O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor. Bag‘rikengligi tarixga aylangan asrlarning zahmatli sinovlarida sinalgan, sadoqati toblangan. Tili va dinidan qat’iy nazar bu diyorda turli millatlar bir-birlari bilan qarindosh-urug‘ joni-jigar bo‘lib, yaxshiyu yomon kunlarda birga. Mustaqilligimiz 33 yilligining “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” bosh g‘oyasi ham bejiz emas – jamiyat hayotidagi xalqchil islohotlar o‘zaro ahillik millatlararo do‘stlik jipslik ertangi munavvar kunlarga ishora.
Moʻjaz Uchquduqda ham turfa millatlarning ahil-inoqlik bilan hayot va mehnat jarayonlarida uyushqoqlik ila yashayotganlari odamni quvontiradi. Bu beadoq kengliklarda yashayotgan insonlarning o‘zlari ham topayotgan oltinlaridek bebaho, qalblari kengliklardek hadsiz!
Qizilqum saxovatining siri tuprog‘ida. Yerning ranginligi undagi yashirin xazinalardan darak. Yana ne-ne azizlarning sohibi ilmlarning yaxshilarning tavalludiga doyalik qilgan tuproq bu! Bugun, men ta’rifida so‘z yuritayotgan hikoyam qahramoni – zukko va tajribali ustoz, dilbar ayol Tolqыn Djabbarova ham mana shu bepoyon va saxovatli kengliklar farzandi. U 1968 yilda Tomdi tumanining ko‘zga ko‘ringan ziyoli mutaxassislaridan bo‘lgan Maxmut og‘a Serikbayev xonadonida beshinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Maxmut og‘aning eshigi qulfsiz, dasturxoni yig‘ilmas, kuni qo‘noqsiz o‘tmas. Ochiq va samimiy chehrali bu odamning har ovulu har millatdan do‘sti bo‘lib, ularning o‘tar-qaytardagi bosh soladigan manzili og‘aning uyi edi.
Maxmut og‘aning yozuv-chizuv, xat-hujjatdan tashqari uyida moʻjazgina chorvachligi bo‘lib, unda quyondan tortib qo‘y-echki, parrandayu tuya-tumaloqqacha boqilardi. Ro‘zg‘orning suti, moyiyu go‘shtini bozordan sotib olishga zarurat yo‘q, har bir farzandning zimmasida uy va chorva ishlarini bajarish bo‘yicha yozilmagan ammo bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlari qat’iy belgilangandi. Kahramonimiz ham ana shu tartibli muhitda ulg‘ayib, aka-opasidan ibrat oldi.
Ayniqsa, onasining mehnatkashligini shunday ta’riflaydi: “Onamni eslasam, uni faqat mehnat uchun tug‘ilganmi, deb o‘ylab qolaman. Qo‘y - tuya sog‘ar, mehmonlarga qorachoy tayyorlar, beshbarmoq solar, xamir qorar, xullas, uy ishlariga ko‘milib qolgan ro‘zg‘ori ayol edi. Bo‘sh o‘tirganini hech eslolmayman. Qo‘shnilarga sut-qatiq tarqatgani, ovul ayollarini chaqirib, birgalikdaqora uy (o‘tov) uchun bezaklar tikkani yodimda. U meni ham bezaklar tikishga o‘rgatgan.Bahor-kuzda qo‘ylarning junini olish mavsumida jun to‘plab, yuvib – tozalab, savalab so‘ngra yigirib mayin ip hosil qilardi. O‘z qo‘llari bilan qo‘y junidan bizga paypoqlar to‘qib berardi. Biz uning issiq mehri qo‘shib to‘qilgan paypoqlarda qishni, sovuqni his etmasdik ham. Bag‘rikeng, uddaburon nasihatli ayol bo‘lgan. Faqat uningdek onalargina millatning qadriyatlarini avloddan-avlodga olib o‘tishadi...”
Mitti Tolqыn ana shunday odamshavanda, mehnatsevar tegrada o‘sdi. Ota tomondan ham ona tomondan ham ziyoli, madaniyatli qarindoshlar qurshovida bo‘lgani yana ichi to‘la ertak-o‘lan, ma’rifat bo‘lgan Dametken aje (buvi)ning hikmatlari uni ziyraklikka o‘rgatdi. Uning jajji yuragi atrofida bo‘layotgan har bir jarayonga savollar bilan yondoshishga, ajoyibotlarga hayrat ko‘zi bilan qarashga undar, opasining, akalarining qo‘lidagi kitoblariga bo‘lgan qiziquvi, zavqi maktab atalmish muqaddas dargohga borish orzusida dukurlardi.
1974yilning sentyabri unga ana shu orzusining ro‘yobini boshlab keldi. Uchquduq tumanida yangi ochilgan 4-maktabning ilk qaldirg‘ochlaridan bo‘lib 1-sinfga bordi. Maktab uning uchun sehrli dunyoni ochgandi.
Ovuldan shaharga – bolalarning maktabga qatnovi uchun ajratilgan avtobus o‘quv jadvaliga muvofiq harakatlanar, shahardan qaytar chog‘da ovulgacha bo‘lgan15-20 daqiqalik yo‘l, atrof-kengliklar bolalarning qozoqcha o‘lanlariyu quvnoq kulgilaridan jonlanib ketardi.
Bahorda – cho‘llar gul-gul yashnagan mahal bolalar “Shalxar”ga qadar ochilgan ko‘klam gullarining sanog‘ini sanab-chug‘urlashib, avtobusni boshlariga ko‘tarishardi go‘yo! O‘yinlarining turlari ham bolalarning o‘zlaridek turfa va ajoyib: “beshtosh”, “lanka”, “kartoshka”, “mak”. Bolalikda hamma fasl go‘zal edi! Ayniqsa, qishlar ziynati va qorbo‘ronlari bilan Tolqыnning qalbiga xuddi oyinaga ayoz rasm solganidek erimas, qaytmas sog‘inchlarning suratini chizib ketgan.
Tolqыn harflarni qo‘shib o‘qishni o‘rganib olgani hamono maktabi ichidan hayratlar maskanini topdi. Bu – kutubxona edi! Boshlang‘ich sinfni tugallaganda, tafakkuri yuzlab ertaklardan boyib bo‘lgandi. Shu tariqa u kitoblar olamiga bog‘lanib qoldi. Tolqыndagi qat’iyat, intiluvchanlik xarakteri va qiziquvchanlik uni barcha fanlarni tirishqoqlik bilan o‘zlashtirishga undar, ba’zan ijodkorlik qobiliyati jo‘shib she’rlar ham yozardi.
U ona tili bilan bir qatorda rus tili va adabiyotini ham puxta o‘rgandi. 1985 yili maktabni bitirib, Xarkov shahrida ta’lim olayotgan akasi Seylxan hamrohligida Leningradga borib tibbiyot bilim yurtiga hujjat topshirdi. Bir kuni muhtasham shahar ko‘chalarida akasi bilan sayr qilib yurisharkan, uzoqdan ko‘ringan qalampirnusxa o‘zbek do‘ppisi uning yuragiga xayajon soladi, ko‘zlarida bir olam quvonch bilan: “Qara, Seylxan! Qara, bizni o‘zbeklar, biznikilar!”, deya shodlikdan qichqirib yuboradi. Bu shodlik, bu hayrat uning yurak tomirlari O‘zbekiston tuprog‘igachirmashib, ajratib-uzib bo‘lmas darajada botib ketganining ifodasi edi. Balki shu sababdir, qadrdon uyidan, tug‘ilgan tuprog‘idan bir qadam uzoqlashmagan qiz uchun begonadek tuyulgan bu gavjum va sershovqin shaharda uning omadi chopmagani?
1986-1988 yilllari Toshkent yuridik bilim yurtida huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi va o‘quv muassasasida olgan saboqlarini1988-1993 yillarda Uchquduq shahar xalq sudidagi mehnat faoliyati davomida xarjladi. 1993 yili Shimoliy kon boshqarmasi kadrlar bo‘limida inspektor sifatida ish boshladi. Boshqarmadagi ikki nafar milliy kadrning biri bo‘lgan nozik va xushbichim qozoq qizi ish jarayonlariga shu qadar sho‘ng‘ib ketganidan unga nisbatan nozik so‘zining qo‘llanilishiga so‘z qoldirmadi – ishiga qat’iyat va mas’uliyat bilan kirishdi. U paytlar, hozirgidek axborot texnologiyalari takomillashmagan, yozuv mashinasi atalmish dastgoh insondan alohida diqqat va zehnni talab etar, birozgina e’tiborsizlik va xato butun boshli hujjat matnini qaytadan yozishni va qog‘oz isrofini keltirib chiqarardi.
Guruh rahbari bu kabi xatolarni kechirmasdi va ana shu qattiqqo‘llik talabchanlik uni tobladi. Izlanishga yetakladi, malakasini oshirdi. Shu ko‘yi u kadrlar bo‘limining faol, tezkor va tashabbuskor xodimlaridan biriga topshiriqlarni sifatli ijro etuvchi ishonchli kadr - mutaxassisiga aylandi.
1993-2007 yillarda Shimoliy kon boshqarmasi kadrlar bo‘limi kadrlarni qabul qilish va butlash guruhi - byurosi inspektori, 2007-2010 yillarda Geotexnologiya koni kadrlarni butlash va hisobga olish guruhi rahbari, 2010-2012 yillarda SHKB kadrlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 2012 yildan hozirgi kunga qadar kadrlar bo‘limi xodimlarni qabul qilish va butlash guruhi kadrlar bo‘yicha muhandisi vazifasida ishlaydi.
Kadrlar bo‘limi – tashkilotning ostonasi. Kon boshqarmasi xodimlari yoki boshqa tashkilot ishchilari va endigina ishga qabul qilinayotgan fuqarolar ham turli masalalarda bu ostonaning eshigidan kirmay o‘tmaydi. O‘tgan o‘ttiz uch yillik mehnat faoliyati davomida Tolqыn Djabbarova ishlagan xona eshigi million marta ochilib, bu eshikdan minglab turfa xil xarakterli odamlar kirmagan, qaysi biri
tuzuk-quruq savol bilan, qay biri boshqotirma-murojaati bilan hujjatlar ichiga sho‘ng‘igan xodimni chalg‘itmagan, deysizmi? Biroq, u qay vaziyat bo‘lmasin odamlar bilan nim tabassum va e’tibor orqali suhbatlashishiga kuch topdi. Rayhona Quvandiqova,Dilara Miraliyeva, Sohiba Amonova kabi shogirdlariga ham har bir murojaatchiga hurmat bilan yondoshishni o‘rgatdi.
Arxiv hujjatlari orasida tarixga aylanib ulgurgan qabul buyruqlarini ko‘zdan kechirarkanman Tolqыn Djabbarova ijro imzosi ostida terilgan ism-shariflar e’tiborimni tortadi. Bular – hozirgi kunda sanoatning turli tarmoqlarini olg‘a boshqarayotgan o‘sha paytning umidli yoshlari, bugunning texnik masalalariga tezkorlik bilan yechim topuvchi malakali mutaxassislari. Ularning yutuqlari va muvaffaqiyatlaridan u ham iftixor tuyadi. Umuman olganda ustozning kechinmalari, mehnat faoliyatini mushohada qilarkanman bu nafosatli va temir irodali xonim taqdirning suronli yillarida ham mehnatga hamdamligi va yo‘qotishlarga bardoshliligi, nafis chehra, oltin xotira va go‘zal madaniyatini saqlab qolgani kishini hayratlantiradi.
U bugun mehribon va ma’rifatli buvijon, boshlang‘ich sinfdaligida o‘qib, yodlab olgan yuzlab ertaklari bilan oqshomlari nevaralarini allalaydi. Allalaydiyu bag‘rikeng Qizilqumda o‘tgan olislanib ketgan bolaligini, bolalik uyini sog‘inib bir entikib qo‘yadi. Yuragining tub-tubidan ajib qozoqcha o‘lan yo ona allasi taralgandek bo‘ladi. Shirin uxlayotgan Anel va Janelga, ajib tushlar ko‘rib-mi, jilmayib qo‘ygan Daniyelga termulib orzular qiladi.
Ha, uning orzulari o‘zi yashayotgan olamlardan katta koinotlarga sig‘mas...
Nilufar Muydinova,
SHKB mutaxassisi, gazetaning jamoatchi muxbiri.