Qaynona kim, u qanday bo‘lishi kerak?! U oliy, o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotlarga ajratiladimi keling azizlar bugun shular haqida hayotiy voqealar misolida o‘rtoqlashamiz.
Qaynona farzandlar uchun munis va moʻtabar, mehribon, shirinso‘z, qalbi daryo, cheksiz muhabbat sohibi bo‘lgan onajonimizdir. Farzandlarimizni jufti haloli bo‘lgan kelinlar va kuyovlarimiz uchun esa sevimli oyijonlarmiz.
Qaynona - farzandlarini baxtli hayot qurishlari va ularni chiroyli yashashlari uchun o‘qituvchi sanaladi. Qaynona ona sifatida kelinini yangi ro‘zg‘orga o‘rganib, shu xonadonga moslashishiga ko‘maklashishi kerak. Uyida onasidan o‘rganganlari ayrim qaynonalarni qoniqtirmasa darrov janjal ko‘tarish kerak emas, kelin ham birovning ko‘zini oqu-qorasi. Qaynonajonlar kelinni qizingizday qabul qiling, shunda o‘g‘lingiz bilan baxtli hayot kechiradi. Agar biz qaynonalar kelinni har tomonlama qiyin vaziyatga qo‘ysak o‘g‘llarimizni qiynab qo‘yamiz. Keliningiz ishlasa oylik ish haqini so‘ramang. Kelinni oylik ish haqini na qaynona na qayinota so‘rashga haqqi yo‘q. Agar kelin oylik ish haqini o‘zi beminnat olib kelib bersa boshqa gap. Tarbiyali kelinlar buni bilishadi.
Aziz onajonlar kelin olgach o‘zingizdan qattiqqo‘l, badjahl qaynona yasab olmang. Qaynonalar uchun maxsus diplom yoki sertifikat berilmagan. Shunday qaynona bo‘lingki kelinlar va quda - andalar siz haqingizda faqat va faqat eng yaxshi maqtovlarni aytib yursin. Mol-mulk, kiyim kechaklar, deb bir - biringizni dilingizni og‘ritmang. Ularni hammasi o‘tkinchi buyum. Undan ko‘ra insonga beriladigan bir martalik umrdan oqilana foydalanib, farzandlar, nabiralar qurshovida mazza qilib yashashga nima yetsin.
Aziz onajonlar o‘g‘lingiz yoki qizingiz turmush qurishda birortasini yoqtirib qolgan bo‘lsa ularni yaxshilab eshitib, ko‘ngliga quloq solib ko‘ring. Yoqtirganini boy yoki kambag‘al, chiroyli yoki xunuk, deb toifalarga ajratmang. Agar shunday qilsangiz farzandingizni dilini, qalbini o‘z qo‘lingiz bilan sindirib qo‘ygan bo‘lasiz. O‘g‘lingizni kelindan hech qachon qizg‘anmang, agar o‘g‘lingiz tarbiyali bo‘lsa xotinini ham onasini ham hafa qilmaydi. "O‘g‘il tug‘sang uylanguncha o‘g‘il, qiz tug‘sang o‘lganingdan keyin ham qiz" degan hikmatli maqolni unutmaylik.
Aziz qaynona va qaynotalar kelin sizga yoqishi shart emas, avvalo o‘g‘lingizga yoqish kerak. Agar siz o‘g‘ingizni majburlab yoqtirmaganiga uylantirsangiz albatta muammo kelib chiqishi mumkin. Olgan kelin oilaga ko‘nikishi mumkin, lekin kuyov bo‘lmish o‘g‘lingizga qiyin.
Kelinjonlar sizlarga aytadiganlarimiz har kuni ertaroq turing. Yosh bolangiz bo‘lsa asosiy ishlarni kechki payt yoki bolangiz uxlaganda qiling. Xona va hovlini ayniqsa oshxona hojatxonani toza tuting. Oila a’zolaringizni shirin taomlar bilan siylang. Hech qachon isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymang. Telefonda kamroq gaplashing begonalarga turmush o‘rtog‘ingiz va oila a’zolaringiz haqida oila sirlarini aytmang. Labbay, hozir, kechirasiz kabi so‘zlarni yodingizdan chiqarmang. Turmush o‘rtog‘ingizni hech qachon opa-singillaridan qizg‘anmang, chunki ular aka-ukalari uchun jannat eshiklarini ochuvchilardir.
Agar yozganlarimga amal qilinsa qaynona va kelin munosabatlari, oilaviy janjallar ajrimlar soni kamayarmidi.
Ozoda ERGASHOVA,
"Uchquduq" HB oila va xotin-qizlarni qo‘llab - quvvatlash kengashi raisi, Xalq deputatlari tuman kengashi deputati, “Oqila ayollar” harakati faoli.