Siz nima, deysiz?!
Assalomu alaykum, hurmatli o‘qirmanlar. Mana shu o‘g‘lim qo‘lida ushlab turgan matoh Yaponchada "Suito" deyiladi. Bizni qishloqda "Termos" deyilar edi. Tushunganingizdek issiqni issiq, sovuqni sovuq ushlab turadigan matoh. Keling, bugun mana shu maqola tugaguncha shu matohni- "Issiq-sovuq" deb atab turaylik
Xullas , ana shu "Issiq-sovuq" Yaponiyadagi bolalarga bog‘chadaligadayoq majburiy qilib qo‘yiladi. Har bitta bolada shu matoh bo‘lishi shart. Oddiy ko‘chaga o‘ynagani chiqsa ham hamma yapon bolasini qo‘lida bor.
Ertalab uydan chiqayotganda to‘ldirib berib yuborasiz, tugab qolsa, bog‘cha opalari qaytadan to‘ldirib qo‘yishadi. Natijada, bola kun bo‘yi juda ko‘p suv ichadi. Bu matohni ko‘tarib yurish odati, yaponlarda bog‘cha, maktab, universitet hattoki ishlaydigan kap-katta odamlarda ham shakllangan.
Bog‘chadan, maktabdan o‘rganib katta bo‘lgan yapon ishxonasida ham o‘sha matohni ko‘tarib yuradigan, ko‘p-ko‘p suv ichadigan bo‘ladi. Xullas, oddiy suv ichish odati Yaponiyaning har bitta burchagida sezilib turadi. Xohlagan yemakxonaga kirmang, birinchi bo‘lib muz solingan suv olib keladi. Dasturxon tuzatishda ham kola, fanta, soklar emas, suvga urg‘u beriladi.
Bu odatni bizda ham shakllantirish kerakmi deymanda. Bizda oddiy suv ichish uncha yaxshi shakllanmagan. Xohlagan birorta bolachaga nima olib beray desangiz, "Kola , "Sok", "Kompot" deydi. Yaponni bolasi "Suv" deydi.
Ba’zida chanqab ketib, nimadir olay desam, o‘g‘lim: "Suv oling" deydi. "Sen Yaponiyada tug‘ilgandirsan, men O‘zbekistonda tug‘ilganman" degim keladi. Pul sarflagandan keyin, qandaydir suv olgim kelmaydi, borku. Albatta, nimadir zararli ichimlik olishim shart. Siz ham oshxonaga kirganizda, nima ichimlik buyurtma qilishingizni bir eslab ko‘ringda.
Xulosai kalom, suv ichish kerakligini men aytmasam ham, hamma biladi. Ammo, madaniyat sifatida shakllanishi uchun bolalikdan, bog‘chalarimizdan boshlash keragov. Balkim, shunda yaponlardek uzoqroq yashab, qand kasalligi, semizlik, yurak kasalliklari kabi ko‘p kasalliklar kamayarmidi...
Maqolani o‘qishingiz bilanoq, bolangizni sumkasiga "Issiq-sovuq" idishidan solib qo‘ying.
Bahodir ISKANDAROV