Uchquduq tuman hokimi Xamroyev Soli Farmonovichning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi
Assalomu alaykum, aziz va moʻtabar onaxonlar!
Munis opa-singillar, dilbar qizlar!
Eng go‘zal oyning eng nafis bayrami - xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish an’anasi, 8 mart – xotin-qizlar kuni bilan Siz azizlarni chuqur ta’zim bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Darhaqiqat, jamiyatning madaniyat darajasi, ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi.
Donolar aytganidek, dunyoda ayol mehrining bahosini o‘lchaydigan me’zon, tenglashtiradigan boylik yo‘q. Bu ayol degan ulug‘ xilqatda nozik ta’b, buyuk qalb, nazokatli ko‘ngil, betakror fidoiylik, ona jasorati mujassamligi natijasidir.
Mana shunday fazilatlar egasi bo‘lgan har biringizga bayram muborak bo‘lsin!
Aziz opa-singillar!
Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Xalqimizda “Otasi yaxshi-bittasi yaxshi, onasi-yaxshi hammasi yaxshi” yoki «Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz», kabi so‘zlar bejiz aytilmagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini albatta, hammamiz yaxshi bilamiz.
Ko‘p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalarimiz, mohir sarkarda va siyosatchi bo‘lgan ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham o‘zlarining yuksak aql-zakovati, teran fikr va mulohazalari, amaliy harakatlari bilan mamlakat taraqqiyoti va rannaqiga munosib ulush qo‘shganlar.
Bu ko‘hna tarix Bibixonim, To‘maris, Nodirabegim, Xonzodabegim, Uvaysiy, Zulfiya, Saida Zunnunovadek buyuk ajdodlarimizning millatimiz sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvohdir.
Bu borada hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Biz o‘tmishni yodga olar ekanmiz, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, jahongir bobolarimiz qatorida, buyuk insonlarni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, har bir ishda kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz” degan so‘zlari har jihatdan ibratlidir.
Aziz va moʻtabar opa-singillar!
Ta’kidlash o‘rinliki, milliy davlatchiligimizning qadimiy va boy tarixida ayollarimiz hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak e’zoz-e’tibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik yurtdan va Yurtboshidan minnatdorchilik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishga ruhlantirmoqda.
Ayol zotining qo‘li gul. Ozgina sharoit va imkoniyat berilsa, mohir qo‘llari bilan moʻjizalar yarata oladi. Ayniqsa, oilasi, yaqinlari uchun barcha imkonini ishga soladi. Prezidentimiz sa’y-harakati bilan yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy qiyin ahvoldagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ayollar daftari” mana shunday qo‘li gul ayollarga imkon berib kelmoqda.
Bu borada Uchquduq tumanida ham o‘tgan 2023 yilda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 421 nafar xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilib, ularning 122 nafari ish bilan ta’minlandi, 65 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida mehnat qurollari sotib olib berildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand, ishsiz 6 nafar xotin-qizga 33 mln. so‘mdan jami 198 mln. so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ehtiyojmand, boquvchisi bo‘lmagan 135 nafar xotin-qizga bazaviy hisoblashning 4 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlarning 75 nafariga 88 mln. 200 ming so‘m miqdorida bir martalik yordam berildi. Jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish va dori-darmon sotib olish uchun 100 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan ehtiyojmand onalarning 65 nafariga nogiron bolasini davolatish uchun 78 mln. so‘m, 6 nafar ayolning ta’mirga muhtoj uyini ta’mirlashga 54 mln. so‘m, 4 nafarining ijara pullarini to‘lab berishga esa 20 mln. so‘m mablag‘ sarflangan.
Uchquduq tumanida 2023 yil davomida «Ayollar daftari» ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini hal etishga jami 1 mlrd. 220 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qabul qilingan reja 117 foizga bajarilgan.
Joriy 2024 yilda ham bu kabi ezgu ishlar davom ettirilib, 476 nafar tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan bo‘lib yil davomida 1 mlrd 200 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ hisobidan turli ko‘maklar ko‘rsatiladi.
Bu kabi fakt va raqamlarga batafsil to‘xtalib o‘tishimning boisi, bugun ayollarning dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarini bartaraf etishga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotganligini ta’kidlashni istardim.
Yana bir muhim jihat,“Navoiuran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni geotexnologik koni apparatchisi Nuriddinova Manzura Toshqulovna “Shuhrat” medali bilan, Do‘stlik mahallasi yoshlar yetakchisi Malika Xudoyberdiyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangani, Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Ozoda Ergasheva va Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi mudiri, terapevt vrach Ra’no Ahmedovalar «Moʻtabar ayol» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgani barcha uchquduqlik opa-singillarimizni behad quvontirdi.
Ularni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etamiz!
Hurmatli opa-singillar!
Bamisoli bahor elchisi bo‘lib kelayotgan, o‘zingizdek go‘zal va dilbar mana shu qutlug‘ ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ayyomingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!