Firibgarlik holatlarining oldini olish uchun kredit tashkilotlari tomonidan onlayn kredit ajratilishida yangi tizim yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bu vaqtinchalik tartib boʻlib, 2024-yil 1-noyabridan 2025-yil 1-apreliga qadar amalda boʻladi.
Markaziy bank xabariga koʻra, endi fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish boʻyicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtishi talab etiladi.
Ushbu talabning oʻrnatilishiga sabab kredit olish boʻyicha taqdim qilingan ariza fuqaroning shaxsan oʻzi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritishdir.
Kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari maʼlumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan soʻng hamda kredit mablagʻlari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (scoring) oʻtkazadi.
Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan boʻlsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi toʻgʻrisida xabar beriladi.
Bu jarayon firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablagʻlari ajratilishining oldini oladi.
Bank mobil ilovasidan yangi roʻyxatdan oʻtgan yoki boshqa qurilma orqali qayta roʻyxatdan oʻtganlar uchun onlayn kredit ajratilganda, kredit hisobidan operatsiyalarni amalga oshirish (P2P), chet elga pul oʻtkazish va boshqalar 48 soat davomida cheklanadi.
Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilib, kreditni firibgarlar taʼsirisiz olganligini maʼlum qilishi lozim boʻladi.
Kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bogʻlanib, berilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirib, qoʻshimcha tasdiqdan oʻtkazadi.
Agar fuqaroning bank kartasiga oʻtkazilgandan kredit mablagʻi 48 soat ichida sarflanmasa yoki kredit firibgarlar orqali olingani aniqlansa, ajratilgan mablagʻ bank hisobraqamiga qaytariladi.
Maʼlumot uchun, shu yilning oʻzida firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holat kuzatilgan boʻlib, buning oqibatida qariyb 15 mlrd soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.