Hokimiyat matbuot xizmati
Bugun iqtisodiyotimizda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati alohida o‘rin tutadi. Hozirda mamlakatimizda biznesning ana shu shaklida ish yuritayotganlar soni ko`pchilikni tashkil etadi. Qayd etish zarurki, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan aholining barcha qatlamlari, xususan, ayollar va yoshlar ham bemalol shug`ullanib, o`zlariga munosib mehnat bilan doimiy band bo`lishlari mumkin. Mazkur yo`nalishda ish bilan band bo`lgan aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 29-bobi Mikrofirmalarda va ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxslarda ishlovchi shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag`ishlangan.Umumiy qoidaga ko`ra, davlat ro`yxatidan o`tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bank hisobvarag`ini ochganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga haqli. Mehnat munosabatlari qanday tartibda rasmiylashtiriladi? Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunda mehnat shartnomasining muddati yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.
Namunaviy shakldagi mehnat shartnomasi 3 nusxada tuziladi, ulardan biri yakka tartibdagi tadbirkorda qoladi, ikkinchisi yollanma xodimga beriladi, uchinchisi esa Davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi.Yollanma xodimlarni ishga qabul qilish buyruq e’lon qilmasdan amalga oshiriladi va mehnat daftarchalari yuritilmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorda yollanib ishlash davrlari, basharti ijtimoiy soliq to`lansa, xodimning mehnat stajiga qo`shib hisoblanadi. Xodimning mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq to`lash to`g`risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Mehnat munosabatlari qanday tugatiladi?Xodim yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu tadbirkorni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqli.
Yakka tartibdagi tadbirkor xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda yakka tartibdagi tadbirkorning soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart.Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati to`xtatib turilgan hollarda xodimning o`rtacha ish haqi ikki hafta davomida saqlanib qoladi. Ushbu muddat tugaganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor o`z faoliyati to`xtatib turilishi munosabati bilan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini xodimga ushbu shartnomada nazarda tutilgan miqdorda, lekin xodimning ikki haftalik o‘rtacha ish haqidan kam bo`lmagan miqdorda kompensatsiya to`lagan holda bekor qilishga haqli. Mazkur miqdordagi pulli kompensatsiya yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatining bir haftadan ortiq davom etgan to`xtatib turilishi davrida, xodim mehnat shartnomasini o`z tashabbusiga ko`ra bekor qilgan taqdirda ham to`lanadi.
Uchquduq tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig`i
Rustamova Dildora Botirovna
Ishdan bo‘shatish nafaqasi xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladigan, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bir yo‘la beriladigan pulli to‘lovdir. Ishdan bo‘shatish nafaqasi xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladigan, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bir yo‘la beriladigan pulli to‘lovdir.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda quyidagi hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi:⦁ ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, bundan shartnoma xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha bekor qilinganligi mustasno; (173-modda 2-qismi 1-bandi)⦁ xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi; (168-modda 1-qismi 1-bandi)⦁ shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi; (168-modda 1-qismi 2-bandi)⦁ ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilganligi, agar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni bo‘lmasa va u ishni davom ettirishga to‘sqinlik qilsa; (168-modda 1-qismi 4-bandi)⦁ qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi (xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz deb e’tirof etilganligi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqi bekor qilinganligi, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa, muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilganligi va boshqalar); (168-modda 1-qismi 5-bandi)⦁ tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi; (168-modda 1-qismi 6-bandi)⦁ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlagan Senat a’zosining vakolatlari muddati tugaganligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilganligi munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganligi; (168-modda 1-qismi 9-bandi)⦁ xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan; (173-modda 2-qismi 3-bandi)⦁ xodim tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish bo‘lmaganligi munosabati bilan; (173-modda 2-qismi 4-bandi)⦁ xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga ko‘chishni rad etganligi munosabati bilan; (173-modda 2-qismi 5-bandi)⦁ xodim tashkilotning mulkdori almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganligi munosabati bilan ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan. (173-modda 2-qismi 6-bandi)
Izoh: Mehnat Kodeksi 168-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 (tashkilotni tugatish qismida) va 9-bandlarida nazarda tutilgan taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, bundan jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchi muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan hollar mustasno.Mehnat shartnomasi Kodeksning 168-moddasi birinchi qismining 4 va 5-bandlariga muvofiq bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi, bundan ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybi bilan buzilgan (sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va boshqalar) yoxud xodimning harakatlari qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan holatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan hollar mustasno.
Ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘ladi va u:uch yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan;uch yildan besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan;besh yildan o‘n yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yuz foizidan;o‘n yildan o‘n besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizidan;o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ikki yuz foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Uchquduq tumani adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti
F.Umurova
Yozning issiq kunlarida qanday mahsulotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi? Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova bu boradagi oʻz tavsiyalari bilan boʻlishdi.
— Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-neʼmatlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib isteʼmol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan toʻyintiradi.
Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali boʻlgani tufayli kundalik sarflangan energiya oʻrnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi.
Demak, goʻsht va uning oʻrnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos.
Oʻz navbatida, yozda ovqatlanish tartibini ham biroz oʻzgartirgan maʼqul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan goʻsht va tarkibida oqsil, yogʻ va uglevodlar boʻlgan boshqa mahsulotlar isteʼmol qilinishi kerak.
Tushlik uchun yengil hazm boʻluvchi shoʻrva, moshxoʻrda, mastava, manpar, suvda yoki bugʻda tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va koʻkatlar bilan qoʻshib tanavvul qilinsa, nur ustiga aʼlo nur.
Meva sharbatlari tayyorlash chogʻida ular tarkibiga imkon qadar shakar qoʻshmaslikni tavsiya qilamiz.
Kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, shoʻr baliq, dudlangan goʻshtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm boʻluvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. Oʻzida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortiq etilishi kerak.
Pishiqchilik neʼmati boʻlgan qovun va tarvuz isteʼmoli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi.
Sogʻlom insonlar uchun kunlik isteʼmol qilinadigan suv meʼyori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa koʻp suv ichish tavsiya etilmaydi.
Бугун мамлакатимиз бўйлаб ўтказилаётган муҳим сиёсий жараён, муддатидан илгари Ўзбекистон Республикаси президентлигига сайловларда фуқаролар ўз конституциявий ҳуқуқларидан фойдаланган ҳолда фаол қатнашмоқдалар.
Учқудуқ туманида жойлашган 23 та сайлов участкасининг барчасида бугун эрталаб соат 8:00 да овоз бериш жараёнлари бошланди. Сайлов учаткаларида жами сайловчилар 24 минг 652 нафарни ташкил этаётган бўлса улардан 237 нафарини илк бора овоз бериш жараёнларида қатнашаётган ёшлар ташкил этади.
Овоз бериш Сайлов кодексида белгиланган талаблар асосида амалга оширилмоқда. Сайловлар мамлакатда амалга оширилаётган демократик ислоҳотлар, яқин ва олис истиқбол учун белгилаб олинадиган стратегик тараққиётнинг дастурий вазифаларини амалга оширишда катта аҳамият касб этади. Бу эса фуқаролик позициясини теран англаб етган фуқароларимизнинг эрта тонгдан овоз беришга шошаётганлиги, оилавий ташрифлар, ёшлар ва ёш оилаларнинг ҳам бирдек сайловларда иштирокида ўз аксини топмоқда.
Бугун соат 13:00 ҳолатида тумандаги сайловчилардан 13696 нафари ўзлари муносиб деб билган номзодларига овоз бериб бўлдилар.
Ўз келажаги ва мамлакат истиқболига бефарқ бўлмаган барча учқудуқликларни доим шундай фаол бўлишга чорлаб қоламиз.
"Учқудуқ" газетаси таҳририяти
Ассалому алайкум ҳурматли Ободонлаштириш бошқармасининг фидоий, камтар ва камсуқум ходимлари!!
Ҳар кимнинг ватан ичра кичик ватани, яъни ўз уйи борки, уй-жой коммунал хизмат кўрсатилишига чор-атрофнинг тоза – озода ва саришта сақланишига эҳтиёжи бўлади. Шу маънода, турли касб эгалари орасида уй-жой коммунал хизмат кўрсатиш соҳаси ходимлари қаторида Ободонлаштириш соҳаси вакилларининг ҳам муносиб ўрни бор.
Қишнинг совуқ кунларида, ёзнинг жазирамасида ҳудуд ободлиги айниқса, Учқудуқ шароитида ҳар бир қарич ернинг тозалиги ва кўкаламзорлаштирилганлиги муҳим аҳамиятга эга. Албатта бу каби ободлик кишилар саломатлиги ва жамиятнинг кайфиятига нечоғли таъсир қилишини инобатга олсак, соҳа фидойиларининг нақадар масъулиятли касб эгалари экани янада теранроқ англашилади.
Азиз дўстлар!
Ҳар куни эрталаб ишга ошиқаркансиз, кўча-кўйдаги саранжом-саришталикни, чор-атрофнинг озодалигини кўриб димоғингиз чоғ бўлади. Эрталабки кайфият эса кун давомида кишини тарк этмаслиги ўз тасдиғини топиб улгурган. Бунда чор-атрофни супуриб-сидириб юрган, мунис ва мушфиқ, камтар ва камсуқум, содда ва софдил фаррош опалар - озодалик фаришталарининг хизмати катта. Тан олиш керакки, улар қизғин ишга киришган бир пайтда баъзиларимиз уйқудан эринибгина тураётган бўламиз.
Саранжом-саришта, тоза-озода муҳит нафақат киши кўнглини равшан этади, балки бу саломатлигимиз учун ҳам муҳимдир. Шундай экан, фаррошлар - сариқ нимчали бу опа-сингилларимиз меҳнатига ҳар қанча таҳсин айтсак арзийди. Бугун улар орасида Баҳора Ҳусенова, Маъмура Адизова, Холида Пармонова, Гулжамол Мухторова, Наргиза Жалилова ва Нодира Қаҳҳорова каби юртимиз озодалиги ва кўркамлиги учун меҳнат қилиб келаётган опа сингилларимизни, алоҳида эътироф этиш керак назаримда.
Қадрли тадбир иштирокчилари!
Барча муқаддас неъматлар покиза жойларда бўлишини кексаларимиз болалигимиздан уқтиришган. Ҳатто, фаришталар ҳам бундай гўзал жойларга меҳмонга келиб, сўнг мангу мезбондек қолиб кетишию Яратгандан ўзи турган жойга кўпроқ марҳамат кўрсатиши, мурувватини дариғ тутмаслигини, қолаверса, қут-барака, ризқу рўз, тинчлигу осойишталик сўраб эртаю кеч дуода бўлишини эшитганмиз.
Жонажон диёримизнинг энг чекка ҳудуди Қизилқум чўлининг бўстонига айланган Учқудуқ ҳам худди шундай қут-баракали, ризқу рўзи мўл, тупроғи олтинга тенг замин эканлигига хонадонлардаги тотувлик, меҳр-оқибат, шунинг баробарида тозалик ва озодалик фаришталарининг меҳнати ҳам муҳим ўрин тутаётгани таҳсинга лойиқ, албатта!!.
Шу ўринда дунёнинг энг бадавлат кишиларидан бири Жек Ма космик станцияга ташрифи чоғида битта фаррошга дуч келиб, ундан ҳол-аҳвол сўраганда, фаррош “Мен коинотга одам учиряпман, халақит берма”, деганини алоҳида қайд этмоқчиман!
Бу билан Жек Ма унинг ўзини оддий фаррош деб эмас, балки коинотга одам учираётган жамоанинг муҳим бир вакили деб ҳисоблашини алоҳида таъкидлайди.
Ҳар сафар кўча-кўйда ишлаётган ободонлаштириш ходимларини кўрсам, ўша фаррошнинг гаплари ёдимга тушаверади. Юртимиз ободлигига ҳисса қўшаётган турли соҳа вакиллари ортида ана шу биз пайқаб-пайқамайдиган ободонлаштириш ходимларининг беминнат хизмати борлиги, айнан улар мамлакат ободлиги учун жон куйдираётгани хаёлдан ўтади.
Халқимизнинг “Обод жойда барака, унум бўлади”, “Сариштали маскан - фариштали маскан” деган пурмаъно иборалари аждодлардан авлодларга ўтиб келаётгани ҳам бежиз эмас.
Касбидан файзу барака топаётган опа-сингилларимизга доимо қўлларингиз меҳнатдан толмасин, қалбларингиздан меҳр, юзларингиздан нур ёғилиб турсин, деймиз!
Барчангизга мустаҳкам соғлик - саломатлик, куч-ғайрат, шижоат, оилавий бахт-саодат, хонадонларингизга қут-барака ва хотиржамлик тилайман!
Байрамингиз муборак бўлсин, азиз опа-сингиллар!
Бу йилги қабулдан педагогик йўналишларнинг сиртқи таълим шакли қабулида ўзгариш бўлди. Баъзи йўналишларга сиртқига қабул бутунлай тўхтатилди, баъзиларига 5 йиллик стаж сўралади, баъзиларига эса стажсиз ҳам ҳужжат топшириш мумкин.
Педагогик йўналишда сиртқи таълим билан боғлиқ ўзгаришларни 3 тоифага бўлиш мумкин. Уларни алоҳида-алоҳида санаб ўтамиз.
14 та йўналиш учун сиртқига қабул бўлмайди
Президент қарори билан 2023 йилги қабулдан бошлаб 14 та педагогик йўналишга кадрлар тайёрлаш тўхтатилди. Булар:
60110600 — Математика ва информатика
60110700 — Физика ва астрономия
60110800 — Кимё
60110900 — Биология
60111000 — География ва иқтисодий билим асослари
60111400 — Ўзбек тили ва адабиёти
60111500 — Она тили ва адабиёти (тиллар бўйича)
60111600 — Ўзга тилли гуруҳларда ўзбек тили
60111700 — Ўзга тилли гуруҳларда рус тили
60111800 — Хорижий тил ва адабиёти (тиллар бўйича)
60112000 — Чақириққача ҳарбий таълим
60112500 — Мактаб менежменти
60112600 — Мактабгача ва бошланғич таълимда хорижий тил (тиллар бўйича)
60112700 — Махсус педагогика (фаолият турлари бўйича).
5 йиллик стаж сўраладиган йўналишлар
Қабул комиссияси баёни билан сиртқи таълим шаклига педагогик фаолиятга оид камида 5 йил иш стажига эга бўлган абитуриентлар қабул қилинадиган бакалавриат таълим йўналишлари рўйхати тасдиқланди.
Булар:
- бошланғич таълим;
- тасвирий санъат ва муҳандислик графикаси;
- мусиқа таълими;
- жисмоний маданият;
- технологик таълим.
Бунда ушбу таълим йўналишларининг сиртқи таълим шаклига халқ таълими тизимида камида 5 йил иш стажига эга бўлиб, ҳозирда ушбу тизимда фаолият кўрсатиб келаётган педагог ходимлар абитуриент сифатида рўйхатдан ўтиши белгиланди.
Педагогика соҳасидаги таълим йўналишларида сиртқи таълим шакли бўйича ўқиш истагида бўлган шахсларнинг таълим тизимида камида беш йиллик педагогик иш стажига эга эканлиги «Ягона миллий меҳнат тизими» идоралараро дастурий-аппарат комплексидаги маълумотлар асосида белгиланади.
Қолган йўналишларда талаб йўқ
Қабул бўлмаётган юқоридаги 14 та йўналиш ва 5 йил стаж талаб қилинадиган 5 та йўналишдан ташқари қолган барча педагогик йўналишларга исталган абитуриент сиртқи таълим шаклига ҳужжат топшириши мумкин. Бундай таълим йўналишлари учун педагогик фаолиятга оид камида 5 йил иш стаж талаб этилмайди. Яъни абитуриентларга ҳеч қандай чеклов йўқ.
“Адашиб кетмайманми?”
“Маълумотлар кўплиги учун адашиб кетишим мумкин, ҳаммасини аралаштириб юбормаслигим учун осонроқ йўлини ўргатинг” дейдиганлар учун:
- Бакалавриат сиртқи таълим шакли учун эълон қилинган квотани очасиз;
- Ундаги педагогика ОТМнинг сиртқи таълим шаклидаги йўналишларига ажратилган квоталарни кўриб чиқасиз;
- Табиийки, бу рўйхатда 14 та таълим йўналиши йўқ, 5 йиллик стаж талаб қилинадиган 5 та йўналиш ва квота ажратилган қолган барча йўналишлар билан танишиб чиқишингиз мумкин;
- Агар сиз 5 йиллик педагогик стажга эга бўлсангиз, унда педагогик йўналишлардан исталган бирига ўқишга кириш учун ариза топшира олишингиз мумкин. Агар стажи бўлмаган абитуриент бўлсангиз, сиртқи таълимга ажратилган квотадан стаж сўраладиган 5 та йўналишни чиқариб ташлайсиз ва қолган барчасидан бирини танлаб ҳужжат топширишингиз мумкин.
Эслатма: бакалавриатга қабул 20 июл куни, чет тилидан ижодий имтиҳон олинадиган йўналишларга қабул эса 10 июл куни тугайди.
Халқимизда “Текин топган мол ёмон, охири қўймас омон” деган гап бор. Таассуфки, орамизда шундай насиҳатларни писанд илмаган, одоб-ахлоқ ҳеч бўлмаганда виждон амрини бажармаган айрим кимсалар борки, бировнинг ҳаққини осонгина ҳазм қилаверади.
Халқнинг тўкин-сочинлиги, тинч ва осуда турмуш кечириши учун жорий этилаётган имтиёзлардан “оқилона” фойдаланишни кўзлаган шундай уддабуронлардан бирининг кўзаси синадиган кун келди. Албаттада, ҳар кимнинг қилмиши адолат тарозиси билан ўлчаниб қонуний баҳо берилиши аниқ ва қатъий.
Бугун суднинг қора курсисида ўтирган М.Ҳамидов ҳам вақти келиб қилмишлари учун қонун олдида жавоб беришга мажбур эканлигини билмаган дейсизми?! 5 йил муддат ичида нафсининг истаги билан анча-мунча одамларни чув тушуришга улгурган қаҳрамонимиз ҳа деганда айбини тушунавермади. Сабрли, андишали инсонлар унинг қуруқ ваъдаси билан юравердилар.
Гап шундаки, тадбиркорликни йўлга қўйиш мақсадида бўлган аммо моддий шароити туфайли фаолиятини амалга оширолмаётган кишилар унинг ёғли қопқонига ўлжа бўлдилар. 2017 йилда А.Маҳмудовнинг 10 млндан сўмдан ортиқ баҳоланган бройлер жўжаларини сотиб беришни ваъда қилди, айтганларини бажарди, аммо пул ҳақиқий эгасини юзини ҳам кўрмади. 2019 йилда эса кўпчиликка оворагарчиликларсиз кредит олиб беришни айтиб улар номига ажратилган имтиёзли кредитларни ҳеч ўйламай эҳтиёжига ишлатиб юборди. Кимдир иссиқхона қуриш учун яна кимдир чорва ва паррандачилик учун давлат имтиёзи асосида олган йиғин пуллар М.Ҳамидовга қимматга тушди. Унга нисбатан Ўзбекистон Республикаси Жиноят кодексининг тегишли бандлари билан жиноят иши қўзғатилди.
Шукроналик ҳисси билан яшайдиган бу даврда М.Ҳамидов каби айрим кимсаларнинг бу каби қилмишлари дилни хира қилади. Бир ҳаводан нафас олаётганимиз, қариндош-биродарларимизни оғирини енгил қилиш ўрнига уларнинг шижоатини сўндириш, ажратилаётган имтиёзли кредит маблағлари эгаларини алдаб ишончини суистеъмол қилиб ўзининг манфаати йўлида ишлатиб юбориш ҳеч қандай ҳуқуқ нормаларига тўғри келмайди.
