Yozning issiq kunlarida qanday mahsulotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi? Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova bu boradagi oʻz tavsiyalari bilan boʻlishdi.
— Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-neʼmatlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib isteʼmol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan toʻyintiradi.
Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali boʻlgani tufayli kundalik sarflangan energiya oʻrnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi.
Demak, goʻsht va uning oʻrnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos.
Oʻz navbatida, yozda ovqatlanish tartibini ham biroz oʻzgartirgan maʼqul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan goʻsht va tarkibida oqsil, yogʻ va uglevodlar boʻlgan boshqa mahsulotlar isteʼmol qilinishi kerak.
Tushlik uchun yengil hazm boʻluvchi shoʻrva, moshxoʻrda, mastava, manpar, suvda yoki bugʻda tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va koʻkatlar bilan qoʻshib tanavvul qilinsa, nur ustiga aʼlo nur.
Meva sharbatlari tayyorlash chogʻida ular tarkibiga imkon qadar shakar qoʻshmaslikni tavsiya qilamiz.
Kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, shoʻr baliq, dudlangan goʻshtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm boʻluvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. Oʻzida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortiq etilishi kerak.
Pishiqchilik neʼmati boʻlgan qovun va tarvuz isteʼmoli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi.
Sogʻlom insonlar uchun kunlik isteʼmol qilinadigan suv meʼyori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa koʻp suv ichish tavsiya etilmaydi.