Bosh prokuraturaning ma’lumot berishicha, voqea 2020-yilning 9-dekabr kuni soat 23:30 da sodir bo‘lgan.
“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Yakkabog‘ tumanining “Eski Yakkabog‘” mahallasida bo‘ldi.
“Eski Yakkabog‘” MFY profilaktika inspektori Xondamir Xolmatovning ma’lumot berishicha, Qamashi tumanining Qiziltepa qishlog‘ida yashovchi 30 yoshli A.B. 2020-yil 9-dekabr kuni soat chamasi 23:00 da turmush o‘rtog‘i marhuma Marjona Mahammadiyevaning ota uyi Yakkabog‘ tumanining “Eski Yakkabog‘” mahallasi, Otchopar ko‘chasidagi xonadonga hovli devordan yashirincha oshib o‘tib, qaynonasi marhuma Nazira Shernayeva, homilador xotini Marjona Mahammadiyeva hamda qaynonasining ikki nafar nabirasini pichoqlab o‘ldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qotillikda gumonlanayotgan 30 yoshli A.B. va marhuma Marjona Mahammadiyeva 2019-yilning 22-dekabr kuni turmush qurgan bo‘lib, Qamashi tumanining “Bunyodkorlik” MFY Qiziltepa qishlog‘ida istiqomat qilib kelgan. 2020-yilning iyul oyiga qadar birga yashagan er-xotin oilaviy kelishmovchilik sabab so‘nggi paytlarda alohida yashay boshlagan.
“Eski Yakkabog‘” MFY raisi Murodilla Turdimovning aytishicha, Marjona Mahammadiyevaning ota uyida yashayotganini ko‘rgach, sababini so‘ragan.
“Rahmatli Marjonadan nega turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamayotganini so‘raganimda, onasi Nazira Shernayeva qizi sog‘lig‘i yo‘qligi sabab unga qarab turganini aytgandi. Va tez orada sog‘aysam, qizimni o‘zim uyiga olib borib qo‘yaman degandi”, — deydi MFY raisi.
Qotillik haqida dastlabki xabarni tarqatgan Turon24/7 Telegram kanali qotil ota homilador turmush o‘rtog‘i, ikki nafar farzandi va qaynonasini o‘ldirganini yozgandi. Biroq MFY mas’ullari va marhuma Nazira Shernayevning qarindoshlari qotillik qurboniga aylangan 8 va 6 yoshli bolalar marhuma Nazira Shernayeva o‘g‘lining farzandlari ekanligini aytmoqda.
“Norasida go‘daklar singlim o‘g‘lining farzandlari — 8 yoshli qizi va 6 yoshli o‘g‘li edi. Bolalarning ota-onasi ularni singlimga tashlab, tirikchilik sabab Rossiyaga ishlashga ketgandi. Bugun, 11-dekabr kuni qaytib kelyapti. Kuyovimiz o‘sha kuni kechasi hovlidan oshib kirib, Marjonani, singlim Nazirani va uning sakkiz, olti yoshli nabiralarini vahshiylarcha pichoqlab o‘ldirgan. Ularni qiynoqqa solgan. Kechasi bo‘lgani uchun hech kim eshitmagan”, — deydi marhuma Nazira Shernayevaning akasi Abdusalim Eshmamatov.
Marhumaning qarindoshi Sherzod Mahammadiyevning ma’lumot berishicha, kelini Nazira Shernayeva kuyovi tomonidan pichoqlangach, jon talvasasida 20-30 metr yurgan va baqirib odamlarni yordamga chaqirgan.
“Kechasi soat 11 lar edi chamasi, baqirgan ovoz eshitildi. Qarasam yon qo‘shnimiz, kelinim chaqirayotgan ekan. Borsam, yiqilib yotgan ekan. Keyin kelinim ‘aka, kuyovim qizimni pichoqlab ketdi’, dedi. Shunda men qo‘limga tayoq olib, kuyovning ortidan yugurdim. Qarasam, qochib ketgan ekan. Keyin qaytib keldim. Kelsam, kelinimizning hali joni uzilmagan ekan. Ichki ishlar xodimlariga, tez yordamga telefon qilib chaqirdim”, — deydi marhuma Nazira Shernayevaning qayinakasi va qo‘shnisi Sherzod Mahammadiyev.
Hudud profilaktika inspektori Xondamir Xolmatovning ma’lumot berishicha, qotil kuyov o‘sha kuni kechasi qo‘shni mahalla hududida qo‘lga olingan.
“2020-yil 9-dekabr kuni soat 23:30 da Ichki ishlar bo‘limiga Otchopar ko‘chasida to‘rt kishi pichoqlab ketilgani haqidagi xabar kelib tushdi. Zudlik bilan voqea joyiga yetib bordim. Borsam, fuqaro Shernayeva Nazira, uning qizi va nabiralari o‘ldirib ketilganligi, bu ishni uning kuyovi qilganligini ma’lum qilishdi. Shundan so‘ng kuyovni izlashga tushdik. Uzoqqa ketolmagan ekan. Qo‘shni mahalladagi yo‘ldan ushlab, olib keldik”, — deydi hudud profilaktika inspektori Xondamir Xolmatov.
Xondamir Xolmatov ijtimoiy tarmoqlardagi dastlabki xabarlarda qotillikka marhuma ayolning axloqsizligi sabab bo‘lgan degan gaplarga munosabat bildirib, “bu gap umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Boisi marhumaning xatti-harakatida umuman axloqsizlik alomatlari yo‘q edi. Bunga yuz foiz ishonchim komil”, — dedi.
Tuman prokuraturasi tergovchisi Zahiriddin Nuriddinovning qo‘shimcha qilishicha, mazkur holat yuzasidan xonadon kuyovi A.B.ga nisbatan 2020-yil 10-dekabr kuni Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a, b, v, j” (ikki yoki undan ortiq shaxsni; homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxs protsessual tartibda ushlangan va unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qotillikda gumonlanayotgan kuyov A.B. yashovchi “Bunyodkorlik” MFY raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saodat Otaqulovaning aytishicha, A.B. va Marjona Mahammadiyevalar 2020-yilning may oyiga qadar birga yashagan. So‘ngra oilaviy kelishmovchilik sabab alohida yashay boshlagan. MFY mas’ullari er-xotinni 2020-yilning iyun oyida yarashtirgan bo‘lsa-da, ular 2020-yilning iyul oyida umuman ajrashib ketgan.
“Kelin Marjona va uning onasi menga telefon qilib, yarashtirib qo‘ygan bo‘lsak-da, birga yasholmayotganini, shu sabab kelinning yukini olishda yordam berishimni so‘radi. Onasi esa qizi homiladorligini aytib, farzandli bo‘lguncha u bilan birga yashashini aytdi. Bunga kelin ham, kuyov ham rozi bo‘lgach, kelinni Yakkabog‘ tumaniga jo‘natdik. Ammo kelin bilan ham kuyov bilan ham tez-tez gaplashib turardik. Ularni yana yarashtirmoqchi bo‘lganimizda, kuyov rozi bo‘lmagandi”, — deydi Saodat Otaqulova.
Saodat Otaqulovaning qo‘shimcha qilishicha, qotillikda gumonlanayotgan A.B.ning onasi o‘g‘li yoshligidan aqli zaif bo‘lib, ulg‘ayganini aytgan.
“Kecha A.B.ning onasi bilan gaplashganimda o‘g‘li yoshligidan aqliy nosog‘lom bo‘lib ulg‘ayganini aytib, qanaqadir hujjat ko‘rsatdi. Ammo men yigitning aqli zaifligini sezmaganman”, — deydi mahalla mas’uli.
Mazkur qotillik voqeasidan so‘ng 2020-yil 10-dekabr kuni viloyat prokurori Erkaboy Tojiyev, viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyev marhumalar xonadonida bo‘lib, oilaning yolg‘iz a’zosi, marhuma Nazira Shernayevaning qiziga hamdardlik izhor qilgan. Va jamoatchilik bilan qotillikni keltirib chiqargan sabablarni muhokama qilgan.
Viloyat mas’ullarining voqea joyiga tashrifidan so‘ng jinoyatning sodir etilishiga va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan Yakkabog‘ tumani IIB mas’ul xodimlariga hamda Yakkabog‘ tumani, “Eski Yakkabog‘” MFY va Qamashi tumanidagi “Qiziltepa” MFY mas’ullariga nisbatan idoraviy xizmat tekshiruvi tayinlangan.