танлов учун белгиланган нарх 2 057 000 сўм
Saxiy bo‘linmaga yo‘l olarkanman, cho‘l bag‘riga elanayotgan qor, betutqin shamol qora-qura tepaliklardan supurayotgan kumush zarrinlar ko‘z oldimda hayrat suratini chizadi, qishki sahro peyjazi tetapoya ijodkorning xayolini olislarga uchiradi, tashrifim mazmuniga uyqash bo‘lgan bolalik xotiralarim uyg‘onib ketadi. Kichikligimizda har bir hovlida oilaning xazina uyi bo‘lgan. Eskilar qazna, g‘azna deb ham atashgan. Mehmon kelsa ana shu xazina uyimizning eshigi ochilib, sarxil bir nimalar tashish uchun oyog‘imni qo‘limga olib chopardim. Shu uyga kirsam, xuddi “Ming bir kecha” ertaklaridagi maxfiy xazinaga kirib qolgandek ko‘zlarim ola-kula bo‘lib sandiqlarga, yangi-yangi ko‘rpachalarga, atlasu baxmal matolarga va yana mehmon uchun asralgan chinniy buyumlarga bir-bir qarab chiqardim. Hatto ifori ham boshqacha edi u uyning! Bugun yo‘l olganim – Markaziy moddiy texnika bazasi ham nomidan ayonki, korxonaning xazinasi. Bazadagi ta’minlash omborlari kon boshqarmasi uchun zaruriy tovar-moddiy boyliklari va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini qabul qiladi, saqlaydi va belgilangan tartibda tarqatadi. Buning uchun bo‘linma ikkita tuzilma: material texnik baza va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida ish olib boradi.
Markaziy moddiy texnika bazasi cho‘l bag‘rida joylashgan bo‘lishiga qaramay, soyasi qalin sadalar tegrasida, jaziramada yashirinsangiz salobatining ulug‘vorligidan boshingizga tangadek oftob tushmaydi. Ostonadan boshlangan manzarali landshaft, qish bo‘lishiga qaramay yashillik e’tiboringizni tortadi. Bo‘linmada 2023 yilda boshlangan bunyodkorlik ya’ni ta’mirlash ishlari hozir ham davom etmoqda. Avvallari, omborxona sifatidagina qaralgan va u qadar e’tibor markazida bo‘lmagan baza bugun tajribali, bunyodkorlik ruhi bilan yashovchi mutaxassis rahbarlar sabab yangilanmoqda. Muhandis-texnik xodimlar hamda, ishchilar uchun ovqatlanish, yuvinish xonalarining ta’mirlangani va o‘rnatilgan tartib har qanday xodim ruhiyatida shukrona uyg‘otishi tabiiy. Ayniqsa, hisobchi qizlarimizning xonalaridagi shinamlikdan ko‘zingiz quvnaydi!
Markaziy moddiy texnika bazasi ulkan hududda joylashgan. Shu kunga qadar faoliyati yoritilmagan bo‘linmamiz men uchun ham anchayin ma’lum bo‘lmagan mavzu. Shu bois, bazaga bo‘lgan “sayohatimga” tajribali mutaxassis Karim aka Jumanov hamroxlik qildilar. Hududda borarkanmiz, Karim aka omborxonalar to‘g‘risida tushuntirish beradi: Lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar, shaxsiy himoya vositalari, energetika hamda NO‘AvaML ehtiyot qismlari, favqulodda vaziyatlar uchun zaxira mahsulotlar, metall xomashyolari mahsulotlari va kauchik mahsulotlari, kabel mahsulotlari, kapital qurilish bo‘limi mahsulotlari, kapital qurilish bo‘limi materiallari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, kon-texnikalari uchun ehtiyot qismlar, NMZ ishlab chiqarish birlashmasi mahsulotlari, ishlatib bo‘lingan (qop, rezina-texnik buyumlar, qog‘oz, shisha) mahsulotlari, bojxona ombori, kimyoviy moddalar ombori...
