«Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi? Bu to‘lov evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart? Agar bajarmasa, nima bo‘ladi?
«Kvartplata» miqdori qanday belgilanadi?
«Kvartplata» (ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish, uni ta’mirlash hamda obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlar) uy-joy mulkdorlari (ya’ni kvartira egalari) hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Bunda to‘lov miqdori ko‘rsatiladigan xizmatlardan kelib chiqib, o‘rnatiladi. Ammo shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, uning miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan minimal miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas. Ko‘p kvartirali uylarni saqlash bo‘yicha majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori har ikki yilda bir marta belgilanadi.
Bunda kvartira egalari uy qavati soni, kommunikatsiya tarmog‘i va liftning mavjudligiga qarab, 1 kv metr uchun 701 so‘mdan 1830 so‘mgacha «kvartplata» to‘laydi.
«Kvartplata» evaziga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot aynan qanday ishlarni bajarishi shart?
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish 16 turdagi ish va xizmatlarni belgilangan davriylikda bajarishi shart. Xususan, quyidagilar:
№
|
Xizmatlar va ishlar
|
Davriyligi
|
Umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash
|
1.
|
Ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalanishdagi ob’yektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash
|
doimiy
|
2.
|
Lift uskunalarini texnik monitoring qilish (ixtisoslashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan hollarda)
|
doimiy
|
3.
|
Ko‘p kvartirali uylarning fasad va kirish yo‘laklarini talab darajasida saqlash va ta’mirlash (uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash)
|
zaruratga ko‘ra
|
4.
|
Yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suvi nasoslarini texnik soz holda bo‘lishini ta’minlash (qurilishda suv nasoslarini o‘rnatish loyihalashtirilmagan ko‘p kvartirali uylar bundan mustasno)
|
doimiy
|
5.
|
Ko‘p kvartirali uylarning tom qismi gidroizolyasiya qatlamini tiklash va yamash, yerto‘ladagi kommunikatsiya tarmoqlari, shaxtalardagi kommunikatsiya tarmoqlari, elektr energiyasi tarmoqlarini soz holda saqlash va joriy ta’mirlash (bo‘yash, oqlash, yamash, umumiy foydalanishdagi elektr kabellarini almashtirish, tik va yotiq quvurlarni, ichimlik suvi quvurlarini ta’mirlash va boshqalar)
|
doimiy
|
6.
|
Novlarni soz holatda saqlash va ularni doimiy tozalash
|
doimiy
|
7.
|
Isitishning uy ichidagi tizimini gidravlik presslash va uni tarmoqdagi suv bilan to‘ldirgan holda yuvish (lokal va markaziy isitish tizimida isitiladigan uylar uchun), shuningdek, uy ichidagi issiqlik tizimlarini zarur tarzda saqlash va xizmat ko‘rsatish
|
bir yilda bir marta
|
8.
|
Ko‘p kvartirali uylarning issiqlik izolyasiyasini ta’minlash, shu jumladan germetizatsiya hamda kirish yo‘laklarining deraza va eshik yoriqlarini (shu jumladan shaxtalar va tuynuklarni) oyna bilan berkitish ishlarini bajarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish
|
kuz-qish mavsumida
|
9.
|
Ko‘p kvartirali uylarni deratizatsiyalash va dezinseksiyalash, uyga tutash hududdagi mahalliy tozalash inshootlari (septiklar) va tashqi hojatxonalarni dezinfeksiyalash
|
zaruratga ko‘ra
|
10.
|
Oqova xandaqlarini (o‘ralarini) bo‘shatish (oqova tarmog‘iga ulanmagan uylar uchun)
|
uch oyda bir marta
|
11.
|
Ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va lift xonalarini tozalash
|
haftada bir marta
|
12
|
Yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish
|
doimiy
|
Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish
|
13.
|
Boshqaruv organlari boshqaruvidagi ko‘p kvartirali uylarga tegishli bo‘lgan bolalar va sport maydonchalarining texnik holatini saqlash, tozaligini ta’minlash hamda ularni ta’mirlash
|
doimiy
|
14
|
Hududni obodonlashtirish, o‘t o‘rish, daraxtlarni butalash
|
doimiy
|
15.
|
Noqulay ob-havo sharoitida kirish yo‘laklarini qordan tozalash va muzlarni tushirish
|
zaruratga ko‘ra
|
16.
|
Tutash hududlarni tozalash (supurish)
|
uch kunda bir marta
|
Ta’kidlash lozimki, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar kvartira egalari bilan tuzilgan shartnomaga asosan yuqorida ko‘rsatilgandan tashqari boshqa ish, xizmatlarni ham bajarishi mumkin.
Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, qanday murojaat qilish kerak?
Agarda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, unga bevosita borgan holda yoki onlayn ravishda murojaat qilish mumkin.
Kun davomida aksariyat ish va o‘qish bilan band bo‘lganligi sababli bevosita kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga borish noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot (nomi, manzili, aloqa raqamlari va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Mening uyim» portali (https://my.kommunal.uz) orqali aniqlash va unga murojaat qoldirish mumkin.
Ushbu portaldan foydalanish uchun JSHSHIR kifoya qiladi.
Portalda 18 ta toifadagi holat bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qoldirish, shuningdek, qo‘shnilar tomonidan kiritilgan murojaatlarni ko‘rish va arizalar holatini kuzatish imkoniyati mavjud.
Agar kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z majburiyatlarini bajarmasa, nima bo‘ladi?
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomadagi majburiyatlar bajarmasa, kvartira egalari u bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish masalasini o‘zaro ko‘rib chiqishi mumkin.
Xususan, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunga asosan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot shartnomani bajarmasa, kvartira egalari umumiy yig‘ilish qaroriga asosan shartnomani bekor qilish va boshqa tashkilotni tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi
Yuqorida aytilgandek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma umumiy yig‘ilishi qarori bilan bekor qilinishi mumkin.
Umumiy yig‘ilish yiliga kamida bir marta chaqiriladi. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish kvartira egalarining kamida 10 foizining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
Shuningdek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qonunchilikni buzgan hollarda Uy-joy fondi inspeksiyasining mansabdor shaxsi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishni chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Umumiy yig‘ilishni o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish tegishli e’lonni uylarning har bir kirish yo‘lagiga osib qo‘yish yoki e’lonni mulkdorlarga imzo qo‘ydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.
Umumiy yig‘ilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining 50 foizidan ko‘prog‘i hozir bo‘lishi kerak. Umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Umumiy yig‘ilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma joylarning mulkdorlari orasidan saylanadigan yig‘ilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga yig‘ilishda ishtirok etgan shaxslarning ro‘yxati har bir muhokama etilayotgan masala bo‘yicha ularning xohish-irodasi aks ettirilgan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan holda ilova qilinadi.
Uchquduq tuman adliya bo‘limi