Uchquduq shahrining obodligi, go‘zalligi haqida har qancha gapirsak oz. Ammo mana shu go‘zallikka putur yetkazilayotgan bir jihat bor. U ham bo'lsa bir-ikki oy bo‘ldiki, shahrimiz mahallalarida chiqindilar to‘planib, xunuk manzara hosil qilgan.
Bu haqda so‘nggi kunlarda murojaatlar ko‘paydi. Albatta uchquduqliklarning har bir murojaati birinchi navbatda tuman rahbari va mutasaddi tashkilotlarning diqqat markazidagi masala, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
So‘nggi 3-4 kundan beri nafaqat, murojaat bo‘lgan manzillar bo‘yicha balki tuman markazidagi barcha chiqindixonalardagi holat nazoratga olinib, to‘plangan chiqindilar tashib ketilmoqda. Garchi, “Brejlivost” MCHJ chiqindilarni olib ketishga mas’ul bo‘lsa-da, shahrimiz tozaligi hamma uchun muhim bo‘lganligidan Obodonlashtirish boshqarmasi, tuman yo‘llardan foydalanish UK ishchi-xodimlari va texnikalari ham ko‘makka kelishgan.
Mahallalarni aylanar ekanmiz, butunlay tozalangan chiqindixonalarga guvoh bo‘layapmiz. Bu ishga hissa qo‘shgan barcha-barchaga tasanno, degimiz keladi. Lekin ana shunday tozalikni yana qancha vaqtgacha saqlay olamiz?! Axlatni chiqindixona ichiga emas uning yon-veriga tashlab ketayotgan bolalarni kattalarni ko‘rib ko‘rmaslikka olamiz?! Yana hech qancha o‘tmay chiqindixona atrofini uyum –uyum axlatlar egallaydi. Ko‘p o‘tmay cho‘l shamoli turli syellofanlarni uchirib shahar markazida xunuk manzara hosil qiladi. Vaziyat shu darajaga borib yetgan-ki, yuqori qavatda turuvchilarning ayrimlari balkon derazasidan chiqindilarni uloqtirib yuborishmoqda. Oldin bunaqa holat bo‘lmagan. Yoki bo‘lmasam, ko‘p qavatli uyning shundoqqina yonginasiga chiqindi tashlab ketishadi?! O‘zini hurmat qilgan odam uyidan chiqqan chiqindini duch kelgan joyga irg‘itib ketmasdi.
Achinarlisi, bu xunuk manzaraga ko‘nikib, loqayd bo‘lib qolganimiz. «Boshqa ishim yo‘qmi shu muammo bilan shug‘ullangani, kimga kerak bo‘lsa o‘sha qayg‘uraversin, menga nima?» kayfiyatiga tushib qolganga o‘xshaymiz. Axir, bu chiqindilarni tashlab ketayotgan kimlar? Qo‘shnilar, bolalar, yon-atrofimizdagi savdo do‘konlari, maishiy xizmatlar bilan shug‘ullanuvchilar... Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.
Xo‘sh, bunga qanday barham berish mumkin? Ekologiyani toza saqlash, yashayotgan shahrimizni sevish va obodligiga hissa qo‘shish, jamoa mulkini asrash, insoniy madaniyatni (hatto chiqindi tashlash masalasida ham) namoyon qilish bilan barham berish mumkin!
Unutmang! Chiqindilar bilan kurashish har birimizning vazifamiz. Farzandlarimiz uchun iflos Uchquduqni emas, obodlikka yuz tutgan go‘zal shaharni qoldiraylik.
UCHQUDUQ TUMAN HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI