BMT Bosh Assambleyasining 1999 yildagi tegishli rezolyusiyasiga binoan “25 noyabr — Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” sifatida keng nishonlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Konstititsiyasining 26-moddasida, “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, o‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas. Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas”ligi belgilangan.
2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan to‘ldirildi.
Dunyoda ayollarga nisbatan ishlatiladigan zo'ravonliklarning 35 foizi jismoniy va jinsiy sheriklari tomonidan sodir etilgan. 2024-yilning 10 oyi davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan 15 427 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 9 210 nafariga jarima jazosi, 6 217 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan esa 399 kishi sudlanib, ularning 126 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 255 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. 18 nafar shaxs shartli hukm qilingan.
2023-yilda (amalga kiritilgan kundan boshlab) Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan 203 nafar shaxs sudlanib, ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 144 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan esa 8 928 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 5 229 nafariga jarima jazosi, 3 699 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Dunyo bo‘ylab har kuni 140 nafar xotin-qiz, ya’ni har 10 daqiqada bir nafardan ayol oiladagi zo‘ravonlik oqibatida vafot etadi.
Bu o'z navbatida, nozik jins vakillarini maishiy zo'ravonlik jinoyatlardan himoya qilish davr talabi ekanini ko'rsatib turibdi.
O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi O'RQ–561-son Qonunining 15-moddasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qo'yishning umumiy chora-tadbirlari belgilab berilgan.
Jumladan:
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning oldini olish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
tazyiq va zo'ravonlikning sabablari hamda shart-sharoitlari bo'lgan omillarni tahlil qilish, o'rganish va baholash;
aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot olib borish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik hollarining statistik hisobi va hisobotini yuritish hamda ularni davlat statistika organlariga taqdim etish;
fuqarolarni, ayniqsa xotin-qizlarni o'z huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari to'g'risidagi, shuningdek himoya qilish kafolatlari haqidagi axborot bilan ta'minlash maqsadida axborot-ma'rifiy faoliyatni amalga oshirish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarini aniqlashning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
tazyiq va zo'ravonlik sodir etish xavfi bo'lgan guruhlarga mansub shaxslarga yoki ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan oldini olish choralarini amalga oshirish;
tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko'rsatishga va ularni himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo'lgan shaxslarga nisbatan ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash;
aybdorlarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish.
Zo'ravonlik va tazyiqlarning maxsus oldini olish choralari ham o'ziga xos xususiyat va ahamiyatga egadir.
Zo'ravonlik va tazyiqlarni oldini olishning yakka tartibdagi profilaktikasida muayyan shaxs tomonidan zo'ravonlik va tazyiq sodir etilishini va undan jabrlanishning oldini olish, uni zararsizlantirishga qaratilgan faoliyat tashkil etiladi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo'llash uchun quyidagilar asos bo'ladi:
tazyiq va zo'ravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
tazyiq yoki zo'ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.
Xulosa qiladigan bo'lsak, zo'ravonlik va tazyiqning oldini olish bo'yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim:
fuqarolarga zo'ravonlik faktlari haqida yoki o'ziga nisbatan tahdid va tajovuzlar sodir etish holatlari yuzaga kelganda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;
nizoli holatlar hamda fuqarolarning g'ayriijtimoiy xulq-atvori va xatti-harakatlariga nisbatan loqayd bo'lmaslik;
sog'liqni saqlash muassasalariga murojaat qilish va birinchi tibbiy yordam olishni ta'minlash;
zo'ravonlikdan jabrlangan shaxslarni vaqtincha xavfsiz joyda (reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida yoki ota-ona yoxud boshqa qarindosh-urug'lar oldida) bo'lishlari uchun ularga qisqa raqamli “1146“-ishonch telefoniga murojaat etish mumkinligi va mavjud muammoga tegishli yechim olishi haqida tushuntirish;
Zero, Zo`ravonlik-bu e’tiborsiz qoldirib bo`lmaydigan og`riq. Butunlay yo`q qilinishi kerak bo`lgan qo`rquv va biz ortiqcha yo`l qo`ya olmaydigan sukunat.
Uchquduq tuman
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig’i
Rustamova Dildora Botirovna