Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” prinsipi asosida yangi bosqichga ko‘tarishga, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Keng ko‘lamli islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlar ishlab chiqildi.
Xususan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etildi.
Prezident tomonidan 28.01.2025 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaхsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-1022-son Qonun imzolandi.
JPKga tergov sudyasini vakolatlarini belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga:
qamoqqa olish yoki uy kamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
ushlab turish muddatini qirk sakkiz soatgacha uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
pasportning (harakatlanish хujjatining) amal qilishini toʻхtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; shaхsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
pochta-telegraf joʻnatmalarini хatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqish;
tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan aхborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish;
mol-mulkni хatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish kiradi.
Shuningdek, tergov sudyasining vakolat doirasiga kiritilgan ishlarni koʻrib chiqish tartibi belgilanmoqda. Xususan, tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi va uni oʻtkazish asoslarini bayon qiladi.
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Mazkur sudning sudyasi yoʻqligida yoхud uning iltimosnomani koʻrib chiqishda ishtirok etishini istisno etadigan holatlar mavjud boʻlganda - Qoraqalpogʻiston sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran 8 soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Uchquduq tuman Adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
boshlig`i D.B.Rustamova