ilg‘or bo‘linmalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda po‘lat izlar orqali “Sharqiy” va “Daugiztau ” konlaridan qazib olingan ma’danlarni 3-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib berilmoqda. Hozirgi vaqtda syex balansida bo‘lgan 110,68 km uzunlikdagi temir yo‘l, 12 dona teplovoz, 312 dona dumpkar va boshqa turdagi yuk vagonlari orqali shu yilning o‘tgan yarim yilligida 4,8 mln tonnadan ziyod ma’dan tashilib, reja 106,1 foizga uddalandi.
- Kombinat rahbariyatining sohaga bo‘lgan e’tibori tufayli transport parkimiz yangilanmoqda. Yaqinda syeximizga texnik qayta jihozlash loyihasi doirasida 30 dona yangi dumpkar vagoni sotib olindi. Buning natijasida yuk tashish ko‘lami yanada kengaytirilib, rejani ortig‘i bilan bajarishga erishilmoqda, - deydi syex boshlig‘i Nazir Mirzaqobilov. – Xalqimizda: “Izlagan imkon topar”, degan naql bor. Biz, bu naqlga amal qilib, o‘zimiz uchun yangi imkoniyatlar izlab topish yo‘lida harakat qilayapmiz. Lokomotiv depoda teplovozlarga texnik xizmat ko‘rsatish, joriy ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilgani ana shunday sa’y-harakatlar natijasidir. Bu, sezilarli miqdorda mablag‘larni iqtisod qilish imkonini yaratdi. Chunki, yaqin vaqtlarga qadar bu ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Tinchlik va Buxoro lokomotiv depolarida shartnoma asosida amalga oshirib kelinayotgan edi.
Laylo KARIMOVA, jurnalist.
Mubolag‘asiz, maydalash sexini 3-sonli gidrometallurgiya zavodining “yuragi”, deb atash mumkin. Bu yerda har biri kichik uyning o‘lchamiga teng bo‘lgan o‘n ikkita ulkan baraban tegirmoni yordamida yirik ma’danlar maydalanib, mayda qumga aylantiriladi.
Aynan shu sexda ma’danlarni qayta ishlash orqali davlat rejasiga poydevor qo‘yiladi. Shuning uchun ham maydalash sexi zavodning asosiy binosi deyiladi-da. Bunday mas’uliyatli nom nafaqat texnologik uskunalar va ishlab chiqarish hajmining ko‘pligi, balki keyingi jarayonlar uchun ish ritmining o‘rnatilganligi bilan bog‘liq. Flotatsiya va biologik oksidlanishning hajmi va sifati shuningdek, sorbsiyalash jarayonlari maydalangan ma’danning miqdori va sifatiga bog‘liqdir.
1995 yilda zavod foydalanishga topshirilganda, maydalash sexi 3 ta tegirmon bloklaridan iborat edi. 2004-2005 yillarda to‘rtinchi tegirmon blokining tegirmonlari o‘rnatilib, foydalanishga berildi. Bu esa unumdorlikni 2003 yildagiga nisbatan 38,2 foizga oshirish imkonini berdi. 2008-2009 yillarda 5 va 6-tegirmon bloklari ishga tushirilishi natijasida unumdorlik 28 foizga ortdi.
2008 yilning ikkinchi yarmidan 2009 yil boshiga qadar zavod texnologiyasini sulfidli ma’danlarni qayta ishlashga o‘tkazish bo‘yicha faol ishlar olib borildi. Maydalash ikkinchi bosqichida “2KSP-24M” tasniflagichlari “CONTICLASS SYSTEM” kompaniyasining va Navoiy mashinasozlik zavodining avtomatlashtirilgan gidrosiklonlariga almashtirildi. Ikkinchi bosqichda “8Gr-8T” nasoslari WARMAN, “10Gr-8L” rusumli samaraliroq nasoslar qo‘yildi.
Maydalash sexi jamoasi yangi usul va texnologiyalarni joriy etish orqali dastgohning mahsuldorligini oshirish ustida doimiy ishlamoqda. Bular qatoriga “Kokpatas” liniyasi bo‘ylab maydalashning birinchi bosqichi tegirmonida kattalashtirilgan bo‘shliqli panjara o‘rnatilishi, ma’danni qayta ishlash hajmini oshirish, sikllararo flotatsiya uchun gidrosiklonlar sxemasini joriy etishdir. Bu kabi amalga oshirilgan ishlar ma’danni maydalash sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashga imkon berdi.
Har yili zavod ishonchli ravishda oldinga qadam tashlab, tog‘ massasini qayta ishlash hajmini oshirmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2024 yilga mo‘ljallangan Investisiya dasturi doirasida «Kokpatas va Daugiztau oltin konlarida ma’dan qazib olish uchinchi navbati” Investision loyihasi umumiy qiymati 281 million AQSH dollari miqdoridagi loyiha amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodiga yiliga bir million tonna oltin tarkibli ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tegirmon bloki shulardan biridir. 7-sonli tegirmon blokining ishga tushirilishi, zavodda sutkasiga 3000 tonna qo‘shimcha ma’danlarini qayta ishlashga imkon beradi. Buning natijasida dastlabki ma’danlarni qayta ishlash qo‘shimcha yillik xajmi oshishi va bu o‘z navbatida tayyor mahsulotni ishlab chiqarish hajmini 12 % ortishini ta’minlaydi.
Yaqinda yangi tegirmon bloki ishga tushirilib, zavoddagi tegirmon bloklari soni 7 taga yetkazildi. Kelajakda flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Bu kabi amaliy sa’y-harakatlar ishlab chiqarish sur’atini oshirishga xizmat qiladi, albatta.
E’tiborlisi, yil yakuniga qadar sakkizinchi “MSHS” sharli tegirmon o‘rnatilishi evaziga yillik ma’danni qayta ishlash hajmi 10 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning hisobiga qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur tegirmon bloklari uchun zarur asbob-uskuna va ehtiyot qismlar mahalliylashtirilib, kombinatning Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Shimoliy kon boshqarmasi bo‘linmalarida tayyorlandi. Qurilish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi.
Siz nima, deysiz?!
Assalomu alaykum, hurmatli o‘qirmanlar. Mana shu o‘g‘lim qo‘lida ushlab turgan matoh Yaponchada "Suito" deyiladi. Bizni qishloqda "Termos" deyilar edi. Tushunganingizdek issiqni issiq, sovuqni sovuq ushlab turadigan matoh. Keling, bugun mana shu maqola tugaguncha shu matohni- "Issiq-sovuq" deb atab turaylik
Xullas , ana shu "Issiq-sovuq" Yaponiyadagi bolalarga bog‘chadaligadayoq majburiy qilib qo‘yiladi. Har bitta bolada shu matoh bo‘lishi shart. Oddiy ko‘chaga o‘ynagani chiqsa ham hamma yapon bolasini qo‘lida bor.
Ertalab uydan chiqayotganda to‘ldirib berib yuborasiz, tugab qolsa, bog‘cha opalari qaytadan to‘ldirib qo‘yishadi. Natijada, bola kun bo‘yi juda ko‘p suv ichadi. Bu matohni ko‘tarib yurish odati, yaponlarda bog‘cha, maktab, universitet hattoki ishlaydigan kap-katta odamlarda ham shakllangan.
Bog‘chadan, maktabdan o‘rganib katta bo‘lgan yapon ishxonasida ham o‘sha matohni ko‘tarib yuradigan, ko‘p-ko‘p suv ichadigan bo‘ladi. Xullas, oddiy suv ichish odati Yaponiyaning har bitta burchagida sezilib turadi. Xohlagan yemakxonaga kirmang, birinchi bo‘lib muz solingan suv olib keladi. Dasturxon tuzatishda ham kola, fanta, soklar emas, suvga urg‘u beriladi.
Bu odatni bizda ham shakllantirish kerakmi deymanda. Bizda oddiy suv ichish uncha yaxshi shakllanmagan. Xohlagan birorta bolachaga nima olib beray desangiz, "Kola , "Sok", "Kompot" deydi. Yaponni bolasi "Suv" deydi.
Ba’zida chanqab ketib, nimadir olay desam, o‘g‘lim: "Suv oling" deydi. "Sen Yaponiyada tug‘ilgandirsan, men O‘zbekistonda tug‘ilganman" degim keladi. Pul sarflagandan keyin, qandaydir suv olgim kelmaydi, borku. Albatta, nimadir zararli ichimlik olishim shart. Siz ham oshxonaga kirganizda, nima ichimlik buyurtma qilishingizni bir eslab ko‘ringda.
Xulosai kalom, suv ichish kerakligini men aytmasam ham, hamma biladi. Ammo, madaniyat sifatida shakllanishi uchun bolalikdan, bog‘chalarimizdan boshlash keragov. Balkim, shunda yaponlardek uzoqroq yashab, qand kasalligi, semizlik, yurak kasalliklari kabi ko‘p kasalliklar kamayarmidi...
Maqolani o‘qishingiz bilanoq, bolangizni sumkasiga "Issiq-sovuq" idishidan solib qo‘ying.
Bahodir ISKANDAROV
Shimoliy kon boshqarmasi 1-sonli avtokorxona yoshlarining bilim salohiyati va darajasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida“Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
700 ga yaqin xodim faoliyat olib borayotgan korxonada 30 iyul -“Xalqlar do‘stligi” kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida 10 ga yaqin millat vakillaridan tarkib topgan 5 ta jamoa ishtirok etdi. Bilimdonlar asosan qiziqarli va mantiqiy savollarga javob berishdi.
O‘yin qoidalariga ko‘ra, birinchi turda barcha jamoalar ishtirok etdi. Jamoalar ballari to‘g‘ri berilgan javoblarga ko‘ra hisoblab chiqildi. Intellektual o‘yinni ochiq va shaffof o‘tkazish, jamoalarni kuzatib turish maqsadida, betaraf nazoratchilar tanlab olindi.
Murosasiz kechgan final bahsida zukko va bilimdon jamoalar orasidan “Muhandis texnik” jamoasi o‘z donoligi va topqirligi bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa “Zulfiyaxonim izdoshlari” va “Ta’mirlash ustaxonasi” jamoalari keyingi o‘rinlarni band etdi.
Gʻolib jamoalarga 1-sonli kasaba uyushma qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Husniddin BO‘RIYeV,
SHKB 1-sonli avtokorxona yoshlar yetakchisi.
Shu yil 1 avgust kunidan boshlab ota-onalar my.maktab.uz platformasi orqali mikrohududdan tashqari hududda joylashgan maktablarga 1-sinfga qabul uchun boʻsh oʻrinlar boʻyicha ariza topshirishlari mumkin.
Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
Arizalar yuborilgan vaqt ketma-ketligida qabul qilinadi. Belgilangan kvotaga mos ravishda arizalar qabul qilingandan soʻng, qabul jarayonlari avtomatik tarzda toʻxtatiladi.
Bola mikrohududdan tashqari maktabga qabul qilinganidan soʻng, mikrohudud boʻyicha avval yuborilgan arizasi asosiy maktabga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.
«Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi? Bu to‘lov evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart? Agar bajarmasa, nima bo‘ladi?
«Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi?
«Kvartplata» (ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish, uni ta’mirlash hamda obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlar) uy-joy mulkdorlari (ya’ni kvartira egalari) hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Bunda to‘lov miqdori ko‘rsatiladigan xizmatlardan kelib chiqib, o‘rnatiladi. Ammo shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, uning miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan minimal miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas. Ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori har ikki yilda bir marta belgilanadi.
Bunda kvartira egalari uy qavati soni, kommunikatsiya tarmog‘i va liftning mavjudligiga qarab, 1 kv metr uchun 701 so‘mdan 1830 so‘mgacha «kvartplata» to‘laydi.
«Kvartplata» evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart?
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish 16 turdagi ish va xizmatlarni belgilangan davriylikda bajarishi shart. Xususan, quyidagilar:
№ |
Xizmatlar va ishlar |
Davriyligi |
Umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash |
||
1. |
Ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalanishdagi ob’yektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash |
doimiy |
2. |
Lift uskunalarini texnik monitoring qilish (ixtisoslashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan hollarda) |
doimiy |
3. |
Ko‘p kvartirali uylarning fasad va kirish yo‘laklarini talab darajasida saqlash va ta’mirlash (uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash) |
zaruratga ko‘ra |
4. |
Yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suvi nasoslarini texnik soz holda bo‘lishini ta’minlash (qurilishda suv nasoslarini o‘rnatish loyihalashtirilmagan ko‘p kvartirali uylar bundan mustasno) |
doimiy |
5. |
Ko‘p kvartirali uylarning tom qismi gidroizolyasiya qatlamini tiklash va yamash, yerto‘ladagi kommunikatsiya tarmoqlari, shaxtalardagi kommunikatsiya tarmoqlari, elektr energiyasi tarmoqlarini soz holda saqlash va joriy ta’mirlash (bo‘yash, oqlash, yamash, umumiy foydalanishdagi elektr kabellarini almashtirish, tik va yotiq quvurlarni, ichimlik suvi quvurlarini ta’mirlash va boshqalar) |
doimiy |
6. |
Novlarni soz holatda saqlash va ularni doimiy tozalash |
doimiy |
7. |
Isitishning uy ichidagi tizimini gidravlik presslash va uni tarmoqdagi suv bilan to‘ldirgan holda yuvish (lokal va markaziy isitish tizimida isitiladigan uylar uchun), shuningdek, uy ichidagi issiqlik tizimlarini zarur tarzda saqlash va xizmat ko‘rsatish |
bir yilda bir marta |
8. |
Ko‘p kvartirali uylarning issiqlik izolyasiyasini ta’minlash, shu jumladan germetizatsiya hamda kirish yo‘laklarining deraza va eshik yoriqlarini (shu jumladan shaxtalar va tuynuklarni) oyna bilan berkitish ishlarini bajarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish |
kuz-qish mavsumida |
9. |
Ko‘p kvartirali uylarni deratizatsiyalash va dezinseksiyalash, uyga tutash hududdagi mahalliy tozalash inshootlari (septiklar) va tashqi hojatxonalarni dezinfeksiyalash |
zaruratga ko‘ra |
10. |
Oqova xandaqlarini (o‘ralarini) bo‘shatish (oqova tarmog‘iga ulanmagan uylar uchun) |
uch oyda bir marta |
11. |
Ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va lift xonalarini tozalash |
haftada bir marta |
12 |
Yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish |
doimiy |
Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish |
||
13. |
Boshqaruv organlari boshqaruvidagi ko‘p kvartirali uylarga tegishli bo‘lgan bolalar va sport maydonchalarining texnik holatini saqlash, tozaligini ta’minlash hamda ularni ta’mirlash |
doimiy |
14 |
Hududni obodonlashtirish, o‘t o‘rish, daraxtlarni butalash |
doimiy |
15. |
Noqulay ob-havo sharoitida kirish yo‘laklarini qordan tozalash va muzlarni tushirish |
zaruratga ko‘ra |
16. |
Tutash hududlarni tozalash (supurish) |
uch kunda bir marta |
Ta’kidlash lozimki, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar kvartira egalari bilan tuzilgan shartnomaga asosan yuqorida ko‘rsatilgandan tashqari boshqa ish, xizmatlarni ham bajarishi mumkin.
Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, qanday murojaat qilish kerak?
Agarda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, unga bevosita borgan holda yoki onlayn ravishda murojaat qilish mumkin.
Kun davomida aksariyat ish va o‘qish bilan band bo‘lganligi sababli bevosita kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga borish noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot (nomi, manzili, aloqa raqamlari va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Mening uyim» portali (https://my.kommunal.uz) orqali aniqlash va unga murojaat qoldirish mumkin.
Ushbu portaldan foydalanish uchun JSHSHIR kifoya qiladi.
Portalda 18 ta toifadagi holat bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qoldirish, shuningdek, qo‘shnilar tomonidan kiritilgan murojaatlarni ko‘rish va arizalar holatini kuzatish imkoniyati mavjud.
Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, nima bo‘ladi?
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomadagi majburiyatlar bajarmasa, kvartira egalari u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish masalasini o‘zaro ko‘rib chiqishi mumkin.
Xususan, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunga asosan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomani bajarmasa, kvartira egalari umumiy yig‘ilish qaroriga asosan shartnomani bekor qilish va boshqa tashkilotni tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi
Yuqorida aytilgandek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma umumiy yig‘ilishi qarori bilan bekor qilinishi mumkin.
Umumiy yig‘ilish yiliga kamida bir marta chaqiriladi. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish kvartira egalarining kamida 10 foizining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
Shuningdek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qonunchilikni buzgan hollarda Uy-joy fondi inspeksiyasining mansabdor shaxsi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishni chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Umumiy yig‘ilishni o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish tegishli e’lonni uylarning har bir kirish yo‘lagiga osib qo‘yish yoki e’lonni mulkdorlarga imzo qo‘ydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.
Umumiy yig‘ilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining 50 foizidan ko‘prog‘i hozir bo‘lishi kerak. Umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Umumiy yig‘ilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma joylarning mulkdorlari orasidan saylanadigan yig‘ilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga yig‘ilishda ishtirok etgan shaxslarning ro‘yxati har bir muhokama etilayotgan masala bo‘yicha ularning xohish-irodasi aks ettirilgan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan holda ilova qilinadi.
Uchquduq tuman adliya bo‘limi
O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga asosan Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning umumiy mol-mulkiga er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.
Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilsa, bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganligini anglatadi.
Er (xotin) o‘zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko‘chmas mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab 1 yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli.
Uchquduq tuman Adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: Shodiyeva Nafisa Minboy qizi
Kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq. Shu sabab poytaxt do‘konlarida sotilayotgan bu tovarlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan. Hozirda Raqobat qo‘mitasi sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan choralar ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

Toshkent shahridagi shoxobchalarda sotilayotgan 8 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti sifatsiz ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda nazorat xaridiga oid yangi loyihani boshlagan. Shuning doirasida poytaxt do‘konlarida sotilayotgan 9 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti xarid qilinib, laboratoriyalarda tekshirilgan.
Ta’kidlanishicha, ularning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MChJ huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari xulosalarini bergan. Unga ko‘ra, 9 tadan 8 ta mahsulot amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan.
Ya’ni texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Qo‘mitaga ko‘ra, bu mahsulotlar quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli:
1. “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MChJ;
2. “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol go‘shti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MChJ;
3. “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MChJ;
4. “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MChJ;
5. “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik - ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Producs” MChJ QK;
6. “Urussa” kungaboqar yog‘i - ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
7. “Kunjutnoye maslo” yog‘ mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
8. “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti – ishlab chiqarvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.
Hozirda Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.