Beixtiyor, Famonbuvining: “Boqivoy, bu oila ro‘zg‘ori uchun qilinadigan xarajatlar oldida Qorunning xazinasi nima bo‘pti?”, qabilidagi hikmatomuz so‘zi yodimga tushadiyu omborxonalarning sonini emas, bu hududda bir kecha-kunduzda amalga oshiriladigan yuklash-tashish, saqlash-tarqatish kabi masalalar ko‘lamini chamalayman. Haqiqatan ham goh saxovatini ko‘rsatib, goho yombilarini yashirib olgan tuproq bilan tillashib, undan misqollab yig‘ilgan ma’dan tog‘-tog‘ bo‘lsa ham garchi oltin xirmonidan keladigan daromad katta-katta raqamlarda aks etsa-da, xirmon uyulishi uchun sarflangan xarj va zahmatni ham yoddan chiqarmaslik zarur! Kombinat – ulkan oila, katta ro‘zg‘or! Va ana shu ro‘zg‘or uchun ishlatiladigan ashyolar xazina tashkilotning ishtirokisiz, hisob-kitobisiz amalga oshmaydi.
Hamroxim Gulshan opa Qo‘chqorova lok-bo‘yoq va qurilish mahsulotlari hamda metizlar omborxonasiga mas’ul. Uning mas’uliyati ham anchayin – qurilish uchun taxtalar, izol, falga-izol, olovga chidamli g‘ishtlar, bitumlar va uskunayu jihozlar uchun zarur bo‘lgan, mayda-chuyda, ammo katta ahamiyatga ega bolt-gaykalar, tegirmon uchun temir sharlar ham shunda. Gulshan opa Qo‘chqorova ana shularning kundalik sanog‘i, hisob-kitobi va sifatining hujjatlarga muvofiqligi uchun javobgar. Omborxona hududida borarkanmiz, opaning o‘ttiz yildan beri mehnat qilayotgan xodim sifatida, kecha va bugunning islohotlari o‘rtasidagi farqlar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdim. Oldinlari, yuk ko‘tarib-tashish quvvatiga ega texnikalar bo‘lmagani, to‘rt oyoqli aravalarga yuklash ishlarida jismoniy kuch talab etilgani, bugungi kunda esa texnika rivoji sabab qator qulayliklar ortgani to‘g‘risida gapirdilar. Ayniqsa, 2023 yilda 18x50 o‘lchamdagi 2 ta, 12x50 o‘lchamdagi 2 ta ayvonlar qurilgani, havo harorati keskin yuqori yoki past yohud yog‘ingarchilik vaqtlarida bu ayvonlar ayni muddao bo‘lishligini aytib o‘tdi.
Oltinlar o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Bu ma’danning yer ostida shakllanishi ulkan silsiladir, aniqlash, olish, ajratish ilm va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Oltin tuproq bag‘rida bo‘ladimi yo ishlab chiqarish pallasidami, tillo holiga kelishi uchun moʻjiza, ya’ni, kimyo zarur! Yuqorida ta’kidlaganimdek, kon-metallurgiyaning barcha jabhasi uchun kerakli ashyolar, jumladan kimyoviy reagentlar ham Markaziy moddiy texnika bazasida saqlanadi. Kimyoviy moddalar omboriga mas’ul Feruza Abduraxmonova bilan suhbatlasharkanman, kasbiga taalluqli masalayu savollarda zukko va shijoatli ekani seziladi. Qattiq jismlar o‘rab olgan ma’danning xaloskorlari va bakteriyalarning tirikchiligi ham mana shu yerda! Qolaversa, zavodning boshqa syex va laboratoriyalaridagi jarayon uchun muhim bo‘lgan kimyoviy moddalar ham Feruzaning nazoratida, reagentlarning tarkibi, qay sharoitda ishlatilishi, qay tarzda saqlanishi, qancha miqdorda, qaysi viloyat yo qay xorijiy davlatdan keltirilishigacha ma’lumotlari yetarli. Shu o‘rinda, dunyo xalqlari o‘rtasidagi tinchlikning ahamiyati nechog‘lik dolzarb ekanini eslatib o‘tsam. Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilayotgan ashyo va jihozlar, uskuna hamda, yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ayrimlari xorijiy davlatlar bilan kelishuvlar, diplomatik munosabatlar orqali Respublikamizga kirib keladi. Bu kelishuv-shartnomalar ortida necha-necha kecha-kunduzlar, yo‘l ovoragarchiliklari va ulkan xarajatlar mavjudligini anglamaslik mumkin emas. Sanoatga tadbiq etilayotgan yangi, zamonaviy, ta’bi nozik texnikalar uchun sof, toza yoqilg‘i mahsulotlari va sifatli jihoz-uskunalar zarur. Tinchlikdek ulug‘vor ne’mat bor ekan, davlatlararo
iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy aloqalar mustahkamlana-veradi, biroq, mahalliylashtirish haqida ham unutmaslik kerak! Zero, o‘zimizda, Vatanning ertasi uchun yuragi yonib turadigan, g‘oyalari yuksak mutaxassislar tomonidan milliy mahsulotlarimiz ishlab chiqilsinki, olislar yaqin bo‘lsin, xorijliklar kelishuv-shartnomalarini ko‘tarib bizning yurtga kelsin!
Korxona xuddi oiladek – tashkilot ta’minotchining idroki, odil hisobi hamda, saxovati zamirida yangilanadi va shakllanadi. Shimoliy kon boshqarmasida ta’minot masalalari bilan Moddiy-texnik ta’minot bo‘limi shug‘ullanadi. Bo‘lim tovar-moddiy boyliklarining Markaziy moddiy texnika bazasiga keltirilishigacha bo‘lgan diplomatik, iqtisodiy-tijoriy jarayonlarida ishtirok etadi. Shunga ko‘ra, ta’minot xizmati korxonaning samarali faoliyatini belgilovchi, aniq detall va raqamlar bilan ishlovchi muhim bo‘g‘inidir. Ma’danni qazib olish va qayta ishlash juda murakkab, ilmiy jarayon bo‘lib, bu o‘z vaqtida va doimiy ravishda ishlab chiqarish uskunalari, tovarlar va materiallarning yetkazib berilishini talab etadi. Bo‘limning eng muhim maqsadi ham, barcha sifat standartlariga javob beradigan materiallar, butlov ehtiyot qismlari va moddiy resurslarni har tomonlama o‘z vaqtida, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan miqdorda yetkazib berishdir. Bundan tashqari, ta’minotchilar bo‘linmalarga, rejaga muvofiq tarzda qishki-yozgi kondisionerlar, muzlatgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, televizorlar, suv kullerlari kabi idora jihozlari va maishiy texnikalar keltiradilar. Bundan ikki yilcha avval xonamizdagi stullardan birining “yoshi” haqida hamkasbimning: “Bu stul mendan yoshi katta!”, degan hazilomuz so‘zidan erinmay, stulning tavallud sanasini aniqlab ko‘rsam, uning aytganicha bor ekan. Ana shu “oqsoqol” jihozlarimizni pensiyaga kuzatdik. Xonalarimiz ko‘rkamlashib, kitoblar, hujjatlar va kiyimlarni saqlash uchun yangi, zamonaviy jihozlarga ega bo‘ldik. Yangilanish jarayoni butun Boshqarma bo‘ylab, shu bilan birga, bo‘linmalararo amalga oshirildi, bundan xuddi yangi uyga ko‘chib kirgan kishidek qalbga ajib xursandchilik indi. Ta’minotchilar to‘g‘risidagi minnatdorona o‘ylarimni tinim bilmay borib-kelayotgan avtoyukko‘targich e’tiborimni tortadi. Pildirab, chaqqongina harakat qilib paddondagi og‘ir yukni “qo‘llari” bilan ko‘taradi-da, bo‘linmalardan kelgan buyurtma-hujjatga muvofiq yuk avtosiga joylaydi yoki bazaga keltirilgan yukni omborxonalarga tarqatadi, juda zaruriy va dastyor yordamchi! Bundan tashqari, omborxonadagi og‘ir va o‘ta og‘ir yuklar uchun Markaziy moddiy texnika bazasida ko‘prikli va chorpoyali kranlar mavjud. Bazaga kirmasingizdanoq, salobat bilan bo‘yini ko‘rsatib turuvchi ushbu kranlarning ham vazifalari aniq! Kon yuk avtomolining ulkan haybatli “qovurg‘asi”, qariyb bir tonna keladigan shinalar mana shu kranlar yordamida tushiriladi va yuklanadi.
Bazadagi omborxonalar bilan tanishib va ulardagi ashyolarni hayrat bilan tomosha qilarkanman, hamda, bu bo‘linmada ishlayotgan xotin-qizlarning raqamlar bilan ishlashdagi tafakkur zahmatlarini chamalarkanman, “Kombinatning ayollari har jihatdan qo‘rqmas va uddaburon!”, deya ko‘nglimdan o‘tkazdim. Chaman Murodova, Zuhra Po‘latova ana shunday ayollardan. Zilola Norqulova bo‘lsa Avtomobil transporti boshqarmasi, 1-sonli Avtokorxona va “Sharqiy”, hamda, “Dovgiztov” konlari uchun zarur bo‘lgan shinalar, ekskovatorlar uchun tishlar, moy va havo filtrlari, akkumlyator kabi jihozlarning kelish-ketishi, soni va saqlanishi uchun mas’uldir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining asosiy boyligi bu insondir. Bo‘linmalarda mehnat qilayotgan minglab xodimlarni kutayotgan oilasi bag‘riga sog‘-omon yetkazish, ular uchun ish joylarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash eng asosiy vazifadir. Shu ma’noda, mehnat muxofazasi va texnika xavfsizligi yuzasidan kon boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun ajratiladigan shaxsiy himoya vositalari ham baza hududidagi omborxonada saqlanadi. Kon boshqarmasidagi ulkan jarayonni mustahkam zanjirning halqalariga qiyos etgulik – qurilish, mehnat muxofazasi, energetika, favqulodda vaziyatlar, transport va temir yo‘llari kabi qator sohalarning ishlab chiqarishdagi uzviyligini bir maromda ushlab turishda Markaziy moddiy-texnika bazasining saxovatli qo‘llari bor!
Men, maqolamning boshida sanoat korxonasidagi ish unumi, baraka va sifatni bejizga, Markaziy moddiy-texnika bazasi faoliyatiga bog‘lamadim. Ishlab chiqarishni inson organizmiga qiyoslasak, tanamizdagi irmoq-tomirlarga hayot vazifasini berish Ilohiy qoidaga muvofiq qondek moʻjiza ne’mat (agar qonning tarkibini tahlil qilib ko‘rsak uning chindan ham moʻjiza ekanini tushunamiz!) zimmasiga yuklatilgan. Tomirlarimizda oqayotgan qon hayot ekanimizga dalildir. Yoqilg‘i-moy mahsulotlarining ham xuddi inson organizmidagi qon ne’mati kabi korxonadagi jarayonlarda xizmati beqiyos.
Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ombori tuman hududida, “Kokpatas” va “Dovgiztov” konlari maydonida, hamda “Adjibugut” kar’yerida joylashgan. Garchi, masofalar bir-biridan olis bo‘lsa-da, Vatan sanoatining rivoji yo‘lidagi g‘oyalar, reja va o‘ylar yagona! Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi barcha avtolarga tuzlimadagi ishchi-xodimlar xizmat ko‘rsatadi. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlarida yengil va quyuq neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda, tarqatish uchun katta-katta sig‘imlar mavjud. Haybati odamni hayiqtiradigan bu sig‘imlarga keltiriladigan yoqilg‘i-moy mahsulotlarining, avvalo, sifati laborant xodimlar tomonidan tekshiriladi. Qariyb 9 metr balandlikka ega sig‘imlar ustida qo‘rqmay harakatlanish, sig‘im ichidagi yoqilg‘i-moy mahsulotining tahlilini yuritish uchun Anastasiya Yakovleva, Marina Jukovadek xodimlardan g‘ayrat va mehnatsevarlikni o‘rganish mumkin! Tahlil har ikki soatda olib borilishini inobatga oladigan bo‘lsak, laborant xodimlarimiz bu haybatli idishlar ustiga kun davomida bir necha marotaba chiqib-tushishlarini tasavvur qilavering! Meni biroz qo‘rquv bosganini payqagan kimyoviy tahlil laboranti Munisa opa Ahmedova hazil aralash: “Nilufar, men har safar bu katta idishlarning ustida yurganimda xuddi ertakdagi Zumraddek uyimni bir ko‘rib olaman. Hecham qo‘rqmayman, yengillik, qushdek yengillikni xis etaman!”, deb qoldilar. Darhaqiqat, men Markaziy moddiy texnika bazasining ikkala tuzilmasida ham bo‘lib, xotin-qizlarimizning shijoatlilari, polvonlari shu bo‘linmada mehnat qilishlariga amin bo‘ldim, demak, To‘marislar hali barhayot!
Tinar opa Junisova “Ishning barakasi erta tongda!”, deya shahar uyquda payti 2-sonli AYOQSHda gavjum ish soatini boshlaydi. Avtobuslar, yengil markablar va og‘ir yuk ulovlariga bo‘linmalardagi vazifalarini bajarishlari uchun rejaga muvofiq
yoqilg‘i-moy mahsulotlarini tarqatadi. Qariyb o‘ttiz yildan beri Shimoliy kon boshqarmasida mehnat qilayotgan Tinar Junisova har jihatdan hamkasblariga o‘rnak. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida mehnat qilayotgan yoqilg‘i qo‘yish shaxobchalari operatorlari, yoqilg‘i moylash materiallari ombori ustalari, quyuvchi-to‘kuvchilar, yukchilar, elektr gaz payvandchilar, chilangar-santexniklar, barchalari ulkan korxonaning eng ahamiyatli nuqtasida iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun mehnatga shay holda! Nazarimda, vertikal va gorizontal po‘lat rezervuarlar, temir yo‘l sisternalari ham ishchilar shijoatiga uyqash holda, sanoatga “Labbay!”, deb qad kerib turgandek!
Bugun, qachonlardir, uzoqdan ko‘rganim – haybatli kumushrang sig‘imlarning yonginasidan (haybatli tepaliklarni zabt etish orzusida!) o‘tarkanman, o‘sha hayratlarimning javobini topgandek bo‘ldim. Maqolada, tafakkurimizning qudrati yetgancha, yillar davomida e’tirof etilmagan, biroq dunyoga kelayotgan oltinimiz zamirida munosib o‘rni bo‘lgan bo‘linma faoliyatiga biroz to‘xtaldik xolos. Markaziy moddiy texnika bazasi boshlig‘i Ulug‘bek Raxmanovga qanot bo‘lib Karim Jumanov, Ruslan Dayanov, Kamol Salimov, Javlonbek Aslanov, Dilshod Yuldashev, Tohir Rayimov kabi mutaxassislarning, shuningdek, tovarshunos, ekspeditor, yuk ortuvchi haydovchisi, chilangar, elektromontyor, kran mashinistidek turli kasb egalarining, hamda, baza yashilligiga mehnatlari singgan Safar aka Mahmudov, Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborida beta’ma mehnati sabab “Benzokolonka malikasi”, deya e’tirof etiluvchi Anastasiya Yakovlevalarning ibratli faoliyatlari to‘g‘risida qog‘oz qoralashni dilga tugib qaytdik. Anglaganimiz – xazinabonlarning bir kecha-kunduzda ulkan raqamlar bilan til topisha bilganlari, ishonch hosil qilganimiz – ishchi-xodimlar zimmasidagi mas’uliyat xissi bu hududga keltiriladigan og‘ir yuklardan ham og‘irroqligi!
Muydinova Nilufar
SHKB Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi mutaxassisi