Bugun Navoiy kon-metallurgiya kombinatining “Dovg‘iztov” konida uzunligi 1 900 metr, eni 2 metr bo‘lgan davriy oqim texnologiyasi majmuasi ishga tushirildi. Shimoliy kon boshqarmasida birinchi bor qurilgan bu kabi majmuani barpo etishda 5 ming tonna og‘irlikdagi metallkonstruksiyalardan foydalanildi.
Ushbu majmuaning ishga tushirilishi “Daugiztau” konida konchilik texnikalari orqali tog‘ jinslarini tashish masofasini qisqartirish, yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
“Daugiztau” koni boshlig‘i Abbos Yoqubov taʼkidlaganidek:
“2024-yilda konda 38,1 mln. kubmetr tog‘ jinslari qazib olinib, yillik reja 115,5 foizga bajarildi. Joriy yilda 41,1 mln. kubmetr tog‘ jinslarini qazib olish rejalashtirilgan. Konning ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich oshirilishi natijasida keyingi yillarda tog‘ jinslarini qazib olish hajmi 2,5 barobarga ortdi. Bugun ishga tushirilgan konveyer liniyasi konda tog‘ jinslarini tashishni yanada oshirish imkonini beradi.”
Davriy oqim texnologiyasi majmuasini qurish ishlarida Navoiy mashinasozlik zavodi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Shimoliy kon boshqarmasining kon jihozlarini taʼmirlash hamda taʼmirlash-mexanika sexlari jamoalari faol ishtirok etishdi.
Majmuani ishga tushirish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “NKMK” AJ bosh muhandisi A.Ravshanov, Shimoliy kon boshqarmasi rahbariyatiya va “Dovg‘iztov” koni ishchi-xodimlari qatnashdi.
“NKMK” AJ Matbuot xizmati.