Навоий вилояти ИИБ Ахборот хизмати
1920 йилда АҚШда йигирма нафар ёши катта ва тажрибали ўйинчилар саккиз ёшли болакай билан шахмат ўйнагани ва ютқазгани шов-шув бўлади. Самуэл Герман Решевский Вест-Поинтдаги ҳарбий академияга боради ва у ерда тажрибали йигирма нафар шахматчи билан бирданига дона суради. Натижа ҳавас қилгулик эди: бола фақат битта дуранг қайд этади, қолганлар устидан эса ғалаба қозонади.
Унинг рақиблари таниқли математик-шахматчилар, обрўли кишилар эди. Боланинг ғайриоддий истеъдоди кўпчиликни қойил қолдиради.
Ўртаҳол оилада туғилган
Решевский 1911 йилда ҳозирги Полша ҳудудига тўғри келувчи Озоркув шаҳарчасида дунёга келган. Ўша пайтда ҳудуд Россия империяси назоратида эди. Болакай художўй яҳудий оиласида туғилганди, ундан ташқари оиланинг яна беш нафар фарзанди бор эди.
Тўрт ёшга кирган пайтдаёқ бола шахмат қонун-қоидаларини тўлиқ ўрганиб, дона сура бошлайди. Оила Лодз шаҳрига кўчганда истеъдодли бола поляк гроссмейстери Георг Салве эътиборига тушади. Шундан сўнг митти вундеркинд кучли шахматчилар билан шаҳар биринчиликларида ўйнай бошлади.
Решевский илк халқаро турнирини олти ёшида Австрия пойтахти Венада ўтказган. Иштирокчилар катта ва кучли шахматчилар эди, улар митти рақибга беписандлик билан қарашарди. Оқибатда ғалаба бола тарафида бўлди, ҳатто австриялик машҳур шахматчи Волф ҳам бола олдида ожиз қолди.
Кейин Решевский словениялик гроссмейстер Милан Видмар билан бир неча соат кучли жанг олиб борди. Якунда эса Видмар амаллаб ғалабани қўлга кирита олди.
Йўқотилган болалик
Кўпчилик вундеркиндлар каби фавқулодда истеъдод Решевскийга муаммо ҳам туғдирди: у шахмат билан овора бўлиб, мактабда тузукроқ ўқий олмади.
Бола интелектуал дунёқарашда тенгдошлардан орқада эди. Ҳатто саккиз ёшида топширган имтиҳонида бола маймун ва йўлбарс ўртасидаги фарқни ажрата олмагани ҳақида фактлар мавжуд.
Айнан машҳурлик ва пул топиш мақсадида ота-онаси болани АҚШга олиб келади.
Шахмат бола учун ҳаёт-мамотга айланганди, у хотираларида ушбу ўйин худди нафас олиш каби муҳим бўлиб қолгани ҳақида эслайди.
Бола ҳатто ўн ёшлигида машҳур актёр Чарли Чаплинга ҳам шахмат сирларини ўргатган.
1920 йилда ёш шахматчи Европа бўйлаб турнега отланади.
Тўққиз ёшли болакай Париж, Лондон, Вена ва Берлинда шахмат бўйича маҳоратини намойиш этишга муваффақ бўлди. Ҳар бир шаҳарда у соқолли, ёши улуғ рақибларга қарши курашиб, ҳақиқий қаҳрамонга айланди. Ҳайрон қолган томошабинлар ёш иқтидорни ҳаяжон ва олқишлар билан кутиб олишарди.
Бундай кичкина шахматчи қандай қилиб жаҳон шахмат усталари ва гроссмейстерларини мағлуб эта олишини ҳамма тушуна олмасди. “Шахмат” сафари давомида Решевский 23 та ўйин ўтказди, шундан 4 тасида дуранг, қолганларини эса ишончли ғалабалар билан якунланди.
Турне якунланиб, АҚШга қайтган болакайни ўқитиш масаласи кун тартибидан жой олди. 12 ёшли бола илк бор мактабга бориб, ўқиш, ёзиш ва бошқа малакаларни ўзлаштира бошлади. Шахмат орқали дунёга танилган Самуэл энди оддий тенгдошлари каби таълимни ўзлаштириши керак эди.
Шундан кейин Решевский бироз муддат омма эътиборидан четда қолади.
