Kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq. Shu sabab poytaxt do‘konlarida sotilayotgan bu tovarlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan. Hozirda Raqobat qo‘mitasi sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan choralar ko‘rayotgani ma’lum qilindi.
Toshkent shahridagi shoxobchalarda sotilayotgan 8 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti sifatsiz ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda nazorat xaridiga oid yangi loyihani boshlagan. Shuning doirasida poytaxt do‘konlarida sotilayotgan 9 ta nomdagi oziq-ovqat mahsuloti xarid qilinib, laboratoriyalarda tekshirilgan.
Ta’kidlanishicha, ularning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart–NEO” MChJ huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari xulosalarini bergan. Unga ko‘ra, 9 tadan 8 ta mahsulot amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiq deb topilgan.
Ya’ni texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yoriqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Qo‘mitaga ko‘ra, bu mahsulotlar quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli:
1. “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MChJ;
2. “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol go‘shti mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MChJ;
3. “BIO KEFIR” kefir – ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MChJ;
4. “Qand” mahsuloti – ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MChJ;
5. “Chernogolovka” gazlangan salqinlantiruvchi ichimlik - ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Producs” MChJ QK;
6. “Urussa” kungaboqar yog‘i - ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
7. “Kunjutnoye maslo” yog‘ mahsuloti - ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
8. “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti – ishlab chiqarvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.
Hozirda Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.