Salomatlik — boylikning boshi. Shuning uchun ham mamlakatimizda xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaralmoqda.
Jumladan, Uchquduq tumanida ham tibbiyot tizimini rivojlantirishga oid amaliy ishlar odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 7 ta – oilaviy shifokorlik punkti va 1 ta oilaviy poliklinika tomonidan 37 495 nafar aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. «Tashabbusli byudjet» loyihasining joriy yil birinchi mavsumi g‘oliblari safida bo‘lgan loyihalaridan biri, Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi moddiy texnik ba’zasini yaxshilash taklifi edi. Taklif uchquduqliklar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanib, loyiha doirasida ajratilgan 745 mln. so‘m mablag‘ hisobidan bipolyar uchlik va pinsetli elektrokoagulyator to‘plami, katta jarrohlik to‘plami, jarrohlik stoli, amaliyotxona yoritgich reflektorlari, kardiomonitorlar hamda respublikamiz shifoxonalarida sanoqli hisoblangan laparoskop apparati xarid qilindi. Qulquduq va Mingbuloq ovul shifokorlik punktlariga quyosh panellari o‘rnatildi.
Ushbu tibbiy jihozlarning yo‘qligi bois har yili 150-200 nafarga yaqin bemor shifo istab viloyat respublika markazlariga borishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda viloyatning olis hududi bo‘lmish Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasida ham yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotini amalga oshirish imkoni yaratildi.
Hozirda viloyatda malaka oshirib qaytgan jarrohlar tibbiyot xodimlari mazkur yo‘nalishdagi jarrohlik amaliyotini mustaqil ravishda o‘tkazmoqdalar. Ya’ni, bemorlarda o‘t qopi va tuxumdon kistasini olish, appendisit, jigar, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlari, ixtiyoriy jarrohlik kontrasepsiya amaliyotlarini kosmetik jihatdan tanada iz qoldirmasdan ortiqcha qon yo‘qotishlarni oldini olgan holda o‘tkazish mumkin. E’tiborlisi, operatsiyadan bir kun o‘tib bemorda sog‘lom harakatlanish ko‘nikmasi ham shakllanadi.
“Tashabbusli byudjet” ning ikkinchi mavsumida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika qaydxonasini kengaytirish ko‘zda tutilgan loyiha eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Endilikda 500 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, amalga oshiriladigan ushbu loyiha uchquduqliklar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz!
Yana bir muhim jihat, muassasada dori-darmonlar bilan ta’minlanganlik darajasi yildan-yilga ortib borayotgani bo‘lib, joriy yil 9 oyi davomida 120 turdagi dori-darmon, stomatologik ashyolar va tibbiy vositalar 703 618 000 so‘mnga xarid qilingan. Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati moddiy - texnik bazasini takomillashtirishga qaratilgan izchil ishlar davom ettirib, ovullardagi 7 ta oilaviy shifokorlik punktiga 7 ta monablok berilgan. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi kompyuterlar jamlamasi bilan ta’minlangan.
Darvoqe, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir, bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan inson uning sog‘lig‘i va turmush darajasiga berilayotgan e’tibor va shu yo‘ldagi sa’y-harakatlarni barchamiz ko‘rib-bilib, o‘z hayotimizda his qilib turibmiz. Zero, xalq salomatligi, onalar va bolalar sog‘ligini mustahkamligi davlatimizning katta boyligi sanaladi.
Rayhon QODIROVA, maxsus muxbirimiz.