Самуэл 1927 йилда АҚШнинг Ғарбий қирғоғи биринчилигида барчани “ер тишлатди”. Рақиблари уни ҳатто дурангга ҳам кўндира олмайди. 1929 йилда эса йигитча Детройт иқтисодиёт университети талабасига айланди.
Кейинги ҳаёт
Решевский тўлиқ профессионал шахматчи бўла олмади, у ҳисобчилик касбини танлаганди. Аммо бир қанча турнирларда ўзини кўрсата олди. Жумладан, 1935 йилда Англиядаги турнирда кубалик машҳур шахматчи Капабланкани ортда қолдирди.
1948 йил жаҳон чемпионлиги учун Ботвинник, Керес, Эйве каби машҳурлар қатнашган турнир ўтказилди. Решевский ғолиб бўлмаса-да, ижобий таассурот қолдира олди.
1961 йил АҚШ шахмат тарихида қизиқарли учрашув юз берди: эллик яшар Решевский ёш Бобби Фишер билан тўқнаш келди. У муросасиз ўйинни ғалаба билан якунлади. Мазкур мағлубиятдан аламзада бўлган, ёш ва жиззаки Фишер рақибини судга беради, аммо суд ҳам якунда ғалабани Решевский томонида қолдиради.
Гарчи жаҳон етакчилиги насиб этмаган бўлса-да, Решевский саккиз карра АҚШ чемпионлигини қўлга киритган. Халқаро турнирларда ҳам рақибларга етарлича муаммолар туғдира олган.
Ёшлигида порлаган вундеркинд 1992 йил Нью-Йорк шаҳрида ҳаёт билан видолашади.
Иссиқ кунларда инсон танаси кўп суюқлик йўқотади. Бундай пайтда организмнинг сув балансини керакли ичимликлар билан тиклаш жуда муҳим.
Чанқоқ пайти оддий сувдан ташқари ўсимлик чойлари (ромашка, ялпиз ва бошқалар), олча, олхўри каби нордон мевалардан тайёрланган шарбатлар ва албатта, айрон ичиш жуда фойдали.
Айрон чанқоқни босиши билан бирга, иштаҳани ҳам кўтаради, ичак микрофлорасини тозалайди, нафас олиш ва юрак-қон томир тизими фаолиятини яхшилайди, иммунитет ва асаб тизими учун ҳам кони фойда.
Кўп айрон ичадиган инсонларда дисбактериоз кам учраши ҳам исботланган.
Яна шундай маҳсулотлар борки, улар ҳам чанқоқни яхши босади. Буларга бодринг, селдерей, қовун, тарвуз, апельсин киради.
Айниқса, ёзги таом бўлмиш окрошка ҳам чанқоқни босади ҳамда у керакли микроэлемент ва витаминларга бойдир.
Бироқ ёзда озиқ-овқат маҳсулотлари ва ичимликлар таркиби тез бузилишини эътиборга олсак, бозорларда, йўл ёқаларида сотиладиган қўлбола ҳамда яроқлилик муддати ўтган ичимликларни ичиш саломатлик учун хавфли.
Муҳтарам ватандошлар!
Ер юзидаги жамики ислом уммати қатори меҳр-мурувват, эзгулик ва саховат рамзи – муборак Қурбон ҳайитини катта шоду хуррамлик билан кутиб олаётган сиз, азизларни, барча юртимиз мусулмонларини, бутун халқимизни ушбу улуғ айём билан чин қалбимдан самимий табриклаб, ўзимнинг юксак ҳурматим ва эзгу тилакларимни билдиришдан ғоят мамнунман.
Дилларимиз қувончга тўлган мана шундай қутлуғ дамларда аввало эл-юртимиз билан бирга Қурбон ҳайитига тинч-омон етказгани учун Яратганга чексиз шукроналар айтамиз.
Айни пайтда бу муқаддас байрам моҳиятида мужассам бўлган тинчлик, дўстлик ва ҳамкорлик, инсонпарварлик ғоялари бугунги кунда Янги Ўзбекистонда амалга ошираётган ислоҳотларимиз, улкан мақсад ва вазифаларимизга уйғун ва ҳамоҳанг эканини ҳис этиб, кўнгилларимиз янада шукуҳга тўлмоқда.
Юртимиздаги ҳар бир маҳалла, шаҳар ва қишлоқдаги тинчлик ва ободлик, жамиятимиздаги ўзаро ҳурмат, ҳамжиҳатлик ва бағрикенглик муҳитини мустаҳкамлашда Қурбон ҳайити сингари азалий байрам ва қадриятларимизнинг ўрни ва таъсири тобора ортиб бормоқда.
Фурсатдан фойдаланиб, ўзининг фидокорона ва олижаноб меҳнати билан ҳаётимизни янада эркин ва фаровон қилиш, инсон қадрини улуғлашдек эзгу ишларга муносиб ҳисса қўшаётган барча азиз юртдошларимизга чин дилдан самимий миннатдорчилик билдираман.
Қадрли дўстлар!
Кейинги йилларда юртимизда миллий ва диний қадриятларимизни ривожлантириш, виждон ва эътиқод эркинлигини таъминлаш борасида катта ишлар амалга оширилаётгани барчангизга яхши маълум, албатта.
Хусусан, мўмин-мусулмонларимиз учун яратилаётган қулай шароит ва имкониятлар туфайли мана шу Қурбон ҳайити кунларида 15 минг нафар ватандошимиз Маккаи мукаррамада муқаддас ҳаж зиёратини адо этмоқда.
Уларнинг барчасини бугунги улуғ айём билан қутлаб, Ватанимиз равнақи, эл-юртимиз тинчлиги ва фаровонлиги, оилаларимиз, фарзандларимизнинг бахту иқболини тилаб қилаётган дуолари ижобат бўлишини Аллоҳ таолодан сўраб қоламиз.
Ҳеч шубҳасиз, кўп миллатли ва кўп конфессияли халқимизнинг эзгу орзу-интилишларини рўёбга чиқариш, гўзал юртимизни ягона Ватан деб биладиган барча миллат ва элат вакилларининг урф-одат ва анъаналарини сақлаш ҳамда ривожлантиришга биз бундан буён ҳам алоҳида аҳамият қаратамиз.
Ишончим комил, барчамиз биргаликдаги саъй-ҳаракатларимиз билан Янги Ўзбекистонни, миллати, тили ва динидан қатъи назар, ҳар бир фуқаромиз тинч-осойишта, эркин ва фаровон яшайдиган, том маънодаги дўстлик ва бағрикенглик диёрига айлантирамиз.
Мана шу мунаввар лаҳзаларда дунёнинг узоқ-яқин ҳудудларидаги барча мўмин-мусулмонларга самимий табрикларимизни йўллаб, уларнинг мамлакатлари ва халқларига тинчлик ва тараққиёт тилаймиз.
Ҳурматли ватандошлар!
Кейинги йилларда шаклланган яхши анъанамизга мувофиқ, Қурбон ҳайити муносабати билан бу йил ҳам бир неча кундан иборат дам олиш кунлари белгиланди.
Бу хонадонларимизга, ҳаётимизга Ийд ал-адҳонинг эзгулик нури, чинакам байрам кайфиятини олиб киришга хизмат қилади, деб ишонаман.
Муқаддас масканлар, улуғ аждодларимиз қадамжоларини зиёрат қилиш, мўътабар ота-оналаримиз, қариндош-уруғларимиз, ёру биродарларимизни йўқлаш, кўмак ва ёрдамга муҳтожлар ҳолидан хабар олиш, юртимиз бўйлаб саёҳатларни амалга ошириш учун бу – яна бир қулай имконият, десак, тўғри бўлади.
Сиз, азиз юртдошларимни, бутун халқимизни Қурбон ҳайити билан яна бир бор муборакбод этиб, байрамни оила, дўстлар ва яқинлар билан бирга файзли ва мазмунли ўтказишингизни тилайман.
Илоҳим, барча пок ниятларимиз амалга ошсин!
Юртимиз тинч, халқимиз доимо омон бўлсин!
Барча эзгу ишларимизда Яратганнинг ўзи қўллаб-қувватласин!
Шавкат Мирзиёев,
Ўзбекистон Республикаси Президенти