Tabassum insonning qalbiga iliqlik olib kira oladigan yaxshilikning bir turi aslida. Yuzlaridan nur yog‘ilib ko‘zida tabassum arimagan bu insonda chin ma’noda samimiylikni ko‘rganim rost.
Yaxshi so‘z – yaxshilik, birovning diliga ozor bermaslik – yaxshilik, kimningdir koriga faqat moddiy emas, ma’nan yarash ham – yaxshilik, hech nima ta’ma qilmay shunchaki tabassum ham eng katta yaxshilik, aslida. Ayni dam 56 yoshni qarshilagan, oilasi, farzandlari bag‘rida nafaqa gashtini surayotgan qahramonimizning ham yaxshi fazilatlari ko‘p.
Temiryo‘l stansiyasida ish doim qizg‘in kechadi, e’tiborlisi, ish yozning jaziramasida ham, qishning sovuq kunlarida ham birdek bajarilishi shart. Har bir xodim o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni qanday ob-havo sharoitida bo‘lmasin, ado etish lozim. Bu jonkuyar ishchilar orasida Ismoilov Ravshan Toirovichning ham o‘z o‘rni bor.
Bir sohada uzoq yillar ishlash uchun katta iroda va sabr kerak insonga. Ravshan akada esa bugun shu matonatni topdim. U kishi qariyb 30 yildan beri Uchquduq temiryo‘l stansiyasida vagon ko‘rikchi va ta’mirlovchisi bo‘lib ishlab kelmoqda, ha aynan bir kasbda. Faoliyati davomida ish tajribasi bilan ko‘pchilikka o‘rnak, jamoatchilik ishlarida esa hamisha faol bo‘lgan bu insonni hamkasblari o‘zgacha hurmat qilishadi.
Bu o‘tgan 30 yilga yaqin fursatda ish tartibimiz bir xil bo‘lib lavozim vazifam o‘zgarmagan bo‘lsada korxonada inson manfaatlariga bo‘lgan e’tibor oshgani rost. Texnikalar yaxshilandi, xodimlar uchun har tomonlama qulay ish muhiti yaratildi, bular esa biz kabi xodimlarning ish samaradorligini oshishiga xizmat qilmoqda.
Faoliyatimni boshlagan ilk yillarimda Bo‘riboy To‘laganov, Qurbon Bo‘ronov va To‘lqin Raxmonovlardek ustozlardan soha sirlarini o‘rgangan bo‘lsam, Anvar Shamsiyev va Lazizjon Qayumovlardek shogirdlarim uchun bugun men ham ustoz maqomidaman. O‘g‘lim Shavkat Toxirov ham shogirdim va kasbimning davomchisi, deydi Ravshan aka.
Ha Ravshan aka o‘g‘li bilan hamkasb. Ota uchun o‘z kasbini davomchisi bilan ishlash qanchalik faxr berishini Ravshan akaning o‘g‘lim ham men bilan ishlaydi bir smenadamiz degandagi nigohlaridagi uchqundan payqash qiyin emas.
Har sohada bo‘lgani kabi bizning kasbimizning ham o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari bor. Ishimni yaxshi ko‘rganim uchun ham qiyinchiliklarga ham chidayman. Bir kunda 150-200 tagacha vagonni tekshirib ko‘rikdan o‘tkazgan vafqtlarimiz bo‘lgan, lekin tegishli vazifalarni yakuniga yetkazib vagonlar manziliga yetgach, hamma charchoqlar unutiladi. Shu kasbim orqasidan hurmat topdim, ustozlarimdan minnatdorman. O‘zim ham shogirdlar tayyorlayapman. Ishimizni sifatli qilib bajarsak, ishlab chiqarish jarayoniga hissamiz qo‘shilsa - shu mening baxtim. Ishim orqasidan oilam farovon, farzandlar o‘stiryapmiz, to‘ylar qildik, deydi Ravshan Ismoilov
Kamtarin, mehnatkash xodim bilan suhbatlasharkanmiz, kasbiga mehr qo‘yish, o‘z ishini mas’uliyat va zavq bilan bajarish ham bir saodat ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldik.