LOTIN-КИРИЛЛ
Hokimiyat matbuot xizmati

Hokimiyat matbuot xizmati

16 Aug 2024

 

Har bir sohada bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz shifoxonalaridagi moddiy-texnik baza dunyoning yetakchi klinikalari bilan bellashishga qodir, buni birgina Uchquduq tumani misolida ham aytish mumkin.

Tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limi 10 o‘rinli bo‘lib, barcha zaruriy va zamonaviy asbob – uskunalar bilan jihozlangan. Yilida o‘rtacha malakali jarrohlar tomonidan 500-550 nafar bemorlarda jarrohlik amaliyoti  o‘tkazilib, sog‘lom hayotga qaytarilmoqda. E’tiborlisi, yaqinda  jarrohlik bo‘limiga keltirilgan yangi tibbiy jihozlar aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.  

«Tashabbusli byudjet» loyihasining joriy yil birinchi mavsumi g‘oliblari safida bo‘lgan loyihalaridan biri, Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi moddiy texnik ba’zasini yaxshilash taklifi edi. Taklif uchquduqliklar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanib,  loyiha doirasida ajratilgan mablag‘  hisobidan bipolyar uchlik va pinsetli elektrokoagulyator to‘plami, katta jarrohlik to‘plami, jarrohlik stoli, amaliyotxona yoritgich reflektorlari, kardiomonitorlar hamda respublikamiz shifoxonalarida sanoqli hisoblangan laparoskop apparati xarid qilindi.

Ushbu tibbiy jihozlarning yo‘qligi bois har yili 150-200 nafarga yaqin bemor shifo istab  viloyat respublika markazlariga borishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda viloyatning olis hududi bo‘lmish Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasida ham yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotini amalga oshirish imkoni yaratildi.

Hozirda viloyatda malaka oshirib qaytgan jarrohlar tibbiyot xodimlari mazkur yo‘nalishdagi jarrohlik amaliyotini mustaqil ravishda   o‘tkazmoqdalar. Ya’ni, bemorlarda o‘t qopi va tuxumdon kistasini olish, appendisit, jigar, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlari, ixtiyoriy jarrohlik kontrasepsiya amaliyotlarini kosmetik jihatdan tanada iz qoldirmasdan ortiqcha qon yo‘qotishlarni oldini olgan holda o‘tkazish mumkin. E’tiborlisi, operatsiyadan bir kun o‘tib bemorda sog‘lom harakatlanish ko‘nikmasi ham shakllanadi.

 Bu kabi tibbiyot sohasida qo‘llanilayotgan yangiliklar birlamchi tibbiy sanitariya muassasalarida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, shoshilinch holatlarda bemorlar hayotini saqlab  qolish imkoniyatlarini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Yuqori texnologiyali ilk operatsiya respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filiali mutaxassislari A.Davronov va K.Mamatovlar hamkorligida jarrohlik bo‘limi mudiri F.Nurimov rahbarligida muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Umid qilamizki aholi salomatligini  yanada yaxshilash yo‘lida qo‘yilgan bu kabi ezgu  qadamlar ortidan ko‘plab bemorlarimiz sog‘lom hayotga qaytadi. Bu borada biz tibbiyot xodimlari bor bilim va ko‘nikmalarimizni ishga solamiz!.

Xurshid SHUKUROV,
Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i.     

16 Aug 2024

 

 Saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakatini qisqartirish manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish saylovlarga oid ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlash maqsadida “E-Saylov” axborot tizimi ishlab chiqildi.

“E-saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

Axborot tizimi boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan bo‘lib, saylovdagi ko‘pgina tartib-taomillar inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari jumladan saylov komissiyalari a’zolari deputatlikka nomzodlar kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi.

Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.

“E-saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish  interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkonini beradi. 

Dildora Rustamova,

tuman adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.

16 Aug 2024

 

Yetti oylik homilasi bilan kelin bo‘lib tushgan Sayyorani qaynonasi unchalik xushlamasdi. Kelinining har bir ishidan kamchilik topib uni ayamasdan haqoratlardi. Ayniqsa, Sayyoraning oy kuni yaqinlasha borgani sari kampirning jahli chiqar: “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bo‘lgan farzandni o‘g‘lim qandoq qilib qabul qilarkan-a?”,  deya tutaqardi.

Ma’rufjon esa qilgan ishidan ming-ming pushaymon bo‘lib, bir onasiga, bir kundan-kunga to‘lishib borayotgan xotiniga qarab ich-ichidan ezilardi. Gohida Sayyora kechasi bilan mijja qoqmasdan to‘lg‘onib, o‘ylanib chiqar eriga bildirmasdan to‘yib-to‘yib yig‘lab ham olar, yangi tushgan kelinning ayanchli ahvolidan qo‘ni-qo‘shnilar ham ogoh edi. Gohida ular Sayyoraga pand-nasihat qilardilar: “Kelinjon, bir etak bola tug‘sangiz bor- mi, o‘shandagina qaynonangizning chehrasi ochiladi. Chunki, bola mehri har qanday narsadan ustun”, deganlari unga bir oz bo‘lsa-da, bu uyda yashab keti- shi uchun o‘ksik qalbida ishonch uyg‘otardi.

Ha, o‘ylamay bosilgan birgina qadam uning boshiga ko‘p tashvishlar soldi. Kunlar o‘taverdi, kunlar oylarga borib ulanaverdi. Sayyora o‘g‘illik bo‘ldi. Rosti, begunoh go‘dak na beshik ko‘rdi, na unga atab "chorlov" kechasi qilindi. Shu yo‘sinda u yoshiga yetdi. Azizjon bir yoshga to‘lganida Sayyora tag‘in homilador edi. Bundan ogoh bo‘lgan "yosumon" kampir keliniga hech kun bermay qo‘ydi. "Qaqqillagan tovuq tug‘masdan qo‘ymas", deganlariday, qaynona bo‘lmish o‘z aytganini qildi. Kelinining boradigan joyi yo‘qligini bilib, Azizjonni olib qoldi. Sayyoraning esa javobini berdi. Xotinining ketishiga keskin qarshilik qilgan o‘g‘liga: - Agar meni onam desang, undan voz kechasan! Bo‘lmasa sen ham uydan ketasan!, - deya shart qo‘ydi. Men ham halol, pokiza kelin qilishni istayman. Xalqning ko‘plab to‘y- larida bo‘lganman,  ularni chaqirib bir dasturxon yozmasam ko‘nglim tinchimaydi. Qarigan chog‘imda u dunyoga armon bilan ketmayin bolam, - deya ko‘z yosh qilgan ona qarshisida Ma’rufjon lol edi.

Sayyora bu uyga qaytib qadam bosmadi. Azizjonni unutish esa u uchun oson bo‘lmadi. Lekin taqdir uni ko‘nikishga mahkum etdi. O‘ttizga kirmay o‘tin bo‘lgan baxtsiz kelin samarqandlik sobiq kursdosh dugonasining uyidan panoh topdi. Sayyora 3 oy ular bilan birga yashadi. Keyin esa o‘sha yerlik Nodir ismli o‘qituvchi yigitga ikkinchi xotin bo‘lib turmushga chiqdi. Farzandsizlik bois turmushi bo‘lmagan Nodirjon Sayyorani nihoyatda asrab-avaylardi. "Gʻoyibdan kelgan baxt", deya uni yeru ko‘kka ishonmasdi. Ayniqsa Sayyora qizlik bo‘lgach, Nodirjonning bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shildi.

Voyaga yetib,  muhandis bo‘lish istagida poytaxtga yo‘l olgan E’zozaga ota-onasi: "Ilohim o‘qishlarga kirib kel, bolam!", deya oq fotiha berdi... Tasodifni qarangki, o‘tgan yili talaba bo‘lish uchun 2 ball yetmay qolgan Azizjon ham ikkinchi marotaba hujjatlarini institutga E’zoza bilan birgalikda, bir vaqtda topshirdi. Bir qorindan talashib tushib, taqdir taqozasiga ko‘ra bir-birlarini mutlaqo tanimaydigan aka-singillarga talabalikning oltin davri nasib etib, ular kursdosh bo‘lishdi.

Dunyo bexabar "kursdosh"lar birinchi kursligidayoq bir-birlariga ko‘ngil qo‘ydi. Dastavval pinhona, ular so‘ngra ochiq-oshkora uchrashadigan bo‘lishdi. Ayniqsa dars tayyorlash maqsadida E’zoza Azizning “Qora-qamish" massividagi ijara uyiga ko‘p borardi. Ana shunday tashriflarning birida Aziz o‘z ehtiroslarini jilovlay olmadi. Kechqurun ichilgan ikki piyola "shayton suvi" E’zoza uchun qimmatga tushdi. Tongda o‘rnidan sapchib turgan qiz ko‘zlariga ishonmadi...

Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi deganlariday, sevishgan yoshlarning xufyona yashashlaridan butun kursdoshlar va fakultet o‘qituvchilari ham voqif bo‘lishdi. Ular talabalikka “nomunosib”, deb topilganda, Azizjon bir hafta ichida nikoh to‘ylarini o‘tkazishni aytib, E’zozani tinchlantirdi. Haftaning oxirgi kuni Ma’rufjon mahalla raisi va mahallaning so‘zamol "checha"sini hamda xotini bilan birgalikda Azizjonning boshini ikkita qilib qo‘yish maqsadida shirinliklaru sovg‘a-salomlar bilan  Samarqandga yo‘l oldi.

Gʻarbdan sharqqa qarab yo‘l olgan oq tulpor ikki soat deganda ko‘hna Samarqandga yetib keldi. Bo‘lajak qudalar shahar bozoridan ham ancha shirinliklar oldilar. Mashina bo‘lajak kelinning mahallasiga kirib borganda oqsoqol Ma’rufjon va uning xotinini ogohlantirgan bo‘ldi: - "Tag‘in qizingizni bo‘yida bor, yaqinda ona bo‘ladi", deya zinhor-bazinhor ayta ko‘rmanglar. Bu sovuq xabarni eshitish har bir ota-onaga og‘irlik qiladi. Lekin bundan-da sovuq xabar o‘zlarini kutayotganidan afsus, bexabar edi ular.

Oh, qodir tabiat! Yaratgan egam! Axir ularning gunohlari uchun bu darajada jazolayapsan? Nega? Nima uchun? Qani endi shu yerda bir moʻjiza ro‘y bersa- yu, chigal taqdirlar tushga aylanib qolsa! Afsus, ming afsus...

... 15 uy, 4 xona. Eshik qo‘ng‘irog‘iga qo‘l uzatgan Ma’rufjon:  "Bismillohir - rohmani rohiyim. Iloyim ishimiz o‘ngidan kelsin!", deya ohistagina tugmachani bosdi. Ichkaridan esa sado chikmadi. Ikkinchi marotaba tugmachaga qo‘l urilganda, “hozir" degan tovush eshitildi. Shunda Ma’rufjon bir seskanib ketdi va: - Ana, ana kelayapti, - deya bir qadam orqaga tisarildi.

Eshikni Sayyora ochdi va ostonadagi tanish, notanish dasturxonu buxchalar ko‘tarib olgan kishilarga ko‘zi tushdi-yu yuragi tanasidan chiqqudek bo‘lib qotib qoldi. Ko‘zlariga ishonmadi: “Nahotki shuncha yil o‘tib?... Nega? Nima uchun?... Ma’rufjon esa ko‘zlarini chirt yumganicha devorga suyanib qoldi.

Nuriya Po‘latova,  gazetaning jamoatchi muxbiri.

16 Aug 2024

 

Yoshligidan mehnatda chiniqqan inson kelajakda qaysi sohada bo‘lmasin o‘zining mehnati bilan  hurmat qozona oladi. Yunus Ashurov 1986 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Yunusning otasi fermer bo‘lganligi uchun-mi, yoshligi ekin ekilgan maydonlarda o‘tdi. Bu mehnati ortidan ko‘pchilik tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldi. Otasining mashaqqatli mehnati, qat’iyat va kuchli irodasi Yunus uchun katta ilhom manbai hayot maktabi vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ajab emas.

Ekin ekilgan keng dalalarda kechgan bolalikning beg‘ubor orzulari konchilik sohasi bilan bog‘landi. Qiziqishi uni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tahsil olishga yetakladi. Dargohda olgan bilimlarini hayotda qo‘llash imkoniyatini bergan Shimoliy kon boshqarmasi 3-gidrometallurgiya zavodi ilk mehnat faoliyatini boshlagan korxonaga aylandi.

-2011 yilda Uchquduqqa ko‘chib kelganimda  yangi muhit va begona shaharga moslashish oson bo‘lmagani rost. Biroq, oilam yonimda bo‘lganligi qolaversa, bilimli va salohiyatli hamkasblarimning qo‘llab-quvvatlashi yordamida bu yangi shahar bu yangi korxona qadrdon maskanga aylandi, - deydi Yunus Ashurov.

Yunusning kasbiy faoliyatini samarali boshlashida ustozi Boliqul Yorqulovning o‘rni muhim bo‘ldi. Ustozidan soha sirlarini o‘rganib, konveyer mashinisti bo‘lib samarali ishladi. Keyinchalik smena ustasi vazifasida o‘zining bilim va tajribasini oshirdi. Hozirda u katta usta so‘nggi besh 5 yil davomida syex boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

60 dan ortiq ishchi xodim faoliyat yuritadigan jamoa bilan hammaslak bo‘lib ishlarni tashkil etish  ular mehnatini qadrlash  eng muhimi reja-topshiriqlar ijrosini ta’minlash uning asosiy vazifalaridandir.

Yunus Ashurov ikki o‘g‘il ikki qizning otasi. Turmush o‘rtog‘i  Matluba Ashurova ham bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tahsil olmoqda. 

Yunus Ashurovning mehnatsevarligi bilimga bo‘lgan ishtiyoqi va oilasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi nafaqat uning o‘z hayotida balki atrofidagi insonlar hayotida ham yaxshi iz qoldirmoqda. Negaki, atrofingiz qanchalik ijobiy  energiyaga boy insonlar bilan to‘la bo‘lsa siz ham shunchalik dadil bo‘lib boraverasiz.

Muxtasar aytganda, Yunus Ashurov  shubhasiz o‘z sohasida yuqori natijalarga erishishga qodir o‘z orzularini amalga oshirish yo‘lida aniq maqsadlar sari  dadil ildamlayotgan umidli yoshlardan.

16 Aug 2024

    Учқудуқ халқининг кўпгина миллатлар ҳавас қилса арзийдиган гўзал урф-одатлари бисёр. Ана шундай азалий анъаналаримизнинг баъзилари ҳақида маълумотлар бериб ўтамиз!

     КЕНЖА ЎҒИЛ – ШАНЫРАҚ ЭГАСИ

Одатда қозоқ халқининг кундалик турмуш тарзи дашт ҳаёти қонунларига асосланади бунда ўзига хос таълимот ва тарбия мавжуд. “Қора шанырақ” – бу кўп йиллар ҳатто асрлар давомида авлоддан авлодга мерос бўлиб ўтганўчоғидан тутун чиқиб турганмаъносини ҳам англатади.

   Ўтовга кирганингиздан сўнг яна  бир эътибор берадиган жиҳатни айтиб ўтмасам бўлмас. Унинг “шанырағи” яъни томи қисми муқаддас ҳисобланиб, ҳаётнинг давомийлигини ифодалайди. Қадимдан сақланиб келинаётган урф-одатларга кўра, кичик ўғил ота-онаси билан бирга яшайди. У отасининг мол-мулкигагина эмас балки ўтовининг ҳам меросхўри ҳисобланади.

Ҳа, кенжа ўғилни “шанырақ эгаси”,  деб аталиши шундан. Ҳар бир оила  кенжаларига  жуда ёшлигидан: “Сен бу қора шанырақнинг эгасисан, шунга муносиб бўл!”, тарзида тарбия берилади. Ўзига катта масъулият юклатилганлигини ҳис қилиб ўсган бола яқин қариндошлик ришталарини давом эттиришга ҳарақат қилади.

“Шанырақ эгаси” нафақат битта уй учун балки бутун сулола учун ҳам жавобгардир. Бобоси ва отаси ўтирган катта уйда тез-тез йиғиладиган ака-опаларидан ташқари қариндошлари бутун оғайнилар, авлоднинг нуфузли одамлари вақти-вақти билан жам бўлишади. Улар бу уйга униб-ўсган одамларнинг  қариндош-уруғчилик, меҳр-оқибат, таълим-тарбия сингари сўзлари сингдирилган муқаддас “шанырақ”нинг таъмини яна бир марта ҳис қилиш учун келишади. Эътирофлиси, ана шундай йиғинларда кичкина болаларнинг иштироки келажакда яқин қариндошлик муносабатларини сақланишида давом эттирилишида муҳим аҳамият  касб этади.

Беш ёшли неварам шаҳар марказида ўтовни кўриб қолгудек бўлса: “Аже (бувижон) қаранг, тўй бўлаяпти! Тўйга борайлик”, дея хархаша қилади. У мурғақ қалби билан ўтов фақат тўй бўлсагина тикилади, деб тушунади.

Азиз дилбандим, кўзимнинг оқу-қораси! Илоҳим, мурғақ ва пок қалбингнинг тўрида ўтов тўй жарчиси бўлиб гавдаланаверсин. Халқимнинг ўтови тўйларга фақат яхши кунларга хизмат қилсин!

Райҳон ҚОДИРОВА, журналист

16 Aug 2024

    Мамлакатимизда Ёшларга оид давлат сиёсатини қўллаб-қувватлаш борасида амалга оширилаётган ишлар ҳамда 2024 йилдаги устувор вазифалар ижросини таъминлаш мақсадида Учқудуқ туман ҳокимлиги мажлислар залида ҳисобот учрашув бўлиб ўтди. Унда ёшлар бандлигини таъминлаш ва бўш вақтини мазмунли ташкил этиш, жиноятчиликни олдини олиш борасида амалга оширилиши лозим бўлган вазифалар юзасидан маҳаллларда фаолият олиб бораётган етакчилар ва ҳоким ёрдамчиларига кўрсатма ва тавсиялар бериб ўтилди.

photo 2024 08 16 17 38 45
     Шунингдек, учрашувда туманда Пробация ҳисобида турган ёшлар хам иштирок этишди. Ва сектор раҳбарлари томонидан уларнинг муаммолари ўрганилиб ҳисобда турувчи икки нафар ёш иш билан бандлиги таъминланди.

photo 2024 08 16 17 38 52

15 Aug 2024

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-611 son Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 –yil 21-noyabrda qabul qilingan. Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda maʼqullangan. Mazkur Qonunning maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

Axolini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

Aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;

Aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);

Respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

Roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;

Roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;

Roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;

Uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish; shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi; shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi; aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Davriylik prinsipi - Aholini roʻyxatga olish oʻn yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror sanasi va muddati koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, roʻyxatga olishni oʻtkazish moʻljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.

Umumiylik va bir paytdalik prinsipi-Aholini roʻyxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yigʻish Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning oʻzida amalga oshiriladi.

Roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi prinsipi  Shaxsga doir maʼlumotlar yigʻilayotganda roʻyxatga olish varagʻi har bir respondent uchun yakka tartibda toʻldiriladi.

Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi prinsipi Aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy boʻlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.

Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi prinsipi  Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish aholini roʻyxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.

15 Aug 2024
Mahallalar va yoʻllarga oʻzboshimchalik bilan sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish taqiqlanadi

Sunʼiy toʻsiqlar deganda harakat tezligini kamaytirishga majburlash uchun yoʻlning qatnov qismida maxsus tashkil etilgan balandliklar tushuniladi.

Koʻp qavatli uylar atrofi, mahallalarda, ayniqsa maktablar va bolalar bogʻchalari yaqinida sunʼiy toʻsiqlarni ruxsatsiz oʻrnatish (beton, asfalt yoki plastmassadan yasalgan tezlikni pasaytirish uchun foydalaniladi) keng tarqalgan. Aholi  piyodalar, bolalarni mashina urib yuborish xavfi boʻlgan joylarda avtomobillar tezligini pasaytirish  maqsadida oʻzlari ravon yoʻllar ustiga sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatadi va muhofaza choralarini koʻrishga urinadi.

Aslida mavjud qonunchilikka asosan, avtomobil yoʻl qismiga ruxsatsiz, oʻzboshimchalik bilan sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish taqiqlanadi.

– Toshkent shahar IIBB va Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda poytaxtdagi mahallalarda mahallabay tizimida oʻrganishlar olib borilmoqda, – deydi Toshkent shahar IIBB  Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Qahramon Xudayberganov. – Ayrim holatlarda mahalla aholisi yashash manzillarini sunʼiy toʻsiqlar yoki betonlar bilan toʻsib tashlaganiga guvoh boʻlyapmiz. Avtomobillar harakatlanishi uchun maktablar va bolalar bogʻchalarida tezlik 30 km/soat, aholi turar joylarida 20 km/soat etib belgilangan.

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida masʼul tashkilotlar bilan birgalikda reyd tadbirlari tashkil qilinmoqda. Bu toʻsiqlar favqulodda sodir boʻladigan vaziyatlarda, tez yordam mashinalari va yongʻinni oʻchiruvchi texnikalar harakatlanishiga xalal berishini unutmaslik kerak. Mavjud qonunchilikka koʻra, yashash manzillarda sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish qatʼiyan man etiladi. Bundan tashqari avtomobillarni oʻtish yoʻlaklarining ustiga yoki yon qismiga qoldirish holatlari ham koʻp uchramoqda. Bu shu hududda istiqomat qiluvchilarning harakatlanishiga xalal beradi. Toʻxtash va toʻxtab turish qoidalarini buzish boʻyicha ham choralar mavjudligini eslatib oʻtmoqchiman.

Hozirda joylarda yosh bolalar va piyodalar bilan bogʻliq yoʻl transport hodisalarining oldini olish maqsadida piyodalar yoʻlaklari va velosiped yoʻlaklari barpo qilinmoqda. Shuningdek, uch oyoqli radar moslamalarini oʻrnatish ishlari boshlab yuborilgan.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida 2024 yilning 7 oyi davomida poytaxt koʻcha va yoʻllariga 2 ming 88 ta yangi yoʻl belgisi oʻrnatilgan. 900 ta yaroqsiz holga kelgan yoʻl belgisi almashtirilgan, 966 ta yoʻl belgisi qayta tiklangan. 208 ta svetofor oʻrnatilgan,  584220.7 kv.m yoʻllarga maxsus chiziqlari chizilgan,  29218 kv.m yoʻl qatnov qismi taʼmirlangan, 1 ming 84 ta piyodalar oʻtish joyi qayta tiklangan.

14 Aug 2024

        Bu haqda Milliy paralimpiya qoʻmitasi Ijroqoʻm yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan. 

 
Shahnoza Mirziyoyeva Paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari etib saylandi

          Shahnoza Mirziyoyeva Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylandi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi

         Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi Ijroqoʻm yigʻilishining tegishli qarori bilan Mirziyoyeva Shahnoza Shavkatovna Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylandi.

          Shahnoza Mirziyoyeva hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida ham faoliyat yuritib kelmoqda.

13 Aug 2024

           Gijja insonning eng ashaddiy dushmani hisoblanadi. Ularning 200dan ortiq turlari mavjud.

Gijjalarning aksariyat turlari odamning oshqozon-ichak yo‘lida  parazitlik qiladi. Oshqozon-ichak yo‘lida parazitlik qiluvchi gijjalarning uzunligi turiga qarab 6 mm dan 4-6 metr, hatto undan ham uzun bo‘lishi mumkin.  Gijjalarning ba ‘zi  turlari esa,  odamning  jigari, o‘t qopi, o‘pka, miya yoki  mushak to‘qimalarida parazitlik qilib yashaydi, ular yillar davomida kattalashib, a’zo va to‘qimalarning faoliyatini buzilishiga olib keladi. Gijjalar organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin, oqsil, kalsiy, uglevod hamda yod kabi boshqa kerakli elementlarni o‘zlashtiradi. SHuning uchun gijja kasalligiga chalingan odam quvvatsiz, rangsiz bo‘lib qoladi. Organizmni o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur oziq modalar, elementlarning etishmasligi oqibatida bolalar jismoniy o‘sishdan orqada qoladilar. Aqliy rivojlanishi susayadi. Intellektual o‘zlashtirish, eslab qolish qiyinlashadi. Organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi (immuniteti) pasayib, har xil turdagi yuqumli kasalliklarga chalinish moyilligi ortadi. Suyaklar mo‘rtlashib, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, shuningdek, terida oq dog‘lar paydo bo‘lishi kabi holatlarga olib kelishi mumkin.

Gijjalar  tirik organizmlardir. Hayoti  davomida ajratadigan chiqindilari va  ularning o‘limi  natijasida hosil bo‘ladigan  qoldiq mahsulotlar qonga so‘rilib, bir tomondan odam organizmini zaharlasa, ikkinchi tomondan allergik ta’sir ko‘rsatadi.

Gijjalar turiga qarab inson organizmida bir necha haftadan 40 yilgacha, ba’zida esa undan ham uzoq yashashi mumkin.

 Agar bola;

-    ovqatlanishidan qatiy nazar, ozib ketsa;

  • ranglari oqarib, nimjon bo‘lib qolsa; -
  • asabiylashadigan bo‘lib qolsa, injiqlansa;

-   uxlaganda  tishlarini g‘ijirlatsa va og‘zidan ko‘p so‘lak oqsa;

               -   qorni og‘risa, ko‘ngli aynisa zudlik bilan  vrachga murojaat etish zarur.

Kasallikdan sog‘ayish uchun, albatta kaysi gijja kasalligini yuqtirganligini aniqlash hamda  davolanishni to‘g‘ri tashkil etish  juda  muhimdir. Bir kishida bir vaqtning o‘zida bir necha gijja kasalligi bo‘lishi mumkin.

Gijja kasalligi sog‘lom odamga, gijja kasalligiga chalingan bemorlardan yuqadi. Bemorlar najasi bilan gijjalarni tashqi muhitga ajratadi.  Gijjalarning aksariyat qismi oshqozon-ichak yo‘li orqali, «iflos qo‘l» bilan ovqatlanganda, qaynatilmagan suvni ichganda, meva va sabzavotlarni yuvmay iste’mol qilish oqibatida yuqadi. Kasallikni yuqtirishda pashshalar ham katta rol o‘ynaydi.Ba’zi gijja kasalliklari  esa, kasallikka chalingan chorva mollarining  go‘sht yoki  jigarini iste’mol qilish oqibatida  o‘tishi mumkin. It yoki mushuk kabi uy hayvonlari kasallikni tarqatuvchi manba bo‘lib hisoblanadi.  

 Odamlarda, ayniqsa maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar  o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan  gijja kasalliklaridan  biri - enterobioz  kasalligidir. Kasallikni uzunligi 1sm bo‘lgan mayda oq gijjalar ostritsalar qo‘zg‘atadi. Bu gijja ingichka ichakning yo‘g‘on ichak bilan birikkan joyida yashaydi, Kechasi, bola uxlaganda gijjalar orqa chiqaruv teshigidan chiqib, oraliq soha, qiz bolaning jinsiy a’zosiga tuxum  qo‘yadi. Har bir urg‘ochi ostritsa 12000 dan -17000 gacha tuxum qo‘yishi mumkin. Tuxum qo‘yilgan sohalar qattiq qichib, bolani juda bezovta qiladi. Bola orqa chiqaruv yo‘li va uning atrofini qo‘llari bilan qashishi natijasida  tirnoqlari tagiga ko‘p miqdorda ostritsa tuxumlari yig‘iladi. Bola qo‘lini og‘ziga solganda, barmoqlarini so‘rganda, tirnoqlarini tishlaganda kasallikni o‘zlariga takroriy ravishda yuqtiradilar.

Ko‘pchilik  hollarda yuqish jarayoni uzluksiz bo‘lgani uchun kasallik surunkali kechadi. SHu bilan birga bola kasallikni o‘z oila a’zolariga, o‘rtoqlariga yuqtiradi. Qo‘yilgan tuxumlardan 4-6 soatdan keyin lichinkalar chiqadi. Lichinkalar ichakda etuk ostritsalarga aylanadi. Agar bola enterobioz kasaliga chalingan bo‘lsa,  ularni ichki kiyimlari, choyshablarini qaynating, so‘ngra yuvib, dazmollang. Ertalab va yotishdan oldin orqa chiqaruv sohasini  iliq suvda sovunlab yuving, shundan keyin ichki kiyim va choyshablarni almashtiring.

        Gijja kasalligiga chalinmaslik uchun:

    - Hojatdan so‘ng, yumushlardan  keyin va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuving.

- Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvib iste’mol qiling.

         - Faqat qaynatilgan suvni iste’mol qilishga odatlaning.

         - Bolalarni bir-birilarning ichki kiyimlaridan foydalanmaslikka o‘rgating. Ularda qo‘lni, o‘yinchoqlarni va boshqa predmetlarni og‘izga solish, tirnoqlarni tishlash kabi yaramas odatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang.

 - doimo olib yuring.

 - Bolalar tuvagi, eshik ushlagichlari, qo‘l yuvish jo‘mraklarini  va umuman qo‘llar bilan tez-tez ushlanadigan  joylarni kuniga 5-6 marta  yuvib turing.  

 - Go‘sht, jigar va boshqa ichki a’zolarni  xarid qilayotganingizda ularning sifatiga ahamiyat bering.

 - Taomlarni etarli darajadagi issiqlik ishlovidan o‘tishiga ahamiyat bering.

 - Xom qiymani va boshqa go‘shtli mahsulotlarni xomligida tatib ko‘rmang.

 - Pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymang.

 - Iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ustini ochiq qoldirmang. Pashshalarni qo‘nishini oldini olish uchun, ustini doka bilan yopib qo‘ying. Birgina pashsha tanasi va qanotida minglab gijja va uning tuxumlari hamda  boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni tashiydi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: