Ayol — oila va jamiyat ustuni, hayotning gultoji. Ayollar borki hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshon. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning esa buguni va ertasi farovon. Chunki, ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Bugun tumanning aksari aholisini ish bilan band etgan Shimoliy kon boshqarmasi tasaruffidagi korxonalarda ham ayollar erkaklar bilan bir safda turib mehnat qilmoqdalar.
Ulardan biri asli buxorolik bo‘lgan Ma’rifat opa Djamilova. Opa bilan suhbatlashish asnosida xonalariga kirarkanman temiryo‘l stansiyasining o‘ziga xos shovqini, tinimsiz bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar, xonanani bezab turgan yam-yashil gullar menda o‘zgacha iliq tiaassurot uyg‘otdi.
-Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda tashkil etiladigan ishimizda mas’uliyat katta deydi, - Ma’rifat opa. -Uzun temir yo‘llar orqali tinimsiz harakatlanadigan poyezdlarni qabul qilib olib, ularda yuklangan mahsulotlar turiga qarab korxonalarga yo‘naltirib chiqish o‘ta sinchkovlik va hushyorlikni talab qiladi.
Ma’rifat Djamilova 2001 yilda Uchquduq temiryo‘l stansiyasida post navbatchisi bo‘lib ish boshlagan. Bir vaqtlar nozik hilqat egalari bo‘lmish ayollarga xos soha to‘quvchilik bilan shug‘ullangan. Har bir yaratgan yangi mahsulotidan zavqlangan. Kun kelib temiryo‘l sohasida ishlashni umrini shu sohaga bag‘ishlashni hayoliga ham keltirmaganligini ta’kidlaydi.
Ha, bugun temiryo‘l sohasida faoliyat boshlaganiga 23 yil bo‘lgan Ma’rifat opaning turmush o‘rtog‘i Shuhrat Tohirov ham kombinat tizimida ishlaydi. Shundan-mi, ayolining kasbiga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, temiryo‘l sohasida texnikumda ta’lim olishga imkoniyat yaratib berdi. Albatta, buning ortidan unga bildirilgan ishonch va oilaning qo‘llab quvvatlashi qanot bo‘ldi.
III - darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak-nishoni sohibasi Ma’rifat Umarovna har tongda korxonaga tashrif buyurarkan xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘lishiga ishonadi. Chunki o‘zi kabi kasbini sevadigan ayol uchun ozgina e’tibor ham tog‘larcha quvonch ulashishga qodir.