Ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxsning avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yildagi oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foizda belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan foizda belgilanadi.
Ishsizlik nafaqalari quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) soʻnggi oʻn ikki oylik davr ichida mahrum boʻlgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan oz boʻlmagan va nafaqani hisoblash paytida Oʻzbekiston Respublikasida tarkib topgan oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda;
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan hamda uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining kamida yetmish besh foizi miqdorida.
Harbiy xizmatdan, ichki ishlar organlaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasi organlaridan va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralardan boʻshatilishi munosabati bilan ish haqidan mahrum boʻlgan shaxslar ushbu modda ikkinchi qisminingikkinchi xatboshisidanazarda tutilgan shartlar asosida ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Qonunchilikka muvofiq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshganda ishsizlik nafaqasining miqdori oshirish koeffitsiyentiga teng miqdorda koʻpayadi.
Har oy uchun (shu jumladan ishsizlik nafaqasi toʻlanadigan toʻliqsiz oylar uchun) ishsizlik nafaqasi miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar «Bandlik xizmati» axborot tizimida aks ettiriladi.