Millatning jon tomiri, sen Vatanga timsolsan.
Yurtning o‘chmas chirog‘i, Momo havo ayolsan.
Shoir haq. Xotin-qizlarimiz kelajagimiz yaratuvchilari. U muqaddas zot. U ona! Ha, dunyo yaralibdiki, hanuzgacha biror zot ayolga, onaga to‘liq ta’rif berolmagan. Biz bu zotni quyoshga oyga mengzaymiz. Lekin ming afsuski, shunday gulgun zamonda ona degan go‘zal nomga, e’zozga nomunosib xotin-qizlar ham oramizda borligi achinarlidir.
Bugun sudning qora kursisida o‘tirgan inson ham ayol zotidandir. Nigina asli nurotalik bo‘lgan bu ayol ayni vaqtda 50 yoshda. Qaytanga hammaga aql beradigan yoshda sudning qora kursisida boshini egib o‘tirgan bo‘lsaya?!
Tag‘in boz ustiga oliy ma’lumotli ham yana nufuzli tashkilotlarning birida rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Ikki nafar farzandning onasi bo‘lgan Niginaxon Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida istiqomat qiladi.
Nigina oson yo‘llar bilan umumiy manfaatdor bo‘lish maqsadida faol harakat qilib, o‘zini Nurota tumanida joylashgan Navoiy kon metallurgiya kombinati AJ ga qarashli gidrometallurgiya zavodi mansabdor shaxslari bilan tanishligi, ular bilan munosabatlari yaxshi ekanligi pora tariqasida pul bermasa ishga joylashish imkoni yo‘qligiga S.Axmedovni ishontirgan. Mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida uni aldab, 33 mln. so‘m pul so‘raydi.
-Agarda sen ana shu mablag‘ni keltirib bersang shu zavodga haydovchi bo‘lib ishga kirasan – deydi Niginaxon. Lekin “Ko‘za kunda emas – kunida sinadi”, deganlariday uning bu firibiga tegishli tashkilot mas’ullari chek qo‘ydi.
“Kelishilgan” poraning 20 mln. so‘mini sanab olayotgan Nigina qo‘qqisdan chiqib kelgan notanish kishilardan cho‘chib ketdi. U shu onda ayollik sha’niga dog‘ tushirganini anglagan bo‘lsa ajab emas.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi “Abay” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor ochiq sud majlisida sudlanuvchi Niginaning yuqoridagi jinoiy ishini ko‘rib chiqdi va unga nisbatan tegishli jazo tayinladi.
Maqola avvalida aytganimizdek, ayol ta’rifi yo‘q hilqat, lekin Niginaga o‘xshagan ayollarga qanday ta’rif berish mumkin?! U o‘z qilmishi bilan nafratga loyiqdir, deya olamiz xolos.
Sh.N.Barnoxo‘jayev,
Uchquduq tuman prokuraturasi tergovchisi.