LOTIN-КИРИЛЛ

MEHRNING QIYMATI

       Sotuvchi do‘konga kirgan xaridorlarga sermulozamat bo‘lsada, o‘rtadagi oynavand peshtaxta ichida turgan qimmatbaho qo‘l telefonni yarim soatdan buyon tomosha qilayotgan qizchadan ko‘zini uzmasdi. U goh burnini peshtaxta oynasiga tirab xo‘rsinsa, goh nimalarnidir pichirlar, gohida jilmayib, chappak chalib qo‘yardi.
“Birorta mijozning qizi bo‘lsa kerak” xayolidan o‘tdi uning. Ammo bu taxmini noto‘g‘ri ekan. Xaridorlarning hammasi do‘konni tark etganida ham, qizcha joyida turardi. Demak shunchaki daydib kirgan..
Bu yoshdagi bolalar ko‘chaga yolg‘iz chiqishmaydi. Ishqilib adashib qolmaganmikin? Balki uydan qochgandir.
Sotuvchi peshtaxtalarni aylanib o‘tishga erinib, uni oldiga chaqirdi.
- Qani, bu yoqqa kelchi.
Iymanibgina yaqinlashgan qizchaning ko‘zi hamon o‘sha telefonda edi.
-Yoshing nechchida?
- Oltida.
- Bir o‘zing nima qilib yuribsan?
Uning munchoq ko‘zlari javdiradi. Ammo darxol o‘zini qo‘lga olib dadil javob qaytardi.
- Men...Menga sovg‘a kerak. Shu telefonni sotib olmoqchiman.
Sotuvchi kulib yubordi. Qizcha tushmagur telefonning narxini ko‘rmagan shekilli.
- O‘x-xo‘! Buni qancha turishini bilasanmi?
Sotuvchi eng so‘nggi rusumdagi o‘sha telefonni peshtaxtadan olib, obdon maqtar ekan, qizchaning sabri chidamadi.
- Iltimos, shuni menga soting... Sota qoling iltimos! Yetmaganini keyin olib kelib beraman. Ishoning, aldab ketmayman.
Qizcha terlab ketgan kaftini ochdi. Unda bir nechta g‘ijimlangan ming so‘mlik va maydaroq pullar bor edi.
Sotuvchi xoxolab kuldi.
-Bu pulingga o‘yinchoq telefon ham bermaydiku!
Qizchaning mijjasida yosh qalqidi. Xafa bo‘lib, endi eshik tomon yo‘nalgan ham edi, xafsalasini pir qilgan sotuvchi amakining ovozi uni to‘xtatdi.
- Shoshma! Telefonni nima qilasan? A, tushundim! Senga yoqib qolgan. Yoki bugun kimningdir tavallud ayyomi, topdimmi?
-Yo‘q!-dedi qizcha, boshini ekkancha xo‘rsinib.
- Unda kimga sovg‘a qilmoqchisan?
-Akamga. Akam-chi, oyimga yordam berish uchun o‘qishdan keyin ishlaydi. Bu yil institutga kirdi. Shuning uchun sovg‘aga pul to‘plagandim. Hayitga berilgan pullarni ozginasigagina muzqaymoq olganman, yana qurut, pista... Qolgani shu. Sizga bitta gapni aytaymi?
-Ayt!
- Akamchi mening tug‘ilgan kunimga eng chiroyli qo‘g‘irchoqlarni olib beradi. Yana tort ham olib keladi. Hechkimga, hech qachon xafa qildirib qo‘ymagan. Oyligidanchi, chiroyli kiyimlar ham olib beradi. U, dunyodagi eng yaxshi aka!
Sotuvchi bidirlab turgan qizchani to‘xtatgisi kelmasdi, shunday bo‘lsada bo‘g‘zida turgan savol qanday chiqib ketganini bilmay qoldi:
-Dadang qayerda bolam? Dadang bormi?
Kulib turgan qizchaning kayfiyati buzildi. Yonog‘iga tushgan bir tomchi yoshni titroq kafti bilan sidirar ekan, yig‘lamsirab javob qaytardi:
-Dadam o‘lib qolganlar. Chaqaloqligimda....
-O‘lib qolganlar? Kechirasan qizim! Demak, akang senga ota mehrini ham berar ekanda.
- Ha. Bilasizmi, oyim ko‘p kasal bo‘ladilar. Hamma dorilarini ham akam olib beradi.
Sotuvchining ko‘zlariga yosh to‘ldi. Qizchaning qo‘lidagi pulini olib sanab olgach, boshini silab jilmaydi. So‘ng o‘sha qimmatbaho telefonni chiroyli yelim xaltaga solib qizchaga uzatdi.
-Mana qizim, sovg‘ani ol. Akangni mening nomimdan ham tabriklab qo‘y! Yaxshi o‘qisin xo‘pmi?
Qizcha bir sotuvchining kaftidagi g‘ijimlangan pullar, bir xozirgina o‘ziga tutqazilgan telefonga qarab olgach sekin pichirladi:
- Uni qimmat dedingizku!
-Adashdim. Shu pullaring yetar ekan.
-Rostdanmi?!
Jajji xaridor sakrab yubordi. U quloqlariga ham, ko‘zlariga ham ishonmasdi. Bir muddatdan so‘ng qayta - qayta rahmat aytgach, do‘kondan chopib chiqib ketdi.
Jilmaygancha kuzatib qolgan sotuvchining esa ko‘z o‘ngida o‘z bolaligi namoyon bo‘ldi. Ota-onasi bir kunda avtohalokat qurboni bo‘lishganida u shu qizchaning yoshida edi. Ikki singlisi, o‘zi va o‘n besh yoshdagi opasi izzillab qolishgani yodida. O‘shanda qarindosh-urug‘ bolalarni mehribonlik uyiga topshirishmoqchi bo‘lishgandi. Ammo opasi shu maqsadda uylariga kirib kelgan oqibatsiz qarindoshlarni ko‘chaga haydab soldi. Ukalariga o‘zi bosh-qosh bo‘lishini aytib, mushtdek boshi bilan ularni oq yuvib, oq tarab katta qildi. Afsus, umri qisqa ekan o‘ttizga kirmay buyrak xastaligi tufayli vafot etdi. Agar hayot bo‘lganidami...
Bir soatdan so‘ng peshtaxta yonida yana o‘sha qizcha turardi. Faqat yonida boyagi chiroyli yelim xaltani ushlagan ozg‘ingina, rangpar yigit ham bor edi. "Dunyodagi eng zo‘r aka shu ekanda!" Xayolidan o‘tdi uning.
U sovg‘ani sotuvchiga uzatdi.
-Kechirasiz, mana buni qaytarib oling va singlimni kechiring. U o‘g‘irlik qilmasdi.
Sotuvchi yigitchaga razm soldi. Yoshiga nisbatan ulg‘ayib qolgan akaning nigohida, ota mehri bilan birga , uning ma’suliyati ham jo bo‘lgandi.
- Singling o‘g‘ri emas!
Yigitcha javdirab turgan singlisiga qarab qo‘ygach, sotuvchiga yuzlandi:
- Telefonni sotib oldim deyapti, ammo uning narxini yaxshi bilaman. Iltimos, uni ayblamang. Bir gap bo‘lsa onam ko‘tara olmaydi.
Sotuvchi uni gapirtirgani qo‘ymay, o‘ziga uzatilgan qimmatbaho sovg‘ani egasiga qaytardi.
-Nimaga unday qilyapsiz? Pulini to‘lay olmaymanku!
Sotuvchi uning yelkasiga qoqib, kulimsiradi:
- Telefonni pulini o‘zing allaqachon to‘lab qo‘yibsanku bolam. Singling yetmaganini qo‘shdi xolos.
- Tushunmadim?!
- Sen berayotgan mehr bu arzimas matohdan ancha qimmat turadi. Muborak bo‘lsin! Mazza qilib ishlat!
Sotuvchi jovdirab turgan yigitchani o‘qishga kirgani munosabati bilan tabriklar, do‘konga kirib kelgan xaridorlarga esa e’tibor ham bermasdi. Shu lahzalarda ko‘z o‘ngida yana bolaligi namoyon bo‘ldi. Jamalak sochlariga piliklari yarashgan o‘n besh yoshli mushtipari unga jilmayib turardi...

O'qilgan: 138 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: