Mubolag‘asiz, maydalash sexini 3-sonli gidrometallurgiya zavodining “yuragi”, deb atash mumkin. Bu yerda har biri kichik uyning o‘lchamiga teng bo‘lgan o‘n ikkita ulkan baraban tegirmoni yordamida yirik ma’danlar maydalanib, mayda qumga aylantiriladi.
Aynan shu sexda ma’danlarni qayta ishlash orqali davlat rejasiga poydevor qo‘yiladi. Shuning uchun ham maydalash sexi zavodning asosiy binosi deyiladi-da. Bunday mas’uliyatli nom nafaqat texnologik uskunalar va ishlab chiqarish hajmining ko‘pligi, balki keyingi jarayonlar uchun ish ritmining o‘rnatilganligi bilan bog‘liq. Flotatsiya va biologik oksidlanishning hajmi va sifati shuningdek, sorbsiyalash jarayonlari maydalangan ma’danning miqdori va sifatiga bog‘liqdir.
1995 yilda zavod foydalanishga topshirilganda, maydalash sexi 3 ta tegirmon bloklaridan iborat edi. 2004-2005 yillarda to‘rtinchi tegirmon blokining tegirmonlari o‘rnatilib, foydalanishga berildi. Bu esa unumdorlikni 2003 yildagiga nisbatan 38,2 foizga oshirish imkonini berdi. 2008-2009 yillarda 5 va 6-tegirmon bloklari ishga tushirilishi natijasida unumdorlik 28 foizga ortdi.
2008 yilning ikkinchi yarmidan 2009 yil boshiga qadar zavod texnologiyasini sulfidli ma’danlarni qayta ishlashga o‘tkazish bo‘yicha faol ishlar olib borildi. Maydalash ikkinchi bosqichida “2KSP-24M” tasniflagichlari “CONTICLASS SYSTEM” kompaniyasining va Navoiy mashinasozlik zavodining avtomatlashtirilgan gidrosiklonlariga almashtirildi. Ikkinchi bosqichda “8Gr-8T” nasoslari WARMAN, “10Gr-8L” rusumli samaraliroq nasoslar qo‘yildi.
Maydalash sexi jamoasi yangi usul va texnologiyalarni joriy etish orqali dastgohning mahsuldorligini oshirish ustida doimiy ishlamoqda. Bular qatoriga “Kokpatas” liniyasi bo‘ylab maydalashning birinchi bosqichi tegirmonida kattalashtirilgan bo‘shliqli panjara o‘rnatilishi, ma’danni qayta ishlash hajmini oshirish, sikllararo flotatsiya uchun gidrosiklonlar sxemasini joriy etishdir. Bu kabi amalga oshirilgan ishlar ma’danni maydalash sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashga imkon berdi.
Har yili zavod ishonchli ravishda oldinga qadam tashlab, tog‘ massasini qayta ishlash hajmini oshirmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2024 yilga mo‘ljallangan Investisiya dasturi doirasida «Kokpatas va Daugiztau oltin konlarida ma’dan qazib olish uchinchi navbati” Investision loyihasi umumiy qiymati 281 million AQSH dollari miqdoridagi loyiha amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodiga yiliga bir million tonna oltin tarkibli ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tegirmon bloki shulardan biridir. 7-sonli tegirmon blokining ishga tushirilishi, zavodda sutkasiga 3000 tonna qo‘shimcha ma’danlarini qayta ishlashga imkon beradi. Buning natijasida dastlabki ma’danlarni qayta ishlash qo‘shimcha yillik xajmi oshishi va bu o‘z navbatida tayyor mahsulotni ishlab chiqarish hajmini 12 % ortishini ta’minlaydi.
Yaqinda yangi tegirmon bloki ishga tushirilib, zavoddagi tegirmon bloklari soni 7 taga yetkazildi. Kelajakda flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish syexlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Bu kabi amaliy sa’y-harakatlar ishlab chiqarish sur’atini oshirishga xizmat qiladi, albatta.
E’tiborlisi, yil yakuniga qadar sakkizinchi “MSHS” sharli tegirmon o‘rnatilishi evaziga yillik ma’danni qayta ishlash hajmi 10 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning hisobiga qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur tegirmon bloklari uchun zarur asbob-uskuna va ehtiyot qismlar mahalliylashtirilib, kombinatning Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Shimoliy kon boshqarmasi bo‘linmalarida tayyorlandi. Qurilish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi.