LOTIN-КИРИЛЛ

Yangi Oʻzbekistonda saylov tizimi transformatsiyasi: eng muhim siyosiy-huquqiy chizgilar

 

Bunday saylov tizimida partiyalar muhim oʻrin tutadi. Ular aholi bilan munosabatlarining taʼsirchan va samarador boʻlishiga intiladi. Partiya oʻz dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatimizda siyosiy plyuralizm boʻlishini taʼminlaydi.

 
 

Saylov — demokratiya koʻzgusi, deymiz. Bu jarayon orqali har bir fuqaro jamiyat va davlat ishlari boshqaruvida bevosita qatnashadi hamda mamlakat taqdiriga befarq emasligini namoyon etadi. saylovlar xalqning davlat hokimiyati bilan aloqasini koʻrsatib turadi.

Shu bois, fuqarolarning mamlakat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida saylov qonunchiligini izchil takomillashtirib borishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator normalar oʻz aksini topdi.

Ayniqsa, saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish va oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi yanada mustahkamlandi. Xususan, saylov organlarining vertikal tizimini tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yoki parlamentga saylovni, balki xalq deputatlari kengashlariga saylovlarni ham tashkil etish va oʻtkazish vazifasi yuklatildi.

Qolaversa, davlat boshqaruvida meritokratiya tamoyillarini tatbiq etish uchun ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasi raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilandi. Bundan tashqari, mamlakat hayotida siyosiy partiyalar rolini hamda fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, shu jumladan, ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan gʻoya va maqsadlarni koʻzlab ishtirok etishini taʼminlash maqsadida aralash saylov tizimiga oʻtish taklifi anchadan beri ilgari surib kelinmoqda.

Bunday saylov tizimida partiyalar muhim oʻrin tutadi. Ular aholi bilan munosabatlarining taʼsirchan va samarador boʻlishiga intiladi. Partiya oʻz dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatimizda siyosiy plyuralizm boʻlishini taʼminlaydi.

Shu bois, mamlakatimizda saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan, avvalo, saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritildi. Jumladan, birinchidan:

a) saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga boʻlindi. Bunda partiya roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Qonunchilik palatasining 75 deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya roʻyxati boʻyicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilandi;

b) gender tenglikni taʼminlash uchun partiya roʻyxatida ham xuddi majoritar tizimdagidek nomzodlarning kamida 40 foizi ayollar boʻlishi nazarda tutildi;

v) agar proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik oʻrni boʻshab qolsa, tegishli partiya roʻyxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega boʻlmagan nomzodlar hisobidan toʻldirilishi belgilandi;

g) yagona saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik oʻrinlariga ega boʻlishi tasdiqlandi;

d) yagona saylov okrugi boʻyicha saylovchilar ovozi asosida deputatlik oʻrinlarini partiyalar oʻrtasida taqsimlashning aniq tartibi oʻrnatildi. Bunda proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan oʻtgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik oʻrniga boʻlinadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. Soʻng har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsiyentiga boʻlinadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik oʻrniga teng boʻladi.

Ikkinchidan, Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, xususan, «Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiya si — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi» tuzilmasi taklif etildi. Bunda:

a) viloyatlar va Toshkent shahri saylov komissiyalari oʻrnida hududiy saylov komissiyalari tuzilishi nazarda tutildi;

b) saylov komissiyalarining professional ishlashini taʼminlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha aʼzosining doimiy faoliyat yuritishi belgilandi;

v) saylov komissiyasi aʼzolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirildi. Xususan, saylov komissiyasining oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan aʼzolari saylov davrida ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatilishi yoki ular roziligisiz boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin emasligi belgilandi.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirildi. Ilgarigi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanar edi, yaʼni mutlaq koʻpchilik ovoz talab etilardi. Ushbu talab Prezident saylovlariga nisbatan toʻgʻri qoʻllangan boʻlib, bundan maqsad saylov huquqiga ega mamlakat aholisining mutlaq koʻpchiligi tanlagan shaxsgina Prezident lavozimiga munosib koʻriladi. Bunday amaliyot aksariyat xorijiy mamlakatlarda ham mavjud.

Shu bilan birga, bir nechta saylov okrugidan saylanadigan deputatlikka nomzodlarga nisbatan bu kabi qoidani qayta koʻrib chiqish zarurati mavjud edi. Chunonchi, boshqalarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylanmas ekan, oʻsha hududdagi nisbatan koʻpchilikning fikri va xohish-istagi amalga oshmay qoladi. Shu sababli bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilandi. Yaʼni mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutildi.

Toʻrtinchidan, siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qoidalar kiritildi. Jumladan:

a) maʼlumki, partiya roʻyxati asosida saylangan deputatlar muayyan saylov okrugiga ega boʻlmaydi. Bunday deputatlar va saylovchilar oʻrtasidagi munosabatlarni shakllantirish uchun asosiy masʼuliyat siyosiy partiyalar fraksiyasi zimmasida boʻladi. Shunga muvofiq, qonunda partiya roʻyxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanishi mustahkamlandi;

b) taklif etilayotgan proporsional saylov tizimida siyosiy partiyalar saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini olgan taqdirda ularga deputatlik oʻrinlari berilishi nazarda tutilgan. Shunga mos ravishda hamda koʻppartiyaviylik tamoyiliga sodiq qolgan holda kam ovoz toʻplagan partiyalarga ham imkoniyat berish maqsadida Qonunchilik palatasida fraksiya tuzishi mumkin boʻlgan deputatlar soni toʻqqiz nafardan besh nafarga tushirildi.

Beshinchidan, saylov komissiyalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqildi. Xususan:

a) Konstitutsiyaga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi vakolatlariga qoʻshimcha ravishda mahalliy kengashlar saylovini tashkil etish va oʻtkazish masalasi kiritildi. Shuningdek, hududiy saylov komissiyalarini tuzish, yangi tashkil etilgan viloyat kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzish va boshqalar kiritildi;

b) ilgarigi Saylov kodeksida tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari sanab oʻtilmagan edi. Shu sababli Saylov kodeksi yangi 20/1-modda bilan toʻldirilib, unda tuman, shahar saylov komissiyasi:

— xalq deputatlari tuman, shahar kengashi saylov okruglarini tuzish;

— xalq deputatlari tuman, shahar kengashi deputatligiga nomzodlarni hamda ularning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish;

— tegishli saylov okruglari boʻyicha saylov natijalarini aniqlash;

— xalq deputatlari tuman, shahar kengashi deputatlariga guvohnoma va koʻkrak nishonini berish hamda boshqa vakolatlarga ega ekani sanab oʻtildi.

Umuman, yangi saylov tizimi parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yoʻlga qoʻyadi hamda ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini, siyosiy jarayonlarga aholining keng ishtirokini oshiradi.

Jahongir SHIRINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O'qilgan: 447 bora

Uchquduq tumani

Tuman markazi - Uchquduq shahri.Tumanning tuzilgan vaqti – 1982 yil 22-aprel. Territoriyasi – 4663 ming2 km. Tuman markazi Navoiy viloyati markazigacha bulgan masofa – 300 km. Aholisi - 37028 ming kishi

Qisqacha ma'lumot

Aloqada bo'ling

  Email: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.
  Telefon: (+99879)222-00-05-101
  Telefon: (+99879)222-00-05-102
  Faks: (0436) 593-11-01
  Manzil: Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Amir Temur ko‘chasi, 28-uy

Ijtimoiy tarmoqlarda: